Ozarbayjonda Haydar Aliyevni xotirlash kuni
Ozarbayjonda Haydar Aliyevni xotirlash kuni bo‘ldi
12-dekabr – Ozarbayjoda milatning chin farzandi, xalqining milliy yetakchisi – Haydar Aliyevni xotirlash kuniga aylangan. Kuni kecha marhum davlat arbobining vafot etganiga 19 yil bo‘ldi.
Haydar Aliyev 1923-yil Ozarbayjonning Naxchivan shahrida tug‘ilgan. 1939-yilda Naxchivan pedagogika texnikumini tamomlab, Ozarbayjon sanoat institutining (hozirgi Ozarbayjon Davlat neft akademiyasi) arxitektura fakultetida tahsil oldi. Urushning boshlanishi unga o‘qishni tugatishga imkon bermadi. 1941-yildan Haydar Aliyev Naxchivon ASSR Ichki ishlar xalq komissarligi va Naxchivon ASSR Xalq Komissarlari Sovetida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 1944-yilda davlat xavfsizlik organlariga ishga yuboriladi.
O‘sha davrdan xavfsizlik organlari tizimida ishlagan Haydar Aliyev 1964 yildan rais o‘rinbosari, 1967-yildan esa Ozarbayjon SSR Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan, unga general-mayyor unvoni beriladi. Shu yillarda u Leningradda (hozirgi Sankt-Peterburg) maxsus oliy ma’lumot olib, 1957 yilda Ozarbayjon Davlat universitetining tarix fakultetini tamomlaydi.
1969-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining plenumida Ozarbayjon Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib saylangan Haydar Aliyev respublika rahbari bo‘ldi.
1982-yil dekabr oyida Haydar Aliyev Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zosi etib saylandi, SSSR Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va Sovet Ittifoqi rahbarlaridan biriga aylandi. Yigirma yil davomida Haydar Aliyev SSSR Oliy Kengashi deputati, besh yil davomida SSSR Oliy Soveti raisining o‘rinbosari bo‘lib ishladi.
1987-yil oktyabr oyida Haydar Aliyev Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi va shaxsan Bosh kotib Mixail Gorbachyov tomonidan olib borilayotgan siyosatga norozilik sifatida o‘z lavozimidan iste’foga chiqdi.
1990-yil yanvarda Sovet qo‘shinlari tomonidan Bokuda sodir etilgan qonli fojia munosabati bilan Haydar Aliyev ertasi kuni Ozarbayjonning Moskvadagi vakolatxonasida so‘zga chiqib, ozarbayjon xalqiga qarshi sodir etilgan jinoyat tashkilotchilari va aybdorlarini jazolashni talab qildi.
SSSR rahbariyatining Tog‘li Qorabog‘da yuzaga kelgan o‘tkir mojaro vaziyati munosabati bilan ikki yuzli siyosatiga norozilik sifatida 1991 yil iyul oyida Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi safini tark etdi. 1990 yil iyul oyida Ozarbayjonga qaytib kelgan Haydar Aliyev avval Bokuda, keyin esa Naxchivanda yashadi, o‘sha yili Ozarbayjon Oliy Kengashi deputati etib saylandi. 1991-1993-yillarda Naxchivan Muxtor Respublikasi Oliy Majlisi raisi, Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.
1992-yilda Naxchivan shahrida bo‘lib o‘tgan Yangi Ozarbayjon partiyasining ta’sis qurultoyida Haydar Aliyev partiya raisi etib saylandi.
1993-yilning may-iyun oylarida mamlakatda hukumat inqirozining keskin kuchayishi, fuqarolar urushi va mustaqillikni yo‘qotish xavfi paydo bo‘lganida, ozarbayjon xalqi Haydar Aliyevni hokimiyatga keltirishni talab qildi. Ozarbayjonning o‘sha paytdagi rahbarlari Haydar Aliyevni Bokuga rasman taklif qilishga majbur bo‘ldilar. 1993-yil 15 iyunda Haydar Aliyev Ozarbayjon Oliy Kengashi raisi etib saylandi va 24 iyulda Milliy Majlis qarori bilan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti vakolatlarini amalga oshirishga kirishdi. 1993-yil 3 oktyabrda umumxalq ovoz berish natijasida Haydar Aliyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
1998- yil 11-oktyabrda xalqning yuqori faolligi sharoitida o‘tkazilgan saylovda 76,1 foiz ovoz olib, yana Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
2003-yil 15-oktyabrga belgilangan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga rozi bo‘lgan Haydar Aliyev keyinchalik sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli saylovlarda qatnashishdan bosh tortdi. 12-dekabr kuni esa Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Klivlend klinikasida vafot etdi.
Haydar Aliyev to‘rt marta Lenin ordeni, Qizil Yulduz ordeni bilan taqdirlangan. Ko‘plab medallar bilan iukofotlangan, ikki marta Sosialistik Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan. 1997-yil 27-martda Kiyevda Ozarbayjon davlati rahbari Ukrainaning oliy mukofoti – Yaroslav Donishmand ordeni bilan taqdirlangan. 1999-yilda esa Turkiyaning oliy mukofoti – Otaturk nomidagi tinchlik mukofoti bilan taqdirlangan. 2001 yil 20 yanvarda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Haydar Aliyevga Moskva davlat universitetining “Faxriy professori” unvoni berilgan.
Buyuk rahbar Ozarbayjonda iqtisod tanazzulga yuz tutgan, mamlakatda fuqarolar qarama-qarshiligi, shuningdek, urushlar hukm surayotgan bir paytda hokimiyat tepasiga keldi. U rahbar bo‘lgach, asosiy ishni bosib olingan yerlarni dushman zulmidan ozod qilishdan boshladi. Davlat rahbari sifatidagi faoliyati davomida zamonaviy Ozarbayjonga asos soldi. O‘z faoliyati va siyosati bilan xalqning mehr-muhabbatini, mehrini qozondi. Marhum rahbar Qorabog‘, Sharqiy Zangezurni ozod qilish uchun bor kuchini ayamay, Ozarbayjonda barqaror siyosatga asos soldi. Ulug‘ yo‘lboshchi belgilab bergan siyosatning davomi sifatida bugun Qorabog‘ ham, Sharqiy Zangezur ham ozoddir.
Umummilliy liderning siyosiy yo‘nalishi davomchisi bo‘lgan Prezident Ilhom Aliyev uzoq yillar bosib olingan yerlarni ozod qilish orqali Haydar Aliyevning eng katta orzusini amalga oshirdi. Shunday qilib, Oliy qo‘mondon otasining vasiyatini munosib tarzda bajarib, 30 yillik arman istilosiga chek qo‘ydi.
Zebo NAMOZOVA,
jurnalist