She’riyatni qalblarga ko‘chirgan shoir
She’riyatni qalblarga ko‘chirgan shoir
Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning 85 yillik yubileyiga bag‘ishlab “She’riyatni qalblarga ko‘chirgan shoir” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi. Ushbu tadbirda shoirning jiyani Feruza Boboxonova ishtirok etib, tog‘alarining hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirib o‘tdilar.
“Tillarni o‘qitish metodikasi” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi G‘afur Eshmonov va 2021-yil dekabr oyi ona tili va adabiyoti fani tinglovchilari tomonidan birgalikda tashkil etilgan tadbirda “Oltin devor” , “Donishqishloq hangomalari” va ”Nido” asarlaridan kichik sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, Umida Primova, Muhabbat Ismoilova, Go‘yoxon Nishonova, Farog‘at Umarova, Gulnora Akbarova singari ustozlarning aktyorlik mahorati ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Ayniqsa, shoir she’rlari bilan aytilgan qo‘shiqlarni Nasiba Qahramonova mahorat bilan ijro etishi davraga fayz kiritdi.
Tadbir davomida toshkent shahar ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari Sarvinoz Jumayeva, Nigora Kadirova, Nigora Xamroyeva, Arofat Axmadjonova, Zumrat Toshpulatova, Sporat Rasulova faol ishtiroklari uchun hududiy markaz rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Ha, shoirning ijodiy merosini o‘rganish va o‘rgatish orqali Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissi ortadi.
Noyob iste’dod egalarida kelajakni oldindan ko‘rishga o‘xshash bir tuyg‘u yor bo‘ladi. Zero, shoir ozi e’tirof etganidek:
...Baxsh etmoqni istab dillarga ziyo,
Tunlar chirog‘imiz o‘chmadi biroq.
O‘chmaydigan qilib Mashhargacha to,
Biz o‘z boshimizda yoqibmiz chiroq.
Chinnixol Xamdamova
Chilonzor tumanidagi 138-maktab
ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi