Taqdir o‘yini
— Zulayho, nega doim yerga qaraysan? Loaqal bir marta bo‘lsa-da ko‘zlarimga tik boqsang-chi?
Yusufning so‘zlari shunday mayin ediki, hatto esayotgan shamol ham bir dam tin olgandek bo‘ldi. Zulayho boshini ohista ko‘tardi. Shunda nigohlar to‘qnashdi. O‘tli ko‘zlarda sevgi tug‘yon urardi.
— Seni sevaman, Zulayho! — Yusufning qo‘llari qiz tomon talpindi. “Men ham…”, deya pichirladi Zulayhoning lablari. U baxtiyor edi. Chunki sevib-sevilmoq baxti nasib etgandi unga.
Kunlar, oylar o‘taverdi. Vaqt o‘tgani sayin ko‘ngil rishtalari tobora mahkam bog‘lanardi. Bahor havosi o‘zgaruvchan. Quyosh charaqlab turganida birdaniga osmonni qora bulut qoplab yomg‘ir quyib beradi. Go‘yo bir nimadan o‘ksingandek osmon yig‘laydi.
Yoshlar baxtiyorligining keyingi kunlari xuddi bahorning o‘zgaruvchan havosiga o‘xshab ketganday bo‘ldi. Ular uchrashadigan bog‘ chekkasidagi o‘rindiq yolg‘izlanib qoldi. To‘g‘ri, Zulayho bu go‘shani ko‘p bora yo‘qladi, lekin Yusufdan darak bo‘lmasdi. Qiz esa hayron.
Kunlarning birida ular yana o‘sha joyda uchrashdilar. Yusuf ancha o‘zgargan, o‘ng qo‘lida tilla uzuk yaltirab turardi. Uzukka ko‘zi tushgan Zulayho allanechuk bo‘lib ketdi, ichidan otilib chiqayotgan nidoni bazo‘r to‘xtatdi.
— Zulayho, meni kechir. Onam Nigoraga… Senga hammasini...
Qiz Yusufning gaplarini eshitmadi, yig‘lagancha tez-tez yurib ketdi. Uyiga kelgunicha yig‘ladi. Boshqa nima ham qilardi u.
— Oddiy dehqonning qizi bo‘lsam, men ularga tenglasha olarmidim. Nigoraning otasi bazaga direktor, puldor. Axir boylikka o‘chlik bor-ku insonda. Yusuf ham bundan mustasno emasdir, — u o‘zicha baxtsizligining sabablarini axtarardi. Nachora, Zulayho taqdirga tan berib, ishga sho‘ng‘ib ketdi. Kasalxonada hamshira bo‘lib ishlardi. O‘zinikini emas, bemorlarning dardini tinglardi.
Hayot tasodiflarga to‘la ekan. Zulayho Yusuf bilan yana uchrashdi. Lekin boshqacha holatda. Birdaniga qizning mehri tovlanib ketdi. Shuning uchun ham bosh vrach huzuriga dadil kirdi. Bemorga qon quyish kerakligini eshitgan qarindoshlardan sado chiqmaganini ko‘rib, insonlarga mehrli har bir qalb egasi shunday qilishi tayin:
— Vohid Qodirovich, bemorga men qon beraman.
— Yo‘q, Zulayho, sendan qon ololmaymiz.
— Axir u o‘lib qoladi-ku! — dedi qiz kipriklarini pirpiratib.
— Tushunsang-chi qizim, bu mumkin emas. Qolaversa, o‘zingning ahvoling...
Qiz yana dadillandi:
— Menga hech narsa bo‘lmas. Surishtirdim, qon guruhimiz to‘g‘ri kelar ekan…
Oxiri bosh vrach rozi bo‘ldi. Operatsiya uzoq davom etdi. Ertalabgacha hech kim mijja qoqmadi. Jarrohlik xonasidan chiqqan Zulayhoning ko‘zlari yulduzdek chaqnar, chehrasidan mamnunligi sezilardi.
— Yusuf akam yashaydi. Ha, ha! U albatta yashaydi, — dedi o‘tirganlarga qarata xursandligini yashirolmay.
O‘sha kecha Yusufning ahvoli og‘ir edi. Axir, me`yorsiz shakarguftorlikdan so‘ng mashina boshqargach, manzilga omon yetmoq dargumon.
Vaqt o‘tdi, muolajalar nafi tegdi. Yusuf oyoqqa turdi. Unga uyiga ruxsat berishdi. Shunda Yusuf minnatdorchiligini bildirish uchun bosh vrach xonasiga kirdi.
— Vohid Qodirovich, sizga qanday minnatdorchilik bildirishga hayronman. Ming rahmat! Dunyo turguncha turing ilohim. Siz mening hayotimni saqlab qoldingiz.
— Yusufjon uka, sizga ham rahmat. Narigi dunyoga ketishingizga bir bahya qolgandi-ya, lekin irodangiz kuchli ekan. O‘zingiz ham katta yordam berdingiz. Minnatdorchiligingizni anavi qizga aytasiz, — Vohid Qodirovich qo‘shni xonada bemor bilan gaplashayotgan hamshirani ko‘rsatdi. – U qiz o‘lim to‘shagida yotganingizda sizga qon, ham jon berdi.
Yusuf derazadan qararkan, Zulayhoni ko‘rib titrab ketdi.
— Axir. . . axir u Zulayho-ku, — deya bosh vrach xonasidan o‘qdek otilib chiqdi.
— Zulayho!
Zulayho yalt etib Yusufga qaradi. Ko‘zlar bir-biriga qadaldi. Oh bu ko‘zlar! Ne ma’noni o‘zida jo qilgan bu ko‘zlar. Balki...
Zulxumor QALANDAROVA,
Yangiariq tumanidagi 31-IDUMning ona tili va adabiyot fani
o‘qituvchisi