Ozod Sharafiddinov o‘rtamiyona sevolmasdi...
Akademik Matyoqub Qo‘shjonov shunday eslaydi:
“Ming to‘qqiz yuz ellik beshinchi yilning aprel oyi. Maksim Gorkiy nomidagi jahon adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti. Moskvaning yetakchi adabiyotshunos olimlari institut zaliga yig‘ilgan. Minbarda yoshi endigina 26 ga to‘lgan, o‘rta bo‘yli, xipcha gavdali, qoraparang, qirg‘iy burun yigit. U “Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbek dostonchiligi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasining mazmuni xususida ma’ruza qilayapti... U yigit endilikda taniqli adabiyotshunos, munaqqid, professor Ozod Sharafiddinov edi”…
Inson ismiga monand bo‘ladi deganlaricha bor. Ozod Sharafiddinov XX asr o‘zbek adabiyotida chinakamiga o‘z shaxsi, dunyoqarashi, e’tiqodi, iste’dodi, imkoniyatlari ozodligini bir butunlikda namoyon etish asnosida ushbu ta’birning haqqoniy ekanini isbotlab berdi. U mashaqqatlar yukini yelkasida og‘rinmay tutgan, tan og‘riqlari ijodi-yu aqlini xira torttirishiga yo‘l qo‘ymagan, hamisha hammaga fikran, ma’nan, aqlan va jasorat jihatidan ibrat bo‘la olgan arbob edi.
Munaqqid ijod qilgan davrda o‘zbek adabiyotida jahon adabiyoti talablariga javob bera oladigan ko‘plab betakror asarlar yaratildi. Shunda Ozod Sharafiddinovning “Iste’dod — xalq mulki” degan iborasi mag‘rur jarangladi. Ijod ahlining yutuqlaridan quvongan munaqqid ularning har bir yaxshi asarini kitobxon ahliga yaqinlashtirdi, olmos kabi jilokor va serqirra, kamchiliklardan xoli bo‘lishini ta’min etdi. Shuningdek, ijodkor nazarda tutmagan jihatlarini kashf qildi, xalq farzandlarini adabiyotni tushunishga o‘rgatdi.
Abdulla Qahhor suhbatlarining birida Ozod Sharafiddinovni tilga olib: “Shunday yozmoq kerakki, nosfurush sening kitobing sahifasiga nos o‘rab sotgan bo‘lsa, uyida uni ochib, matniga ko‘zi tushgan odam: “Iye, bu Ozodning gaplari-ku”, deya sahifani ehtiyot qilib, olib qo‘ysin”.
Bu haq gapni qadrlay bilgan O.Sharafiddinov esa ustozining fikriga javoban “... bunday mukammal yozmoq uchun, bu darajada barkamol san’at namunasini yaratmoq uchun ijodkor Abdulla Qahhordek mehnatkash bo‘lmog‘i lozim. Bu esa hammaga ham nasib qilavermaydi. Faqat o‘z Vatanini jon dilidan yaxshi ko‘rgan, o‘z xalqini har tomonlama barkamol ko‘rishni istagan, ko‘ksida istiqlol yolqini barq urib turgan san’atkorgina bu baxtga musharraf bo‘ladi”, deb qayd etgan edi.
Ozod Sharafiddinovning alohida chop etilgan asarlarining o‘zi 28 ta, vaqtli matbuotdagi maqola va suhbatlari 385 ta. “Zamon. Qalb. Poeziya”, “Yalovbardorlar”, “Iste’dod jilolari”, “Birinchi mo‘jiza”, “Adabiyot — hayot darsligi”, “Cho‘lponni anglash”, “Ijodni anglash baxti”, “Dovondagi o‘ylar” kabi o‘nlab adabiy-tanqidiy risolalari chop etildi. To‘plamlardagi maqolalar, kirish so‘zlari, so‘zboshi va so‘ngso‘zlar 50 dan ziyod, tarjima asarlari esa 150 taga yaqin.
Xususan, adabiyotimizga beqiyos xazina bo‘lib qo‘shilgan “Cho‘lpon” asarining eng qimmatli tomoni adibning butun ijod yo‘li izchil tarzda qamrab olinganligida, ya’ni Cho‘lponning nasri, lirikasi, dramaturgiyasi hamda adabiy-tanqidiy qarashlari to‘g‘risida ilk bor yaxlit haqqoniy ma’lumot berilganligidadir. Qahramonning ijodiy yo‘lini yoritar ekan, munaqqid Cho‘lponning zaifgina nasriy mashqlaridan buyuk shoir darajasiga ko‘tarilishidagi tadrijiy rivojini o‘quvchi ko‘z o‘ngida yaqqol gavdalantiradi.
Darhaqiqat, “Fikr g‘oyibdan hosil bo‘lmaydi. Fikr bilimning hosilasi”dir. O.Sharafiddinov butun umri davomida shu fikriga amal qildi, vaqt topdi deguncha o‘z ustida ishladi, tinmay ijod qildi.
O‘zi ta’kidlaganidek “hech qachon jo‘ngina formulaga tushadigan yuzaki odam bo‘lmadi”, haqiqiy ijodkor bo‘la oldi, tinimsiz mehnatlari samarasi o‘laroq o‘zbek tanqidchiligining yirik namoyandasiga aylandi.
Ozod Sharafiddinov she’riyatga o‘ziga xos mezonlar bilan yondashgan. Bu mezonlarning birinchisi va olim asarlarining asl mohiyatini aks ettiradigani haqiqat-
parastlikdir. Buni professor Begali Qosimov quyidagicha baholagan edi: “Tabiat unga (Ozod Sharafiddinovga) adabiyotni nozik his qilish va munosib baholash salohiyatini hamda uni ro‘y-rost aytish jasoratini berdi. Uning ijodda o‘rtamiyonalikka, “ko‘lmak davralar”ga toqati yo‘q edi... Lekin hamisha ijodi va faoliyati “qilichning dami”da kechdi. Chunki u o‘rtamiyona yashay olmasdi, o‘rtamiyona seva olmasdi. Ayrimlardek ko‘nglidagini yashira olmasdi. Dilidagi tilida edi”.
“Har qanday she’r poeziya bo‘lavermaydi”, — deb yozadi olim. — “Agar poeziyaning mohiyati vazn va turoqlardan, qofiya va alliteratsiyalardangina iborat bo‘lganda, ma’lum bir ma’noni ma’lum bir ohangda ifodalashdan nariga o‘tmaganda, dunyoda shoirlikdan osonroq ish bo‘lmas edi. Agar shunday bo‘lsa, o‘rtacha savodi bor, esi butun har qanday odamni bir hafta o‘qitib, binoyidek shoir qilish mumkin bo‘lardi. Unga hatto chiroyli o‘xshatishlar, aniq sifatlashlar, original metaforalar topish yo‘lini ham o‘rgatib qo‘ysa bo‘lardi. Holbuki, bunday emas.
Poeziya gazetaning informatsiya janridan farq qiladi. Shoirlik inson faoliyatining eng qiyin, murakkab tomonlaridan biridir. Shoir degan odam o‘tkir fikr yuritish qobiliyatiga, shoirlik talantiga ega bo‘lishi lozim. Talant bo‘lmasa, har qancha uringan bilan chinakam poeziya namunalarini yaratib bo‘lmaydi”.
Bugungi kunda o‘zbek adabiyotining o‘ziga xos ko‘zgusiga aylangan “Jahon adabiyoti” jurnalining ibtidosi 1998-yilga to‘g‘ri keladi. Ozod Sharafiddinov bu jurnalni oyoqqa turg‘azdi, dunyo adabiyotidagi ibratli asarlarni tarjima qildirdi. Mashhur yozuvchi Paulo Koeloning asarlari 117 davlatda chop etilib, millionlab insonlar o‘qishga muyassar bo‘lib turgan bir paytda nega o‘zbek kitobxonlari bundan bebahra qolishi kerak deb, bu asarni shaxsan o‘zi tarjima qilishga kirishgan. Arbob sa’y-harakatlari evaziga P.Koeloning “Alkimyogar”, “Beshinchi tog‘” asarlari o‘zbek kitobxonlari e’tiboriga havola etilgan.
Olim o‘zining 70 yillik yubileyida so‘zga chiqib, “Ollohdan yana menga 10 yil umr berishni iltijo qilaman”, degan ekan. Bu bilan o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygani va shu maqsad sari intilayotgani, buning uchun ko‘proq vaqt kerakligini nazarda tutgan. Munaqqid 10 yil shunchaki yashashni emas, balki XXI asr yangi o‘zbek adabiyoti va milliy adabiy tafakkurining rivojlanishiga hissa qo‘shishni maqsad qilganiga shubha yo‘q.
Bugunga kelib zamon, davr o‘zgardi. Adabiyotga qarash ham o‘zgardi. Ko‘pgina ijodkorlarning sho‘ro davrida yaratgan asarlari endilikda, adabiy tamoyillarga to‘g‘ri kelmay, o‘qishga ham yaroqsiz bo‘lib qoldi. Ammo Ozod Sharafiddinovning aksariyat maqola va kitoblari bugungi kunda ham o‘z kuchini yo‘qotgan emas. Masalan: “Birinchi mo‘jiza” kitobidagi G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov ijodi haqidagi portretlari bugungi adabiyot uchun ham muhim manbadir.
Cho‘lpon haqida fikr yuritilgan asarida munaqqid qahramoniga nisbat bergan fikrlari aynan o‘ziga daxldordek go‘yo. So‘ngso‘z o‘rnida shu fikrni yodga olamiz: “… biron boshqa janrda ijod qilmaganda ham, tarjimalarining o‘ziyoq uning nomini o‘zbek adabiyoti tarixining eng mo‘tabar joyiga qo‘yish uchun kifoya qiladi. Uning tarjimalari o‘zbek xalqi madaniyatining rivojiga katta hissa qo‘shgan va allaqachon xalqimizning ma’naviy boyligiga aylanib qolgan”.
Risolat MAXSUMOVA