Sust va qat’iyatsiz insonlarni o‘zimiz tarbiyalaymiz
Sust va qat’iyatsiz insonlarni o‘zimiz tarbiyalaymiz
Voyaga yetmaganlarning turmush qurishi o‘tmishda qolgan, deb o‘ylaydi ko‘pchilik. Ammo unday emas. Ayni biz yashayotgan davrda ham bu muammo eng og‘riqli masalalardan biridir. Bo‘lajak ota-onaning turmushga hali tayyor emasligi, ularda hali bolalik davri to‘lig‘icha yakunlanmaganligi, mehnatga layoqatsizligi va oilani moddiy va ma’naviy tomondan ta’minlab berolmasligi tufayli erta turmush me’yoriy hujjatlar asosida man etilgan.
Keling, bu jarayonni ko‘z oldimizda jonlantirib ko‘ramiz. Voyaga yetmagan ikki jins vakillari turmush qurishdi deylik, aksariyati bir yil o‘tar-o‘tmas farzandli bo‘lishlari tabiiy hol. Turgan gapki, farzandga onaning mehri o‘zgacha. Ammo o‘zi hali go‘dakdek mehrga muhtoj. Oilaga, ro‘zg‘or ishlariga yetarlicha tayyor bo‘lmagan har qanday kelinchakning uyida tez-tez urush va janjallar bo‘lish ehtimoli juda katta. Bu esa hali aqli to‘lig‘icha shakllanmagan farzandda qo‘rquv, stressni keltirib chiqarishi mumkin.
Afsuski, ruhiy jihatdan sustlashgan, qat’iyatsiz, shaxsiy fikri bo‘lmagan va xulqi yomon odamlarni jamiyatimizda ko‘p uchratyapmiz. Bu ko‘p holatlarda bolaligimizdagi turli xil qo‘rqitishlar, kattalar tomonidan qo‘llangan noto‘g‘ri tarbiya usullariga borib taqaladi.
Avvallari farzandlari uxlamasa onalar alla aytib sokinlik bilan bolani uyquga yotqizar edi. Hozirgi zamonaviy “mehribon” onalarimiz esa farzandlariga alla aytish o‘rniga uxlamasang hozir seni “uji, buji” ga berib yuboraman” deb qo‘rqitishadi. Bu esa bolaning xotirjamligini buzadi. Bola nafaqat o‘ngida, balki tushida ham qo‘rqadigan bo‘lib qoladi. Hattoki, bir oylik chaqaloq ham tush ko‘radi. Tush – bu kun davomida eshitganlarimiz, ko‘rgan-kechirganlarimiz, o‘y-fikrlarimizning uyqumizda jonlanishidir. Shunday ekan, bola uyquda tinch, osuda yotishini xohlaydigan bo‘lsak, albatta, unga alla aytish shart. Har kuni aytilayotgan alla va undagi ezgu orzu-umidlar bolaning ongiga singib boradi va shunga loyiq bo‘lishga harakat qiladi. Aksincha, yuqoridagi turli xil qo‘rqitish yo‘llari bilan bolani uyquga yotqizadigan bo‘lsak, “uji yoki buji” nimaligini bilmasa ham unda qo‘rquv vujudga keladi.
Ba’zi onalar yoshiga to‘lmagan go‘dak yostig‘i tepasiga telefonda qo‘shiq qo‘yib uxlatisharkan bolani. Telefondan taralayotgan radiatsiya nuri endi rivojlanayotgan bolaga zarar qiladi. Qolaversa, yangrayotgan tarona ming sokin va yoqimli bo‘lmasin u ona dard-u nolasini, mehr-u muhabbatini ifodalovchi allaga teng kelolmaydi. Ko‘plab onalar tezroq uxlamasa telefondagi o‘yinlar bilan bolalarini jim qilish yo‘liga o‘tishgan. Ha, bola haqiqatan charchaydi, uning miyasi ozor chekyapti, sezmaysizmi? Uxlasa ham u o‘yin ta’siridan chiqolmaydi, bu bolani qanchalik charchatadi.
Ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi mehrning mustahkamlanishida ham allaning o‘rni juda katta. Alla ta’sirida farzand doimo ota-onasiga, el-yurtiga kerakligini his qilib turishi, ota-onasining undan umidi kattaligini sezishi va kelajakda yaxshi inson bo‘lib yetishishi kerakligini anglashi lozim. Shundagina bola jismonan baquvvat, ruhan tetik va aqlan komil inson bo‘lib yetishadi. Bolaligida bunday tarbiya olgan inson ota-onasiga munosib farzand bo‘ladi.
Ravshan ABDULLAYEV,
GulDU talabasi