Sevgan adibimga kelin bo‘ldim: Qalbi badavlat inson edi
Maktabni bitirish arafasida dugonalarim bilan birga oliy o‘quv yurtiga kirish istagida yonardik. Men o‘shanda ToshDU(hozirgiO‘zMU)ga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshladim. Adabiyotga qiziqishim sabab o‘smirligimdanoq maqola va hikoyalar yozib turardim. Yozganlarim ba’zida matbuotda e’lon qilinsa, o‘zimga sig‘may ketardim. Rahmatli otam Mamadali Mahmudov yozuvchi bo‘lgani uchun uyimizda katta kutubxona bo‘lardi. Kitoblar mening yaqin sirdosh do‘stlarimga aylanib qolgandi. Otam uyimizga tez-tez yangi kitoblardan olib kelardi.
Bir kuni qo‘limga bolalar yozuvchisi, sevimli adibimiz Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” kitobi tushib qoldi. O`shanda 7-sinf o‘quvchisi edim. Kitobga shu qadar qiziqib ketganmanki qayta-qayta o‘qishdan charchamaganman. X.To‘xtaboyevning asarlariga ishtiyoqim kundan kun oshib, asarlarini topib o‘qimasam bo‘lmas edi! Xullas, maktabdan so‘ng universitetda o‘qishni davom ettirdim. Talabalik yillarimda jurnalistika fakultetida o‘qiyotgan yigit bilan tanishdim. Buni qarangki, mening kelajakdagi turmush o‘rtog‘im sevimli yozuvchim Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘g‘li bo‘lib chiqdi va biz oila qurdik. Universitetning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagach, ancha yil yozuvchilar uyushmasida ishladim.
Rahmatli qaynonam va qaynotam bir-birlari bilan juda inoq va mehribon bo‘lishgan. Ba’zan qaynotam asarlaridagi qahramonlar tilida, qaynonamga o‘zi yozgan asarlarini shunchalik mazmunli va ifodali o‘qib berar, qaynonam esa jon qulog‘i bilan tinglar, ba’zan hayajon bilan o‘zining asarga bo‘lgan munosabati bilan o‘rtoqlashar va asardagi bola qahramonning tilidan so‘zlanayotgan jumlalarga qo‘shimchalar kiritgisi kelardi. Ayrim paytlarda asar borasidagi bahslari uzoq cho‘zilib ketar, chetdan qaraganda go‘yo asardagi qahramonlar bilan dardlashayotganga o‘xshardi.
Qaynotam va qaynonam biz kelinlarini o‘z qizlaridek juda yaxshi ko‘rishardi. Qaynonamning mehrlari va qaynotamning duolarini olganman. Qaynotam har gapida “Umringiz uzoq bo‘lsin, ona qizim”, der edilar. Qaynonam mehmondo‘st va dilkash ayol edi. Darvozalari doim ochiq turardi. “Onajon, darvozani yopib qo‘ysak bo‘lmaydimi”, desak, “Yo‘q, bolajonim, eshikdan farishtalar kiradi”, der edilar. U kishi juda rahmdil inson edi, hattoki hashorat va jonzotlarga ham ozor yetkazmagan, axir bularning hammasi tirik jon-ku, derdilar. Qaynotam har gal ishdan qaytganda, uyga kelib, farzand va nabiralari bilan o‘tirib suhbatlashar, suhbatdan so‘ng o‘zlarining eski va rangi o‘ngib ketgan chopon va do‘ppisini kiyib, uyning to‘g‘risidagi bog‘ga chiqib, ishtiyoq bilan yer chopar, ekin-tekinlarga qarar, chanqab turgan ekin va mevalarni sug‘orar, ishkomlardagi uzumlarni zavq bilan xomtok qilar, qiyg‘os pishgan gilos va olchalaridan idishlarga to‘latib, hattoki, yerga to‘kilgan mevalarni puflab-puflab yana idishlarga joylar, farzand va nevaralarining oldiga mamnuniyat bilan, “Mana, bolajonlarim, o‘zimizning bog‘d-a-n”, deb qo‘yar edi. Bir kuni men qaynonamdan “Nima uchun otam doim bog‘ga chiqqanlarida, mana shu eski rangi ketgan choponi va do‘ppisini kiyadilar”, deb so‘raganimda, “Ey qizim, bu bobolaridan qolgan yodgorlik ekan, go‘yoki ulardan bobolarining hidi kelib turarmish, o‘shanda otangizning ham ishlari unumli va yoqimli bo‘lar emish”, deb kulib javob bergandi.
Nazarimda, ular uchun insonlarning hamma xislatlari qadrli edi. Yoshligimda Xudoyberdi To‘xtaboyev deganlarida, badavlat kishini tasavvur qilganman. Keyinchalik ularning oilasiga kelin bo‘lib bildimki, bu insonlar oddiy va samimiy, beg‘ubor ekan. Aslida qaynota va qaynonamning qalbi badavlat ekan.
“Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan hadis bor. Xudoyberdi To‘xtaboyev ana shu ilmni to qabr yoqasigacha izladi, tinimsiz mehnat qildi. Bu xislatlar men uchun begona emas, chunki o‘z otam Mamadali Mahmudov ham tinimsiz mehnatda va izlanib yashagan. Boshqalar kabi oyoqlarini uzatib, maza qilib dam olib yotganini ko‘rmaganman, chunki dam olish vaqtlarida ham, nima bilandir andarmon bo‘lar, u inson farzandlariga doim halollik haqida gapirar, “Halollik kuchda emas, balki haqiqatda, bolalarim”, deb uqtirar edilar. Men ko‘p marotaba, otajon, endi siz ham boshqalardek, dam oling, juda charchagansiz desam, “Yo‘q, bolalarim, qabrga tushganimda oyoqlarimni cho‘zib yotaman” deb kulib javob berardi. Doim mo‘jaz ijodxonasidan chiqqisi kelmasdi.
Qaynotam bolalar va o‘smirlar haqida juda noyob asarlar yaratdi. O‘zbek xalqining sevimli, el ardog‘idagi farzandiga aylandi. U kishidan kelajak avlodlarga durdona asarlari meros bo‘lib qoldi.
Sabohat TO‘XTABOYEVA,
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi