Teran fikrlaydigan odamlar olami
Xurshid Do‘stmuhammad asarlari markazida asosiy qahramon sifatida muallifning o‘zi turadi. U ayni qissalarda o‘zining Odam va Olam to‘g‘risidagi iztirobli o‘ylarini, inson tabiatining jumboqlari xususidagi dardli kechinmalarini, odamlararo munosabat murakkabligi haqidagi mushohadalarini ma’lum qiladi. Xuddi mana shu jihat adib asarlarini ich-ichidan o‘zaro birlashtirib turadi. Bu qissalarning har biri talaygina o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘lgani holda, ular o‘zaro uyg‘unlashtirib turadigan yana bir xususiyatga ega. Ya’ni mazkur asarlarning barchasida o‘z-o‘zi bilan kurashib, ich-ichidan iztirob chekayotgan, o‘zining xatti-harakati, holatiga aniq “tashxis” qo‘yolmasdan ikkilanayotgan, tevarak-atrofidagilarning xulqi, fe’l-atvoridagi illatlar, ularning o‘zaro munosabatlaridagi murakkabliklar to‘g‘risida o‘ylab o‘rtanayotgan odamlar olami ko‘rsatiladi. Bu olam esa, aytish mumkinki, har bir kishining o‘zini yaqindan tanib olishiga, kundalik turmushning o‘ziga mavhum bo‘lib kelayotgan jumboqlarini oz-moz bo‘lsa-da idrok qilishiga yo‘l ochadi.
Muallifning bundan qirq yil avval bitgan “Nigoh” qissasi ham, keyingi “Yolg‘iz”i ham shunday salmoqqa ega. Adibning “Panoh”, “Oromkursi”, “Chayongul...”, “So‘roq”, “Qichqiriq”i ham odam tabiatining sirli jihatlarini salgina bo‘lsa-da, tushunib olishingizda kalit bo‘la oladi. “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Kuza...”si ham sizga o‘zingizni anglash, boshqalarning kayfiyati, holati, dardini his qilishda ko‘maklashadi, odamlararo munosabatlarning sirli, jumboq jihatlariga kirib borishingizda o‘ziga xos ochqich vazifasini bajaradi. Xurshid Do‘stmuhammad asarlarini o‘qiganlar ular xuddi shunday xususiyatga ega ekanligiga, albatta,
ishonch hosil qiladi. Chunki muallif o‘z asarlarida personajlarning xatti-harakati, holati, kayfiyatini qalamga olish orqali insonning ichki olamiga nigoh tashlaydi, har bir odam doim o‘zini so‘roq qilishiga e’tibor qaratadi, tabiatan tomoshabin, kuzatuvchi qilib yaratilgan inson shunday beorom, tinib-tinchimas mavjudot ekaniga urg‘u beradi, har bir odam ham o‘z qobig‘iga o‘ralib, ham boshqalarga talpinib yashagani tufayli muttasil o‘z-o‘zini taftish qilib, hamisha ikkilanib, iztirob chekib, o‘rtanib yurishini ta’kidlaydi. Aslida hamma – shoh ham, gado ham o‘zining abadiy hamrohi bo‘lgan ana shu tuyg‘u – turli shubha-gumonga borib, ikkilanish muammosi tufayli qiynaladi. Chunki prezidentlar, vazirlar ham, ota-onalar ham kimgadir biror gapni aytishdan, biror ishni boshlashdan oldin xato qilib qo‘yish, yanglishib qolishdan qo‘rqadi. Negaki, hech kim chiqargan hukmi, qiladigan xatti-harakati, amali qanaqa natija berishi, uning oqibati qanday bo‘lishini oldindan bilolmaydi. Shu bois odam kim ekanligidan qat’i nazar, o‘zining hayot yo‘lida sezib-sezmasdan, bilib-bilmasdan ko‘p qoqiladi, aksariyat istak-xohishlari amalga oshmaydi va bundan u ich-ichidan o‘rtanib azoblanadi.
Xurshid Do‘stmuhammad qirq yil davomida bitgan asarlarida odam biror muammoga duch kelganida dabdurustdan sergak tortib, faol mushohada yurita boshlashi, ko‘rgan-kechirganlarini eslab, ko‘z o‘ngida kechayotgan hodisalarni favqulodda sinchkovlik bilan tahlil qilishi, o‘shanda unga boshidan kechirgan, kuzatgan, guvohi bo‘lgan voqea-hodisalarining qaysidir nuqtasi bo‘rtib ko‘rinishiga e’tibor qaratadi va ana shu nuqtani hikoya, qissa, romanlari markazidan “qizil ip” qilib o‘tkazadi hamda uni asariga sarlavha – nom qilib qo‘yadi. Bu esa uning asarlaridagi barcha unsurlarni o‘zaro uyg‘unlashtirib, ularning kompozitsiyasiga yaxlitlik bag‘ishlaydi. Ayrim qalamkashlarning asarlari nomi ko‘pincha ularning mazmuniga unchalik mos kelmaydi. Alohida ta’kidlash kerakki, Xurshid Do‘stmuhammad hikoya, qissa, romanlarining “chok”i deyarli sezilmaydi. Ularda bo‘sh, salqi o‘rinlar, asoslanmagan, unutib qo‘yilgan nuqtalar ko‘p-da ko‘rinmaydi. Adibning dastlabki asarlari ham, keyingi yozganlari ham yaxlit ohangga asoslanishi bilan diqqatni tortadi. Yozuvchi “Nigoh”, “Panoh”da ham, “Oromkursi”, “So‘roq”da ham, “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Hijronim mingdir mening”da ham, “Kuza...”, “Qichqiriq” va “Yolg‘iz” qissalarida ham o‘zini so‘roq qilib azoblanayotgan, boshqalarni kuzatishdan diqqati oshib, iztirob chekayotgan, qanday yo‘l tutishni, nima qilsa to‘g‘ri bo‘lishini bilolmasdan ikkilanayotgan odamlar obrazini gavdalantirib, ularning ziddiyatga to‘la ichki olamini ochib beradi.
Xurshid Do‘stmuhammad asarlarida dastlabki jumlada e’tibor qaratilgan voqelik personajlarning kechinmalariga turtki bergan omil ekani bilinib turadi. Personajlarning his-tuyg‘u, kechinmalari “Nigoh”, “Panoh”, “So‘roq”ning ham, adibning boshqa asarlarining ham asosiy tasvir predmeti sanaladi. Muallifning o‘zi, uning ichki olami ushbu qissalarning muhim mavzusi bo‘lib ko‘rinadi. Ayni asarlar adibning dil qulfini ochgan kalitga o‘xshaydi. Chunki ularda hayotda kechadigan voqealar naqli emas, ular ta’sirida tug‘iladigan kechinmalar tasviri ustuvorlik qiladi. Voqea nima? Voqea – odamlarning xatti-harakati va o‘zaro munosabatidan yuzaga keladigan natija. “Sinchalak”, “Muqaddas”, “Erk”, “Bahor qaytmaydi” qissalarida personajlar ishtirokidagi ana shu jarayon bevosita ko‘rsatiladi. O‘zbek adabiyotining ushbu eng yaxshi namunalaridan farqli holda, Xurshid Do‘stmuhammad asarlarida voqelik personajlarning kayfiyati, holati, his-tuyg‘u, kechinmalari orqali aks ettiriladi. Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimov qissalarida xulqi, tabiati, fe’l-atvori bir-biriga tamoman zid personajlar o‘rtasidagi munosabatlar ifodalansa, “Panoh”, “So‘roq”, “Oromkursi”da, muallifning boshqa qissalarida adabiy qahramonning o‘zi yashayotgan muhitga, undagi odamlarga munosabati va o‘z-o‘zi bilan munozarasi old planga qo‘yiladi. Shuning uchun ushbu qissalarda asosiy qahramonning o‘z-o‘zi bilan munozarasi asosiy o‘rin tutadi. U atrofdagilarning o‘ziga nisbatan munosabatini taftish qilar ekan, ularning qiyofasi, ko‘z qarashi, gapirish ohangini xayolidan bir-bir o‘tkazadi va diqqatini oshirgan muammoning yechimini topolmasdan ikkilanib, iztirob chekadi, o‘zidan va boshqalardan shubhalanib, turli gumonlarga boradi.
Xurshid Do‘stmuhammad asarlari qahramonlari “Sinchalak”dagi Saida singari harakatchan, tashabbuskor, kurashchan emas. “Nigoh”dagi Bek ham, “Panoh”dagi Ahmadali ham, “Oromkursi”dagi Ko‘klam Tongotarov ham, “Chayongul”dagi quyiqishloqliklar ham, “So‘roq”dagi Bozor ham, “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Kuza...”, “Katta ko‘cha”, “Yolg‘iz”dagi qahramonlar ham ko‘pchilikning biri bo‘lib, kuni o‘tganiga shukr qilib yashaydi. Ammo ular, masalan, Bozor o‘zini benarvon uradiganlar toifasidan sanamasa-da, juda ham go‘l, valakisalang deb ham bilmaydi (Do‘stmuhammad X. Qissalar. – Toshkent : “Sharq”, 2001. – 512 b. – 260-bet). Muallif ana shu oddiy odamlar qalbida ham bir-biriga zid o‘y-kechinmalar, qarama-qarshi his-tuyg‘ular qirg‘oqlariga sig‘masdan hayqirib oqadigan daryo misoli shiddat bilan oqishini ko‘rsatadi. Shu maqsadda qahramonlarning lahzalar ichidagi holatini: “O‘sha lahzadagi xatti-harakatini, shunday xatti-harakat qilishga yo‘l qo‘ygan fe’lidagi ajabtovur, g‘ayrishuuriy o‘zgarishni butkul anglab yetolmadi. Peshonasini devorga urib yorguday bosh qotirdi, ana o‘shanda ko‘nglidan o‘tgan gapni, yo‘q, gap emas, balki nimanidir esladi: tormoz dastagini siltab tortishdan bir nafas avval, “Nima bo‘lsa bo‘lar-e!” deb yubordi!.. Yo‘q, ovoz chiqarib aytmadi, balki “ Volga ”ga taraqlab urilishdan yetti, olti, besh, to‘rt qarich, ya’ni yarim, chorak, nimchorak daqiqa qolgan lahzalarda “Nima bo‘lsa bo‘lar-e!” degan gap kamon o‘qidek shiddat bilan xayolini tilib o‘tdi. Bek uni hali hech kimga aytmadi, aytish u yoqda tursin, o‘zicha tahlil qilib, tan olishga ham cho‘chidi, yanayam to‘g‘rirog‘i, batafsil muhokama qilishga sabr-toqati yetmadi” (O‘sha manba. 41-bet) tarzida qalamga oladi. “Sinchalak” yoki “Bolalik”da, “Muqaddas” yoki “Erk”da esa personajlar kayfiyati bu tarzda tahlil qilinmaydi. “Nigoh” matni bilan “Bahor qaytmaydi”ning sahifalari yonma-yon qo‘yib qiyoslansa, O‘tkir Hoshimov qissasi voqealar bayoniga asoslangani, Xurshid Do‘stmuhammadning asarida inson ko‘nglidagi ziddiyatli o‘y-kechinmalar, shubha, gumonga to‘la ikkilanish holatlari tahlili ustuvorligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.
Adib boshqa asarlari, qissalarida ham personajlar holati, kayfiyatini ularning nigohi, ko‘z qarashlaridan anglashiladigan ma’nolar orqali yoritadi, e’tibor qaratilgan mavzuni shu asosda tahlil qiladi. Ko‘z, nigoh, hovli etagidagi uy, kursi bu adib asarlarida personajlar ichki dunyosini, ulardagi o‘z-o‘zi bilan munozara qilib, ikkilanishlardan azoblanadigan odamlar olamini ochib berishda o‘ziga xos vosita vazifasini bajaradi. Adib qahramonlarining ayni narsalarga munosabatini ko‘rsatish asosida ularning hayotga
qarashlaridagi ajabtovur o‘zgarishlar jarayoni bilan tanishtiradi. Chunki odamning fikrlashidagi o‘sish, dunyoqarashidagi o‘zgarish uning narsa-hodisalarga munosabatida namoyon bo‘ladi.
Adibning qirq yil “meva”si sifatida taqdim etilgan asarlaridagi qahramonlar bir-biri bilan ko‘p gaplashmaydi. Ular ko‘proq o‘z-o‘zi bilan so‘zlashib, munozara qiladi, yuzaga kelgan muammoni boshqalar bilan muhokama etib o‘tirmasdan, o‘zicha tahlil qiladi va bu jarayonda turli shubha, gumonlarga borib, o‘zgalardan ko‘ra o‘zini ko‘proq ayblaydi, masalaning yechimini topolmasdan o‘rtanib, iztirobga tushadi. Personajlarning holati, kechinmalarini bunday tahlil etish Xurshid Do‘stmuhammad asarlariga o‘zgacha joziba bag‘ishlab, ularni ich-ichidan nurlantirib turadi.
E’tibor qilinsa, o‘zbek adabiyotidagi aksariyat asarlarda personajlarning boshidan kechgan voqealar naqli muhim o‘rin tutadi va buni ko‘rsatish uchun ularning portreti, voqealar sodir bo‘lgan
zamon va makon manzarasi chizib beriladi.
“Nigoh”, “Panoh”da yoki “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”, “Kuza...”da esa hayot hodisalari va inson obrazini gavdalantirishda boshqacha yo‘ldan boriladi. Ularda adabiyotimizdagi ko‘pgina asarlarga xos voqealar boshlanishi, tuguni, rivoji va yechimidan tarkib topadigan syujet deyarli sezilmaydi. Chunki bu qissalarda barchamiz sevib mutolaa qiladigan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlaridagidek personajlar o‘rtasidagi bahs, munozara, to‘qnashuvlar diqqat markaziga qo‘yilmaydi. Xurshid Do‘stmuhammad personajlarning kayfiyati, kechinmalarini qalamga olish orqali har birimizga tanish voqelikni ko‘rsatib beradi. “Katta ko‘cha”, “Nigoh”, “Panoh”, “So‘roq”ni o‘qiyotganida ko‘pchilik ulardagi personajlar holatini o‘zi ham boshdan kechirganini dabdurustdan eslaydi. Masalan, “Katta ko‘cha”da personajlarning ichki kechinmalari: “O‘rtada g‘o‘dayib turgan azamatboy S.Alievich uchun necha yillardan buyon xizmat oshiyoni vazifasini o‘tagan keng, muhtasham xonaning odmi, lekin serviqor shiftiga rov nazar tashladi-da, turqiyu sumbatiga yarashgan katta-katta ko‘zlarini ma’noli yumdi, so‘ng ovozini chiqarmay, sovuq qotgan odamday kiftini dirillatganicha miriqib, biti to‘kilib hiringladi. S.Alievich azaldan
uning tayoq yutganday gerdayib va to‘rsayib yurishini jini suymasdi, shunga qaramay, har safar ro‘para kelishganida yigitning alp qomatini, shu kelbatiga havasmandligini alohida ta’kidlashdan erinmas, bunga sayin yigit tushmagur, banda-da, oftobda qolgan moyday suyulib ketar, S.Alievichning ko‘z o‘ngida so‘xtasi sovuq, to‘ng nusxadan beg‘ubor va sadoqatli o‘rtoqqa aylanardi-qo‘yardi. S.Alievich shuncha yillar mobaynida iqiga o‘tirishmagan bu nusxa bilan murosa qilib kelishga o‘zini majburlay olgani, mana, shu topda “g‘arq pishib” hosil berayotganidan mamnun edi” (Do‘stmuhammad X. Qichqiriq: Yangi hikoyalar. – Toshkent : “Sharq”, 2014. – 208 b. – 122-bet) tarzida tasvirlanadi. Adib asarlaridagi bu kabi o‘rinlar o‘zbek adabiyotida hayot hodisalari va odam obrazini gavdalantirish, insonning ichki olamiga kirib borishda dadil izlanishlar kechayotganidan darak beradi. Umuman, Xurshid Do‘stmuhammadning qirq yil mobaynida yozganlari, ayniqsa, qissalari zamonaviy o‘zbek adabiyoti faxrlansa arziydigan asarlar sirasiga kiradi. Shu paytgacha o‘zbek adabiyotida hayot hodisalarini bayon qilish ustunlik qilib keldi. Endi esa uning manzarasini Xurshid Do‘stmuhammadning hikoya, qissa, romanlaridagi singari insonning ichki olamini turli tomondan yoritadigan, turmush voqeligi qatlarini ochib, tahlil qiladigan asarlar belgilamoqda. Bu esa o‘zbek adabiyoti jahon adabiyotining tarkibiy qismi sifatida o‘zgarib, yangilanib borayotgani, uning odam olamini tahlil qilib tasvirlash quvvati ortayotganidan dalolat beradi.
“Nigoh”, “Panoh”, “So‘roq”da kishilar o‘rtasidagi munosabatlardagi nuqsonlar, uning natijasida tug‘iladigan noxush kayfiyat g‘amgin his bilan tasvirlanadi. Adibning boshqa asarlaridagi personajlar ham tevarak-atrofidagi kishilarning nosamimiy muomalasini ko‘rib kuzatishdan iztirob chekadi. Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining barcha hikoya, qissa, romanlarida ko‘rib kuzatish inson tabiatiga chuqur singigan xususiyat ekani va u o‘y-fikrlari, kechinmalarning asosiy manbai ekanini ta’kidlaydi. U o‘zini va o‘zgani anglash yo‘lida mashaqqat tortayotgan odam qalbidagi dard, og‘riqlarni chuqur his qiladi, turmush voqeligining boshqalar e’tibor qilmagan qatlamlariga kirib borib, insoniy munosabatlardagi oddiy holatlardan teran ma’no topadi. Bu esa siz o‘qiyotgan asarlar muallifi kishilarning kayfiyati, holatini o‘ziga xos tarzda kuzatib, tahlil qiladigan yozuvchilar sirasiga kirishidan dalolat beradi. Uning asarlarida inson ruhini,
uning dilidagi ziddiyatli kechinmalarni tahlil qilishga intilish va shoirona ifodalash yaqqol seziladi. “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz” qissalarini o‘qiganlar, albatta, bunga
ishonch hosil qiladi. Shu bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, adibning hikoya, qissa, romanlarida “O‘tkan kunlar” romanidagi Homid, Sodiq, Mutal, Jannat singari odamiylik qiyofasini tamomila yo‘qotgan birorta personaj ko‘rinmaydi. Xurshid Do‘stmuhammad qissalarida ham, boshqa asarlarida ham odamlararo munosabatlardagi ziddiyatlar o‘z-o‘zidan emas, sharoit, vaziyat taqozosi bilan yuzaga kelishi, hech bir hodisa sababsiz sodir bo‘lmasligi, har bir odamning kayfiyati, kechinmalari uning hissiyoti bilan bevosita bog‘liqligi, kishining hissiyoti esa birgina qarash, chimirilishdan ham, mayin yoki noxush, yoqimsiz ovozdan ham ta’sirlanishiga urg‘u beradi. “Nigoh” muallifi boshqa qalamkashlardan farqli holda, ko‘ngildan juda tez o‘tadigan turli kechinmalarni aniq ilg‘ab oladi va ularni ishonarli tasvirlab beradi. Yozuvchining “Chayongul yoxud quyiqishloqcha qotillik” qissasini va uning boshqa asarlarini o‘qiganlar, albatta, shunday xulosa chiqarishadi. “Chayongul yoxud
quyiqishloqcha qotillik”da bir qotillik voqeasi naql qilinadi. Lekin undagi biror-bir ishtirokchini ayblab bo‘lmaydi. Chunki qissada fojia sabablari har tomonlama yoritilib, jarayon qatnashchilarining holati, kayfiyati juda ishonarli gavdalantiriladi. Adib boshqa asarlarida ham taqdir, qismat degan bir sirli narsa borligi, u kutilmaganda kishining hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishi, odam har qancha aqlli, uquvli, ehtiyotkor bo‘lmasin, taqdirning o‘yinlari oldida ojiz bo‘lib qolishini ko‘rsatadi va kimnidir ayblash, gunohkor deyish, uni jinoyatchi sifatida jazolash uchun shoshilmaslik kerakligini ta’kidlaydi.
Xurshid Do‘stmuhammad turmush voqeligini personajlarning turli vaziyatdagi kayfiyati, holati, kechinmalari bilan bog‘lab, tahlil etadiki, ayni jihat uning ijodkor sifatidagi uslubini belgilaydi. Personajlar kayfiyati, kechinmalari turli tomondan yondashilib, tahlil qilinishi esa yozuvchining asarlariga o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi. “Chayongul yoxud quyiqishloqcha qotillik”da ham, yozuvchining boshqa asarlarida ham personajlar ko‘nglidagi kechinmalar biri ikkinchisiga bog‘lanib, ulardagi shubha, gumonlar doirasini kengaytiradi. Natijada, ular boshidan kechayotgan hodisalarning sababi, aybdorini topolmasdan iztirobga tushadi. “Chayongul yoxud quyiqishloqcha qotillik” yoki “Nigoh”dagi personajlarning ikkilanishlarida har bir kishi o‘ziga tanish holatlarni ko‘rganday bo‘ladi. Adibning boshqa asarlari qahramonlarining o‘z boshidan kechayotgan hodisalarni muhokama qilishi ham kitobxonlarning inson tabiati jumboqlari, uning bu dunyoda hayot kechirishi, yashashi oson emasligi, hech bir kishining inon-ixtiyori to‘lig‘icha o‘zida bo‘lmasligi, har bir kishi, u shohmi, gadomi, taqdir oldida ko‘pincha ojiz bo‘lib qolishi to‘g‘risida o‘ylantirib qo‘yadi. O‘ylantiradigan, befarq qoldirmaydigan asarlar esa kishilarning hayot haqidagi tasavvurini teranlashtiradi. Adabiyot shunday asarlar bois “hayot darsligi” deyiladi. Adibning “Nigoh”i, “Panoh”i, “Chayongul...”i ham, boshqa qissalari ham adabiyot “insonshunoslik” ekaniga ishontiradi. “Chayongul yoxud quyiqishloqcha qotillik” bir qarashda detektiv qissaga o‘xshaydi. Ammo u “qochdi-quvdi”lardan iborat an’anaviy detektiv asarlardan tamoman farq qiladi. “Chayongul...”da voqelik ishtirokchilarning ichki kechinmalarini yoritish asosida har tomonlama tahlil etiladi. “Chayongul...” ham, “Nigoh”, “Panoh”, “So‘roq” ham bu jihatdan Fyodor Dostoevskiy asarlarini eslatadi. Xurshid Do‘stmuhammad asarlari personajlari
qalbini ham xuddi ulug‘ rus adibi romanlari qahramonlariniki kabi mubham, tushuniksiz bir g‘ashlik qoplab yotadi. Ularning tabiatidagi tushkunlik tevarak-atrofidagi odamlarning muomala-munosabatidagi nosamimiylikdan, kishilarning xulqi, yashash tarzidagi manfaatparastlik, manmanlik, takabburlikdan kelib chiqqani aniq ayon bo‘ladi. “Nigoh”, “Panoh”dagi personajlar ham xuddi Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba” romanlarining asosiy qahramonlari singari oqko‘ngil, beg‘araz va samimiy inson bo‘lgisi keladi, atrofidagilarning mehri va e’tiboriga muhtoj ekanligini sezadi, kishilarning bir-birini tushunishga harakat qilmasligi, hissiyotlari qurib-qaqshab qolgani, odamlar orasida oqibat so‘nib borayotgani, kattayu kichik moddiy boylikka o‘ch bo‘lib ketayotgani, hech kimga ishonib bo‘lmasdan qolayotganini o‘ylab azoblanadi. “Nigoh”, “Panoh”, “So‘roq”, “Chayongul...” qahramonlari xayolida charx urayotgan bir-biriga zid fikrlar qiynaydi. Ular: “agar...”, “shunday bo‘lmaganida...”, “bordi-yu...” deb o‘ylab, iztirob chekadi.
“Chayongul...”ni, “So‘roq”, “Nigoh”, “Panoh”ni e’tibor qilib o‘qisangiz, muallif ko‘p o‘rinlarda kishining ko‘ngli ro‘y beradigan voqealarni oldindan sezishi, lekin bunga e’tibor qilinmasligiga ishora qiladi. U personajlarning turli paytdagi kechinmalarini qalamga olish orqali inson tabiatidagi bu jumboq jihatni ochishga erishadi. Masalan, “Chayongul...”da Chaman momo xonadonida fojia yuz berishini allaqanday ichki sezimlari bilan sezgani xususida: “Chaman momo ustma-ust o‘q tekkan odamday ketma-ket qalqib ketdi – ko‘ksining allaqayerida tugilgan qo‘rquv zumda butun vujudiga yoyildi, shunga qaramay, kampir tishini tishiga qo‘ydi – qo‘rquvning zo‘ridan qulog‘iga faryod sadosi chalinganday bo‘ldi. Momoning ko‘z o‘ngi qorong‘ilashdi, oilasini emas, olamni buzaman deb turgan battol qizini niyatidan qaytarmoq uchun quvvatini jamlab, “Yuragimga sanchiq turayapti”, deya shivirladi. Shivirlab ulgurmay ro‘parasida o‘tirgan Gulgunning surati xiralashib, kampirning ko‘z o‘ngida Gulshod paydo bo‘ldi.
– Gulish... Gulishni... – dedi momo rangi quv o‘chib..” (O‘sha manba. 164-bet) deyiladi. Bu qissada Gulgunning xatti-harakatini ko‘rsatish orqali o‘rinsiz aytilgan bir og‘iz gap kishini dabdurustdan g‘azablantirib, uni shafqatsiz qotilga aylantirib qo‘yishi mumkinligi asoslanadi.
Yozuvchining qissalarida ham, roman va hikoyalarida ham biz maktab darslarida o‘qib o‘rgangan asarlarga xos syujet sezilmaydi. “Nigoh”, “Panoh”, “Oromkursi”, “Kuza...” syujetini so‘zlab berib bo‘lmaydi. Abdulla Qahhorning hikoyalari, “Sinchalak” qissasi yoki Oybekning “Qutlug‘ qon” romanida qalamga olingan voqealarni esa o‘quvchilar darhol eslashadi. “Nigoh”, “Panoh”, “Oromkursi” Xurshid Do‘stmuhammad syujet axtarmasligi, odamning har qanday holati, kayfiyatini tasvirlab, qissa yoki hikoya yoza olishini ayon etadi. Bunday mahoratga kamdan kam yozuvchi erishadi. Aksariyat qalamkashlar syujet topish tashvishi bilan yuradi. Ularning hikoya, qissa deb taqdim qilgan bitiklari voqealar bayoni naqlidan iborat bo‘ladi. “Nigoh”, “Panoh”, “Oromkursi”, “Kuza...”da o‘quvchini hayajonga soladigan, diqqatini jalb etadigan biror-bir qiziqarli voqea ko‘rinmaydi. Ularda har bir kishiga xos his-tuyg‘u, kechinmalar tasvirlanadi. Chaman momoning, qizlari Gulgun va Gulshodning, Ashurning tuyg‘u, kechinmalari tasviri “Chayongul...” syujetidagi dramatizmni yanada kuchaytirib ko‘rsatadi. Adibning ushbu qissasi ko‘pchilik manfaatini ko‘zlab joriy qilingan qonunlar, tartib-qoidalar insoniy munosabatlarning barcha jihatini qamrab ololmasligi, odamlar hayoti benihoya murakkab ekanligi to‘g‘risida o‘ylantiradi. Chaman momo, Gulgun va Gulshodning iztirobi har bir kishining qalbiga og‘riq solib, or-nomus, uyat hissi insonni mukarram qilib turgan qadriyat ekanini anglatadi. Chunki “Chayongul...”da ayni hisning qiynoqlari insonni g‘oyat ayanchli ahvolga solishi ta’sirchan tasvirlanadi. Qissa “sahni”da ikki-uch o‘rinda ko‘ringan tergovchilarning kattasi Zobitov manfaat ilinjida har qanday patskashlikdan toymaydigan ustamon kimsalarning tipik timsoli sifatida nafrat uyg‘otadi. Chunki Zobitovga o‘xshagan qallob qonun himoyachilari tufayli ko‘p halokatlar yuz beradi. Kishilarning hayotda adolat, haqiqat borligiga ishonchi so‘nadi. Bu esa turmushda ko‘p noxushliklarni keltirib chiqaradi.
Adib “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”da insoniy sevgi-muhabbat mavzusini his-hayajonga to‘lib, ilhomi jo‘shib tarannum etadi. Bu ikkala qissa nasrdagi dostonday taassurot qoldiradi. Chunki ularda sevgi-muhabbat hissi har bir kishini hayot sinovlaridan o‘tkazib, qalbini quvvatlantiradigan, ruhini chiniqtirib, bardam qiladigan, uni insoniy komillikka boshlab, ma’naviy ulg‘aytiradigan sirli va sehrli tuyg‘u ekani ochib beriladi. “Hijronim mingdir mening”da ham, “Men – sensiz, sen – mensiz”da ham ayni sirli va sehrli tuyg‘u tufayli inson botinida yuz beradigan parvoz ko‘rsatiladi. Ular ko‘pchilikka xush yoqadigan, ermakka o‘qiladigan sevgi qissalari sirasiga kirmaydi. Mazkur qissalar muallifning muhabbat haqidagi qo‘shiqlaridir. Ularni o‘qiganlar qalbida muhabbat to‘g‘risida shu paytgacha eshitmagan, tinglamagan qo‘shiq jaranglayotganini his etishadi va “Hijronim mingdir mening” va “Men – sensiz, sen – mensiz” zamonaviy o‘zbek adabiyotida sevgi-muhabbat mavzusida bitilgan eng sara asarlar qatoridan mustahkam o‘rin olishiga ishonch hosil qilishadi. “Nigoh”, “Panoh” muallifining ushbu qissalari voqelikka yondashilishi, muammoning taqin etilishi va tasvir usuliga ko‘ra Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimovning ayni mavzuda bitilgan asarlaridan tamoman farq qiladi. Ular Tog‘ay Murodning muhabbat qo‘shig‘i – “Oydinda yurgan odamlar” qissasiga ham o‘xshamaydi. Nurli tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”da jahon adabiyotining bu mavzudagi durdona asarlari eslanadi, o‘zbek adabiyotidagi shoh satrlar keltiriladi, Pushkin, Turgenev, Dostoevskiy, Cho‘lponning muhabbat haqidagi mulohazalari iztirobga yo‘g‘rilgani, ularda umidsizlik hissi kuchli ekani ta’kidlanadi. “Hijronim mingdir
mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”ning lirik qahramoni muhabbat izhorlarida, bu mavzudagi asarlarning eng yaxshi namunalaridan farqli holda, tushkunlik, g‘amginlik, g‘ambodalik emas, hayotsevarlik, undagi har bir narsadan hikmat topa olish, ezgulik sari intilish hissi barq uradi. Jahon adabiyotidagi eng yaxshi qissalardan biri – Fyodor Dostoevskiyning “Mas’uma”sini mutolaa qilgach, kishi beixtiyor ma’yus, g‘amgin bo‘lib qoladi. “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”ni o‘qiyotganida esa aksincha – odamni mamnunlik hissi chulg‘ab oladi va u o‘zining amalga oshgan va amalga oshishi lozim hisoblagan shirin orzu-istaklarini eslab ketadi, muhabbat hissi insonga o‘zini va o‘zgani anglash uchun berilgan sinov ekanini idrok etadi. Adibning muhabbat mavzusidagi qissalarini uning boshqa mavzudagi asarlari bilan tutashtirib turadigan jihat shundaki, “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”dagi lirik qahramonni ham, “Nigoh”, “Panoh”, “So‘roq”, “Chayongul...”, “Katta ko‘cha”, “Yolg‘izlik”dagi personajlarni ham shaxsiy manfaatiga taalluqli muammolar emas, boshqalarning nosamimiy munosabati, kishilarning aytgan so‘zi qilgan ishiga muvofiq kelmasligi diqqat qiladi. Yozuvchining sevgi qissalari lirik qahramoni ishq-muhabbatning yurakni siqadigan ranju alamlari, u tufayli tug‘iladigan azobu iztiroblardan Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Vomiq va Uzro yoki Fyodor Dostoevskiy, Ivan Turgenev asarlari personajlaridan farqli o‘laroq, hech ham o‘kinmaydi. “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”dagi lirik qahramon qalbida jo‘sh urgan muhabbat hissi uning fikrini ravshanlashtirib, hayot yo‘lini yoritayotganidan mamnunligini ehtirosga to‘lib izhor qiladi.
“Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”da ham adibning boshqa asarlaridagi singari “ko‘z”,
“nigoh” so‘zlari ko‘p qo‘llanadi. Muallif kishining ichki holati, qalbidagi o‘y-kechinmalari uning qiyofasiga qalqib chiqishi, har bir odamning ko‘z qarashlari ko‘p ma’no anglatishiga shu tarzda ishora qiladi. “Hijronim mingdir
mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz” qissalari yurakni siqadigan xunobgarchilik, kin-adovat, shubha-gumonlarga berilib, o‘zini qiynash umr zavoli ekani to‘g‘risida o‘ylatib, har bir odam fikr-xayolini bunday illatlardan xalos qilsa, sevgi-muhabbat zavqini his etib, chinakam baxt-saodatga muyassar bo‘lishini anglatadi. “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”dagi maktublarda qalbda sevgi “ehtirosi to‘fon yanglig‘ to‘lib toshgan oshiqlarning dil izhori, dil bayoni, dil rozi” ifodalanadi. “O‘tkan kunlar” romani qahramonlari bitgan maktublardagidan farqli, bu dil izhori, dil rozlarida yangi zamon, yangi davr ziyoli yoshlarining hayotga qarashlari, odamlararo munosabatlarni kuzatishlari, orzu-istak, maqsad va intilishlari akslanadi.
Albatta, “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz” kimgadir, sentimental, chuchmal bir narsa bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin u ham andak bag‘rikenglik qilsa, ayni qissalarda bir paytlar o‘zining ko‘nglidan kechgan ayrim hissiyotlar ifodalanganini anglaydi. Ayni qissalarda muhabbat hissi og‘ushida qolgan odamga dunyo boshqacha ko‘rinishi, hayot nurli manzara kasb etishi, sevgilisi a’lo odam bo‘lib tuyulishi, uni tevarak-atrofidagi hamma narsadan qoniqish hissi qamrab olishi, buning quvonchidan kishining qalbi nurlanishi va u shirin orzu-havaslarga berilishi, o‘zgalarga yaxshilik qilishni istashi, odamlarga, jonzotlarga, hamma narsaga mehr bilan qarashi to‘g‘risida so‘z ketadi. “Hijronim mingdir mening”, “Men – sensiz, sen – mensiz”ning qahramonlari o‘zlaridagi sevgi hissiga ishonch, ehtiromdan tug‘ilgan quvonch qudratini his qilishadi. Ayni his insonni ma’naviy va ruhiy kamolga yetkazishiga, kishining niyati, xususan, muhabbatga munosabati ko‘p jihatdan uning hayot yo‘lini belgilab berishiga ishonishadi.
Muallif muhabbat mavzusidagi qissalarida sevib-sevilgani quvonchidan masrur insonlar olamini gavdalantirgan bo‘lsa, “So‘roq”da tahlika, qo‘rquvdan esi teskari bo‘lib ketgan odamlar ahvolini tasvirlab, kishi nojoiz ishlarga o‘ralashib qolganida, albatta, ahvoli tang bo‘lishi, nojo‘ya amallarning jabrini tortishini ta’kidlaydi. Ushbu qissada har bir kishining hayotidagi muammo, g‘alvalar uning o‘zini o‘zi so‘roq qilmasligi, barcha diqqatparazliklarning boisi, sababi shunda ekani, o‘zining xulqi, fe’l-atvori, xatti-harakatini taftish qilgani sayin insonning fikri o‘sib, teranlashishi, dunyoqarashi kengayishi ochib beriladi. “So‘roq”da hech bir
kishi betashvish yashamasligi, to‘satdan paydo bo‘ladigan to‘siqlar odam uchun sinov ekani, ular kishiga o‘z faoliyatini tahlil qilish imkonini berishi, hech kim odamni o‘zichalik aniq va chuqur tergov qilolmasligi, tashvishlardan zorlanmasdan o‘z xulqi, odamlar bilan muomala-munosabati to‘g‘risida mushohada yuritganlar hayotning mazmuni, mohiyati to‘g‘risida avval anglamagan haqiqatlarini bilib olishi diqqat markaziga qo‘yiladi.
Adib asarlaridagi personajlar o‘zining o‘y-mulohazalari “yuk”i ostida yashaydi. Ular muttasil mushohada yuritishi, o‘zining faoliyati, ko‘rgan-kechirganlarini xayolan taftish qilishi, boshqalarning xatti-harakati, gap-so‘zi, so‘zlash ohangi, yuz-ko‘zidagi holatlarni sinchkovlik bilan kuzatib, tahlil etishi bilan boshqa adiblar asarlaridagi personajlardan ajralib turadi.
Adib asarlari o‘zbek adabiyotida inson obrazini aks ettirish, turmush voqeligini tahlil qilishda jiddiy o‘zgarish, salmoqli yangilanish ro‘y berganiga isbot bo‘la oladi. Yozuvchining qirq yil mobaynida bitgan asarlarida, xususan, qissalarida fikrlaydigan, o‘z-o‘zini so‘roq qiladigan, o‘zini va boshqalarni kuzatib, hayotdan yangi ma’nolar topadigan odamlarning o‘ziga xos olami ochib beriladi. Bu odamlar bizni kundalik turmush voqeligining ko‘pchilik e’tibor qilmagan jihatlaridan xabardor qiladi. Demak, adibning har bir asari o‘quvchiga inson jumbog‘i, hayot murakkabliklari to‘g‘risida adabiyotimizda avval aytilmagan muayyan yangilikni taqdim etadi. Yozuvchi bunga personajlarning ruhiyatiga chuqurroq kirib borib, ularning kayfiyati, kechinmalarini ta’sirchan tasvirlash hamda milliy turmush tarzimizni hozirgi zamon o‘zgarishlaridan kelib chiqqan holda tahlil
qilish orqali erishadi.
Yozuvchining qirq yil mobaynida chop ettirgan barcha asarlari ich-ichidan bir-biri bilan bog‘lanadi. Albatta, bu uyg‘unlik, avvalo, ularning markazida o‘ylaydigan, fikrlaydigan, o‘z-o‘ziga savol berib, o‘z faoliyatidan, erishgan natijalaridan qoniqmaydigan, o‘zining va o‘zgalarning ahvolini, o‘zaro munosabatlarini taftish etib, topgan yangiliklaridan sevinadigan odam turganida ko‘rinadi. Ikkinchidan, adib o‘quvchiga aytmoqchi bo‘lgan gapini – asari g‘oyasini qissa, roman, hikoyalari asosiy qahramonlari tilidan bildiradi.
Kutilmaganda, dabdurustdan ro‘y bergan voqea tufayli o‘zining ko‘rib-kechirganlari, odamlar bilan muomala-munosabati to‘g‘risida mulohaza yuritib, o‘z-o‘zini muhokama qiladigan odamlar obrazini gavdalantirish adib ijodiga xos asosiy xususiyat ekani “Katta ko‘cha” qissasida yanada aniq namoyon bo‘ladi. Yozuvchining ushbu asari personaji ham o‘z faoliyatini o‘zicha muhokama qilish jarayonida inson hayotining mazmuni, ma’nosi to‘g‘risida shu paytgacha anglab yetmagan haqiqatlarini bilib oladi.
Jamiyat o‘z-o‘zicha emas, fikrlaydigan odamlar sa’y-harakati tufayli ravnaq topadi. Chunki fikrlaydigan, mushohada yuritadigan, tevarak-atrofda kechayotgan voqealarni tahlil qilib, zarur xulosa chiqaradigan kishilar boshqalarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Boshqalar esa o‘zlari istab-istamagan holda ularga ergashadi. Shuning uchun barcha zamonda fikrlaydigan kishilar jamiyatning manzarasini belgilab beradi. Kishilar qancha teran fikrlasa, hayot shuncha chiroyli mazmun kasb etadi. Xurshid Do‘stmuhammad ijtimoiy ahvoli, kasb-kori, yoshi, dunyoqarashi qandayligidan qat’i nazar, fikrlaydigan kishilarga zamonaning eng zarur odami deb qaraydi. Aniqrog‘i, u shunday ijodkorlar sirasiga kiradi. Uning qirq yil mobaynida chop ettirgan kitoblari, maqolalaridan shu haqiqat anglashiladi. U asarlarida rahbarlar, amaldorlar emas, oddiy odamlar ham o‘zining ko‘rib-
kechirganlarini teran tahlil qilib, o‘zi
bilan boshqalarning muomala-munosabati xususida mushohada yurita olishi, ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni o‘zicha muhokama qilib, zarur xulosa chiqarishiga e’tibor qaratadi.
Umuman, Xurshid Do‘stmuhammad asarlari adabiyotning asl asarlari singari hayot hodisalari haqida o‘ylab, fikr yuritadigan odamlar olami bilan yaqindan tanishtirib, har birimizni o‘zimizning fe’l-atvorimiz, xulqimiz to‘g‘risida o‘z-o‘zimizga savol berishimizga, ko‘rib-kechirganlarimizni tahlil etishga, turmush voqeligiga turli tomondan qarab, mushohada yuritishga undaydi va dunyoqarashimizni kengaytirib, ongimizda yangi olam yaratadi. Chunki ular qachondir tuygan tuyg‘u-hissiyotlarimizni, qalbimizda kechgan, ammo keng olamga chiqa olmagan o‘y-kechinmalarni eng ta’sirchan so‘zlarga jo etib, bizga taqdim qiladi.
Abdulla ULUG‘OV,
adabiyotshunos