QANDAY KITOBLARNING XARIDORI KO‘P
Bugungi kunda axborot texnologiyalarisiz kunimizni tassavur qilish qiyin, ammo xalqimiz orasida hamon kitobga oshno insonlar borligi quvonarli.
Biroq yoshlar orasida vaqtni kompyuter va telefonda maqsadsiz sarflayotganlar ham ko‘p. XXI asrga kelib odamlar hayotida kitob qanchalik muhim ekanligini va qanday mavzularga odamlar qiziqishini bilish maqsadida "Chorsu" bozoridagi kutubxonalarda bo‘ldik va kitob sotuvchilari bilan suhbatlashdik.
— Kitobxonlarning ko‘p qismini yoshlar tashkil qiladi, — deydi suhbatdoshimiz. Yoshlar va o‘rta yoshlilar orasida hozirgi kunga kelib biznes va psixologiyaga oid kitoblarga talab katta. Masalan, Robert T.Kiyosakining "Boy ota, kambag‘al ota" va B.Ismoilovning "Korxona quramiz" kabi kitoblarini ko‘pchilik kitobxonlar so‘rab keladi. Biznesga oid bunday kitoblar yosh tadbirkorlarga mustaqil faoliyatga ilk qadamni qanday tashlash kerak ekanligini o‘rgatadi. Katta yoshlilarning aksariyati esa o‘zbek she'riyati, dunyo adabiyotlariga qiziqish bildirishadi.
Yurtimizda bilim izlayotganhech bir inson e'tibordan chetda qolmaydi, sababi O‘zbekistonda kitobxonlarni munosib taqdirlashadi. Yaqinda Yoshlar Ittifoqi tashabbusi bilan "Kitob o‘qigan Spark minadi" shiori ostida g‘oliblarga Prezident sovg‘asi sifatida Spark avtomashinasi topshirilgani so‘zimiz dalilidir.
Kitob oilani qadrlash, vatanni sevish va teran fikrlashning kalitidir. Kitob o‘qishdan maqsad, uning mazmunini tushunish va qalban his etish va shu orqali ma'naviy ozuqaga ega bo‘lishdir. Shunday ekan, yoshlarning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirishimiz kerak.
Ismoil To‘raboyev,
O‘zDJTU talabasi