Paxta dalasida boy berilgan darslar…
Yoshim 70 dan oshdi. 40 yil o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Muallimlik — mashaqqatli kasb. Ammo uning har bir zahmati ortida sharaf bor. Bugungi kun o‘qituvchisiga har qancha havas qilsang arziydi. Bu gapni men, o‘tgan asrning mustamlaka yillarida muallim bo‘lib ishlagan inson sifatida baralla aytishim mumkin.
Hozirgidek esimda, 1970-yil edi. Biz talabalar, har galgidek sentabr oyining o‘rtalarida paxta yig‘im-terimiga chiqib ketdik. Bu jarayonni talaba, o‘qituvchi va o‘quvchilarsiz tasavvur etib bo‘lmasdi. Shu yili paxta terimi uzoq davom etdi. Respublika paxta topshirish yillik rejasini kech bajardi. Shu sabab yig‘im-terim ishlari dekabrning oxirigacha cho‘zildi. Oy o‘rtalarida qalin qor yog‘di. Biz talabalarni o‘shanda ham qaytarishmadi. Qorda paxta terishning iloji yo‘q, ammo yangi usul o‘ylab topishdi. Uzun arqon olib, arqonning ikkala uchidan ikki talaba tortib qorni tushirar, qolgan talabalar paxta terar edik. Bir necha kun shu tartibda ishladik. O‘sha kunlarni eslashni ham istamasdim. Qiyinchiliklarga chidamay qochib ketgan talabalarni o‘qishdan chetlatishar edi.
Sobiq ittifoq davrida mansabdor shaxslarga juda katta vakolat berilgandi. Ular xohlagan odamini har xil yomon so‘zlar bilan haqoratlardi. Hatto brigadir ham qo‘l ostidagi ishchilarni haqoratlash “huquqi”ga ega edi. Odamlar buni oddiy holdek qabul qilardi.
O‘qituvchilik faoliyatimni boshlagan yil edi. Har doimgidek paxta terimiga jalb qilindik. Ikki o‘qituvchi bir brigadaga biriktirildik. Brigadada 60 o‘quvchi paxta terardi. Har kuni kechqurun hisobot
berish uchun shtabga borardik. Shu kuni necha o‘quvchi qatnashdi, necha kilogramm terildi, kunlik reja bajarildimi — shularning hisobini berardik. Keyin yuqoridan ruxsat berilguncha shtabda o‘tirardik. Ayrim kunlari yarim tungacha qolib ketardik. Kunlarning birida o‘quvchilarni paxta terimiga tushirib, brigadir, uning yordamchisi (tabelchi), brigadaga biriktirilgan vakil va men dala chetida o‘tirgandik. Bir vaqt qarasam o‘tirganlarning barchasi o‘rinlaridan turib tezlik bilan odamlar orasiga kirib paxta tera boshlashdi. Men hayron bo‘lib qolaverdim. Shu payt mashinadan bo‘ydor bir odam tushib, men tomonga qarab keldi va kimligimni so‘radi. Chunki undan qo‘rqib qochmaganimga u ham hayratlangan edi. O‘zimni tanishtirdim. Ota-onam, oilam haqida surishtirib, so‘ng brigadir bilan nimalarnidir gaplashib yana mashinasiga o‘tirib jo‘nab ketdi. Boya men bilan o‘tirib, so‘ng o‘zini dalaga otganlar kelib “nega direktordan qochmading”, deb so‘rashdi. Keyin bilsam bu odam sovxoz direktori ekan.
O‘qituvchilarni majburiy mehnatga qalb qilish shu darajaga borib yetdiki, ularning o‘zidan brigada tuzib, paxta terdirishdi. O‘sha vaqtlari tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlardim. Menga 5 o‘qituvchini biriktirib, tumanning odam kam yashaydigan chekka qishlog‘iga yuborishdi. U yerda 200 dan ortiq o‘qituvchi oylab paxta terganmiz. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri ham biz bilan birga paxta tergan. Vaqtinchalik turarjoylar sharoitini esa hikoya qilmay qo‘yaqolay. O‘tgan asrda o‘qituvchilar ana shunday mashaqqatlarni boshdan kechirishgan.
Ha, o‘sha davrlarda paxta siyosati ta’limdan ham muhim edi. Bir kuni o‘qituvchilardan biri “sizni rais bobo chaqiryapti” deb qoldi. Chiqsam, haqiqatan ham mashinada sovxoz direktori o‘tirardi. U bir vaqtlari rayon ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan obro‘li inson edi. Shunga hurmat yuzasidan “rais bobo” deb chaqirardik. Salom-alikdan keyin rais bobo “Senga xizmat bor” deb qoldi.
— Ertaga 11-sinfni paxta o‘tog‘iga olib chiqasiz, katta yo‘l bo‘yidagi dalaga, — dedi.
— Ertaga 11-sinfda davlat imtihoni bor, — dedim.
— Imtihonni paxta dalasida o‘tkazasiz-da, — dedi kulib.
O‘qituvchilar bilan maslahatlashib, imtihonni soat sakkizda boshlab, to‘qqizda tugatdik. So‘ng o‘quvchilarni o‘toqqa olib chiqdik. Bularning barchasi o‘sha davr uchun oddiy hol edi.
Shukurlar bo‘lsinki, hozirgi kunda ta’lim-tarbiya jarayonlariga bo‘lgan munosabat, o‘qituvchi shaxsiga nisbatan hurmat oshib bormoqda. Bular barchasi mustaqillik sharofatidir.
Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimga yurtimiz mustaqilligining 30 yilligi muborak bo‘lsin, deb qolaman!
Rahmon JABBOROV,
nafaqadagi o‘qituvchi Ellikqal’a tumani