“Shogird uchun kuyinish shunchalik bo‘lar…”
“Ma’rifat” gazetasiga endi borgan vaqtim. Ustoz Mahmud Sa’diy o‘sha paytdagi bosh muharrir Halim Sayyid bilan tanishtirdi-da, bu deyarli tayyor kadr, qo‘rqmasdan ishga olaver, dedi. Ishga qabul qilindim.
Ko‘p xotiralar ustoz Mahmud Sa’diy bilan bog‘liq. Bir kuni bir jurnalist haqida gapira turib shunday dedi. “Bilasizmi, shu jurnalist ivirsiq ayolga o‘xshaydi. Yozgan narsasidan ham uning tartibli emasligini sezib olishingiz mumkin”. Ustozning faqat o‘ziga yarashadigan ajoyib gaplari, kesatiqlari bo‘lardiki, u kishini ko‘rganda hamma birdan jiddiy tortib qolardi. “Jo‘qiy she’rlar yozyapsizlarmi?”, derdi havaskor shoirlarga, “O‘qisang, yaxshi bo‘lasan”, deb qo‘yardi qalami bor shogirdlariga.
Bir narsa hech esimdan chiqmaydi. O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetida bir qiz ijodiy imtihonda ustozdan yaxshi baho oladi-yu, lekin testlardan o‘tolmay talabalar safiga qabul qilinmaydi. Ustoz o‘sha qizning ism-familiyasini eslab qolgan ekan, talabalardan juda uzoq vaqt
surishtirdi. Agar odamda zarracha qobiliyat borligini ko‘rsa, aslo befarq bo‘lolmasdi, qo‘lidan kelgancha yordam berar, o‘zi uchun so‘ramasa ham shogirdi uchun iltimos qilishi mumkin edi.
“Yaqindagi uzoq odamlar” nomli kitobcham nashrdan chiqqanida ustozga olib borib ko‘rsatdim. Nazarimda, u kishi xursand bo‘lib meni maqtashi kerak edi. Ammo ustoz kitobning bir-ikki sahifasini ochib, ichidagi imlo xatolarini ko‘rdi-yu, darrov kayfiyati buzildi. O‘ldiribsizlarda kitobni, ha, mayli, keyingi gal xatosiz chiqarsin, o‘sha falonchiga aytgin, xo‘pmi, dedi. Xo‘p, xo‘p, ustoz, dedim. Yana qo‘shib qo‘ydi: “Besh-olti dona olib kelib bergin, Alisher Navoiy kutubxonasiga berayapman, harna-da, odamlar o‘qiydi”. Shogirdi uchun kuyinish shunchalik bo‘lar deyman, hozir o‘ylab.
Ustoz odamlarga bir qarashdayoq, o‘zi o‘qigan kitobdagi qahramonlar nomidan laqab qo‘yishga usta edi. Menimcha, ustoz o‘qiganlari ta’sirida yashardi, lekin o‘z hayotida baxtli edi. Birovga qulluq qilmadi, tilyog‘lamalik qilmadi. “Ma’rifat”ga qanchadan qancha yaxshi talabalarni jalb qildi, tahrir san’atini erinmay o‘rgatdi. “Ma’rifat” maktabida ustoz tarbiyalagan jurnalistlar hanuz ustozning takrorlanmas gaplarini eslaydilar.
Zuhra RO‘ZIYEVA