QR kodli mini kutubxona»
«Kitobxon mahalla yohud ochiq osmon ostida QR kodli mini kutubxona»
Joriy yilning 27-sentyabr kuni Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi majlislar zalida poytaxtdagi “Sog‘lom ona va sog‘lom bola” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda, “Kitobxon mahalla yohud ochiq osmon ostida QR kodli mini kutubxona” grantining yakuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent shahar “Sog‘lom ona va sog‘lom bola markazi” boshqaruvi raisi, Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi xodimlari, “Tong yulduzi” gazetasi, “Gulxan” respublika jurnali ijodiy jamoasi xodimlari, Yunusobod tumanidagi ”Yunus Rajabiy” MFY faollari hamda “Bilim” axborot-kutubxona markazi mutaxassislari va foydalanuvchilari ishtirok etishdi. Tadbirni Toshkent shahar “Sog‘lom ona va sog‘lom bola markazi” boshqaruvi raisi R. Zaripova ochib, tadbir ishtirokchilarini tanishtirar ekan, tashkilot faoliyati, “QR kodli mini kutubxona mutolaa madaniyatini yuksaltirishning innovatsion usuli” mavzusida ma’ruza qildi. Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi direktori H. Qo‘chqorova “Davlat grantlari davlat va nodavlat tashkilotlarining asosidir” mavzusida gapirib bu loyihalar haqida yig‘ilganlarga atroflicha tushuncha berdi. Toshkent shahar “Bilim” axborot- kutubxona markazi elektron resurslardan foydalanish va o‘quv zallari xizmati rahbari M. Inoyatova “Mutolaa madaniyati - yurt kelajagi” mavzusida gapirar ekan, bugungi kunda kutubxonadagi mavjud kitoblar, kitobxonlar soni, ziyo maskanida bo‘lib o‘tayotgan turli hil mavzulardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar haqida gapirdi. Chirchiq davlat pedagogika universiteti Psixologiya kafedrasi mudiri, “Sog‘lom ona va sog‘lom bola” markazi hamkori Sh. Samarova ham markaz bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlar, loyihalarning yoshlar tarbiyasiga ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbir so‘ngida markaz loyihalaridan biri Gujum.uz sayti e’lon qilgan “Ezgu niyatli bolalar” va “Yangi O‘zbekiston - mening nigohimda” tanlovi g‘oliblari bo‘lgan maktab o‘quvchilariga sovg‘alar topshirildi. M. Inoyatova, Toshkent shahar "Bilim" AKM xizmat rahbari