Papilloma virusiga qarshi emlash jarayoni
Yurtimizda 12-14 yoshli qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash jarayoni davom etmoqda
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, p apilloma virusining 200 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, shundan 13 tasi onkologik kasalliklarga sabab bo‘ladi. Xususan, virusga qarshi o‘z vaqtida vaksina olinmasa, 16 va 18-tiplari bachadon bo‘yni saratonini keltirib chiqarishi isbotlangan.
Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bachadon bo‘yni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish bo‘yicha global strategiyasida 9-14 yoshdagi qizlarni odam papilloma virusiga karshi emlash tavsiya etilgan.
Bachadon bo‘yni saratoni tarqalishiga ko‘ra, jahonda ayollarda uchraydigan rak kasalliklari orasida to‘rtinchi o‘rinda turadi.
— Mamlakatimizda bu xastalik barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinni egallaydi, — deydi Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Xursanoy Jamalova. — O‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi va tug‘ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi pog‘onada qayd etiladi.
Shuning uchun ham bachadon bo‘yni saratonini keltirib chiqaruvchi bu virusga qarshi emlash ishlarini olib borish kasallikka qarshi kurashishning eng samarali usuli hisoblanadi.
Mamlakatimizda OPVga qarshi vaksina bilan 9 yoshli qizlarni yalpi emlash 2019 yilda boshlangan edi. Biroq ushbu jarayonda qo‘llaniladigan vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda emlash pulli asosda bajariladi. Yurtimizda esa o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi.
Ayni paytda mamlakatimiz bo‘yicha 12-14 yoshdagi qizlar orasida vaksinatsiya jarayonlari 3 ming 138 ta emlash punktida amalga oshirilmoqda. Shu kungacha jami emlanishi kerak bo‘lgan 874 426 nafar qizdan 94 foizga yaqini kasallikka qarshi vaksina oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yurtimizga Niderlandiyaning “Merk” korxonasida ishlab chiqarilgan 1 million 400 ming doza “Gardasil” vaksinasi olib kelingan va yaroqliligi tekshirilib, tasdiqlangan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati