“Otning erkagi nima bo‘ladi?”
…Talabalik davrimiz amaliyot o‘tash uchun turli tashkilotlar, televideniye, gazeta-jurnallarga borardik. Kursdoshlar Oliy Majlis-u vazirliklar axborot xizmati, vaqt o‘tib yana qaysidir nufuzli muassasalarga yo‘l olishar, mening esa har gal “Ma’rifat” gazetasidan boshqasini ko‘nglim tusamasdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti 2-kursida o‘qib yurgan paytlarim ustoz Halim Saidov tashabbusi bilan “Ma’rifat” gazetasida “Mahorat darslari” tashkil etilib, biz 15 talaba unda qatnasha boshladik. O‘shanda ustoz: “Kim “Mahorat maktabi”da o‘zini ko‘rsatsa, ishga qabul qilinadi, dedi.
Xullas, “Mahorat maktabi”ni tugatdik, oradan to‘rt-besh oy o‘tdi. 2012-yili boshida “Ma’rifat” gazetasiga ishga kirdim. O‘shanda gazetada Abdusamad Rahimov,
Halim Saidov, Husan Karvonli, Hulkar To‘ymanova, Baxtiyor Yoqubov singari jurnalistlar faoliyat olib borar, ayniqsa, ustoz Mahmud Sa’diy atrofidan talaba-jurnalistlar arimasdi. Chamasi uch yarim yil o‘sha yerda rizq topdim, kasbning og‘ir-yengilini o‘rgandim.
Ko‘p o‘ylayman, gazetada ishlab nima o‘rgandim? Eng avvalo, kasbga sadoqatni o‘rgangan bo‘lsam kerak. Chunki agar ko‘nglim chopmay nimadir yozgan bo‘lsam, u gazetada chiqmay qolib ketar, qayta ishlashga esa sabrim yetmasdi. Nimaki, ko‘nglim chopib yozgan bo‘lsam, unga “Fasl tanlovi”da qo‘shimcha mukofot ham olganman.
“Ma’rifat” gazetasi va katta jamoa bilan bog‘liq xotiralar ko‘p: esda qolgani ham talaygina. Kulib eslaydigan voqealar ham bor.
...“Adabiyot” bo‘limida ishlardim, ko‘pkari haqida kichkina material tayyorladim. Shoshilinch hozirlangani uchunmi, ichida ayrim kamchiliklarini to‘g‘rilab, bosh muharrir o‘rinbosari Husan akaga olib bordim.
Husan aka maqolani o‘qish chog‘ida matn tagiga chizib, kulib qo‘ydi.
— Tog‘ning bolasi bo‘lib, shuni bilmaysiz, otning erkagi nima bo‘ladi?
Yelka qisdim.
— O‘ylang, gazeta sahifalanguncha toping.
Otning erkagi nima bo‘larkan: birin-ketin yon-atrofdagi jo‘ralardan so‘radim. Tayinli javob bo‘lmadi. Yana izlay boshladim, oxiri, qishlog‘imizdagi chavandozlarga sim qoqdim.
— Otning erkagi nima bo‘lardi, erkak ot, bo‘ladi-da, — dedi bir chavandoz do‘stim.
Xullas, gazeta sahifalandi hamki, savolning javobini topolmadim. Miyamda shu o‘y bo‘lgani uchun qayta-qayta kitob titkilar, baribir javob topolmasdim. Husan aka bo‘lsa, “Otning erkagini topdingizma?”, deb so‘rab qo‘yar edi.
Oxiri sahifa bosh muharrirga kirar payti Husan aka keldi, sahifalarga bir qur nazar tashlagach, kulib qo‘ydi.
Keyin ko‘pkari haqidagi materialni topdi-da, tagiga chizilgan “otning erkagi”ni o‘chirib yozdi — ayg‘ir...
Olimjon JUMABOYEV