Samarqand — “Quyosh shahri” degani emasmi?
Yurtimiz tarixiga oid manbalarni varaqlar ekanmiz, uning hali ochilmagan qirralarini kashf eta boramiz. Zamonlar osha bebaho madaniy merosimizning ko‘p qismi ne-ne jang-u jadallar, vayronagarchiliklar, ur-to‘polon, yong‘inlar, qatag‘onlar domida qolib, ozgina qismi bizgacha yetib kelgan. Ularning asosiy qismi suvga oqizildi, tog‘lardagi xarsanglar ostiga yashirildi, qabristonlarga ko‘mildi, qatag‘on yillarida kimda moyjuvoz, xalaja (paxtani chigitidan ajratuvchi yog‘och moslama) bo‘lsa, shular bilan birga kitoblar ham ko‘mib tashlandi, tashlandiq uylarda varaqlari uchib yo‘qoldi. Hatto ba’zi kishilarimiz “Men komsomolman” deb birovlarning uyidagi arab imlosida bitilgan kitoblarni chiqarib, bir uyum qilib yondirib bo‘lgach, egasi kelib, “Men bularning har birini bir qo‘yning bahosiga olgan edim”, deb uzoq yig‘laganini tog‘am rahmatli aytib bergan edi. Bosqinchilar esa ochiq joylardagi kitoblarni terib ketdi va o‘z maqsadlari yo‘lida bilganicha foydalandilar.
Mamlakatimizning asosiy qon tomirlaridan biri Samarqand qadimiy va maftunkor shahar. U “ro‘yi zamin sayqali”, moziyda buyuk allomalar yashab ijod qilgan, azaldan dunyo tamadduni o‘choqlaridan biri sifatida tilga olinadi. Samarqand zamini sir-sinoatlarga to‘la, uning har bir siqim tuprog‘i, g‘isht va sopol bo‘laklari diqqat bilan o‘rganilsa, qadim zamonlar, o‘z davrida taraqqiy topgan saltanat, madaniyatlardan so‘zlaydi. Zamini kabi uch ming yillik tarixga ega shaharning nomi ham rang-barang ma’no va bir necha mazmunni o‘zida yashirib kelayotgandek go‘yo. Ularning qay biri aynan shaharning “Samarqand” deb atalishiga asos bo‘lganligi hali-hanuz arxeologlarimiz izlanishlarida, tarixchilarimiz ilmiy tadqiqotlarida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Tarixiy asarlarda Samarqand nomi qanday ma’nolarni anglatishi haqida turlicha fikr bildirilgan. Jumladan, arxeologiya fanlari doktori, professsor Muhammad Ahmedov “Me’moriy meros” asarida shaharning aynan Samarqand deb atalishi to‘g‘risida bitilgan manbalarni bir tizimga solib, quyidagi fikrlarni bayon qiladi:
“Buyuk sarkarda, temuriy shahzoda, shoir, o‘rta asrlarda Hindistonga ma’rifat olib kirgan sulola asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur Samarqandning bog‘lari, serhosil dalalari, saxovatli odamlari serbarakot ekanligini ta’kidlab, bu atamaning kelib chiqishini Semizkent deb ta’riflaydi.
Muhammad bin Xalaf tomonidan XVII asrda Hindistonda tuzilgan “Burhoni qote’” (“Ishonchli dalil”) nomli lug‘atda esa Samar ismli bir yigit kelib, atrofiga shu yerlik xalqni yig‘ib, katta qarorgoh tashkil etgani va uni turkcha “Samarkent” deb nomlagani aytiladi. Keyinchalik bu yerlarni arablar qo‘shini istilo etgach, shahar nomi arabcha talaffuz qilinib, Samarqand deb atala boshlangan, deyiladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida 108-inventar raqami bilan saqlanayotgan Abu Is’hoq Ibrohim Istaxriy tomonidan X asrda bitilgan mashhur “Masolik ul-mamolik” (“Mamlakatlar yo‘llari”) asarida yozilishicha, Sharqiy Turkistondan Samar boqir ismli bir yigit kelib, mazkur shahar aholisiga dushmanlik maqsadida uning devorlari ostini kovlab buzgan va shu tufayli forscha “Samarkand”, ya’ni Samar qazdi, kovladi deb atashgan. Islom davrida forscha “kand” – “kovladi” so‘zi arabcha “qand” shakliga o‘tib, shahar “Samarqand” deb atala boshlandi, deyiladi.
Yuqoridagi qo‘lyozmalar fondida 1506-v inventar raqami ostida saqlanayotgan Abu Ja’far Muhammad bin Jarir Zaydi Tabariyning Eron shohlari, islom va xalifalar tarixiga bag‘ishlab X asrda bitilgan “Tarixi Tabariy” nomi bilan mashhur bo‘lgan asarida yozilishicha, ushbu shaharni Samar ismli bir xon barpo etgan. Dastlab bu yerda “qand” deb atalgan turk aymog‘i o‘rnashgan va shu tufayli bu yer “Samarqand” deb atala boshlangan.
Ba’zi manbalarda Samarqand so‘zining ma’nosini Samar ismli oshiq yigit va uning ma’shuqasi Qamar ismli go‘zal qiz nomlari bilan bog‘lashadi. Bu hikoya sharqda ma’lum bo‘lgan Layli va Majnun hamda Tohir va Zuhra, Yevropadagi Romeo va Julyetta singari dramatik ishqiy dostonlarning boshqa bir varianti bo‘lib, Samarqandni ikki yoshning ushalmagan sevgisiga bag‘ishlab nomlangan shahar, deb ta’riflashadi. Samarqandning o‘rta asrlar qismida, So‘fi Roziq mahallasi masjidi yaqinidagi bolalar bog‘chasidagi ikki qabr toshini mahalliy xalq Samar va Qamar qabrlari, deb e’tirof etishadi. Har holda bu hikoyada ham qandaydir bir asos bordek ko‘rinadi”.
“Samarqand” so‘zi yig‘ilish, tijorat ahlining to‘planadigan joyi degan ma’nolarni ham anglatadi. Bularning hammasi kimningdir nuqtayi nazari, rivoyatlardan keltirilgan jumlalar bo‘lishi mumkin. Ammo rivoyat, afsonalar tagida ham qandaydir haqiqat bor.
Keyingi tadqiqotlarda Shumer davlati nomi ham “Samar” deb yuritilmoqda. “Samar” so‘zi esa fors-tojik tilida bir necha xil ma’nolarni bildiradi. Masalan: I.1.Meva, yuk; 2.Natija, ta’sir; II.1. Bevaqt, tun qorong‘isi; 2. so‘z; tungi afsonalar va hikoyalar ma’nolarini anglatadi. “Samar” so‘zi “meva” ma’nosini bildirsa, “Samari kand” ya’ni “shahar mevasi” degan ma’noni beradi va so‘z ma’nosi to‘g‘ri kelmaydi.
“Samarqand” atamasining kelib chiqishi va uning yana qanday ma’nolarni kasb etishi borasida mening ham ba’zi mulohazalarim mavjud. Bu mulohaza va taxminlar ruszabon, arab grafikasida ko‘chirilgan va chop etilgan forsiy, turkcha va eski o‘zbekcha manbalarni o‘rganish asnosida tug‘ildi. Bundan 20 yillar oldin buyuk vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniyning “Qonuni Mas’udiy” kitobining rus tilidagi nusxasini olib o‘qiganimda, “Samarkand, a po tyurkski Simizkind, t.e. tuchnыy gorod (729)” deyilganini o‘qigan edim. O‘sha kitobning 601-izohlarida (729) “Konekt. Na osnovanii dannыx Maxmuda Kashkarmkogo (d.str 49 prim4): v A,T i D; a po tyurkski “Samarkand – gorod Solntsa”, deb yozilgan. Ya’ni “Mahmud Qoshg‘ariyning ma’lumotlariga asoslanib, turkchada “Samarqand — Quyosh shahri” bo‘ladi” deyilgan. Demak, “Samar” so‘zi turkchada “quyosh” degan ma’noni ham bildirar ekan. Balki shundan kelib chiqib, “Samar va Qamar” afsonasi to‘qilgandir. Ya’ni turk tilida “Samar” so‘zi Quyosh so‘zini anglatsa, arab tilida “Qamar” Oyni bildiradi. Sevishganlarning birini Quyoshga, ikkinchisini esa Oyga mengzagan, “Quyosh - Oy” deb atamoqchi bo‘lgandirlar. Xo‘sh, nega “Quyosh shahri” deb atalishi kerak, degan savol tug‘iladi. Bu haqda keyingi tadqiqotlar oydinlik kiritishi mumkin.
Nega ushbu mavzuda olib borilgan tadqiqotlarning birortasida Samarqandning “Quyosh shahri” deb atalishi xususida fikr-mulohazalar bildirilmagan? Qaysi biri to‘g‘ri? “Semiz shahar”mi yoki “Quyosh shahri”mi? Semiz so‘zi odam, hayvon, o‘simlik, daraxt va toshlarga nisbatan ishlatilishi mumkin. Lekin shaharga nisbatan ishlatilishi biroz noo‘rin tuyuladi. Odamlari semiz bo‘lgan bo‘lsa, “semizlar shahri” deb aytilgan bo‘lishi mumkin. Nima uchun bugungacha biron tadqiqotchi zamondosh yashagan Beruniy va Mahmud Qoshg‘ariylarning mulohazalarini davom ettirmagan? Mashhur rus sharqshunosi V.V.Bartold Mahmud Qoshg‘ariy haqida shunday degan: “Mahmud hayot voqealarini fakt va dalillarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, bilib yozgani uchun bu asar hamon o‘zining ilmiy, tarixiy, ma’rifiy qimmatini saqlab qolmoqda”...
Endi Maroqand Samarqandning qadimiy nomlanishimi yoki u boshqa shaharmi, degan masalaga “Samarqand tarixi” kitobidan quyidagi jumlalar aniqlik kiritadi, deb o‘ylayman. Kitobning 8-betida “...u miloddan avvalgi VII–VI asrlarda Afrosiyob xarobalari o‘rnida mudofaa devori bilan o‘ralgan qadimiy qishloq edi, miloddan avvalgi IV asrda Marokanda, milodiy eraning XIII asrigacha Samarqand – Simizkent va XIV–XV asrlarda Movarounnahrning poytaxti – Simizkent – Samarqand deb ataldi”, deyilsa, 10-betida 1965- yili Afrosiyobdan topilgan VI asr saroy zallaridan birining devoridagi so‘g‘dcha xatda ham Samarqand so‘zi Smarakansa shaklida uchraydi. So‘g‘dshunos olimlarning yozishicha, “Marokanda Samarqandning qadimiy Smarakansa shaklidir” deb yozilgan. Tarixiy manbalarda So‘g‘d bilan Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va siyosiy aloqalar juda qadim ildizlarga ega bo‘lganligi alohida ta’kidlanadi. Xitoyshunos olim Ablat Xo‘jayevning yozishicha, xitoylik sayyoh Mu miloddan avvalgi 989-988-yillarda hozirgi O‘zbekiston yerlaridan o‘tib, Kaspiy dengizining g‘arbiy sohillariga yetib borgan. Sayyoh o‘sha davrda Samarqand shahri “Kiveng‘on” deb atalganini yozib qoldirgan. Budda dinining rohibi Shyuang Zang “Da Tang shiyuy szi” (“Buyuk Tang davridagi mamlakatlarga oid xotiralar”) nomli asar yozgan. U 17 yil Hindistonda yashaydi. U 631-632-yillarda Samarqandga keladi. Unda Samarqand shahri, uning markazi, hukmdori, armiyasi, iqlimi, urf-odatlari, xalqaro savdo munosabatlari haqida yozilgan. U Samarqandni “Samuojyan” deb ta’riflagan. Yana bir Xitoy sayyohi Di Xuan arablarga asir tushadi va 12 yil Turkiston yerlarida yuradi. U “Di Xuan jin shing ji” (“Di Xuan borgan va yurgan joylar xotirasi”) kitobida Samarqandning boy, hosildor yer ekanligini aytgan. Unda olovga sig‘inuvchilar ibodatxonasi mavjud, davlat ishlari bilan shug‘ullanuvchilar aynan mana shu yerdan yetishib chiqar ekan, deb ta’kidlaydi. Yana Vey Je degan sayyoh “Shi fan ji” (“G’arbdagi qo‘shni mamlakatlar xotirasi”) asarini yozgan. Lekin u bizgacha yetib kelmagan. Yana bir Du Yu ismli muallif “Tun dyan”(“Qonun-qoidalar va urf-odatlar bayoni”) kitobida Samarqand haqida “Kan davlatining odamlari ishiga pishiq, bolalari 5 yoshdan o‘qitiladi”, degan. “Shiyu u lu” (“G’arbiy sayohat xotiralari”) nomli safarnomada 1218-yili Chingizxonning Turkistonga harbiy yurishi davrida xonga maslahatchi sifatida hamrohlik qilgan va etnik kelib chiqishi qoraxitoy(kidan)lardan bo‘lgan Yelyuy Chusay (1190–1244) Samarqandni “Bin xe”(Zarafshon) yoqasida joylashgani, yerlari serhosil bo‘lgani uchun G‘arbiy Lyao fuqarolari “Xech Jung Fu”(Daryolar oralig‘idagi shahar) deb atagan. Safarnomada keltirilishicha, Samarqand “Semizkent” (Shyunsigan) deb nomlangan. G‘arbliklar tilida bu boy shahar demakdir. (Xo‘jayev A. “O‘zbekiston ovozi” gazetasi. 2014-yil. 25-yanvar. 12(31,759)-son) Eramizning VII–VIII asrlaridagi Xitoy manbalarida esa “Samokiyen”, “Samoszyan” hamda “Kan” deb atalgan.
Yana bir taxminga e’tiboringizni qaratsam: “Semizkent” so‘zini arab imlosida yozganimizda “ze” harfi ustidagi nuqta tasodifmi yoki xato tufaylimi yozilgan bo‘lishi ham mumkin. Aslida Semirkend(yoki Samarkent) deb yozilgan yozuv o‘sha nuqta tufayli “Semizkent” deya o‘qib ketilgan. Tarixiy arab yozuvidagi manbalarda bunday xatoliklar ko‘p uchraydi. Agar o‘sha nuqtani olib tashlab o‘qisak, “Semirkent” yoki “Samarkent” so‘zi kelib chiqadi va “Quyosh shahri” degan ma’noni beradi. Taniqli tarixchi olim Komilxon Kattayev Abu Xofs Najmiddin Umar an-Nasafiy as-Samarqandiyning “Qandiya” kitobini tarjima va tahlil qilib, izohlari bilan keltirgan. Shu bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, “Samar” so‘zi qadimgi arab va fors tilida bir necha ma’noni anglatgan: So‘zning bosh harfi uch nuqtali “so” harfi bilan yozilsa, meva va mevali daraxtni anglatgan. Agar “sin” harfi bilan yozilsa, mashhur va tanilgan, degan ma’noni anglatgan. Qadimgi arab tilida “samar” so‘zi yana bir ma’noni birligi “samar”, ko‘pligi– “asmor” bo‘lib, afsona yoki
kechki afsona ma’nosini anglatgan. Ko‘rinib turibdiki, shahar nomi uch ma’noda kelyapti: 1. Mevazorli shahar. 2. Mashhur shahar. 3. Afsonaviy shahar. Shu o‘rinda arabcha yana “asmar” so‘zining ma’nosini ham keltirib o‘tish joiz. Bu so‘zning birinchi ma’nosi “bug‘doyrang”, ikkinchi ma’nosi esa “siyoh”, “siyohrang” degan ma’nolarni bildiradi. Nima bo‘lganda ham, M.Qoshg‘ariy bobomiz buyuk tilshunos olim sifatida “Quyosh shahri” deb bekorga yozib qoldirmagan. Shunga asoslanib, Samarqand bu – “Quyosh shahri” degani, deb aytishimiz mumkin.
Abdumannon YORQULOV,
SamDAQI o‘qituvchisi