Ruhkapalak parvozi
Kitobi chiqqanlar orasida Gulhayo Anorova ham bor. Uning she’rlarini matbuotdan, ijtimoiy tarmoqlardan qidirib, o‘qib, ancha fikrlarim to‘planib qolgandi. Chuvalgan o‘ylar “birinchi kitob”i bilan o‘z tizginini topdi. Shoirlar umri qishloqda boshlanib, shaharda tugaydi, deyilganidek, hamma shoirlar ijodida dastlab qishloq nafasi bo‘y cho‘zadi. Yosh shoirlardagi umumiy pafos shu. Boshqa she’rlardan o‘quvchi qishloq hayotini ko‘z oldiga keltirsa, eslasa, Gulhayo she’rlarini o‘qib beixtiyor qishloqda yashay boshlaydi. She’rlar qishloq qizining samimiy ko‘ngliga, shijoatiga, to‘poriligiga ko‘zgu tutadi. Bir jumla yoki bir obraz bilan qishloqdagi bolalikni xiralashayotgan tasavvurimizda yorqinlashtiradi. Masalan, “Tomdan sakrab tushgan bolalik”, “ko‘ylagidan quroq tikib o‘tirgan ona”, “yomg‘ir suviga kir yuvgan ona”, “bolishidan somon hidi anqigan ota”, “ot bo‘lgan paxsa devor”… Oqdaryolik shoira to‘lib-toshib yozadi, yozganlarida ham daryo mavjlanadi:
Ko‘ksing devorlariga urilib tursa to‘lqin,
qandayin bu dunyoda osuda yashash mumkin?
Уoki
Mening o‘zanimni o‘zgartma aql,
daryo bo‘larmidim gapingga kirsam?!
She’riyat va shaxsiyat birligi shoir uchun muhim. Yuksak ijod – baland va butun shaxsiyat mevasi. Shunday butunlik Gulhayoda ham ko‘rinadi. She’rlarini o‘qiy boshlar ekansiz, muallif shaxsiyati, jasorati, qaysarligi “gupp” etib tasavvurga uriladi. Aksariyat shoiralar she’rida uchraydigan farishtaniqoblik, diydiyoga berilish yo‘q. Kelgan fikrini elakka solmay, hayiqishsiz bayon qiladi:
Rutbasiga tupurdim shohning
Birodarin aylasa qalqon…
Misralarida shoirona jasorat seziladi:
Shunday rohatlansang, shunday zavqlansang,
Jiqqa qon ko‘ksingga panja botirib…
Ijod ahli uchun rohat – iztirob-u anduh. Ko‘ksi qonga belangan shoirda holiga achinish yo‘q, hatto shu qon ko‘ksiga panja botirib, she’rga solib zavqlanadi. Shoirona zavq, shoirona lazzat – shu! Zaminiy lazzat emas, samoviy lazzat:
Sen surat chizasan: tinglaysan sim-sim,
Yurakni chayqatar samoviy lazzat.
Lirik qahramonga surat bergan lazzat misralar qatida she’rxon yuragini ham chayqatadi.
Shoir zotining odati e’tiborni tortish, lekin Gulhayo Anorova she’rlariga xos xususiyat – e’tiborni tortmaslik. Yozmaslikning imkoni bo‘lmagandagina qog‘oz qoralash. Adabiyotshunos Q.Yo‘ldosh shu jihatni nazarda tutib, “U atay dolzarblikka intilmagani, zamonabop ko‘rinishga urinmagani, vaziyatni she’rga solishga tirishmayotgani bilan e’tiborni tortadi” deydi. Chin she’r shunday ichki butunlik bilan yoziladi.
Risoladagiday kechayotgan umr she’rga aylanmaydi. Ruh va jism qarshiligi – buzilgan muvozanat. Mana, u uchun baxt nima:
Vujud o‘zanimdan ayro tushgan kun
Dunyoda eng baxtli o‘zimman beshak.
Shoirlar saodati shundaki, misralarga joylangan ruhi asrlararo parvoz qilib yuradi. Quyidagi she’rda Gulhayo ana shu parvozdagi ruhkapalakka murojaat qilgan:
Ruh kapalak,
Buncha sokinsan?
Osmon yonib ketguday hozir.
Ildizsiz,
Muallaq bulutni
Suyab qolarmikan nimadir?
Qaragin,
Ichimda siniqlar
Gardishlangan,
Oy kabi to‘lin.
To‘zg‘itib yubordim ruhini
Qamishlarning archib vujudin.
(O‘zimga ham yetsaydi kuchim).
Ruh kapalak,
Buncha sokinsan?
Ruhkapalak bir kun yashamaydi, asrlararo, zamonlar-u insonlararo sokin uchib yuradi. U aql bormagan joylarga borishga, aql ko‘rmagan narsalarni ko‘rishga qodir. Parvoz jarayoni – ilhom. U mudom yuksakda. U nafosat yomg‘irini to‘kuvchi bulut, lekin har mavsumdagi muqarrar bulut emas: kezi kelsa osmonni to‘ldirib suzishi, kezi kelsa asrlar almashsa ham suzmasligi mumkin. To‘kilgan yomg‘iri yerdagi go‘zallikka tashna nihollarni sug‘oradi.
Ruhkapalakning onasi dard. Dardlangan ko‘ngilda siniq paydo bo‘ladi. Siniq tirqishlaridan ko‘ngilga tepadan tushgan nur kiradi, zulmat ko‘ngilni yoritadi. She’rda keltirilgan yana bir misol vujudi archilmagan qamish. U g‘aflatda. Kuylashga moyil nay qilish uchun archib uyg‘otish kerak. Lirik qahramonning ruhkapalakni kuylatish uchun o‘ziga kuchi yetmaganligidan o‘kinchi ifodalangan. She’r davomi shu mazmunni chuqurlashtiradi:
Tebranadi nur pardalari,
Ichimda bir namiqqan bo‘shliq.
Darbadar ruh ming yildan buyon
erk haqida aytadi qo‘shiq
va hammasi zavolga yovuq.
Siniq qalbga tushgan nur eng ichki hissiyot pardalarini tebratadi, erk esa parda ortida. Pardalar yashirgan erk qo‘shig‘ini kuylash “ming yildan buyon” “zavolga yovuq”. Erk zavoli she’riyatning azaliy muammosi. Balki shu muammo bilan she’riyat tirikdir. O‘tmishi davomida u ne-ne chirkin jamiyatlarga isyon bo‘ldi, itoat bo‘ldi. Nafis qanotlariga haqiqat zalvorini ortib uzoq zamonlardan uchib kelayotgan ruh kapalak bugun tirikmikan? She’rning so‘nggi qismi shu murojaat bilan yakunlanadi:
Tirikmisan,
Ruh kapalagim?
Bu yakun nisbiy. She’r o‘quvchi mushohadasida davom etadi. Savolga javobni ham she’rxonning tafakkuri beradi. Birgina she’rdan shuncha mazmunni, hikmatni anglash mumkin. Chin she’rga xos xususiyat bu. To‘plamda deyarli bo‘sh yozilgan she’rning o‘zi yo‘q. Bir o‘qilganda tushuniksiz tasvirlar, ma’no-maqsadi anglashilmaydigan she’rlar ham yo‘q emas. Biroq aksariyat she’rlardagi kuchli badiiyat to‘n ustiga to‘n kiyganday yopib ketadi. G.Anorova kitobi boshqa “birinchi kitob”lardan ancha baland saviyada ekani bilan e’tiborga loyiq. Shoiradan hali ko‘p tirik she’rlar kutsa bo‘ladi. Chunki uning ruhkapalagi tirik. Shu kapalakka bardavom parvoz tilaymiz.
Nurjahon QAYUMBERDIYEVA,
ToshDO‘TAU magistranti