Til millatning g‘ururi
Tuman hokimining 2021-yil 23-dekabrdagi 59-2-33-F/21-sonli farmoyishi bilan tuman hokimligi, tuman ichki ishlar bo‘limi, tuman davlat soliq inspeksiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi xodimlaridan iborat ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Ishchi guruh a’zolariga tumandagi bino va inshootlar, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obektlari tashqi tomoni va atrofiga joylashtirilgan reklama, e’lon va axborotlardagi matn, tashqi dizayni va hajmini o‘rganib chiqish;
orfografik xatolar bilan yozilgan, arxitektura talablari va ma’naviyatimizga zid reklama, e’lon va axborotlarni tartibga keltirish;
tadbirkorlik subektlari tomonidan o‘rnatiladigan reklama, e’lon va axborotlar arxitektura va qonun talablariga javob berishi, matnlarning davlat tilida to‘g‘ri yozilishini nazorat qilish hamda aks ettirilgan ko‘rinishlar ma’naviyatimizga mos bo‘lishi lozimligini tushuntirish hamda mazkur targ‘ibot vositalarini joylashtirishdan avval matnlar puxta tekshirilishi lozimligini tavsiya etish;
qonun hujjatlariga zid bo‘lgan, bino va inshootlar, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obektlari peshtoqidagi orfografik xato bilan yozilgan yozuvlar, targ‘ibot vositalari, ikkilamchi ma’noli so‘zlar va ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydigan suratlar joylashtirilishining oldini olish choralarini ko‘rish topshirilgan.
Bundan tashqari reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish ya’ni fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik holatlari yuzasidan tegishli tartibda ma’muriy javobgarlik masalalarini hal qilish ham belgilab berilgan.
Shundan kelib chiqib ishchi guruh a’zolari joriy yilning 5-6-yanvar kunlari tumandagi “Charmgaron” va "Shakarkent" mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida mavjud bo‘lgan reklama-bannerlarning holatini o‘rgandi. O‘rganish davomida savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari peshtoqida rus va ingliz tillarida yozilgan reklamalarni joriy yilning 15-yanvarga qadar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida o‘zgartirish bo‘yicha 20 dan ortiq tadbirkorlar ogohlantirildi.
O‘rganishlar davom etmoqda...
Yusuf NASULLAYEV
Vobkent tumani hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi