Tabiat ham aza tutadi
Tabiatni onaga mengzaymiz. U haqda olam-olam maqtovlarni soatlab gapiramiz. Axir, tabiat vujudidagi bor ne’matini tuhfa etadi: yediradi, ichiradi, havo beradi. Ammo hech o‘ylab ko‘rdikmi? Tabiat bizga berayotgan ne’matlar hadyami yoki qarz? Biz tabiat in’omini qadrlayapmizmi?!
Ona farzandini to‘qqiz oy qornida asrab, o‘zi yemay-yediradi, bir shaxs sifatida insonga nima kerak bo‘lsa, hammasini beradi. Onangizdan hech so‘rab ko‘rganmisiz: “Ona, menga qilgan yaxshiliklaringiz qarzmi?”, deb. Yo‘q, chunki onada qarz bo‘lmaydi. Tabiat ham shunday, u borlig‘idagi narsalarni bizga onaday mehribonlik bilan shunchaki beradi, hech qachon hech narsa talab qilmaydi. Balki talab qilmaganligi uchundir, uni ba’zan toptaymiz yoki toptashlariga yo‘l qo‘yib beramiz.
Yaqinda bir voqeaning guvohi bo‘ldim: maysa ustida tamakining tutab yotganini ko‘rib, yuragim uzilib tushganday bo‘ldi. Shosha-pisha chiqindi idishga uloqtirdim. Maysaning besh-oltitasi(undan ham ko‘pdir) tamaki tutunidan sarg‘ayib qolibdi. Nahotki, mana shu qotilning shuuridan bir bahyaga “Ularning ham joni bor” degan fikr o‘tmadi. O‘sha lahzada xayolimda bir savol charxpalakdek aylandi: balki tabiat ham aza
tutar...
E’zoza XO‘JAYOROVA,
O‘zJOKU talabasi