Poytaxtimida ShHT xalqaro yarim marafoni o‘tkaziladi
Poytaxtimida ShHT xalqaro yarim marafoni o‘tkaziladi
Joriy yil sentabr oyida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitiga davlatimiz mezbonlik qilishidan xabaringiz bor. Ushbu sammit oldidan tashkilot doirasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, 2022-yil 27-mart kuni ilk bor poytaxtimizda Toshkent xalqaro ShHT yarim marafoni tashkil etiladi.
Bugun mazkur tadbirga tayyorgarlik jarayonlari bilan keng jamotchilikni xabardor qilish maqsadida Yoshlar ishlari agentligida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy qo‘mita a’zolari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Anjumanda 2016-yildan beri xalqaro tashkilot tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan ushbu marafon a’zo davlatlar madaniy gumanitar hamkorligining ajralmas qismiga aylangani, sport tadbirlariga xalqaro hamjamiyatning qiziqishi yil sayin ortib borayotgani ta’kidlandi.
Tashkilotchilar ushbu marafon Xalqaro marafonlar assotsiatsiyasi serifikatiga ega bo‘lgan trassada o‘tkazilishi, musobaqa dasturiga 3 km va 21 km bo‘lgan 2 ta masofa kiritilgani, umumiy mukofot jamg‘armasi 138 million so‘mni tashkil etishi va ushbu marafonga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida so‘z yuritishdi.
Shuningdek, anjumanda ushbu musoqbaqa bilan bir kunda o‘tkazilishi rejalangan “Navro‘z” IV Toshkent xalqaro marafoni haqida ham ma’lumotlar berildi. Yakunda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tashkiliy qo‘mita a’zolaridan batafsil javob oldi.