SIFATSIZ O‘TILGAN HAR BIR SOAT DARS – KELAJAKKA QILINGAN XIYONAT
Suhbatdoshimiz Mahmud Boboyorov — O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi. Ta’lim sohasida rahbarlik lavozimlarida katta tajriba to‘plagan mutaxassis. “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi. So‘nggi besh yilda asosiy vazifasi ziyolilarni ijtimoiy himoya qilish, qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lsa-da, ta’limdagi islohotlardan xabardor. Suhbatimiz aynan ta’limimizning bugungi holati, ahvolni o‘nglash, islohotlar va uning ijrosi bo‘yicha bo‘ldi.
– Jurnalistika sohasi mutaxassislari birinchi savol yengilroq berilishi zarurligini tavsiya qiladilar. Katta tajribangizni hisobga olib shu qoidani buza- miz va suhbatimizni qiyinroq savoldan boshlamoqchimiz. Yurtimiz rahbari uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish ta’lim-tarbiya sohasi mutasaddilari zimmasida ekanligini ta’kidlamoqda. Bu vazifaning uddalanishi qay darajada, deb o‘ylaysiz?
– Renessans poydevori. Yomon boshlamadingiz.
Tabiat, koinot, bashariyat doimo o‘zgarib, yangilanib boradi. Dunyo yuzini ko‘rgan odam ham tom ma’noda qonuniyat asosida yashab o‘tadi, hayoti davomida o‘zgarish va yangilanish qilishni orzulaydi, unga intiladi. Mana shu kuch uni yuksak cho‘qqilarga olib chiqishi mumkin.
Abbosiylar xalifaligi davridagi birinchi renessans. Bor yo‘g‘i 100 nafar ilm ahlining bir maqsad yo‘lidagi tinimsiz mehnatlari natijasi.
Ular ham qo‘l qovushtirib o‘tirsa bo‘laverardi. Lekin dunyo ahli ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal mahsuli bo‘lgan, mutafakkir bobolarimiz, allomalarimizni, milliy qahramonlarimizni bilmagan, bizning tariximiz ham deyarli qaramlikdan iborat bo‘lgan bo‘lar edi.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz davridagi Temuriylar Renessansi, ikkinchi uyg‘onish davri. Qudratli davlat, adolatli jamiyat, iqtisodiyot, madaniyat va ilm-fan rivojini jahon xalqlari tan oldi. Samarqand yer yuzining sayqaliga aylandi. Mustabid tuzumga qarshi kurashgan Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon, Munavvarqori, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi minglab jadid bobolarimiz kuchni, g‘oyani qayerdan olganini isbotlash shart emas.
Mana qisqagina Renessans mohiyati. Muhtaram Prezidentimiz qanday olamshumul ishga qo‘l urganlarini endi bir tasavvuringizdan o‘tkazing.
Joriy yilning 15-noyabr kuni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasida Prezidentimiz “bola shaxsiyatining asosi aynan maktabgacha ta’lim yoshida shakllanishi, bu davrda uning intellektual va jismoniy kamoloti uchun poydevor yaratilishi hammaga yaxshi ma’lum, hech shubhasiz ular bizning bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir” deb bizning savolimizga qisman javobni aytib o‘tdilar.
“Yangi O‘zbekiston strategiyasi” risolasining “Ma’naviy taraqqiyot” bobida “Ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish uchun “Uchinchi Renessans sari” degan tamoyilga asoslangan holda, milliy g‘oya va uning mafkuraviy negizlarini takomillashtirish” amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bu jonajon O‘zbekistonimiz davlatining siyosati.
Renessans poydevorining o‘qituvchilarga ishonilishiga sabab, avvalo kasbimiz taqozosi bu, qolaversa, mustabidlik davri ta’siridan keyin, millatni uyg‘otish kuchiga hamma ham ega emas. O‘qituvchiga suyanishni, ishonishni kasbimizga, kasbdoshlarimizga bo‘lgan mislsiz hurmat va ishonch deb bilaman.
Prezidentimiz bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, ilm ahli hamda ijodkor ziyolilarimiz Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni ekanligini muntazam aytib keladi. Kechagi Toshkent butunjahon konferensiyasida ham Prezidentimiz mavzuning mazmun-mohiyatini atroflicha yoritib, uni dunyo miqyosida jadallashtirish mexanizmlarini ham taklif qildi.
Mazkur mas’uliyat toshi bosadi, ya’ni Prezidentimiz ishonchini oqlash uchun barcha imkoniyatlarimiz, foydalanmagan salohiyatimizni birma-bir “jang”ga shaylashimizni taqozo etadi. Ishonchlarining mazmun-mohiyati esa oddiy emas, oliy darajada ishlashni yo‘lga qo‘yish, o‘quvchi o‘g‘il-qizlarimizda ishtiyoq bilan “bosh ko‘tarmay o‘qish”ga ehtiyoj muhitini, qolaversa, tizimni yaratishimiz va nuqsonsiz darajada ishlab ketishini ta’minlashimiz so‘ralyapti. Ot o‘rnini toy bosar. Ota-bobolarimiz kabi dunyoga albatta chiqamiz. Muhtaram Prezidentimiz ishonchini oqlaymiz. Bo‘lajak arboblar, nobelchilar, ixtirochilar, innovatorlar “ustaxonasi”ga aylanamiz. Bu balandparvoz gaplar emas. O‘qituvchi-ustozlarimizning bugun-erta qatorlashib yuzaga chiqadigan mashaqqatli mehnatlari mahsulining qadam ovozlari. Albatta, bunday katta vazifa oldidan bir to‘xtab, orqa-oldiga qarab olinadi, odatda.
Bugungacha sohada amalga oshirilgan ishlar beqiyosdir. Maktablarda bo‘lamiz, o‘qituvchilar malakasini oshirish sohasidagi qaynoq ishlar bilan tanishamiz, rahbarlari bilan fikr almashamiz. Hurmatli vazirimiz bilan muloqotda bo‘lganda uning islohotlar ijrosi borasida qarori qat’iyligini ko‘rib ko‘ngil taskin topganini ham ta’kidlash zarur.
Yutuqlar o‘zimizniki, galdagi vazifalar meni keksa pedagog sifatida o‘z girdobiga chorlaydi. O‘quvchilarimizning oliy o‘quv yurtlariga kirishi jarayonidagi tashvishli holat joylarda “qizg‘in” muhokamalarga sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas. Unga ko‘z yumib bo‘lmaydi albatta. Mazkur muammoning ildizi ancha chuqurda joylashgan. Yomoni, sohaga daxldorlar buni biladi, ammo o‘nglash bobida do‘ppini yerga qo‘yib fikrlashishning mexanizmini ishlata olishmayapti. Ochiqrog‘i, aksar mas’ullar vazifasini kuzatuvchilik maqomiga aylantirishgan ko‘rinadi. Ruxsat bersangiz bunga sal turib qaytsak.
Jonkuyar muallimlarimiz mehnatining mashaqqatlarini hamma ham tushunavermaydi. Faraz qiling, o‘qituvchi o‘z mahsulotini xaridorga, ya’ni o‘quvchisiga taklif qilsa-yu, suv va havodek zarur bo‘lgan “buyum”ni xaridor olmasa, sabab nimada?
Kimdir “o‘qituvchi biladi, u bilishi shart”, “shuning uchun ham u o‘qituvchida” deb kinoya qilishi ham mumkin.
Yosh bola maktabni aslo istamas,
Foydasidin, chunki u ogoh emas.
Jaloliddin Rumiyning bu misralarida zikr qilingan mazkur masala bugunning asosiy to‘g‘anoq muammosi ko‘rinadi. Biz odatda matbuotda beriladigan materiallarda, akademik tilda, salmoqdor muammolar ko‘tarilishiga ko‘nikib qolganmiz. Lekin shunday mayda narsalar borki, pulga sotilmaydi, ammo katta mashaqqat bilan hal bo‘ladi. Yana bir nozik tomoni, biz bu muammoni anchadan buyon mensimaganligimiz bois u bizdan o‘ch olish maqsadida ha deganda raftiga tushmaydi, demoqchimanki, vaqt talab qiladi. Ishoning, oliy dargohni tamomlagan har qanday o‘qituvchi maktab ta’lim standartini har qalay qiynalmay talqin qila oladi. Nazarimda muammo, Mavlono Rumiy urg‘u bergan “foyda”, ya’ni o‘quvchidagi ilmga bo‘lgan ehtiyojda. Uzr so‘rab, aniqlik kiritmoqchimanki, gap asosan “qizil”ga tushgan maktablar haqida borayapti. Albatta, buning obyektiv hamda subyektiv sabablari haqida ko‘p bahslashish mumkin.
Keling, fikrimizga oddiygina, jaydaricha izoh bersak. Yaxshi niyat bilan ko‘chat olib keldingiz, ekish uchun yerni tayyorlash kerakmi? Undan keyin sug‘orib borish, o‘g‘itlash va h.k.lar. Mazkur jarayonda ilm keldi, uni oladigan shaxs bor, lekin unda xohish, istak, ishonch, qolaversa ishtiyoq yo‘q! Nima, “daraxt” ekilmasligi kerakmi?
Bu kimning muammosi?
Men 50 taga yaqin yoshlar bilan ishlashga mas’ul idora, tashkilotlarning ro‘yxatini tuzib chiqdim. Nizomlarini tahlil qildim. Imkoniyatlarini sanab chiqdim. Lekin ularning amalda qilayotgan yordamlarini topa olmadim. Undan tashqari ota-ona, mahalla deganday. Nizomlarining maqsad va vazifalarini ko‘tarib davraga chorlasak, hamkorlikni yo‘lga qo‘ysak, ko‘pdan quyon qochib qutulmas degan maqol bor.
Muhimi, ularning yuqorida muammo deb ko‘rsatilgan maydonda o‘z “uchastka”lari bor. Barchamiz o‘zimizcha faoliyat yuritayapmiz. Lekin besamar.
Muammoning sohiblari qisman aniqlandi!
Xalq ta’limining muammosi xalq bilan yechiladi. Yuqorida zikr qilingan xalq uyg‘onsin, o‘zgarsin.
Bu qat’iy xulosa. Bugun birlashib, hamkorlikda ishlamasak jarayon cho‘zilib boraveradi. Natija nimaga olib borishini hammamiz yaxshi bilamiz.
Shu o‘rinda yurtimiz rahbarining “Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, xalq davlat idoralariga emas” tamoyili ta’limga ham to‘laqonli taalluqli ekanligiga urg‘u bermoqchiman. Davlatimiz siyosati talabidan kelib chiqib, maktablarga mustaqillik berish, o‘qituvchilarning maqomi haqida alohida “o‘zbekchilik”, “zehniyatchilik” va boshqa “chilik”lardan xoli qonun yozilishiga ehtiyoj balandligini ta’lidlamoqchiman. Boshqaruv apparati maktabga “bizga nima xizmat” deb borganda muammolar bir-bir o‘zi chiqib kelaveradi. Davlat rahbari bejiz mahallabay ishlash tizimini joriy qilmadi. Negaki, yuqorida qayd qilganimizdek, “chilik”lar mahallada ham bor. To‘g‘risi, “mayda masala” deb sanalib kelinayotgan, maktabdan tuman, shahar, viloyat va hokazo idoralarga masala ko‘tarish, yechim so‘rab buyurtma berish tizimi shakllanmayapti. Tezkor tizimlashtirilishi shart bo‘lgan masala bu. Ta’limning boshqaruv idoralari o‘qituvchilar huzuriga kun ora sayyor qabulga borishi kerak. Unga majburlab ehtiyojsiz uslubni tiqishtirish emas, o‘zlashtirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoning aniq yechimini beradigan yordamni joyida ko‘rsatib, sinov maydonchasida qo‘llashda bosh-qosh bo‘lishlari darkor. Eng muhimi “shunga ham aqling yetmadimi?” degan dakkiga umuman o‘rin bermaslik kerak. Maktabga mustaqillik kerak deganda, unga o‘z tizimining nuqsonsiz ishlashi uchun kerakli instansiyadan zarur xizmatni talab qilishga vakolat berish zarurligi nazarda tutilyapti.
Urg‘u bermoqchiman, maktabdan yuqori bo‘g‘in idoralariga buyurtma berilishi haqida fikr yuritilyapti. Boshqa bir muhim jihati: maktabda fanlar bo‘yicha uslubiy birlashmalar eng yuqori darajada hurmatlanish mavqeyiga olib chiqilsa, dars sifatini kamida yana 50–60 foizga oshirish imkoni yaratiladi, fan o‘qituvchilari o‘zini o‘zi boshqarishiga, ochiqlik, oshkoralikka erishiladi. Test sinovlarida ommaviylashgan xato-kamchiliklar tahlil qilinishi va keyingi yillarda takrorlanmaslik chora-tadbirlari ta’lim sifatining baholi qudrat ildamlashiga turtki bo‘ladi.
Yuqori darajadagi bo‘g‘in idoralariga buyurtmani beruvchilar aynan shular bo‘lishi nazarda tutilyapti.
– Uzr, fikringizni bo‘laman. “Sovet zamonidan qolgan” degan vaj bilan “metodbirlashma” faoliyatini ba’zilar e’tibordan chetda qoldirishdi. Bu boradagi fikringizni kengroq izohlasangiz.
– Xalqimizda “Ilmni kerak bo‘lsa Chindan borib o‘rgan”, degan naql bor. To‘g‘risi, besh qo‘l barobar emas. Bir muddat shu kabi yondashuv bilan ko‘p tajribali ustoz-muallimlarimizni ham maktabdan chetlatdik. “O‘rmonga o‘t ketsa ho‘l-u quruq baravar yonadi” deganlaridek, ayrim panada yurganlarning kasriga shunday hollar ham yuz berdi.
Mana, kasaba uyushmalarining ayovsiz kurashlari va Yurtboshimizning qo‘llab-quvvatlashlari bilan pensiya yoshidagilar ham hadiksiramay faoliyat yuritsa bo‘ladigan bo‘ldi.
Qaysi zamondan qolish-qolmasligidan qat’i nazar, agar bilim, ta’lim olishda qo‘l kelsa, mubolag‘asiz qat’iy aytaman, foydalanishimiz shart. Ilm Afrikada ham ilm. U yoki bu fandan o‘zlashtirishdagi muammolarni qayerda yechim topadi, qaysi uslub o‘quvchilarimizga ma’qul, (bugungacha) u yoki bu mavzuni qaysi hayotiy misol bilan tushuntirgan afzal! Aytgancha, qayerda bu kabi savollarga tezkor va ishonchli javob topasiz? Mubolag‘asiz muayyan fan o‘qituvchilari o‘z uslubiy birlashmasida bu savollarning aksariyatiga javob olishadi. Bu isbot talab qilmaydigan aksioma. Shu jarayon bilimli, tajribali o‘qituvchilarning hurmatiga hurmat qo‘shadi. Ustoz-shogirdlik yo‘lga tushib ketadi. Ustama belgilash ham ortiqcha mashmashalardan xoli bo‘ladi. Mehnatdagi o‘rnak uchun rag‘batlantiriladigan bo‘lishadi. Ishoning, fan bo‘yicha uslubiy birlashmalar xizmatiga nafaqat tan beriladi, hatto qayta tan olinadi. Ish jarayonida hamkorlarimizga daxldor muammolar ham qatorlashib chiqaveradi. Gap uni mohirona taqsimlab, hal qilib, qayta jarayonga joylashda qoladi. O‘zingiz bilasiz, bu masalaning texnik tomoni.
Bunday holatda maktab pedagogika kengashi o‘z vakolatini ishga solib, tegishli instansiyadan talab qilib, tegishli qaror chiqartirish vakolatiga ega ekanligini eslatib o‘taman. Negaki, uslubiy birlashmalarda boshlangan “qimirlash” rahbariyatni bezovta qilishi turgan gap. Andisha qilib yelka qisib o‘tirish bizga obro‘ olib kelmaydi. Davlat rahbari har qanday idorani ta’lim muassasalariga bo‘ysundirib berdi. Ish jarayonida aniqlanadigan muammoni hal qiluvchi idoradan talab qilmay ta’limni muammolar girdobida qoldirmasligimiz kerak.
– Mahmudjon aka, siz hokimlikda mas’ul vazifalarda ishlagansiz, hayotingizning katta qismi viloyat xalq ta’limi sohasi rahbarlik lavozimlarida o‘tgan. Hozir ham bu sohadan uzoq emassiz. Tajribali mutaxassis sifatida fikringiz – hokimlik vakillari, ta’lim tizimi rahbarlariga nimalar yetishmayapti?
– O‘rinli savol. Boshqaruvdagi ko‘p soha rahbarlari faoliyati davomida uchraydigan muammolarga ana shu nuqtayi nazardan qarashi ish uslubimizning kredosi bo‘lishi zarur. Negaki, muammoni bir martalik, mendan ketguncha emas, tizimlashtirish darajasiga chiqarish, natijadorligi shubhadan xoli bo‘lishiga erishgandan so‘nggina nazoratdan olishga odatlanish bilan boshqaruvchilik obro‘ keltiradi. Ikkinchidan, muammoni ko‘tarishdan iymanish, uchinchidan, hokimlik mutasaddilarini maktabga, yumshoqroq aytganda, mehr, hurmat ko‘zi bilan qarashga odatlantirish, hokimning yoshlar ishlari bo‘yicha muovini, ijtimoiy masalalar bo‘yicha muovini, bosh mutaxassis, referent va h.k. turli doimiy harakatdagi komissiyalar o‘z vazifalarining mazmun-mohiyatini anglashlari, qog‘oz uchun ishlashdan voz kechishlari talab qilinadi.
Hozir maktabning moddiy-texnik bazasini ta’minlash o‘n yil oldingi darajada emas! Demak, yetishmaydigan narsa Sifat. Dars sifati bilan shug‘ullanish, “Sifatsiz o‘tilgan har bir soat dars kelajakka qilingan XIYONAT” shiori ostida ishlash, yana aniqroq qilib gapirsak, sifatga erishishda to‘g‘anoq bo‘layotgan barcha muammolarning egalari bilan hamkorlik yetishmaydi. Ilmli dunyoning bir bo‘lagi bo‘lish, eng avvalo ilm dargohlariga yuqori darajada hurmatda bo‘lishimiz talab qilinganidek, hokimliklarning bu borada oyog‘i bor, yerda yuradigan sifat yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lib turgan aniq to‘siqlarni butunlay olib tashlash bo‘yicha mas’ul tashkilotning nomi, bartaraf etish muddati kabilarni qamrab olgan konsepsiyalari bo‘lishi shart. Oddiy ijtimoiy tarmoqda biror o‘quvchi negativ chiqish qilsa, barcha yuqori eshelondagi mutasaddilar “Nega yo‘l qo‘yildi?”, “Kim aybdor?”, “Mana senga jazo”, deya “vazifalarini” “muvaffaqiyatli” ado etishi yaramaydi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Muammoni aniqlab, yechib – bartaraf etish tizimini tuzib, qutulishimiz mumkin.
Masalan, bilamiz yoshlar teatr-kinolarga tushishni xush ko‘rmaydi. Sababi nimada? Bilamiz! Unda nega “Muhammad toqqa bormasa, tog‘ Muhammadga kelmaydi?” Qiziqda, butunlay sinib, yo‘q bo‘lishini kutib turishimiz shart bo‘lmasa kerak. O‘tgan yili Seul shahriga borganda muzeyga tashrif buyurdik. Tanishtiruv kulminatsiyasida 8 daqiqalik teatrlashgan sahna ko‘rinishini xohlab-xohlamay tomosha qilishga o‘tirdik. Katta asardan bir parcha xolos. Lekin ko‘z uzmay, ko‘zda yosh bilan ko‘rdik. Ular teatr binosidan chiqib muzeyga, maktabga va h.k. eng tarbiyaviy tomonini, asarning bosh g‘oyasining bir ko‘rinishini suyakkacha singib boradigan darajada namoyish qilishadi. Xulosa o‘zingizdan.
Yechimga, teatr, kino, yozuvchilar, shoirlar, ma’naviyatchilar, ilmiy-tadqiqot institutlari, yoshlar bilan faoliyati bog‘liq hamma jamoat va davlat tashkilotlari bir yoqadan bosh chiqarib bosiqlik bilan ilmiy asoslangan yondashuvni tashkil qilishi har qachongidan zarur.
Ilmiy yondashuv, mavzularni muvofiqlashtirib boshqaruvga qaratilgan bo‘lishi lozim. Birinchidan, nega bu hodisalar, aniqrog‘i xatolar ming bor takrorlanyapti? Ikkinchidan, “insident”ning ildizi qayerda? Uchinchidan, bu kabi hollarni tahlil qilib, yechim, uslub ishlab chiqadigan mas’ullar nima bilan band? Nega ular butunlay boshqa vazifa; hokimlikning faqat boshqaruv sohasiga oid, aksar hollarda umuman sohaga daxlsiz masalalar bilan shug‘ullanib, ishlaganday ko‘rsatib o‘zimizni o‘zimiz tinchlantirib yuribmiz. E’tiroz bo‘lsa, nizomingizni ochib o‘qing, Yangi O‘zbekiston strategiyasini varaqlang, hozirgi kunda o‘qitilish jarayonida qo‘l-oyog‘imizni kishanlab turgan muammoning kelib chiqish ildizini tahlil qilib, uning uyasi sizning vazifangiz ko‘lamining qon markazida ekanligining shohidi bo‘ling, hammasi oydinlashadi. To‘rtinchidan, rahbarlarimiz yechim uchun mas’ulligini his qilib, ya’ni aybini tan olib, muammoni chig‘iriqdan o‘tkazishi, zarurat bo‘lsa hamkor sohalarni yordamga chaqirishi, jamoatchilikning fikrini o‘rganishi, eng asosiysi, holat takrorlanishining oldini olish uslubini quyiga taqdim etishi, hatto, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish tashabbusi bilan chiqishi shart. Mana bu sohaning “ichiga kirish”, ishga ijodiy yondashish deyiladi.
Bu jarayonda eng katta muammo hamkorlikni tashkil qilish hisoblanadi. Muammoning o‘zagi bugungi kunda hamkorning nizomida asosiy maqsad ta’lim-tarbiya bo‘lganda ham, hamkorlik uchun unga hokimlikdan topshiriq tushishi kerak. Bo‘lmasa, yonib ketsa ham hatto “qiyo boqmaydi”. Yongan kuni hamma o‘chirib “ochko” olish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
– Turli idoralarga murojaat qilish haqida gapirganingizda ularning maktabni nazoratda saqlashga intilishlari, muallimning ishiga noo‘rin aralashishlari xayoldan o‘tdi. O‘qituvchini kim nazorat qilishi kerak?
– To‘g‘ri, xudbinligimiz bois, har birimiz nazoratga muhtojmiz. Aslida nazorat o‘qituvchi mehnatining mahsuli, iste’molchisi tomonidan, ya’ni ota-onalar tomonidan amalga oshirilishi kerak va bu hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa u tez samara beradi. Amaliyotimizda bo‘lgan, har o‘quv choragi oxirida o‘tkaziladigan “Ochiq hisobot darslari” tizimlashtirilsa, o‘quvchi, o‘qituvchi, ota-ona birday mas’uliyat sohibiga aylanadi. Bu tadbir padagogik kengashda atroflicha muhokama qilinib, chorak boshida jadvalni tasdiqlab, qatnashchilarga rasman yetkazib, hamkorlik qilish so‘ralishi maqsadga muvofiq. Talab shundaki, har bir o‘quvchining chorak davomida ta’lim standarti talabi asosida egallashi kerak bo‘lgan bilimni ochiq darsda, ota-onalariga namoyish qilishi shartligi belgilanishi kerak. Bu yangilik emas, lekin e’tibordan chetda qolayotgan uslub. Shu uslub o‘quvchi, uning ota-onasi va eng asosiysi, o‘qituvchining tinimsiz o‘z ustida ishlashi, dars ta’sirchan bo‘lishi uchun ijodiy izlanishini ta’minlaydi. Biz shuni kutyapmiz xolos, qolganini tizim o‘zi tabaqalashtirib qo‘yadi, pistirmada kuzatuvchilik bilan shug‘ullanayotganlarga maktabda o‘rin qolmaydi.
Negaki, xalqimiz oriyatli xalq. Uyatli bo‘lishni xohlamaydi va shu kuch uni boshqarib turadi.
Haqiqatan, ta’lim boshqaruvi organlari hokimliklarning konstitutsion bo‘limlari hisoblanadi. Ammo ta’lim boshqaruvi organlarining nizomida bosh masala “Davlat ta’lim standartlarining, ta’limga qo‘yiladigan talablarning bajarilishini ta’minlash, o‘quvchilarga milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan yuqori darajadagi ma’naviy-ma’rifiy tarbiya berish” degan maqsad va vazifa yuklatilgan. Mana eng asosiy vazifa. Nimasi tushunarsiz? Qo‘polroq eshitiladi, kechirasiz, “Echkini ham, qo‘yni ham hamisha o‘zining oyog‘idan osishgan”. Demak, oxir-oqibat boshqaruvchilardan xalqning bolasiga berilgan bilimni so‘rashadi. Boshqasining egasi bor.
– Fikrlaringizni eshityapman-u ijtimoiy tarmoqlarda “trend” bo‘layotgan voqealar ko‘z oldimga kelyapti. Bevosita sinfxonaga kirib, darslar mazmuni haqida so‘rash, o‘quvchilarning qay darajada o‘zlashtirayotganiga e’tibor qaratishning o‘rniga maktab qurilishi-yu ta’mirlashga ruju qo‘yayotgandekmiz.
– Maktab qurilishi, ta’mirlash, zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash muhim, albatta. Bu borada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin bir masala – “avval yangi maktab qurilsin, keyin mazmunli dars o‘taman”, deyish noto‘g‘ri. Yuqorida ta’kidlaganimdek, 10–15 yil oldin ta’lim muassasalarida oddiy parta, doska ham muammo edi. Binoning tomida shifer yo‘q edi. Tomchidan qutulish muammo edi. 2002-yillarda Samarqandda hokim kimligini hamma biladi. O‘sha og‘ir yillarda yuragimizni hovuchlab uxlar edik. Negaki, kechasi falon maktab qulabdi, falon maktabni tomi bosib qolibdi va boshqa xunuk xabarlar xavotirida yurardik. Maktablarning aksari poydevorsiz, shifersiz, avariya holatida deb tan olingan, yumshoq qoplamada tom bitumlangan bo‘lib, O‘zbekiston issig‘i ta’sirida umri tugagan, gaz asosan shahar maktablariga ulangan bo‘lib, ularning ham bosimi yo‘q. Bu holatni o‘z ko‘zi bilan joyiga chiqib ko‘rgan rahbarimiz, men shohidman, ming bir azob bilan, Samarqand viloyatining maktablarini shiferlatib berdi. Eng achinarlisi, davlat budjetida mablag‘ taqchil, qolaversa maktab ta’miri uchun degan qatorda “0” turar edi. Lekin har hokimlik soatida shiferdan tashqari dars sifatiga bog‘liq talab va takliflarga ko‘mib tashlar edi. Viloyatning hamma ijtimoiy sohalari maktabning xizmatiga jalb qilingan, rasmiy tarzda “Maktablar kuni”da shaxsan viloyat hokimi rahbarligida har oyda bir tuman(shahar)da sayyor seminar o‘tkazilar, kun davomida aniq savolnoma asosida har bir ta’lim muassasasi o‘rganilib, tahliliy ma’lumot tanqidiy muhokama qilinar edi. Esimda reytingda 14-o‘rindaligimizni eshitib, ifodalab bo‘lmas darajada xafa bo‘lganlar va u kishining qattiqqo‘lliklari, ta’lim tizimiga alohida e’tiborlari evaziga 2 yilda 1-o‘ringa ko‘tarilganmiz. Xulosa bitta, maktabda sharoit qanday bo‘lishidan qat’i nazar, DARS sifatli o‘tishini ta’minlash burchimizdir. Qurilish, ta’mirlashning egasi hokimlik.
Endi Mavlono Rumiyning “Maktab foydasi” masalasiga qaytib, ayrim umumiy ko‘rinishlariga to‘xtalsak. Albatta, kelishganimizdek hamkorlar yordamida, asosan hurmatli ma’naviyat xodimlari boshchiligida, jamiyatda maktabga, ilmga, o‘qituvchiga hurmat muhitini shakllantirishni yo‘lga qo‘ygandan keyingi vazifalar haqida fikr yuritmoqdamiz. Uning birinchi ko‘rinishi har bir mavzuni hayotiy misollar bilan mustahkamlash, desam xato bo‘lmaydi. E’tibor bering MISOLLAR deyildi. Busiz o‘zlashtirish foizi pastlashadi. Qolaversa, fan birlashmasi mahalliy misollarni qo‘shimcha tavsiya qilishi maqsadga muvofiq. Aminman, bunday bilim haqiqatdan toshga o‘yib yozilgan bitik singari butun umr yoddan chiqmaydi.
E’tibor bering, “maktab” so‘zi bolani hayotga tayyorlash, “pedagog” so‘zi bolani yetaklash ma’nosini beradi. Bog‘liqlikni qarang, yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Darslarda akademik til, chet so‘zlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanish bolaning bilim olishida bir qancha muammo keltirib chiqaradi. Bunday so‘zlarni oddiy so‘zlar bilan izohlab berishdan erinmasligimiz zarur.
Ikkinchi ko‘rinish: bola, hech kimga sir emas, har sohada bir-biridan o‘zishni, birinchi bo‘lishni xohlaydi. Ta’lim sifati ham raqobatni talab qiladi, ustunlik raqobatda aniqlanadi. Nega biz undan unumli foydalanmasligimiz kerak ekan? Sinflar va yonma-yon (yaqin) joylashgan maktablar bilan rasmiy hujjatga asosan musobaqadoshlik qilish tizimlashtirilsa, muhit ijobiy tomonga o‘zgarishiga kafolat bor. Albatta, alohida tartib ishlab chiqilishi, yakuni haqida mahallaning hamma ko‘radigan joyiga ilib qo‘yilishi mas’uliyatni o‘n chandon oshiradi. E’tibor bering, muhimi chiqimdorlik yo‘q! Oriyat vaziyatni boshqarmoqda.
Darsliklar masalasi. Nozik masala. Aksariyat o‘qituvchilar uchun ular o‘quv dasturining, haqiqatan ham, ekvivalentiga aylangan. Umummaqbul pedagogik tamoyillarga va oddiy tilda ifodalashga asoslanib ishlab chiqilgan darslik qo‘lma-qo‘l foydalanishdagi darslikdir. Buning uchun erkin tanlov muhitini yaratish maqsadida yana shu demokratiyaga murojaat qilish shart. Ya’ni nashriyotlar mahsulot namunalarini pedagoglar tanishib, o‘z tanlovlarini qilishlari uchun, taqdimotlari bilan maktab darajasigacha tushirishlari maqsadga muvofiq. Xulosani maktab rahbari uslubiy birlashmalar bilan bamaslahat qabul qilsin.
Yana bir ko‘rinish. Kimdir buni foydasiz deb hisoblashi mumkin. O‘quvchilarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimiga e’tibor o‘qituvchining yumushini ancha-muncha yengillatadi. Yaxshi tanlanib, sinf yig‘ilishida saylangan sardor – beminnat muvaffaqiyat kaliti. Quvonarlisi, sardorda ham liderlik fazilatlari shakllanib boradi. Esimda, Samarqand shahar XTB tomonidan tashkil qilingan “Sardorlar slyoti” Respublikaga ommalashtirishga tavsiya qilingan edi. Fikrimizning isboti, ular 100 foiz bugun u yoki bu bo‘g‘inda rahbar lavozimida faoliyat yuritishmoqda.
– Sizningcha, ta’lim jarayoniga kimlar yoki nimalar to‘sqinlik qilyapti?
– Bugun ham, afsuski, to‘siqlar, maktabga past nazarda qarash mavjud. Albatta, oylik maosh kamligi, direktorning bir necha joyga hisobdorligi, eng muhimi ishchanlik muhitining shakllanmagani, maktabga, o‘qituvchiga jamiyatda hurmat muhitining kamligi, o‘qituvchi 45 daqiqa darsining egasi emasligi, direktorning asosiy vazifalaridan boshqa ishga chalg‘itilishi kabi yana o‘nlab omillarni sanab o‘tish mumkin.
Bilasizmi, kechagacha, paxta, makulatura, metallom, hashar, majburiy obuna yengib bo‘lmas to‘siq edi. Ularga barham berilishiga hech kim ishonmasdi. Kasaba uyushmalarining xizmatini hamma yaxshi biladi. Ko‘pirtirib o‘tirmayman. Lekin mamlakat Prezidentining metindek irodasi, qat’iy talabi bo‘lmaganda qog‘oz-qog‘ozligicha qolaverardi. Bu inqilob. Mana tizimga hurmatning yaqqol namoyoni. Hammamiz muqaddas joylarning hurmatini qilishimiz ham qarz, ham farz. Maktab muqaddaslarning muqaddasi. Tizimni ham bejiz xalq ta’limi deb nomlashmagan.
Shu asnoda OAV xodimlariga alohida iltimosim bor. Kim nima deyishidan qat’i nazar, butun xalq bo‘lib bolaga maktabning foydasini tushuntirishga kirishish vaqti keldi. Uning minglab uslublari mavjud.
Keyingisi, muallimga hurmatsizlik qildikmi, uning darsida unum bo‘lmaydi. Bundan butun jamiyat ziyon ko‘radi. O‘qituvchidan fanini so‘rang, ustozdan o‘quvchilarimiz ilm so‘rasin. Ishonaman, o‘qituvchilar kasbini oqlay oladi.
Barchamiz maktabga, ta’limga ta’zimda va labbayda bo‘laylik. Yomonini yashirib, yaxshisini oshirib boshimizga ko‘taraylik, natija tez orada bo‘y ko‘rsatadi.
Yana bir masala. Maktab formasi mavzusining siyqasini chiqarib yubordik. Holbuki, maktab formasining yo‘qligi dars sifatiga kamida 70 foiz salbiy ta’sir qilmoqda. Aniqrog‘i, bir sinfdagi kamida 70 foiz bolaning fikri chalg‘iyapti. Buni tushungan tushunadi, tushunmagan o‘qituvchi haqida ko‘p bo‘lmag‘ur gaplarni “bayroq” qilmoqda. Formaning “aybi” bilan yo‘qotilgan 70 foiz diqqat ilm olishga sarflanishi shart bo‘lgan kuch. Ma’lumot uchun, rasmli xonada, jimjimali kiyimda namoz o‘qilmaydi, sababi bandaning diqqati ibodatdan chalg‘iydi. Ba’zi sinflarga kiring, butun boshli “modalar uyi” manzarasiga guvoh bo‘lasiz! Qanaqa bilim haqida gap bo‘lishi mumkin? Bunday muhitda bilim oxirgi o‘rinda turadi. Avvalo, bashang kiyingan o‘quvchi o‘zidan boshqani ko‘rmaydi. O‘ziga mahliyolik uni yangi “qahramonliklar”ga chorlaydi. Ayni sharoitda shunday kiyinish, undan ham o‘zib ketish orzusi esa qolganlarining xayolini muntazam o‘g‘irlab turadi. Yozilmagan haqiqat, bashanglik bolaning o‘zini tutishi, muomalasini darrov o‘zgartiradi. Bu oddiy bola psixologiyasi. Kattalarimiz xafa bo‘lishmasin, ular ham bu ta’sirdan xoli emas. Ongosti “moda”dan boshqasini qabul qilmaydi. Qani bunday sinfga bir dars berib ko‘ring-chi. Siz ham ilojsiz qo‘l siltagan bo‘lardingiz. U davlatda unday, bu davlatda bunday deb o‘zimizni aldayapmiz. O‘zingizni shu bola o‘rnida bir his qilib ko‘ring, bo‘ldi. Farzandlarimizga hozir, eng muhimi, bilim beraylik. Bilim berish burchimiz, bashanglik burchimizga kirmaydi.
Xalq ta’limiga tirgak faqat xalqning o‘zi bo‘lishi mumkin. Muallimga suyanchiq, yelkadosh bo‘lish bugun eng muhim ish. Yoshlarimizni ilm dargohiga, ustoz-murabbiylarga hurmat-muhabbat ruhida tarbiyalashni o‘z zimmamizga olishimiz shart! O‘qituvchi-ustozlar, ota-onalar uchun raqobatchilar emas, aksincha oilangiz, vatanimiz kelajagini ta’minlovchilardir. O‘zaro hurmat muhiti hukmdor dargohda bosh maqsad so‘zsiz uddalanadi. Mavzuga qayta- qayta bejiz murojaat qilmayapman. Men uzoq yillar sohada ishlagan inson sifatida ishonch bilan ayta olaman, muallimlarga ishonaman. Siz ham ishoning!
Tezlik bilan o‘qituvchiga, maktabga nisbatan munosabatlarimizni ijobiy tomonga o‘zgartirmasak, unga nisbatan o‘gay ko‘z bilan qarash shakllanishi kuzatilmoqda. Holat afsuslanarli. Bu kabi salbiy munosabatlar ijtimoiy tarmoqlarda keyingi paytlarda ko‘plab kuzatilmoqda.
Kechagi tariximizda, mashhur mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oh, muncha qalam titraydur, qalb yig‘laydur. Bir bag‘ri yonuq derdi: “Oh, nodon muri shud, oh, nodonga o‘lat kelsun”, degan nolasi davr matbuotida muhrlangan. Jonkuyar jadid bobomiz bu gapini ulusni ilmsizlikka, beparvolikka, oxir-oqibat tanazzul botqog‘iga botirgan podsholar siyosatidan va taraqqiyot beshigi hisoblangan Osiyoning Yevropa mustamlakasiga aylanganligi tasvirlangan xaritaga qaragancha oh chekib aytganligi bizga ma’lum.
Bugun maktab davlat siyosati darajasida, lekin “behbudiylar” uxlayapti. Mustabidlik siyosati bor kuchi bilan behbudiylarni uxlatishga qaratilgan edi. Uxlatdi ham. Uni uyg‘otish bizning chekimizga tushgan. Ishonaman, uyg‘onamiz, uyg‘otamiz.
Jahon adabiyotining ulkan vakillaridan biri, faylasuf Gabriel Garsia Markesning “Meni ishontiring – dunyoni o‘zgartirib yuboraman”, degan qanotli gapi bor. Ishonish uchun insonda unga moyillik tuyg‘usi e’tiqod darajasida shakllangan bo‘lmog‘i lozim. Bunday tuyg‘u odatda ko‘zi ochiq, tafakkuri tiyrak, mulohazaga oshno, shuningdek, mard, tanti odamlarda uyg‘oq bo‘ladi. Shunday odamlar qurshovidamiz. Faqat mushtni bir joyga urish qoldi xolos.
– Ustozlarga tilaklaringiz…
– Aziz ustozlar, yurtimiz rahbari davlatga bog‘liq vazifalarni bajarib beryapti va galdagi talablarimizni asoslasak ikkilanmay ijro etishlariga shubha yo‘q. Ming shukur, davlatimiz oyog‘ida turib oldi.
Aziz ustozlar! Qiyinchiliklar vaqtincha. Ularga yengilsak ortimizdan shogirdlarimiz kimlarga yengilishini bilasiz! Yelkamizdagi yuk hisobsiz og‘ir, lekin salmog‘i buyuklik. O‘quvchilarimiz – farzandlarimiz. Kimdir unga kiyim tiksa, kimdir uy qursa, biz ularga ko‘rk berib, dunyoning havasini keltirib yashaydigan aqli raso, zukko, dono egalarni tarbiyalaymiz. Uyni berganni unutishi mumkin, lekin yashash ilmini bergan ustozini hech kim unutmaydi. Bu o‘zbekchada aytganda yaxshilik, yaxshilik esa ikkinchi umr ham deb ataladi.
Fursatdan foydalanib Finlandiya ta’limi haqida bir og‘iz so‘z. Dunyoda tan olingan ta’lim tizimi. Lekin, ta’lim ahli qobiliyat va qiziqishlarni qancha erta aniqlab rag‘batlantirsa, shuncha natijadorlik katta bo‘lishini ilmiy asoslab kelishadi. Negadir fin boshlang‘ich ta’limida bunday ajratish mumkin emas.
Lekin o‘z o‘quv jarayonini nazorat qilish ko‘nikmasini (metakognitiv ko‘nikma) shakllantirish isbotsiz foydadan xoli jarayon emas.
Chetdan keltirilgan hosildor meva ko‘chatini mahalliy sharoitimizga moslashgan, yashab qolish imkoniyati 100 foiz tashkil qiladigan daraxt tanasiga payvand qilishadi. Ovchi ham uchadigan qushning uchish tezligini hisobga olib, o‘qni uchib o‘tadigan yo‘nalishning oldiga yo‘naltiradi. Xulosa, shoshilmang, lekin, shoshilmay choping. Vaqt kutib turmaydi. Har yili 10 mingdan ortiq maktablarimizni yarim milliondan ortiq o‘quvchilar bitirib bizning “ta’sir” doiramizdan chiqishmoqda.
Milliy zehniyat xohlasak-xohlamasak o‘z ta’sirini qilmasdan iloji yo‘q. Behuda talashib-tortishib emas, qalovini izlashda kuchlarni birlashtirishimiz kerak.
Bizdan ayrim, maktabning kundalik hayotiga bog‘liq vazifalariga e’tiborliroq bo‘lish talab qilinayapti, mening nazdimda.
O‘quvchilarimiz ko‘rinmas ipsiz ilm dargohlariga bog‘lanib, o‘zlarini tom ma’noda baxtiyor his qilishlariga erishish, xavotir va tushkunlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlab, tomiri bilan sug‘urib tashlash asosiy maqsadimizga aylanishi shart.
Bitiruvchilarimizda OTMda o‘qish davrida tayanish mumkin bo‘lgan, hayotiy hodisalar bilan mustahkamlangan bilimlar zaxirasi keragidan ortiq darajada bo‘lishini istab qolaman. Bunday o‘quvchilar o‘zlarini ishonchli his qilishadi, hech narsadan hadiksirashmaydi.
Keyingi istagim o‘quvchilar va maktab ustidan rasmiy nazoratdan voz kechilishidir. Agar o‘qituvchilarimiz baholash, davlatni nazorat qilishda o‘zlariga va o‘quvchilariga mos o‘z dasturlarini ishlab chiqish tizimiga o‘tishsa, bu istak o‘z-o‘zidan amalga oshadi.
Kezi kelganda eslatib o‘tmoqchiman, ta’tillar masalasi qayta ko‘rib chiqilishi shart bo‘lgan galdagi masala. U bo‘yicha sizlardan ham takliflar kutib qolamiz. Negaki, ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi degan hikmatli ibora asrlar davomida sinovdan o‘tgan xulosalar yig‘indisidir.
Jamoatchilik kengashining, qolaversa, vazirligimizning jarayondagi eng muhim masalasi, o‘quvchilarimizda bilim olishga EHTIYOJNI yaratish orqali ustoz va shogird o‘rtasidagi rishtani mahkam bog‘lab, bilim berish va chanqoqlik bilan olish ISHTIYOQINI shakllantirish bo‘lib qoladi. Tan olish kerak, aynan shu jarayon atroflicha tahlilni, soha darg‘alarining anchagina bosh qotirishini talab qiladi. Mazkur jarayonda jamiyatni, davlatni, ota-onani, ko‘plab hamkor tashkilotlar bilan maktab o‘rtasida aniqlikni talab qiluvchi, o‘z holicha shakllanmagan vazifa taqsimotini ishlab chiqish zaruratini vujudga keltiradi. Izlagan tayanch nuqtamiz shu yerda, unda barcha savollarimizga javob bor!
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Husan NISHONOV suhbatlashdi.