So‘zdan so‘zning farqi bor…
So‘zdan so‘zning farqi bor…
Eldan qolmaylik deb emlanish uchun poliklinikaga bordik. Qabulxona: tibbiyot varaqasi shifokorning “husnixat”idan, kaminaning sabri navbat poylashdan to‘lmoqda. Ana ism-familiyamiz qog‘ozni qoraladi. Endi mahallamiz yoziladi. Harchand og‘zimni katta ochib, cho‘zib “Oooozoood(!)” desam-da, shifokor e’tibor qilmadi. Kirill yozuvida katta qilib “Azot OFY” deb qo‘ydi. Holbuki, mahallamiz kimyoviy element emas, erk, hurlik singari oliy tushunchalarni ifodalaydigan “Ozod” nomini olgan.
Qizig‘-a?! Oramizda haligacha maqolni maqoladan, masalni masaladan, da’voni davodan ajratolmay “tanbur” chertayotganlar ham talaygina. Kundalik so‘zlashuvda sizdan ahvol emas xol so‘rashadi.
Tushuntirishga chog‘lansangiz, bilag‘onlik qilgan bo‘lasiz. Nima qilasiz, atigi bitta tovush-ku, osmon
uzilib yerga tusharmidi? Qolaversa, odamlarning maktab bolasiga o‘xshab grammatika o‘rganishdan boshqa ishi yo‘qmi?
Ba’zi suhbatlarda kulging qistaydi: pochchamiz pocha (shim, lozim kabilarning pastki qismi)ga, zo‘r esa zor ga aylanadi. “O‘zizga qulay filialni tanlang”-chi?! Aslida, bular ona tilimizga bo‘lgan hurmatsizlikning million, balki milliarddan biridir…
Qachon “g‘”ni “g” dan, “o‘”ni “u”dan farqlashni o‘rganar ekanmiz-a? Muloqotdagiga-ku ko‘nikib bo‘lganmiz, lekin ko‘chalardagi katta-katta reklama, e’lon, afishalar yoki davlatning yuzi – rasmiy hujjatlarda xatolar baqrayib qarab tursa, hali yozuv o‘ylab topilmagan davrga qaytging keladi…
Xullas, “So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor” deganlaridek, to‘g‘ri va o‘rinli gapirishga o‘rganishimiz zarur, zero go‘zal ona tilimiz kelajak avlodga beziyon, beshikast yetib bormog‘iga barchamiz mas’ulmiz!
Komila HAMROYEVA,
O‘zMU Jurnalistika fakulteti
2-bosqich talabasi