Siz nimaga muxlissiz?
Hormangizlar, aziz muallimlar! O‘quv yilini tugatib oldingiz. Endi ana kelar, mana kelar, deb ta’til pulini kutib yotibsizmi? Mollarga yem olish kerak, tovuqlarning katagi bir ahvol, o‘g‘ilni uylantirish, qizlarni uzatish… uyning tomini tuzatish kerak — do‘konchining qarz daftaridan ortsa. O‘ldimi, egningizdagi 20 yillik qadrdon ko‘ylagingiz yana bir-ikki yilga chidab berar. O‘zimizdan so‘rasangiz, eshagimiz eski bo‘lsa ham to‘qimi YANGI. Tiqir-tiqir kunimizni ko‘rib yuribmiz.
Shu kunlarda ko‘zi ko‘karib enasinikiga qaytib kelgan kelinlar siz tomonlarda ham ko‘payib qolgandir. Hayron bo‘lmang, Saudiya Arabistoni — O‘zbekiston – 3:0. “Gurunglashgani boshqa mavzu qurib qoldimi, yig‘ishtir karam sho‘rvangni”, deysizmi? O‘zi futbolning menga qizig‘i yo‘q. Har zamonda tomosha qilsam ham qaysi jamoaning formasi chiroyli bo‘lsa, shunga muxlislik qilib ketaveraman. “Sho‘ringqurg‘ ur termamiz bu gal ham Jahon chempionatiga chiqolmadi, kel, shular hech bo‘lmasa “Shapaloq”qa chiqsin, harna ko‘ngli ko‘tariladi”, deb o‘lganimizning kunidan yozayotgan joyimiz. Ustiga-ustak jiddiyroq mavzularni olishga ham hayiqib qoldi odam. Birortasi kela solib qalamimni g‘ajishga tushsa nima qilaman? Kattakonlarning oltin ruchkasiday bo‘lmasa ham o‘zimga qadrli. Yonib ketgan bozorni yoritishga borgan bir muxbirning kamerasidagi “fleshka”ni chaynamay yutib yuborganlaridan xabaringiz yo‘qdir. Davlatning tog‘day mulkini hazm qilishga o‘rganib qolgan oshqozonga jimitdekkina qalam nima bo‘pti? Shuning uchun, avvalambor, hurmatli Vadim Abramov va o‘yinchilarimizning urug‘-aymog‘idan uzr so‘ragan holda futbol haqida gurunglashaveramiz. Tinchi — shu.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlarga har kim o‘z holicha hissa qo‘shmoqda. Amaldorlar kecha olgan moshinini, kambag‘allar qozoni eski bo‘lsa-da qoshig‘ini o‘zgartiryapti. Qo‘y-qo‘y demasangiz 90 dan oshgan chollar ham kampirni yangilayman, deb turganda termamizda biror yangilik bo‘lmasa uyat. O‘yinlarda jamoamizning mag‘lub bo‘lishi yangilik emas. Shuning uchun biror o‘zgacharoq yo‘l topish kerak edi. O‘ylab-o‘ylab oxiri saralashga ketishdan oldin, futbolkasini yangiladi. Hokimlarimiz g‘isht terganini, temir daftardagilarga yordam berganini reklama qilganiday, yangi liboslarini ko‘z-ko‘z qilishdi. Afsuski, kiyishga ham ulgurmay, burni oqib yarim yo‘ldan qaytib keldi.
Tarkib-u uslubdagi yangilanishlarni aytmasa ham bo‘ladi. Hujum ortida o‘ynashi kerak bo‘lganlar himoyada, himoyachilar bir-birini tanimaydi… Bu nafaqat termamizning, balki butun jamiyatimining asosiy “taktika”siga aylangan. Yaqinda qaysidir tumandagi XTBga harbiy odamni rahbar qilib qo‘yishdi. Konchilikka o‘qigan biri qishlog‘ingga kelib kartoshka ekishni o‘rgatsa, traktorchilar dorixonada oq xalat kiyib
o‘tiribdi. Femidaning tarozisi o‘g‘rilar qo‘lida, kambag‘alning turshagini suvtekinga olib, bozorda otasining narxiga sotish insofsizlik emas – “biznes”. Xullas, bizda chumchuqni qassob so‘ymaydi.
Qaysi jamoalar o‘ynayotganini bilmay, maydonga tasodifan kirib qolgan tomoshabin ham darrov biznikilarni tanib oladi. Darvozabon hamma uchun, hamma o‘z-o‘zi uchun. Yangi kelgan amaldor qo‘lga tushgunicha yetti avlodiga yetadigan soqqani qilib, so‘ng bamaylixotir panjara ortiga ketgani kabi ular ham faqat o‘zi gol urishga intiladi, birovga qayishish yo‘q. Hech vaqoni qoyillatmagach, boshqasiga almashtiriladi, boshqasi esa bunisidan battar.
Namangandagi “mehmon keldi”ga qurilgan issiqxonalarga, yana bizga noma’lum nimarsalarga sarflanayotgan davlatning bo‘ynidagi milliardlab qarz futbolchilarimizning oyog‘iga osilganday, go‘yo. Sudralgani-sudralgan.
Menimcha, ular o‘yindan ham ko‘ra mag‘lub bo‘lganda yer changallab yig‘lashga ko‘proq tayyorlansa
kerak. Bunday ijro bilan “Oskar”ga topshirsa, yilning “Eng yaxshi aktyori” nominatsiyasida tayin g‘olib bo‘lardi. He-e… Mayli, asabni asraylik.
Yaqinda “Paxtakor”dagi futbolchilarning yillik daromadi e’lon qilindi. “Paxtakorlar” azaldan yomon yashamagani ma’lum. Ammo jamoa safida to‘p surayotganlarning milliarder ekanidan bexabar edik. Umuman maydonga tushmagan o‘yinchisi ham maktabga qatnayverib botinkasi yirtilgan o‘qituvchidan 10 barobar ko‘p oylik olar ekan. Yana biz “Saviyasiz o‘qituvchilarga ko‘p pul to‘layapmiz”, deb dunyoni buzib yuribmiz.
O‘zi shu termamizni Xudo yorlaqab Jahon chempionatiga chiqqanida ham dunyo o‘zgarib ketmaydi. Yoz o‘tadi, kuz keladi. Narxlar oshaveradi. Poraxo‘r amaldorlar xalqning pulini o‘marib
qasrlar quradi, moshinlar oladi, ortganini yarim yalang‘och raqqosalarga qistirib o‘yin tushaveradi. O‘qituvchining oyligi oshib ketmaydi, ziyolilar tilini tishlab turaveradi, qo‘ylar o‘z haqini talab qilib hokimlik binolari oldida ma’rayveradi. Tong otadi, kun botadi. Futbolchimizning tepgan to‘pi, Ilon Maskning raketasidan oldin yetib bormaydi Marsga. Millionlab yurtdoshlarimiz Rossiyaga ishlagani
ketaveradi. Ammo muxlislik baribir muxlislik-da.
“Kimgadir yoqar lola, kim atirgul shaydosi”, deganlaridek, dunyoda nimagadir muxlis bo‘lmagan odam topilmasa kerak. Kimdir xo‘roz urushtirishga qiziqadi, kimdir qo‘shiqqa, yana kimdir she’rga. Qarsakning, yolg‘onning, maqtovning ishqibozlari-da oz emas. Qovun tushirishga fanat bo‘lgan kattakonlarning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Yozganimiz bilan hech narsa o‘zgarmasligini bilsa-da “Shapaloq”imizga muxlis bo‘lganlar ham bordir orangizda, biz esa atrofimizda bo‘layotgan masxarabozliklarning ustidan xandon otib kulishga
ISHQIBOZ