Orzuning uyg‘onishi
Telefonimni ko‘lga otib yubordim. Xotirasi kichik bir kompyuternikiday keladi. Qimmatbaho tillarang qoplamali, suvda ham ishlaydigan telefonim ekranidan yorug‘lik taratib ko‘l tubida ko‘rinmay ketgunicha qarab turdim. Tushdan uyg‘ongandayman, mo‘jizali oqshomdan keyin oltin aravasini qidirayotgan xayolparastga o‘xshayman. Yo‘q, men harchand sehrlanganim yo‘q, siri fosh etilgan fokusning davomidaman go‘yo. Xo‘sh, nima bo‘ldi, nimalar bo‘ldi?..
Bugungacha kechgan hayotimni eslagim kelmayapti, ammo telefonimni ko‘lga otib yuborganim yaxshi bo‘ldi. Endi meni kechagi kunga bog‘lab turadigan hech narsa qolmaganday. Balki o‘zim ham ko‘lga tushib chiqqanimda yaxshi bo‘larmidi? Noyabr bo‘lsa nima edi, sevimli ko‘ylagimda ekanim ham bahona bo‘la olmasdi...
Eh, keyinroq albatta ko‘lga tushaman. Shu on ichimda qandaydir bir mexanizm ishga tushganini sezganday bo‘ldim, nafas olishim osonlashganday, ruhimda yengillik sezdim. Bu yoqimli va bir paytning o‘zida hayratlanarli his edi. O, meni tabriklash mumkin! Yana orzu qila boshladim. Mayli kiyimlari bilan ko‘lda cho‘milish jinnilikday tuyulsa ham, ayni jinnilikning o‘zi bo‘lsa ham, asosiysi, men yana orzu qila boshladim. Bu umidsiz jarlik osha najotga eltuvchi ko‘prikka duch kelganday yoqimli his. O‘zimga mana shu ruhni qayta tanitgan o‘zimni tabriklayman! Shu ro‘yxatni davom ettirsam qanday bo‘lar ekan?
Mana najot qayerda ekan! Najot istaklarning mavjudligida, istamaslik, istay olmaslik dahshatning o‘zginasi. Umiddan voz kechish aldanganday tuyulgan o‘zliging va orzularingga bo‘lgan ishonchsizlikning mevasi. Shularni o‘ylay-o‘ylay kompyuterimni yoqib istaklarim ro‘yxatini yoza boshlayman. Birinchi istak – ko‘lda cho‘kib ko‘rish. Bu hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin, deydi ichimda bir ovoz.
— Hayot uchun xavfli! — ovoz chiqarib takrorlayman men. — Yashashning o‘zi-chi, hayot uchun eng xavfli mashg‘ulot emasmi? O‘z uyingda o‘tirib jimgina kitob o‘qish-chi, hayot uchun bundan katta xavf bormi? Mohiyatini anglaganing sari ko‘z o‘ngingda qadrsizlanib boruvchi hayotga xavf solmaydigan nimadir bormi atrofimizda?
— Nahotki, sen u tutgan yo‘lni oqlayapsan, nahotki sen uni kechirding, — deydi yana o‘sha ovoz. U kimni nazarda tutayotganini bilib turibman…
Albatta, yo‘q! Men uni oqlamoqchi emasman. Sevimli qahramonimni asar so‘ngida okeanga cho‘ktirib yuborgan yozuvchini ham, qahramonim cho‘kayotganda u bilan birga his qilganim umidsizlikni ham unutganim yo‘q. Qolaversa, men ko‘lda cho‘kib o‘lmoqchi ham emasman, shunchaki cho‘kib ko‘rmoqchiman xolos. Ikkinchi istak esa, ko‘p bor havas qilib biror marta botinmaganim it boqib olish orzusi. Hozir shuni eslay olganimdan quvonib ketdim. O, mana buni orzu desa bo‘ladi! o‘zimcha “Qoyil!”, deb qo‘ydim. Qanday yaxshi, qanday ham yaxshiya – mening bo‘yimdan sal pastroq, katta itim bo‘ladi. Men uni bog‘da aylantiraman, u uchun atirlar sotib olaman. Qiziq, shunday ya’ni itlarga mo‘ljallangan atirlar ham bo‘larmikan? Miyamdagi ovoz yana gap qo‘shadi, kitoblaringga atir separding, uy jihozlaringga atir separding endi navbat itgami? Bo‘ldi, masala hal, va nihoyat it boqa boshlayman. Uyimizda hech kimning itlarga allergiyasi yo‘q-ku axir.
Yana nimani istashim mumkin? Kechagi suhbatdan so‘ng sinib, chiqindi chelagidan joy olgan rasmli ramkalar o‘rnini mitti navli atirgulli tuvaklar egallaydi. Ajoyib, har kuni ishdan kelganimda meni uyda atirgul iforiga to‘la xona, vafodor itim va deraza yonidagi tebranma stulim qarshi oladi. Tebranma stulimni ustaxonadan olishim kerak hali...
Nima yozayotgandim? Nega to‘xtab qoldim, nega barmoqlarim surilib boryapti?.. Yuzimni yuvib olsammikan, qadamlarim nega chalkashib ketyapti? Boyadan beri etagimda shig‘irlab hozir o‘rnimdan turmoqchi bo‘lganimda polga tushgan narsa nima bo‘ldi? Egilib yaltiroq yelimqog‘ozni poldan ko‘tarar ekanman boshim aylanib ketdi. Nima deb yozilibdi, buni qayerdan olgan edim? Ko‘nglim ayniyapti. Nimanidir eslashim kerak, nimanidir tezroq eslashim
kerak. Ha, nima deyishgandiya?.. Ha, ha! Haftasiga faqat ikki marta va bir donadan ichasiz. Bu qachon edi? Bugun, bugun edi. Bugun ko‘prikda turib ramkalardan bo‘shagan to‘y suratlarimiz va chaqiruv qo‘ng‘irog‘iga uning sevimli musiqasi, ekranda uning surati o‘rnatilgan telefonimni ko‘lga otib yuborganimdan keyin shundoq ko‘prikdan tushganda o‘ng qo‘lda uchratganim dorixonadan uyqu dori sotib olgandim. Nega sotib oldim? Axir hech qachon uyqu bilan bog‘liq muammom bo‘lmagan. To‘g‘rirog‘i, uyquning kamligi bilan bog‘liq muammom bo‘lmagan. Keyin uyga keldim, to‘rtinchi qavatga ko‘tarildim, yuvinish xonasiga kirdim, jo‘mrakni buradim. Kaftim osha to‘kilayotgan suvning isishini kutarkanman ichim bo‘shab qolganini, ochlikni his qildim. Suv esa hadeganda isiyvermadi. Erinibgina qayta kiyinib oshxonaga o‘tdim, muzlatkichni ochdim va uyerda to‘yimizning to‘rt yilligi munosabati bilan pishirilgan tortga ko‘zim tushdi... Ishtaham yo‘qoldi, tomog‘imga alam tiqildi. Suv ichsam o‘tib ketarmikan, deb o‘yladim. Boyadan buyon chap kaftimda qattiq qisib ushlab olganim yaltiroq yelimqog‘ozga qaradim. Bu nima? Ha aytgancha, dorixona, dori, uy. Hech narsani o‘ylamay yumaloq sharchalarni kaftimga to‘ka boshladim...
Tez yordamning raqami nechchi ediya? Umrim bino bo‘lib tez yordamga ishim tushmagan ekan. Telefonim, telefonim qayerda qoldi...
Xona aylana boshladi, ko‘cha eshik tutqichini mo‘ljallab ikki qadam bosdim. Eshikni ochishim kerak. Xona aylanadi, qadamlarim chalkashadi. Aylanish tezlashdi, endi eshikni qanday topaman? Ko‘zimni yumdim, olg‘a qadam bosdim. Eshik taqilladi, zinapoya maydonchasida g‘udur-g‘udur ovozlar eshitildi. Sohilda yurgandek sezdim o‘zimni. Oyog‘imga to‘lqinlar urildi, momaqaldiroq gumbirladi. Nimadir qarsillab ketdi. Yuztuban yiqilar ekanman men tomon yaqinlashayotgan sharpalarni ko‘raman. Qovoqlarim og‘irlashib boryapti. Orzularim... Ro‘yxatni davom ettirishim kerak.
Dilora XOLIQOVA,
Qiziltepa tumanidagi 41-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi