Qalbimdagi nur
Qalbimdagi nur
“ Qalbimdagi nur ” ruknini ustoz Mahmud Sa ’ diy tashkil etgan edi . Millat manfaati , taraqqiyoti uchun jon kuydirgan , ishini ko ‘ rsatgan - u , o ‘ zini xalqqa ko ‘ z - ko ‘ z qilmagan , chin fidoyi , kamtar insonlar hayotini ochib berishga qaratilgan mazkur ruknda kun kelib ustozning o ‘ zi haqida yozishimiz xayolimga ham kelmagan ekan . Mahmud Sa ’ diy doim biz bilan birga bo ‘ ladigandek , kamchiliklarimizni ko ‘ rsatib koyib turadigandek tuyulardi . Sa ’ diy domlani taniydigandan tanimaydigan ko ‘ p edi , ammo u tahrir qilgan badiiy asar , tarjima yoki maqolalarni o ‘ qimaganlar deyarli topilmaydi . Ustoz haqiqatan ham, maqtanish uchun emas, el koriga yarash uchun jon kuydirardi... Bugun ustozni o‘zi tashkil etgan minbarda eslashga, xotiramdagi chizgilarni jonlantirishga harakat qildim. Ustozning o‘zi aytganidek, bunday insonlarni xalqqa tanitishimiz, ularning yodi xotirimizdan so‘nib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak!
Tahrir ustasi
Egnida uzun, qora palto, boshida quloqchinli qishki kepka kiygan kishi qo‘lida tundek qora, og‘irligidan ancha tosh bosadigan sumkasini ko‘targancha “Matbuot uyi” binosiga kirib ketdi. Saksonni qoralagan bu odam uzoqdan keksaga o‘xshamaydi. Keksalar kamdan-kam bunday olifta kiyinadi. Yo professor, yo ijodkor bo‘lsa kerak. Bu zamonaviy nuroniyni har ikkalasi deyish mumkin. Kun tushdan og‘ganda tahririyatga kelishiga sabab, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarga ma’ruza o‘qib qaytadi. Shovqin solib o‘tiradigan talabalar bu domlaning darsida nafasini ham sekin olishga urinadi. Sal qattiqroq olsa ma’ruzachining ovozi eshitilmay qoladi. Sochlari bir yonga silliq taralgan, doim kostyum-shimda darsga kiradigan bu domlaning ustidan yozganlar ham bo‘ldi: “Boshqa domla bering, ovozini eshitmayapmiz”. Ammo uning O‘zbekistondagi birinchi raqamli tahrirchi ekanligi va u gapiradigan gaplar, beradigan ma’lumotlarni hech bir kitobdan topolmasligini bilganlaridan so‘ng, asal ta’mini totgan boladek unga talpinadi. Endi uning darsida birinchi qatordan joy olish uchun atay darsga ertaroq keladiganlari ham topiladi.
20–30 kilo tosh bosadigan qora sumka shu keksa vujudga osilgancha universitetga, undan Matbuot uyiga keladi. Kun bo‘yi yerga tortqilab turadigan bu matohni ochib qarasangiz, ichi to‘la qog‘oz. Eng qizig‘i esa, u qoralamalarning hech biri sumka egasiga tegishli emas. Shogirdlari tahrir qilib berish uchun topshirgan maqolalar, dissertatsiyalar, diplom ishlari, hikoya, roman, tarjimalar... Bu yoshdagilar o‘zini zo‘rg‘a ko‘tarib yuradi. Domlaning qo‘lidan esa sumkasini olib bo‘lmaydi. Balki bunga sabab uning navqiron ruhidir. Bunday odamlar o‘zgalar og‘irini yengillatib, jamiyat rivojiga hissa qo‘shishdan kuch oladi. Yozda issiq, qishda sovuq havo bu vujudni charchatadi. Ayniqsa, qishda qalin kiyimlarning og‘irligi ham odamni ezib yuboradi. Yozda issiqqa chidashning o‘zi bo‘lmaydi...
Yo‘lakda dadil bosilgan bir qadam ortidan sudrab bosilgan ikkinchi qadamning ovozi eshitiladi. Demak, yana ishga kelibdilar, o‘ylay boshlayman. Avvaliga, ishga yangi kirgan kezlarim, ustozning har kuni kelishini kutgan bo‘lsam, endi qaniydi uyda o‘tirsa, kelmasa, deb orzu qilaman. Qiynalishini istamayman. Qo‘lidan og‘ir sumkani olarkanman, uni qanday kun bo‘yi ko‘tarib yurish mumkinligini o‘ylayman. Universitetda dars beradigan, respublikaning nufuzli gazetasida bo‘lim muharriri, yana kazo-kazolarga ustoz bo‘lgan odamning o‘sha “tosh solingan” sumkasidan ikkitagina perashkani olib tushlik vaqti o‘tib ketganiga qaramay endi ovqatlanayotgani og‘ir botadi. Hech bo‘lmasa oliygoh oshxonasiga kirib issiq ovqat yesa bo‘lmasmidi (ich-ichimdan achinaman)... Ulug‘lik va faqirlikning(balki kamtarlik desa to‘g‘riroq bo‘lar) uyg‘unligini ko‘rish juda g‘alati tuyuladi. Issiq choy damlashga tutinaman. Odati bo‘yicha sumkasini qo‘yib o‘tirishi bilan birinchi navbatda kichkina qizil taroqchasini chiqarib sochlarini tarab olgan muharrir bo‘limdagi ishlarni, yig‘ilishda nima gap bo‘lganini so‘raydi. Topshiriqlarni berib, tahrirga tutinadi. Avvallari haybati bosib gapirolmay qoladigan bu odamim endi avval ulug‘likka erishib, yana bolaga aylangan, lekin o‘sha aql-zakovatini saqlab qolgandek tuyuladi. Ish vaqti tugaydi, lekin ish tugamaydi. Ketishga shoshilaman, muharrirning esa ketkizgisi kelmaydi. Bir qo‘lini cho‘zib stol ustiga qo‘yadi. Iyagini biroz ko‘tarib men tomonga yarim qaraydi(odatda qat’iy qaror yoki muhim gap aytmoqchi bo‘lsa, shohlar kabi shu alfozda gapiradi). “Men ham hozir ketaman, sen ham ishlaringni tugat”. Ha, birga ketmoqchi ekanlar-da. Domla bilan birga ketish biram maroqli. Umrini ertakdek so‘zlaydi, men boladek eshitaman...
“Seni yaxshi ko‘raman, bilasanmi nega?”, odatdagidek bosh kiyimining quloqchinlarini tushirib buni o‘g‘lim sovg‘a qildi, deb bolalarcha maqtanib olgach, gap bilan yo‘lni qisqartira boshlaydi: “Chunki sen menga o‘xshaysan. Men ham “Sharq yulduzi” jurnalidan “Guliston”ga ikki barobar kam oylikka o‘tganman. Men uchun pul muhim bo‘lmagan, o‘zimni kerak deb o‘ylagan joyimda ishlaganman. O‘shanda...”. Ishxonadagi hangomalar-u, talabalik yillaridagi sho‘xliklarini zavqlanib hikoya qilib ketayotgan ustozimni talaba tasavvur qilolmayman. Xuddi shunday aqlli va usta tahrirchi bo‘lib shu yoshda onasidan tug‘ilgan va o‘sha davrdan beri o‘zgarmagandek. Gaplarini eshitib hayron qolaman: shunday dono odam ham shunaqa qitmirlik qilishi mumkinmi? Men ham sizni yaxshi ko‘raman, sizga shogird bo‘lish uchun bu yerga keldim-da, deyman. Mamnun bo‘lib jilmayib qo‘ygancha yo‘lida davom etadi. Ko‘zlarini qisibroq avtobuslarning raqamiga qarab chiqadi. O‘ziga keraklisini topgandan so‘ng xayrlashib chiqib ketadi...
Har kuni ishdan qaytishda shu xotiralar xayolimda jonlanadi. Ustozning ovozini yozib olmaganimga afsuslanaman. Kim bilandir ular haqida suhbatlashgim keladi. Meni ustoz bilan tanishtirgan qizlari Muslima opa Bozorovaning xotiralarini yodga olaman...
Muslima Bozorova:
Seni men tuqqanman
Otam doim seni men og‘zimdan tuqqanman, derdi. Odamlar farzandiga islomiy ism qo‘yishga qo‘rqqan. O‘sha davrda otam menga Muslima deb ism qo‘ygan. Yoshligimda nega bu ismni qo‘ygansiz, hech kimda yo‘q, deb yig‘lagan vaqtlarim ham bo‘lgan. Shunda otam tizzalariga o‘tirg‘izib, mening opamning ismi Muslima bo‘lgan. Shuning uchun ham seni ona qizim deb chaqiraman. Sen ismingdan uyalma, faxrlan, deb tushuntirgan. Shundan keyin o‘z ismimni yaxshi ko‘rib qolganman.
Bolaligimiz kitoblar ichida o‘tdi. Otam o‘qishimiz uchun kitob berardi, bolalik qilib o‘qimasak, asarning eng qiziq joyidan parcha o‘qirdi-da, tugatmas edi. Dada, oxirigacha o‘qib bering yoki bering o‘zim o‘qiyman, desak, yo‘q, berdim o‘qimading, endi senga kitob yo‘q, deb olib qo‘yardi. Rosa ortlaridan yalinib yurardik, bermasdi. Teginma, qanday qo‘ygan bo‘lsam, shunday tursin, deb kitobni atay bizga ko‘rsatib qo‘yib ketardi. Kelgunlaricha o‘qirdik-da, qanday qo‘yib ketgan bo‘lsa, shunday qo‘yib qo‘yardik. Bilsa-da bilmaslikka olardi. Kitoblarining joyi o‘zgarganini darrov sezardi. Qizg‘anmasdi, lekin beso‘roq olganni yomon ko‘rardi. O‘zining shartlari bor edi. Kitoblarini olgan odam chizmasligi, yirtmasligi, yerda qoldirib ketmasligi, varaqlarini qayirmasligi kerak edi. O‘qigan kitobimizni bittalab tekshirib olardi. Albatta, uning muallifini va asar nomini so‘rardi. Eng qiziq joylaridan savol-javob qilardik. Agar shu shartlari buzilsa, qaytib kitob bermasdi. Bolaligimiz kitob o‘qish bilan o‘tgan. Bir kuni ko‘chada o‘ynab yurgan vaqtim dadam uyga chaqirdi. Xo‘p dedim-u, darrov bormadim. Keyin meni bir hafta uy qamog‘iga mahkum qilishdi. Ko‘chaga chiqishga ruxsat berishmadi. Shunda vaqtni o‘ldirish uchun kitob o‘qiy boshladim. Keyin meni ko‘chaga chiqarolmay qolishdi. Bor, o‘rtoqlaring bilan o‘ynab kel deyishsa, hozir, ozgina qoldi, shu yerini o‘qib olay derdim. Oqshom bo‘ldi endi, uxla deb chiroqni o‘chirib qo‘yishsa, oyning yorug‘ida kitob o‘qirdim. Shunday qilib otam bizni mutolaaga o‘rgatgan.
Bolaligida juda erta yetim qolgan otamni amakilari boqib olgan. Ularning juvoz va tuyalari bo‘lgan ekan. Dadamga juvoz haydatar ekanlar. U kishi gazeta-jurnal o‘qish uchun pochtachi bo‘lib ishga kirgan. Amakilarining juvozini haydab turib kitob o‘qib o‘tirar ekan. Uzoqdan amakilari ko‘rinsa tuyani tez-tez haydab terlatar, ketishi bilan yana kitoblarini o‘qirkan. Shuning orqasidan ko‘p gap eshitib qolgan vaqtlari bo‘lgan ekan.
Ko‘p kitob o‘qiganimiz uchun “qizim, ertak aytib ber”, deb buvim menga ertak ayttirardi. Sarlavha va muallifini aytganimdan so‘nggina ertakni boshlardim. Bir kuni kichik tog‘amga ertak aytayotganimda sarlavhasini hech eslolmadim. Tog‘am sarlavhasi kerakmas, ertakni aytaver deydi, men ertakning sarlavhasini izlayman. Kitobni olib, sarlavhani topib, keyin aytganman. Ertasi kuni tog‘am onamga bo‘lgan voqeani aytgach, ha kimning qizi bu, senga sarlavhasiz ertak aytarmidi, deb rosa kulganlari esimda.
Sevgi maktublari
Otam onamga uylanganida kitoblar bergan ekan. Onam doim sarlavhasi bilan muallifini unitib qo‘yarkan. Onamni otamning o‘zlari o‘qitgan. Onam yoshligidan she’r mashq qilib yurgan. Otam rahbarlik qilgan adabiy to‘garakka qatnashgan. Ular bir-birlarini shunda uchratib yoqtirib qolishgan. Lekin otam to‘garakni tamomlab ketmaguncha onamga hech narsa
demagan ekan. O‘qishni tamomlagach, sovchi qo‘yib uylangan.
Kichikligimda kitob javonimiz kam, kitoblarimiz esa ko‘p bo‘lardi. Xonamga kirish uchun poldan to shiftgacha terilgan kitoblar orasidan o‘tishimga to‘g‘ri kelardi. Bir kuni bexosdan kitoblarni yiqitib yubordim. Ularning tagidan bir papka chiqdi. Ichida ota-onamning bir-biriga yozgan maktublari bor ekan. Barchasini o‘qib chiqqanman. Ularning orasida bir gazeta bo‘lagi va uning orqasiga yozilgan dil so‘zlari bor ekan. Keyin bilsam, bu xatni otam men tug‘ilganimda onamga yozgan. Tug‘ilganimda onam qiz tug‘dim, deb xafa bo‘lib menga qaramagan ham ekan. Tinmay yig‘layvergan. Doktor otamni xotini qiz tuqqani uchun urishadigan odam deb tasavvur qilib, unga dakki bergani o‘zi chiqqan. Otamga xotinigiz qiz tug‘di deb endi koyishga og‘iz juftlaganda, otam rostanmi, buncha yaxshi,
mening onam tug‘ilibdi, Muslimam tug‘ilibdi deb juda sevinib ketadi va shu xatni yozib onamga berib yuboradi. Bundan doktor hayratlanadi. Qaytib chiqib onamning o‘zini urishib xatni beradi. Shundan so‘ng onam menga qaragan ekan. Ularga juda havasim kelardi.
Ikkovlari ham maktublarini saqlab qo‘yishgan. Ularning munosabatlariga doim havas qilganman.
Halol odam boy bo‘lmaydi
Turmush qurishganda otam ikkita shart qo‘ygan ekan: “Birinchisi, men yaxshi turmush o‘rtoq, yaxshi ota bo‘laman, lekin hech qachon boy bo‘lib ketmaymiz, chunki men halol odamman, halol odam boy bo‘lmaydi. Ikkinchisi, meni e’tiqodimdan qaytarishga urinmaysiz. Faqat shu ikki jihatdan chiqishmay qolishimiz mumkin. Qolgan jihatdan oramizda kelishmovchilik bo‘lmaydi”. Onam bir umr buni unutmadi. Ammo ba’zida katta asarlarni tahrir qilib pul olmasa yoki juda kam olsa, onam mehnatingizga yarasha haq olsangiz bo‘lardi, moddiy tomondan yetishovchiligimiz bo‘lsa, deb gapirgan vaqtlari, bu xalqqa kerak, o‘zim pul berib tahrir qilishga ham tayyorman bunday asarlarni, derdilar.
1994-yili otamni mashina urib ketdi. Kasalxonada yotgan vaqtlari shogirdlari tinimsiz holimizdan xabar olib turdi. Ham moddiy, ham ma’naviy tomondan
suyanch bo‘lishdi. Onam shunda aytgandilar: otangiz pul emas, shogird yig‘ibdi! Shogirdlari tog‘dek turib bergan edi. Ustoz-shogird qanday bo‘lishi kerakligini men shunda ko‘rganman. Ba’zida otamni shogirdlaridan qizg‘anardim. Bizdan ko‘ra ularga ko‘proq vaqt sarflardilar. Shogirdlaridan keyin topshirgan ishlarimni navbati kelganda ko‘rib berardilar. Ularnikidan avval ko‘rmasdilar.
Otamning qizi ekanimni hammadan yashirganman
Mahmud Sa’diyning qizi ekanligimni birov bilib qolmasin, derdim. Otamdan uyalmaganman, yo‘q. O‘z kuchim bilan yaxshi o‘qishga harakat qilardim. Otasining orqasidan a’lo baho olib yuribdi, degan gapni eshitishni istamasdim. Bir kuni qaysidir fandan past baho olib qayta topshiradigan bo‘ldim. Shunda mavzuni qanchalik qayta-qayta o‘qimay esimda qolmadi. Shunda yig‘lab o‘tirganimda otam kelib qoldi. Nima bo‘ldi, qizim dedi hayron bo‘lib. O‘qiganim esimda qolmayapti, dedim. Shunda oldimga o‘tirdilar-da, qani qaysi mavzu, deb o‘qishim kerak bo‘lgan mavzuni tushuntirib berdi. Tarixni ham yaxshi bilar edi. Shunda hammasi esimda qolib, ertasi kuni a’lo baho olib kelganman. Otam qanchalik band inson bo‘lmasin, hamisha bizning tarbiyamiz uchun vaqt topardi.
Ishlamagan kuniM o‘laman
So‘nggi vaqtlar ustozning tez-tez sog‘lig‘i yomonlashadigan bo‘lib qoldi. Ishxonada ham, oilada ham ishga bormang, endi dam oling kabi so‘zlarni eshitardi. Lekin hammaga javobi bir xil edi: “Meni o‘ldirmoqchimisan, ishlamagan kunim o‘laman-ku. Odamlarga foydam tegayaptimi, ishlashdan to‘xtamayman”.
Ustoz bu foniy dunyoni tark etgan bo‘lsa-da, hamon uning insonlarga nafi tegishda davom etmoqda. Demak, ustozni bu dunyodan o‘tdi deb ayta olmaymiz. U hamon hayot, shogirdlari, yaqinlari qalbida mangu yashaydi.
Charos MANNONOVA