Tafakkurning 64 nuqtasi”da chegarasiz cheksizlik
“Tafakkurning 64 nuqtasi”da chegarasiz cheksizlik
Shaxmat ko‘p o‘ynalgan, she’r ko‘p yozilgan,
Odamiy yurishlar hammamizga yod.
Bobolar o‘ynagan o‘yinlar bilan
Ular nabirasin qilib bo‘lmas mot.
(Erkin Vohidov)
Har bir o‘zbekning uyida shaxmat bor, men buni ko‘rganman. Har bir o‘zbekning shaxmat haqida aytadigan gaplari bor. Men bunga ishonaman. “Tafakkurning 64 nuqtasi” kitobini o‘qir ekanman, qalbim tubiga bekingan bolalik yilt etib qorachig‘imdan mo‘ralay boshladi, hali sochini eplab taray olmaydigan qizchaning xotira “fleshkasi”ga xiragina “yozilgan” shaxmat donalari shivir-shivir qilib, o‘sha paytlardan gapira ketdi: “Menga oq, senga qora”, “Yo‘q, menga qora, doim shunaqa qilasan”, “Kim birinchi terib bo‘larkan?”, “Shaxmatda “zapik” yo‘q-a, aya?”, “Men yutdim!”, “G‘irromchi, o‘ynamayman”... Bu kichkina bolaligimning dunyoga sig‘maydigan darajadagi ulkan qichqiriqlari edi. Moychiroqning hozir eslasam yoqimli tuyiluvchi isi kelib turgan o‘sha kechada shaxmat donalari necha bor terilib, alam bilan necha bor uloqtirilgan ekan-a? Ich-ichimdan kuchli kulgi qo‘zg‘alyapti: o‘sha paytlarda ham mag‘lubiyat alamiga sira chidolmagan ekanman-da, deb.
Lekin “tan olish” ham kerakki, shaxmatni hech qachon “yomon” o‘ynamaganman: O‘zim o‘zimning turnirlarimda doim peshqadam edim, o‘zim o‘zimning chempionatlarimda hamisha chempion bo‘lganman. Eng muhimi ham shu emasmi? Shaxmat — hayot, hayot— shaxmat taxtasi, siz bunda “to‘ralarcha yurish” bilan “piyodadan farzinlikkacha” yetib borasiz, buni uddalay olsangiz bo‘lgani. Axir avstriyalik yozuvchi Stefan Sveyg aytganidek: “O‘zingizga qarshi o‘ynash o‘z soyangizdan sakrab o‘tishga o‘xshashdir”.
Murtazo Rahmatov, Anvar Shukurov, Bahriddin Zaripovlarning muallifligidagi “Tafakkurning 64 nuqtasi” kitobi ham ana shunday chegarasiz cheksizliklar haqida so‘zlaydi. Unda shatranj o‘yinining paydo bo‘lishidan tortib bugungi kundagi rivojigacha so‘z boradi. Kitobda har bir ma’lumot ishonchli manbalar bilan dalillanganini, faktlar ham o‘z o‘rnida, mos qo‘llanganini ko‘rishimiz mumkin: “Xamfri universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 1880-yildan boshlab AQSH prezidentlarining 89 foizi, ya’ni har 9 nafaridan 8 nafari, respublikachilardan esa 35 foizi (har 14 tasidan 5 nafari) ashaddiy shaxmatchi bo‘lgan”.
Kitobning “Shaxmatning vatani qayer?” sarlavhali qismida esa tarixiy haqiqatning tiklanganini isbotlashga samarali urinilgan. Unga ko‘ra “1996-yili yaponiyalik arxeologlar O‘zbekiston janubidagi qadimiy Dalvarzintepa hududida
Kushon imperiyasi davriga oid ikkita noyob shaxmat haykalchasini topishga muvaffaq bo‘lishgan. Bu esa qadimiy O‘zbekistonda miloddan avvalgi II asrda shaxmat o‘yini bo‘lganini anglatadi. ...Ushbu tarixiy dalillar va ilmiy asoslar asli shaxmat Markaziy Osiyo mintaqasida paydo bo‘lgan, degan qarashni ilgari surish uchun yetarlidir”.
Qolaversa, kitobda “Shaxmat va hayot” rukni borki, undagi qiziqarli hikoyatlar, hayotiy hangomalar o‘quvchilarni zeriktirib qo‘ymaydi: “Shaxmat bo‘yicha bir necha karra jahon chempioni Maks Eyve poyezdda ketayotganida notanish hamrohi unga vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yo‘l-yo‘lakay shaxmat o‘ynab ketishni taklif qiladi. To manzilga yetgunlaricha 5 partiya o‘ynashgan bo‘lsa-da, nuqul yutqazaverganidan jig‘ibiyron bo‘lgan sherigi, oxiri shaxmat taxtasini bir chetga uloqtirib o‘ziga-o‘zi deydi: — Jin ursin, ishxonada meni “Tashkilotimizning Eyvesi” deb maqtashardi. Naqd besh marta chempion bo‘lganman. Kelib-kelib bitta ko‘chadagi odamga yutqazib tursam-a?! Tanishlar eshitib qolsa, rosa ustimdan kulishsa kerak”.
Kitobning tarixiy miniaturalar va sifatli suratlar bilan bezatilgani ham shaxmat ixlosmandlariga xush yoqishi aniq. Ammo aksar rasmlar to‘liq izohlanmaganligi qiziquvchilarning e’tiroziga sabab bo‘lishi mumkin. Suratlarda kimlar borligi va qanday maqsad bilan yig‘ilishganligi ham ko‘rsatilganda maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Sohibqiron Amir Temur homiysi, Alisher Navoiy ham ixlosmandi bo‘lgan bu o‘yin yurtimiz faxriga aylanib ulgurgan. Kitobda umidli yosh grossmeysterlarimizning erishgan natijalari ham keltirilgan bo‘lib, bu yosh shaxmatchilarga ulkan motivatsiya berishi mumkin.
Xolida MUSURMONOVA