“Sevmadik, sevolmadik...”
(“Ma’rifat” gazetasining 2021-yil 24-mart 12-sonida bosilgan Shahzod Shodmonovning “...Shunday yashayapmiz — “bevatan” maqolasiga aks-sado)
“Vatan, vatan, der edilar, na der erdim bilmay oni...”.
— Vatan nima?
— Onaning bag‘ri! (Onangni hech quchdingmi o‘zi?! Seni deb sim-sim yig‘laganida bag‘ringga bosib, ko‘zyoshini artdingmi? Xafa qilgach kechirim so‘rab, ko‘nglini olish o‘rniga g‘ururni ustun qo‘yding. Holbuki, u — onang. So‘zsiz, kechirgan.)
Vatan — uyim, ostonam! (Uyingga kimlar ostona hatlab kirishidan
ogohmisan? Qo‘shnilaringga razm sol, uying obodmi?)
— Tug‘ilib-o‘sgan tuproq! (Bu tuproqdan nimalar unmoqda: gul yoxud alaf? Nega o‘zing hanuz ildiz otmading?)
— Vatan — jon tomirim! (Voajab, tomiringda qon bormi o‘zi? Nahot, Vatan mehri bilan to‘yingan qon yuragingga bormayotgan bo‘lsa?!)
Zoologiya fanidagi issiq va sovuq qonlilar terminlarini eshitgansiz, garchand biz issiqqonlilarga kirsak-da, qonimiz, a’zolarmiz, hattoki yuragimiz muz qotgan. Allaqanday matohlarga berdik bor mehrimizni temir-tersaklarga ko‘ngil qo‘ydik. Onamizni, jigarlarimizni sevmadik, sevolmadik. Ayonki, yuragimiz tosh qotgan.
Yana nimalar deyolamiz, biz durustroq anglab yetmagan Vatan tuyg‘usi-yu, uni sevish haqida? Yodlatilgan bejirim so‘zlarni to‘tiqush yanglig‘ takrorlashdan ne naf?
Men aytaman: ko‘ngil tanlagan joy — Vatan! Ko‘ngil qayerda taskin topsa, shu tomonga talpinadi.
“... Endi bilsam Vatan erkon bu tanlarning shirin joni...”.
Komila HAMROYEVA,
O‘zMU talabasi