“Peshog‘or”ga sayohat orzusi ushaldi
“Peshog‘or”ga sayohat orzusi ushaldi
Zomin tumanining qadimiy yerosti obidasi “Peshog‘or” g‘ori Morguzar tog‘ tizmalarida joylashgan bo‘lib, tevarak-atrofi baland qoyalardan iborat. Ma’lumki, “pesh” forscha – “oldi”, “old tomoni”, demak “peshog‘or” –“g‘or oldi” ma’nosini anglatadi. G‘or ibtidoiy jamoa davridan beri mavjud. Qishki ta’til kunlarining birida bir guruh yuqori sinf o‘quvchilari bilan “Peshog‘or”ga sayohat qilish ishtiyoqi bizda hamma narsadan ustun turardi. Sayohat oldidan fonar, mash’ala, arqon o‘ramini safar xaltalariga joylash tadorigini ham ko‘rib qo‘ydik.
Baland tog‘ tizmalari bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilarkanmiz g‘or tevarak-atrofi yam-yashil archalarga burkanganligidan bahridilimiz ochilib, ko‘ngillar yayrab ketdi. Tevarak-atrofi xarsangtosh va butazorlardan iborat tepalik ostidagi katta hajmli yalanglik necha-necha asrlar ilgari vulqon, tabiiy ofat va ohaktoshlarning yemirilishidan vujudga kelgan ekan.
Guruh rahbari yetakchiligida tor va kichik tuynuk orqali g‘orga tushish istagi bizni yanada g‘ayrat-shijoatga undardi. Keyin ichki yo‘l bo‘ylab borarkanmiz qarshimizda turfa ranglar jilosi namoyon bo‘ldi. U shunchaki yerosti yo‘lagi emas, balki san’atkorona yaratilgan koshona desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sizni uning sehri va sukunati maftun etishi tabiiy. Ohaktosh qatlamlari yaxlit ko‘rinishga ega.
G‘or ichkarisi sari odimlarkanmiz butunlay qorong‘ilik qo‘ynida qoldik. Hayrat va qiziqishimiz ustun kelib guruhimiz a’zolari hamjihatlikda fonar chirog‘i va mash’ala yordamida yo‘lda davom etarkanmiz g‘or sahni kengayib borardi. Uch-to‘rt odim oldinni ko‘rib bo‘lmasdi. Adashib ketmaslik uchun arqondan foydalanishni ham unutmadik. Ayrim yo‘laklar xuddi quvurdek noma’lum tomonga cho‘zilib ketgandi. Ba’zan ensiz va tor yo‘laklardan emaklab o‘tishimizga, ba’zan yerosti yoriqlaridan siqilib o‘tishimizga ham to‘g‘ri keldi. Kelishuvga muvofiq biroz nafas rostlab tamaddi qilib olgach, kichik, tor, ba’zan tik va o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarni mashaqqat va zahmatlar chekish evaziga bosib o‘tdik. Ayniqsa, sirpanchiq, uchqir va qirrali xarsangtoshlardan o‘tarkansiz surinib ketishingiz hech gapmas. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Har bir qadam hisobga olinib, hushyorlik talab etiladi. Aks holda adashib qolib, ko‘ngilsiz, noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ensiz va egri-bugri yo‘laklardan o‘tayotib “g‘ir-g‘ir” esib turuvchi yelvizakdan yuragim hapqirib ketdi. Ertaklardagi sirli mo‘jizaning xuddi o‘zginasi. Shu onda yonimdagilarning ko‘nglidan nimalar kechdi ekan?
G‘or devorlaridan sizib tushayotgan suv tomchilaridan bir nechta jilg‘a hosil bo‘lgan. Yerosti yo‘lida agar oqim mavjud bo‘lmaganida mavhum va o‘lik g‘or deb atagan bo‘lardik.
Birozdan so‘ng afsonaviy yerosti yo‘lida yurib borarkanmiz, beixtiyor devorlardagi granit va ohaktoshlarga
nazar tashlaymiz. G‘orning ichki ko‘rinishi nihoyatda g‘aroyib. Ayrim toshlardagi shakllar odam va sherlarni eslatadi. Ixtiyorimizdagi fonar chirog‘i xiralashib, bir nechta mash’ala qolgandi, xolos.
Nihoyat, o‘zaro ahillik va hamjihatligimiz ustun kelib g‘orning noma’lum bo‘shliqlaridan shaxdam odimlab yorug‘lik sari yaqinlasharkanmiz
quyosh endi ufqqa bosh qo‘ymoqda edi.
Bir kunlik sayohatimiz shu yerda yakun topib, barchamizning ko‘nglimizda xotirjamlik, yuz-ko‘zlarimizdan esa mamnunligimizni sezish qiyin emasdi. Ana shu hayajon va hissiyotlarga boy tuyg‘ular ona tabiatga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat va ehtirom ifodasi edi, albatta. “Peshog‘or”ga sayohat qilish orzumiz ushalib, qadimiy yerosti obidasi sir-sinoati va g‘aroyib mo‘jizalari bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldik.
Eng muhimi, tarixdan yaxshi xabardor bo‘lgan mahalliy keksalardan g‘or bilan bog‘liq hikoyalarni maroq bilan tingladik. Jumladan, qadimiy obidaning bir necha yillar yov yo‘liga mustahkam to‘siq vazifasini o‘taganligi hamda mahalliy aholini dushman suvoriylaridan himoya qilib kelganligi haqidagi ma’lumotlardan voqif bo‘ldik.
Shahlo BEGIMQULOVA,
Jizzax shahridagi
22-IDUMning tarix fani
o‘qituvchisi