Til mustaqilligi-el mustaqilligi
Til mustaqilligi-el mustaqilligi
( 21-kuni - D avlat tili kuni)
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi milliy mustaqillik uchun kurashning qizg‘in pallalariga to‘g‘ri keldi. Ushbu hodisa milliy mustaqillikning dastlabki g‘alabalaridan biri sifatida qo‘lga kiritildi. 1989 yil, oktabr oyining 21-kunida davlat tili haqidagi qonunning qabul etilishi o‘z vaqtida o‘zbek xalqi uchun katta ma’naviy-xuquqiy muvaffaqiyat bo‘ldi. 1995-yil dekabrining 21-kunida Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Oliy majlisining to‘rtinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili” haqida” gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.Til inson aqliy faoliyatining eng asosiy vositasidir. Insonni butun hayvonot olamidan ajratib turgan, koinot sarvari va gultojiga aylantirgan omil ham tildir. Inson aqliy faoliyatining eng oliy mahsullari, tafakkur mevalari, til va nutq orqali yuzaga chiqadi. Til tafakkur mahsullarining hayotga tatbiq etilishiga vosita bo‘luvchi qudratli quroldir.
Qadimiy islomiy manbalarimizda aytilishicha bani basharning yaratuvchisi Tangri taoloning bir og‘iz “bo‘l” degan so‘zi bilan olam yaralgan ekan. Shuning uchun so‘zga e’tiqod, so‘zga berilgan ta’rif-tavsiflar, so‘zning tarixiy xizmatiga aytilgan sharaflar cheksiz. O‘zbek tilining asoschisi ulug‘ Navoiy so‘zga bunday baho beradi:
So‘zdurki, nishon berur o‘likka jondin,
So‘zdurki, berur jong‘a xabar jonondin.
Insonni so‘z ayladi, judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.
Ha, tilimizning tarixiy-madaniy xizmati cheksiz. U nutqning qurolidir. “Tilga e’tibor-elga e’tibor” deyishadi xalqimizda. Darhaqiqat, bu sana har yili an’anaviy tarzda o‘zbek tili bayrami sifatida respublikamizning barcha davlat muassasalari, korxona va tashkilotlar, Oliy va o‘rta ta’lim muassasalarida, maktablarda, maktabgacha ta’lim dargohlarida tantanali nishonlanmoqda.
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazida (AKM) ham bu borada maxsus reja asosida ko‘plab tadbirlar qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24 - sentabrdagi № 218 - sonli ko‘rsatilgan topshiriqlar, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 2022 - yil 4-oktyabrdagi 124-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida ”Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Kitobxonlik ko‘rgazmalari tashkil etilyapti. Ayni damda kitobxonlarimiz soni 13 ming nafar fuqaroni tashkil etsa 150 mingdan ziyod turli hil mavzulardagi ilmiy, tarixiy, badiiy o‘quv adabiyotlar, shuningdek fanlarga oid o‘quv qo‘llanmalar mavjud.
AKM o‘zbek tilining qadri, qiymatini ulug‘lovchi, tilimizning rivojiga bog‘liq ko‘plab adabiyotlar, ilmiy kitoblar, imlo lug‘atlari mavjud. Shuningdek o‘zbek klassik adabiyoti namoyondalari A. Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida til va nutq munosabatlari izohlangan bo‘lib ayni kunda uni o‘qib o‘rganayotgan kitobxonlar soni juda ko‘p.Shuningdek Kaykovusning “Qobusnoma” asarida ham insonnig ma’naviy qiyofasi, til munosabatlariga katta ahamiyat berilgan bo‘lib, kitobxonlarimizning bu asarga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Shuningdek o‘zbek tilining qadru qiymatini oshiruvchi qo‘plab kitoblarni o‘qish barobarida kitobsevar yoshlarimiz, foydalanuvchilarimiz ko‘plab yangi, yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishmoqda. Yaqinda kutubxona o‘quv zalida O‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi munosabati bilan keng kitobxonlar ommasiga, maktab o‘quvchilariga bag‘ishlangan “Ona tilim-jonu dilim” mavzusida bolalar kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, poytaxt maktablarida ta’lim beruvchi ona tili o‘qituvchilari bilan xamkorlikda “Ona tilim-faxrim” mavzusida uchrashuvlar tashkil qilindi. Bu uchrashuvlar chog‘ida o‘zbek tilimizning rang-barang jihatlarini, ahamiyatini ko‘rsatuvchi, tilimizni ulug‘lovchi asarlar haqida so‘z borib o‘zbek tilining o‘ziga hos qirralari ochib berildi.
“Bilim” AKM ning ijtimoiy tarmoqlarida “Til bu millat ruhi” nomli insholar tanlovi tashkil etilgan bo‘lib yakuni bayram kuni e’lon qilinadi. Bolalar shoiri, Quddus Muhammadiy tavalludining 115 yilligiga atab “Bolalarga bahshida umr” shiori ostida videorolik tayyorlanib ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yildi. Sergeli tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari bilan xamkorlikda “O‘zbek tilim-ona tilim, o‘z tilim” mavzuida tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek xafta davomida “Til-millat ko‘zgusi”, “ Til-jamiyat tayanchi”, Ona tili-millatning ruhidir”, “Ona tilim-mening fahrim”, “Sen millat g‘ururisan, ona tilim” mavzularida ma’naviy -ma’rifiy tadbirlar, kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etiladi. “Bilim” AKM AKT va raqamlashtirish xizmati mutaxassislar tomonidan “Til bayramiga” bag‘ishlab, “O‘zbek tili – millat ruhi” mavzusida video lavha tayyorlab, masofadagi kitobxonlar uchun https://www.facebook.com/bilimakm , https://www.instagram.com/bilim_akm/ , https://t.me/bilim_akm kutubxona ijtimoiy tarmoqlaridajoylashtirildi. Shuningdek,”Bilim” AKM ijtimoiy tarmoqdaridayosh avlodning savodxonligini aniqlash maqsadida, #siz_o`zbek tilini bilasizmi? nomli onlayn-viktorina o‘tkaziladi. Ushbu viktorina yoshlarning bilim salohiyati va tilga bo‘lgan e’tiborini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tilga e’tibor qilgan millat hech qachon inqirozga yuz tutmaydi. Chunki elning shakllanishiga birlamchi belgi va saqlanib qolishiga eng so‘nggi ilinj ona tilimizdir. Ona tilimizni e’zozlasak, millatning g‘ururini, orini ardoqlagan, asragan bo‘lamiz. Biz kutubxonachilar ona tilimizni qadr-qiymatini hamda omma ichidakitobxonlik madaniyatini oshirishda o‘zimizni burchli deb hisoblaymiz va bu yo‘lda bilim va tajribalarimizni ishga solamiz.
Ra’no Holiqova,
Toshkent shaxar “Bilim” AKM mutaxassisi