Orzularga to‘la hayot qarzim bor
Orzularga to‘la hayot qarzim bor
Bir hafta oldin olgan qarzimni bugun berishim kerak. Baxtga qarshi hozir qo‘limda pul yo‘q. Oylik chiqishiga esa yana o‘n besh kun bor. Nima ham qilaman, demak, yana kimdandir qarz olishga to‘g‘ri keladi. Peshonamda qarzdor degan yozuv bor. Uning o‘chib ketishi juda qiyin bo‘lyapti.
Hammadan qarzdorman, qarzim bor. Yuragim siqilishiga arzimaydigan moliyaviy qarzlarimning bir kun kelib, albatta, oxiriga yetaman. Lekin ma’naviy qarzlarimning-chi? Bu masala biroz o‘ylantirib qo‘yadi. Faqat meni emas, juda ko‘pchilikni. Bu turdagi qarzlar qancha qor yog‘masin, qancha shamol esmasin mendan va sizdan ketmaydi.
Siyqasi chiqib ketgan, buncha ko‘p gapiraverishadi, deyiladigan “ota-onamdan jannat qarzim bor” iborasi aslida haqiqat. Biz jannat ifori bilan dunyoga kelgan onimizdan ulardan qarzdor bo‘lishni boshlaganmiz. Shu kungacha ularga bergan birdan-bir sovg‘amiz tug‘ilganimizda olib kelgan jannat ifori bo‘ldi. O‘ylab ko‘rsam, har bir chaqaloq dunyoga kelgan vaqti ularni shu sovg‘a bilan xushnud qiladi. Shunday ekan bu iforni men-da sovg‘a deb bilishim katta xatodir. U Ollohning bandasiga bergan kichkinagina in’omi-ku! Shuni bilamanki, hali ota-onamning oldidagi qarzlarimning hech biridan forig‘ bo‘la olmayman. Bu tuyg‘uni his qilar ekanman, o‘zimdan nafratlanib boraman. Qarzdorman! Nega qarzdor bo‘lmay, nega qarzdor bo‘lmaysiz? Siz ham, men ham qarzdor, axir…
Bu hayotning qanchadan qancha quyqalariga botdim. Yolg‘onlarga ishonib, men ham yolg‘on so‘zladim. Yomonlarni ko‘rib qochdim, boshqa vaqti mendan qochishdi. Demak, dunyodan haqiqat qarzim bor.
Men tengi dugonalarim bir oilaning bekasiga aylandi. Ular farzandini qo‘liga olgan vaqti men qo‘limga kitob tutib, o‘qish tomon intildim. Ular bilan maktab payti orzularga to‘la xayollarni birga surar edik. Kimdir shifokor, kimdir o‘qituvchi bo‘lishi kerak edi. Lekin ular ona bo‘lishdi. Dunyoning eng go‘zal ne’matini qo‘lga olishdi. Men esa o‘qiyapman… Bugun angladim: ulardan orzularga to‘la hayot qarzim bor. O‘zim uchun, kelajagim uchun o‘qishim kerak emas, bu juda katta xato. Men ular uchun ham o‘qishim, diplom olishim kerak.
Men tug‘ilgan kun kasalxona ostonasida 20 yashar kelinchak dod solib, soch yulib yig‘lagan. Uning farzandi tug‘ilgan, ko‘zini ochgan, lekin yig‘lashga ham ulgurmay, kelgan yo‘liga qaytishga majbur bo‘lgan. Mening mana shu begunoh chaqaloqdan go‘zal hayot qarzim bor. Balki, u hayot bo‘lganida mendan ko‘ra ancha samarali va chiroyli umr egasi bo‘lgan bo‘larmidi? Nima deysiz? Shuni bilamanki, undan juda katta qarzdorman.
Qarzdorman…
Ukajon, meni kechir, sening yo‘lingga tikonlar bilan to‘la shox-shabba tashlab qo‘ydim. Tog‘lardan oshgan qahramonlar haqida eshitganmisan? Ular sendan ko‘ra ancha kuchsiz. Nega deysanmi? Ular boylik yoki sevgi uchun shu ishni qilishadi. Buning tagzamirida bo‘lsa, o‘z manfaatlari turadi. Lekin sen men tinch o‘qishim uchun hayotingga men qo‘ygan to‘siqlardan o‘tishga bir marta bo‘lsa ham urunib ko‘rmading. Senda juda katta sabr bor. O‘z manfaatlaringni menikidan ustun qo‘ymading. Rahmat senga! Agar men o‘qimaganimda sen hazil qilib aytganing kabi “dugonalarimdek turmushga chiqib ketganimda” senda juda ko‘p imkoniyatlar bo‘lar edi. Men bilaman, dadamlar nima qilib bo‘lsa ham seni o‘qitgan bo‘lishardi. Chunki sen yagona o‘g‘il farzandsan. Shuning uchun sen o‘qishing, dadam va ayamning hayotini yengillashtirishing kerak edi. Meni kechir, sendan qarzdorman. Bir kun kelib, yaxshi bir inson uzatgan qo‘lni tutishga majburman. Sen uchun! Balkim, shunda men senga yordam bera olarman. Ko‘rdingmi? Qarzim juda katta bo‘lganligi uchun ismingni ham ayta olmayapman…
Kuz, yaproqlarini to‘kayotgan daraxtlar bilan suhbat qurayotgandek tuyilding menga. Istar-istamay bu suhbatga quloq tutdim. Har bir yaproq bandidan uzilar ekan daraxt shoxlariga o‘z vasiyatini aytib qolishga tirishar edi. Erta bahorda yangidan yaproq kurtaklagan vaqti unga kunlarini behuda o‘tkazmasligini, kimgadir yoki nimagadir yordami tegishi kerak ekanligi, umr juda qisqa ekanligini omonat qilib ayt. Sendan yolg‘iz iltimosim mana shulardir. Bu so‘zlarni mendan senga qarz deb bil...
Qarz qarzligicha qoladi. Bunday vaqtda biz faqat moliyaviy qarznigina qarz deb
bilishimiz menga kulguli tuyiladi. Agar bo‘ynimda qarzim bor iborasi to‘g‘ri ma’noda ishlatiladigan bo‘lsa, ko‘zi bilan burnining uchinigina ko‘radigan insonlar yerdan bosh ko‘tara olmay qolishgan bo‘lar edi.
Eh, nima bo‘lsa-da ertaga qarzimni berishim kerak. Telefonimga bir nazar solayin-chi, kimdan qarz so‘rash mumkin ekan?
Dilnora YO‘LDOSHEVA,
O‘zJOKU talabasi