Tarixning hasratli sahifasi
yoxud “Milliy istiqlol” tashkiloti rahbarlaridan biri Isroiljon Ibrohimovning ayanchli taqdiri haqida
Mustaqillik maydoni Istiqlolining 30 yilligini nishonlayotgan O‘zbekistonning bosh maydoni. Maydonga har tong baland tog‘lar osha ilk zarrin nurlarini sochadigan quyoshga peshvoz turadigan Ezgulik arkasi orqali kiriladi. Ark tepasidagi turnalar go‘yo shodlikdan, hurlikdan qanot qoqib sizni kutib olayotganday. Turnalar tinchlik, birlik, jipslik timsoli. Bu ramz — mamlakatimiz, el-yurtimiz tinch va osoyishta yashayotganligini anglatadi.
Albatta, bunday farahbash kunlarga osonlikcha erishilmadi. Millatimizning asl farzandlari bu dorulsaodat kunlar uchun o‘z jonlarini qurbon qildilar. O‘g‘il-qizlari, jon-u jigarlari ularga bosilgan “josus”, “xoin”, “xalq dushmani” singari og‘ir tamg‘alar tufayli, to oqlangunlaricha iztirob ichida, quvg‘inda, qochqinlikda yashadi.
Shahnozaxon opa hikoyasi
— Bobom Isroiljon Ibrohimov qatag‘on qurboni bo‘lgan ma’rifatparvar va elparvar insonlardan biri edi, — deydi Shahnozaxon Isroilova. — U o‘tgan asrning 20-yillarida faoliyat ko‘rsatgan “Milliy istiqlol” uyushmasi rahbarlaridan biri bo‘lgan. 1929-yil 6-noyabrda ushbu uyushma a’zolaridan Munavvarqori va 87 nafar shaxs “Milliy istiqlol”chilar sifatida qamoqqa olinadi.
Bobom 1868-yili Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 2-Illa mahallasida yirik sarmoyador Ibrohimboy xonadonida dunyoga kelgan. U zamonaning eng ilg‘or, bilimli, ma’rifatli, saxovatli boylaridan biri bo‘lgan ekan. 1929-yil 6-noyabrida hibsga olinib, 1931-yilning 29-aprelida xalq dushmani nomi bilan otib o‘ldirishga hukm etiladi.
Otam Isoqjon Isroilov bobomni 5 yoshlarida qamoqda yotganlarida borib ko‘rgan ekan. Bu voqeani “men bilan borganlar otamni ko‘rishiga ruxsat bermagandan so‘ng, qamoqxona qorovuli meni ko‘tarib, otam yotgan kameraga olib borgandi. Yonlaridagi kishini ham tanigandim. U kishi uyimizga kelib turadigan Munavvarqori Abdurashidxonov edi. Bu mudhish tarixni varaqlash men uchun juda og‘ir, bolalarim”, deb eslardi o‘sha mash’um damlarni.
O‘shandagi uchrashuv oxirgisi ekan. Erta-indin taqdiri nima bilan tugashini kutib yotgan Isroiljon bobom 5 yoshli norasida jigargo‘shasiga obdon tikilib turib, so‘ng duo qilgan ekan. Nazarimda bobom ushbu duosi orqali butun eliga, xalqimizga Yaratgandan ro‘shnolik, hurlik, ozodlik tilagan bo‘lsalar, ne ajab. Ehtimol, bugungi erkin va baxtiyor kunlarimiz bobomga o‘xshaganlar tortgan jabr-u sitam, og‘ir kunlarga duchor bo‘lganlarning duolari ijobatidir.
Bobom Isroiljon Ibrohimov Toshkentning “Egachi” va “Qashqar” mahallalarida eng yaqin do‘sti va safdoshi Munavvarqori Abdurashidxonovga ichki va tashqi hovlili maktab qurib bergan ekan. Bundan tashqari, millatimiz ziyolilari vakillariga Turkiyadan keltirilgan kitoblarni tez-tez ulasharkan. Toshkentdan Sirdaryogacha cho‘zilgan yer va mol-mulkidan tushgan foyda evaziga ularni muntazam moddiy ta’minlab turgan ekanlar. Bobom rus, nemis, fransuz tillarini mukammal bilgan. Fransiya davlatining faxriy fuqarosi sifatida u yerda katta e’tiborga loyiq ko‘rilgan. Bunday nomga mamlakatimizda sanoqli kishilar sazovor bo‘lganligi sababli buning tarixini tarixchilar o‘rgansa arziydi. Parijda o‘sha davrdayoq o‘zbek xalqi nomidan savdo yarmarkalarini tashkil qilganligi sharafga loyiq. Shukrki, kech bo‘lsa-da otam 1992-yil sentabrda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasidan bobom Isroiljon Ibrohimov to‘la oqlanganligi to‘g‘risidagi maktubni olgandi.
“Milliy istiqlol”chilar kim edi?
Shu yerda bir haqli savol tug‘iladi. “Milliy istiqlol”chilar kim edi?
Birinchidan, ular davlat idoralarida hech bo‘lmaganda ellik foiz yerli millat farzandlari rahbarlik lavozimlarida ishlashini talab qilgandilar. Ikkinchidan, O‘zbekistonning barcha boyliklari markazga oqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidlaganlar. Uchinchidan yer-suv islohoti o‘lkada noto‘g‘ri o‘tkazilayotganligidan ularning noroziligini ko‘ramiz.
Muhim hujjat qabul qilindi
Davlatimiz rahbari o‘tgan yil 31-avgust kuni “Qatag‘on qurbonlari muzeyi”ga tashrifi chog‘ida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqotda: “Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilg‘or ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatag‘on qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lar edi, xalqimizni oldinga boshlardi” degan edi. Shuningdek, muzey faoliyatini bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish, o‘tgan davr mobaynida qatag‘on mavzusini ilmiy o‘rganish borasida amalga oshirilgan ishlarni, yangi topilayotgan Isroiljon Ibrohimov singari millatimiz asl farzandlari haqidagi ma’lumot va faktlarni keng yoritish, tariximizning ana shunday fojiali sahifalari haqidagi haqiqatni jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlodga xolis va haqqoniy asosda yetkazish zarurligi to‘g‘risida topshiriqlar berib, fikrlar bildirgandi. “Qatag‘on qurbonlari muzeyi”ni milliy g‘oya asosida ta’sirchan tarbiyaviy maskanga aylantirish maqsadida tegishli sharoitlar yaratish, xususan, muzeyning ilmiy ekspozitsiyasini yangidan shakllantirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga qator vazifalar qo‘yildi.
O‘tgan yil 8-oktabrda Prezidentimizning “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi e’lon qilindi.
Tarixiy ma’lumotlarni xolis va haqqoniy o‘rganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday og‘ir va mashaqqatli kurashlar bilan qo‘lga kiritilganini, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrabavaylab, qadrlab yashash kerakligini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi.
Farmoyishda qatag‘on qurbonlari merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirish uchun turli ilm-fan, ta’lim, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bilan shug‘ullanadigan mas’ul tashkilotlarga keng qamrovli vazifalar yuklangan. Ayniqsa, xorijdagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilishi tahsinga loyiq.
“Ko‘nglimga halovat berdi”
— Prezidentimizning “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishiga mos bobom Isroiljon Ibrohimovning ham faoliyati yanada chuqur o‘rganila boshlandi, — deydi Shahnozaxon Isroilova. — Masalan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz, O‘zR FA “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi, O‘zR FA Tarix institutining yetakchi ilmiy xodimlari tomonidan Isroiljon Ibrohimovning shonli hayot yo‘li va fojiali taqdiri o‘rganilmoqda. U haqda hozirgacha to‘plangan materiallar asosida O‘zbekiston televideniyesida maxsus ko‘rsatuv tayyorlanib, efirga uzatildi. “Milliy istiqlol” tashkiloti a’zolariga bag‘ishlangan risola va maqolalarda bobomga alohida urg‘u berilgan. Tarix instituti tomonidan nashrga tayyorlangan “O‘zbekiston tarixi (1917–1991-yillar)” kitobida ham Isroiljon Ibrohimov nomi qayd etildi. Shuningdek, “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi”da chop etilgan “Milliy ittihod” maqolasida ham bobom Isroiljon Ibrohimov faoliyat yuritgan tashkilot va uning atrofidagi voqealarga to‘xtalingan.
Ajdodlarimiz oldidagi insoniy burchimizni ado etishga imkon tug‘ildimi, buni oxiriga yetkazishimiz kerak. Shunday ekan, ozod Vatanda tug‘ilib, kamolga yetayotgan yoshlarga erk va ozodlik yo‘lida ular qilgan ishlarning barchasi oydin bo‘lishi kerak. Isroiljon Ibrohimovning nomi o‘zi tug‘ilgan mahalla, ko‘cha yoki maktabga qo‘yilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
So‘nggi so‘z o‘rnida
Poytaxtimizdagi Shahidlar xiyoboniga borib turing. Shiddatli Bo‘zsuvning suvi ham bu yerda sokin va allaqanday g‘amgin oqayotgandek tuyuladi. Bu yerga kelganingizda, albatta, kipriklaringizga yosh qalqiydi. “Munojot”ning mungidek og‘ir bir ohangni his qilasiz. O‘tgan asrning 30-yillari boshida qatag‘on va qatliom qilingan “Milliy istiqlol”chilarning ruhlari ham bu maskanda orom topgan bo‘lsa ne ajab.
Ma’murjon QIYOMOV,
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi