Sizga o‘xshashni istayman o‘zimdan ko‘proq
Toshkent . Bu go‘zal shaharni tilga olganimda eng birinchi ustozim ko‘z oldimga keladi. Mahmud Sa’diy. Universitetni tugatganimdan so‘ng har safar poytaxtga kelganimda u kishi bilan ko‘rishmay ketmasdim. Bir “dakki” eshitib, o‘zimga kelardim. Ustoz ta’biri bilan aytganda, bizni “kimdir turtib turishi kerak-da”... U kishi odatdagidek ko‘zoynagi ustidan qarab, so‘roqqa tuta boshlardi. Erinmasdan nima ishlar bilan bandligim, qanday kitoblar o‘qiyotganim, nimalar yozganim, xullas hamma-hammasini bir boshidan so‘rardi. Ayniqsa, kelgusi rejalarim haqida...
Endi esa Toshkent huvillab qolgandek. Har bir joyning qadr-qimmatini shu yerda yashaydigan qaysidir qadrdoning timsolida anglarkansan. Qaygadir talpinsang, demak o‘sha joyda yuragingga yaqin insonlar bo‘larkan. To‘g‘ri, Toshkentda ko‘plab do‘stlar orttirdim, hamkasblarim, ta’lim bergan ustozlarim bor. Ammo endi Mahmud Sa’diydek bir jonsarak yo‘q. Men haqimda mendan ham ko‘proq qayg‘uradigan inson edi u. Chinakam suyanchiq edi. Unga ishonib bemalol yurgan ekanman. Hali ko‘p narsa o‘rganaman, bilmaganimni so‘rayman deb. Ustozning vafoti hushimni joyiga keltirib qo‘ydi.
Suhbatlarda aytgan barcha maslahatlari, qilishim kerak bo‘lgan ishlar birma-bir xayolimdan o‘ta boshladi...
Ustoz mening qoraqalpoq va o‘zbekning zo‘r jurnalisti (ehtimol, yozuvchisi ham) bo‘lishimni orzu qilardi. “Qadr” kitobiga shunday deb dastxat yozib bergandi. O‘zim esa hech jiddiy o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Kim bo‘lishim haqida. To‘g‘ri, tanlagan kasbimni yaxshi ko‘raman. Jurnalist sifatida qahramonlarim bilan chin dildan yayrab suhbat quraman, jamiyatdagi muammolarni yoritish, odamlar mushkulini yengil qilish, ular quvonchiga sherik bo‘lishdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. Ammo shu yetarlimikan?
“O‘zingga o‘xshamay qolibsan” derdi domla ba’zi maqolalarimni o‘qiganida. “Nasibali (ustoz ismimni ko‘proq shunday atardi) bunday yozmagan bo‘lardi”. Salgina “qitmir” shu gaplardan so‘ng ilhomlanib, dadillanib ketasan. Demak, o‘zimga xos yozishim kerak. “Yangilik bir vaqtlar unutilgan eskilikdir,” degan edi Asqad Muxtor. Tanlagan mavzungning yangi qirralarini topish – talant. Vatan, ota-ona, do‘st, muhabbat, go‘zallik ... Eh-he, qo‘liga qalam olgan ijodkor borki, ana shunday oddiy, ammo tabarruk mavzularda nimadir qoralaydi. Lekin ularning qay biri xalq e’tirofiga sazovor bo‘ladi?
To‘rtinchi kurs paytimda Vatan haqida turkum maqolalar yozmoqchi bo‘ldim. Ustozdan maslahat so‘ragandim, “Vatanni qanday ko‘rsang, qanday sevsang shunday yoz!” dedi. Qanday ko‘raman? Vatan – bu men tug‘ilgan uy, men yashagan ovul, tuman va respublika. “O‘zligimni anglatgan dargoh”, “Dono va sodda odamlar”, “Nomingni eshitib, bormasam bo‘lmas” kabi maqolalarim shu tariqa dunyoga keldi. Ular birin-ketin “Ma’rifat” gazetasida chop etildi. Unda tug‘ilgan uyim, o‘z oilamizga xos ichki qonun-qoidalar, ota-onamning biz farzandlariga bergan tarbiyasi, sodda qishloq odamlari, ularning bir-biriga munosabati, mehr-oqibati, uchinchi maqolada esa o‘zim tug‘ilgan Kegeyli (Kegayli, ya’ni “kelish kerak” ma’nosida) tumani tarixi haqida atroflicha yozganman. Xo‘sh, endi Qoraqalpog‘iston haqida nima yozish mumkin? Birdan tuz ko‘z oldimga keldi. Dengiz allaqachon qirg‘og‘ini tashlab ketgan bo‘lsa ham, shu yerda barcha qiyinchiliklarga ko‘nib yashayotan xalq irodasi, so‘nmas umid, tug‘ilgan yurt muhabbati – hamma-hammasini tuzga bog‘liq holda tasavvur qildim. Ustozga fikrim ma’qul bo‘ldi va “Tuzingni totib ulg‘aydim, Vatan” nomli maqola dunyoga keldi. Unda tug‘ilgan chaqaloqni namakobda cho‘miltirishdan tortib, “tuz totish”, “tuzini yeb, tuzlig‘iga tupurma” kabi iboralar talqini, tuz bilan bog‘liq urf-odatlar, bari-bari yoritildi. Mavzuga bog‘liq ajoyib hayotiy misollar topib, hikmatlar bilan maqolamizni boyitdik. 2013-yili esa “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovida bosma matbuot yo‘lnalishida aynan shu Vatan haqida yozilgan turkum maqolalarim uchun birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Bularning hammasi ustozimning yo‘l-yo‘rig‘i, bebaho maslahatlarining natijasi edi...
Aslida “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan ko‘plab ajoyib maqolalar ortida ustozning mashaqqatli mehnati turardi. Sekin qaynab pishgan sho‘rvaning ta’mi o‘zgacha bo‘lganidek, uzoq vaqt davomida o‘ylangan va yozilgan (ustoz “pishitish kerak” iborasini qo‘llardi) maqola ham o‘quvchiga xush yoqari so‘zsiz. Asosiysi, yaxshi tahrir qilingan material bir tekis o‘qiladi. Unda adashib yurgan so‘z yoki tinish belgisini uchratmaysiz. Bu bilganga yuksak san’at. Til ustida ana shunday jiddiy va mas’uliyatni his etgan holda ishlash – chin fidoyilik. Afsuski, bugun eng ko‘p uchratayotganimiz – xato. Hamma ishining tez bitishini istaydi. Son bor-u, sifat yo‘qolmoqda. Bu o‘zimning ham boshimdan o‘tgan va o‘tayotgan holat.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil oldim. Yaxshi jurnalist bo‘lish uchun katta kursdagilarning tavsiyasiga ko‘ra ustozga shogird tushishni niyat qildim. Tahririyatga izlab borib, yozgan besh-oltita maqolamni o‘qib, fikr aytish uchun berib ketdim. Oradan bir oy o‘tdi, ikki oy, yarim yil... oxiri bo‘lmadi. Yana iymanibgina “Ma’rifat” gazetasining adabiyot bo‘limi eshigini taqillatdim. “Ha, mo‘lla Nasibali, kel” dedi ustoz. U shogirdlarini “mo‘lla” deyishini eshitganligim bois, o‘zimni ham ular safida his qilib, ancha yengil tortdim. Maqolalarim daragini so‘radim.
– Qoraqalpoq folklorini o‘qidingmi? — deya qo‘qqisdan so‘rab qoldi.
– Ha, anchasini o‘qiganman.
– Qanchasini?
– Anchasini.
– Nechta?
– Dostonlar, ertak, xalq qo‘shiqlarini..., – dedim ming‘illab.
– Yana hammasini bir boshidan o‘qishing kerak.
– ...
– Folklor – millatning bebaho boyligi, eng yetuk tilda – xalq tilida yozilgan mehnatlar sanaladi. Uning kamol topishi, shu tayyor holiga kelishi uchun yillar,
asrlar sarflangan. Masalan, bitta dostonni olaylik. Nimaga u ko‘p variantli? Chunki har bir baxshi, jirov dostonni o‘ziga xos uslubda, yangi talqinda ijro etgan. Yoki bitta naqlni oling. Mag‘zida qancha ma’no mujassam. Bobolarimiz naqadar dono bo‘lishgan. Ularni bilmaslik, uqmaslik
uyat-da...
Shu vaqtga qadar folklorga eng oddiy adabiyot sifatida qarardim. Aslida ulug‘lik oddiylikda bo‘lishini bilsam ham, anglab yetmagan ekanman. Folklordan juda ko‘p narsa o‘rgandim. Xalqini tanimagan odam xalqqa tanilishi, sevimli va yaqin bo‘lishi mumkin emasligini his etdim. Qayta o‘qish, to‘g‘rirog‘i, uqish (anglash) san’atini o‘zlashtirdim.
“So‘zni his qilish kerak”, derdi domla. “Bu uchun juda ko‘p o‘qish zarur. Yozish asli o‘qishdan iborat. Shu bois senga vazifa – har hafta bitta asar mutolaa qilgin.
Ustoz oldimda bir haqiqatni kashf qilgandi: oqmay qolgan suv ayniydi, ishlatilmagan temir zanglaydi. Xuddi shu kabi kitob o‘qimagan, o‘z ustida izlanmagan odam ham ma’nan kambag‘alga aylanadi. Uning na aytgan so‘zida, na yozgan narsasida, na qilgan ishida baraka bo‘ladi. Sog‘lom fikrlash uchun katta bilim zaxirasi kerak. Sog‘lom fikrlash esa – sog‘lom hayot degani...
Ustoz haqida juda ko‘p narsa yozish mumkin. Afsuski, biz no‘noq shogirdlar olgan har bir suhbatimiz, har bir o‘tilgan darsni qog‘ozga tushirmaganmiz. “Qo‘lda borning qadri yo‘q” deganlaridek, shunday qilish zarurligi xayolimizga kelmagan. Bugun esa faqat o‘z xotiralarimiz bilan cheklanmoqdamiz. Ko‘ngil to‘rida qolib ketgan izhorlarimiz ham talaygina:
Ustoz, Siz jurnalistika, adabiyot olamida yashadingiz. Hayotingiz davomida oddiy xodim sifatida ishladingiz. Tahrir deb atalmish mayda, ammo juda kerakli, ko‘plarning qo‘lidan kelmaydigan, “chidaganga chiqargan” mehnatga umringizni bag‘ishladingiz. O‘zingiz emas o‘zgalarni yorug‘ga chiqarish maqsadida qancha ko‘z nuringizni to‘kdingiz. Bugun Siz ko‘tarilgan pog‘ona, siz erishgan hurmatga, kechirasiz-u, kursida o‘tirgan kattakonlar ham havas qilsa arziydi. Buyuklik – oddiylikda. Men ham shu yo‘ldan borish niyatidaman. O‘qiyapman, ustoz. So‘zga jon beray deb o‘qiyapman.
Bir kun ketsam so‘zga jon berib,
Yashash uchun tug‘ilar imkon.
Afsuski, she’rlarimni Sizga ko‘rsatmaganman. Usiz ham ba’zan “Ey, nima shoirmisan?” (nimanidir unutib qo‘ysam) derdingiz. Xayolparastligim, ozgina shoirligim rost. Shoira sifatida kim meni kashf etarkan?! Bilmadim. Nesibeli o‘zini toparmikan, o‘ziga o‘xsharmikan?!
Nesibeli MAMBETIRZAYEVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi