Tilimiz faqat vosita emas, manba bo‘lishi kerak
Mendan tilimiz to‘g‘risida maqola yozishni so‘rashdi.
Nimani yozaman?
Tilimizni tarannum etaymi, maqtaymi?
Bu yangi gap bo‘ladimi?
Muammolarini aytaymi?
Qaysi birini? Va aytgan bilan foydasi bormi? Shuncha aytyapmiz-ku.
Aytishdan charchamaymiz, biroq amaliy ishga o‘tmagunimizcha ahvol o‘zgarmaydi.
Iosif Brodskiy aytgan edi: “Millatning tili u egalik qiladigan narsalarning eng yaxshisidir”. Tilning ahamiyati va zaruratini ta’kidlash uchun eng mos ifodalardan biri shu – bizda millat sifatida saqlab, ardoqlab, rivojlantirishimiz zarur bo‘lgan qadriyatlar ro‘yxatining eng boshida tilimiz turadi.
O‘zbek tili dunyoda 50 million atrofida odam gaplashadigan til ekanini e’tiborga olsak, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida emas. Biroq faqat son bilan masala hal bo‘lganida edi!..
Zamonaviy dunyoda til bu odamlar bir-biri bilan muloqot qiluvchi vositagina emas, ma’rifat tarqatuvchi manba bo‘lishi ham kerak. Aks holda u ta’sirini yo‘qotadi. Til bu tafakkurga bog‘liq hodisa ekan, uning rivoji ham tafakkur rivoji bilan chambarchas bog‘liq.
Olaylik, odam qorni ochligi, joni og‘riyotgani yoki kundalik turmush sharoitida nimagadir ehtiyoji borligini bir tilda ayta oladi. Jahonda 50 million odam shunday maishiy ehtiyojlarini o‘zbek tilida aytyapti. Biroq insonning ma’naviy, aqliy ehtiyojlari ham bor: sifatli asar o‘qish, ilmiy ma’lumotlarni izlash va qabul qilish, yaxshi film ko‘rish va hokazo. Masalan, kechagina Nobel mukofoti olgan yozuvchining asarlarini qaysi tilda o‘qiydi o‘zbek? Albatta, o‘zbek tilida emas, biroq boshqa qator tillarga u asarlar tarjima qilib bo‘lindi. Ayrim tillarning bo‘layotgan hodisalarga hozirjavobligi juda havasimni keltiradi. Qachon o‘zbek tilimiz shunday bo‘ladi?
Til tafakkurga doir ehtiyojlarni qondira olmasa, ta’sirini yo‘qotib boraveradi. Sifatli ma’rifatga manba bo‘la olmagan til maishiy darajada qo‘llanib yuraverishi, kambag‘allashishi va kun kelib unda gaplashadigan odamlar boshqa tillardan faolroq, undan kamroq foydalanishni boshlashlari mumkin. Ya’ni global tillar raqobati davrida o‘zbek tilimiz ham raqobatlashishga yo chekinishga majbur. Xo‘sh, bizda o‘zbek tilida sifatli manbalar ko‘pmi? Farzandlarimiz zamonaviy ilm-fan, san’at, sport va boshqa sohalardagi yangiliklarni, atamalar, tushunchalar, xabarlar, umuman ma’rifatning qaymog‘ini o‘zbek tilida olishlari sharoiti qanchalik bor?
O‘zbekistonda o‘zbek tilini nafaqat davlat tili, balki birlashtiruvchi va keng foydalanuvchi manba sifatida rivoj-lantirish ishlarida muammolar mavjud. Xususan, amaldagi qo‘shalifbolik, lotin alifbosining noqulayligi, lotin alifbosida manbalarning kamligi yoshlarning boshqa tillardagi turli manbalarga murojaat qilishi va dunyoni o‘sha tillar prizmasi orqali anglashini kuchaytirmoqda. Bu o‘z navbatida milliy xoslik va mansublik hislarining zaiflashuviga olib keladi. Shuningdek, o‘zbek tilida savodlilik darajasining
pasayib borayotgani, ushbu tilda original bosma va internet manbalari tanqisligi kuzatiladi.
Ma’lumot uchun, internetdagi jami ma’lumotlarning 0,1 foizdan ham kamrog‘ini o‘zbek tilidagi kontentlar tashkil etib, bu borada jahonda 51-o‘rinni egallab turibdi. Qardosh turk tili 4-o‘rin (3,2 foiz), sobiq sho‘ro davlatlaridan ukrain tili 18-o‘rin (0,5 foiz), eston, ozarboyjon, latish, gruzin tillari tegishli ravishda 36, 37, 38, 39-o‘rinlarni, qozoq tili esa 46-o‘rinni egallagan.
Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish maqsadlari uchun 10 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi e’lon qilindi.
Ko‘rinib turibdiki, bizda o‘zbek tilini modernizatsiya
qilish, uning boshqa tillar bilan manba sifatida raqobatbardoshligini ta’minlash borasida hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.
Aynan nimalar qilinishi kerak?
Uzoqqa bormaylik, qo‘shnilar tajribasiga qaraylik. Qozog‘iston Respublikasida 2020–2025-yillarga mo‘ljallangan til siyosatini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlangan bo‘lib, dasturdan quyidagi natijalar ko‘zda tutilgan: 1) lotin alifbosidan foydalangan holda yozma muloqot ishtirokchilari ulushini 2022-yilda — 10%, 2023-yilda — 20%, 2024-yilda — 30%, 2025-yilda — 50%ga yetkazish; 2) davlat tilida so‘zlashuvchi aholi ulushini 2020-yilda – 90,5 foiz, 2021-yilda – 91 foiz, 2022 yilda – 92 foiz, 2023-yilda – 93 foiz, 2024-yilda – 94 foiz, 2025- yilda – 95 foizga yetkazish; 3) davlat ommaviy axborot vositalarida qozoq tilidagi kontentning ulushini 2020-yilda – 74 foiz, 2021-yilda – 75 foiz, 2022 yilda – 76 foiz, 2023-yilda – 77 foiz, 2024-yilda – 78 foiz, 2025-yilda – 79 foizga yetkazish; 4) uch tilni (qozoq, rus va ingliz) biladigan aholi ulushini 2020-yilda — 26%, 2021-yilda — 27%, 2022-yilda — 28%, 2023-yilda — 29%, 2024-yilda — 30%, 2025-yilda — 31%ga yetkazish.
Ushbu Dasturni amalga
oshirish natijalari Qozog‘iston Respublikasida til qurilishining yanada rivojlanishini ta’minladi:
1) davlat tilini o‘qitish infratuzilmasi sezilarli darajada kengaytirildi: ta’lim va tarbiya qozoq tilida olib boriladigan tashkilotlar – 5644 ta, maktablar – 3798 ta, davlat tilini o‘qitish markazlari – 90 ta;
2) ish yuritishni davlat tiliga o‘tkazish faol amalga oshirilmoqda (davlat organlarida qozoq tilidagi chiquvchi hujjatlar ulushi qariyb 93 foizni tashkil etadi);
3) 246 ta nashriyot loyihasi, jumladan, 72 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 49 ta bolalar uchun kitoblar, 46 ta tarmoq lug‘atlari va 70 ta o‘quv, ilmiy, publitsistik kitoblar chiqarish amalga oshirildi. Qozoq tilining bir jildlik yirik izohli lug‘ati – “Qozoq so‘zdig‘i” va innovatsion asosda ishlab chiqilgan “Danalik alippesi” o‘quv majmuasi nashr etildi;
4) qator teleloyihalar amalga oshirildi: realiti-shou, qozoq tilini o‘rganish darslari, animatsion filmlar va boshqalar;
5) IELTS (Buyuk Britaniya) va TOEFL (Amerika Qo‘shma Shtatlari)ga o‘xshash “Kaztest” qozoq tili bo‘yicha bilimlarni baholashning ko‘p bosqichli tizimi ishlab chiqildi.
Ushbu tizim doirasida o‘quvchining qozoq tilini bilish darajasini belgilovchi milliy standart ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan. Milliy standart davlat tilini bilish darajasiga qo‘yiladigan talablar belgilangan lavozimlar, kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxatini belgilaydi. Milliy standart asosida kattalarga qozoq tilini o‘rgatishning namunaviy dasturi ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi, tilni o‘qitish jarayoni va o‘quv
qurollari mazmuni tizimlashtirildi, har bir til darajasi uchun leksik minimum ishlab chiqildi;
6) davlat tili markazlarini akkreditatsiya qilish tizimining metodologiyasi ishlab chiqildi;
7) xorijdagi qozoq diasporasi vakillarining ona tilini o‘rganishini tizimli ravishda uslubiy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, Yevropa qozoqlarining an’anaviy kichik qurultoyi va san’at festivalini o‘tkazish, shuningdek, uning hayotiga oid sotsiologik va tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish; chet eldagi vatandoshlar;
8) Internet-resurslar doimiy ravishda yangilanadi, qozoq tilidagi internet resurslarini, kontentini (20 dan ortiq xizmat turlarini) rivojlantirish maqsadida yaratiladi. Masalan, Tilalemi.kz portali, Atau.kz yagona onomastik ma’lumotlar bazasi, Emle.kz imlo ma’lumotlar bazasi, Termincom.kz terminologik ma’lumotlar bazasi keng qo‘llanildi;
9) davlat tilini o‘qitish jarayoniga yangi axborot texnologiyalarini joriy etish maqsadida tillarni masofaviy o‘qitish kurslari ko‘paytirildi;
10) davlat tilining kommunikativ funksiyasi kuchaytirildi, davlat ommaviy axborot vositalari tarkibidagi qozoq tilidagi elektron ommaviy axborot vositalarida eshittirishlar
hajmi, shuningdek, davlat tilining ulushi oshirildi.
11) Qozog‘istonda yashovchi etnik guruhlar tillarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratildi.
Ko‘rinib turganidek, qozoq bovurlarimiz tilni tarannum etuvchi maqola-yu tadbirlar, bayram-u ehtirosli chiqishlardan tashqari katta amaliy ishlarni boshlab yuborishgan.
Endi o‘zimizdagi ahvoldan bir shingil
O‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish bilan shug‘ullanib kelayotgan pedagog Saida Rashidova deydi:
“CEFR xalqaro til bilish standartlari bor. Unga ko‘ra istalgan tilni bilish darajasi 6 ta (A1, A2, B1, B2, C1, C2). O‘zbek tili hamon shu standartlarga moslashtirilmagan. Ya’ni men o‘quvchilarimga o‘zbek tilini bilishi A1 darajasi qayerda tugaydi-yu, A2 qayerdan boshlanishini aniq ilmiy asoslangan tamoyillarga tayanib ayta olmayman. O‘zim subyektiv kuzatuvlarimga ko‘ra belgilab olganman. Sharqshunoslik universiteti va Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mas’ullari bu tamoyillar ishlab chiqilganini aytishmoqda. Biroq qayerda ular? Nega ochiqlanmaydi? Ular xalqaro standartlarga mosmi? Testlari qani? Mendek o‘qituvchilar uni qayerdan bilsak bo‘ladi? Bu savollarga javob yo‘q.
Butun dunyo til o‘rganishda “1-qator so‘zlar”, “2-qator so‘zlar” va hokazo materiallarga tayanadi. Masalan, ingliz tilini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, eng faol qo‘llanadigan 50 ta fe’lni bilsangiz, qaysidir darajada gaplasha olasiz – bu standart. O‘zbek tilida shunday standartlar yo‘q. Men o‘quvchilarim uchun o‘zim tuzib chiqyapman shunday standartlarni. Aslida bu til uchun umumiy va allaqachon belgilangan standartlar bo‘lishi kerak.
Duo-lingvoga o‘xshash til o‘rgatish platformalari, audiomateriallar, subtitrlar kerak bizga. Subtitrlar til o‘rganuv-chilarning ham tilni o‘rganish, ham o‘sha tildagi savodlilik darajasiga juda yaxshi ta’sir qiladi. Instagramda, masalan, subtitr bilan qo‘yilgan kontentlarning statistikasi ancha yuqori, chunki odam ovozni har doim ham eshitolmasligi mumkin, ovozsiz holda ko‘rib ham kontentni tushunishi uchun subtitr muhim. Biroq bizda subtitrlarni umuman ishlatishmaydi.
Bizning buyuk dublyaj maktabimiz va dublyaj xazinamiz bor. Men o‘quvchilarimga “Ы operatsiyasi”, “Ivan Vasilyevich
kasbini o‘zgartiradi” kabi filmlardan foydalanib tilimizni o‘rgatyapman. “Olaveringlar, olaveringlar, kamayib qolmaydi” yoki “Bizgacha o‘g‘irlab bo‘lishgan” kabi mashhur iboralar tilimizning joziba va shirasini ko‘rsatadi. Bu jonli til va o‘rganuvchilar uchun ta’sirli usuldir. Nima uchun shu usullardan samarali foydalanishmaydi?
Yoki o‘zbek tilini istalgan yoshdagi insonga o‘rgatish uchun universal grammatikamiz bormi? Yosh bolalarga o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘rgatish uchun-chi? Tushunaman, bu kungacha o‘zbek tilini o‘rganishga talab kam deb sanalgan ishlar amalga oshirilmagandir. Biroq endi zamon boshqa, tilni o‘rganamiz deydiganlar ko‘p. Tilning amaliy jihatlariga ko‘proq e’tibor qaratish kerak”.
Xulosa qilamiz
1. Til masalasi nuqul siyosiylashib, faqat taqiqlash, majburlash, bahs-janjal yo‘lidan yurish kutilgan samarani bermaydi. Oxir-oqibat tilga zarar keladi – janjalli mavzu sifatida tegmaslik, ochmaslik, unutishga harakat boshlanadi.
2. Faqat kitob chop etish bilan o‘zbek tilini rivojlantirish va ommalashtirish qiyin (hozir shu yo‘nalish ustunlik qilyapti). Tilni aholining katta qismini tashkil qiluvchi yoshlar orasida ommalashtirish kerak, buning uchun yoshlar qayerda bo‘lsa, til ham o‘sha yerda ko‘p bo‘lishi lozim. Yoshlar ko‘proq
qayerda? Internetda!
3. O‘zbek tili bo‘yicha hamma savollarga javob beruvchi internet resurs kerak! Imloni bir kitobdan, uslubni boshqasidan, lug‘atni yana biridan o‘rganish jarayonni sekinlashtiradi, samarasini kamaytiradi. Bizda bormi shunaqa onlayn, doimiy ishlab, yangilanib turadigan resurs? Yo‘q!
4. Adabiyotlar, ayniqsa,
ilmiy adabiyotlar o‘zbek tiliga ko‘p tarjima qilinishi va internetga joylanishi kerak. Buning uchun esa atamashunoslikka mas’ul, doimiy ravishda ishlaydigan, zarur mablag‘ va resurslar bilan ta’minlangan tashkilot kerak. Bormi shunday tashkilot? Yo‘q! (Jamoatchilik asosida ishlaydigan Atamalar kengashi hisob emas, o‘tgan 2 yil davomida uning biron natijasini ko‘rmadik).
5. Yoshlarga internetda o‘zbek tilida sifatli va ko‘p kontent berish uchun texnik jihatdan qulay lotin alifbosi kerak (yoshlar lotinda savod chiqargan). Bormi shunday alifbo? Yo‘q!
6. Umuman internetda o‘zbek tilini rivojlantirish uchun pul kerak. Bormi pul? Bor! O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bor bizda. Lekin uning shu sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ yo‘naltirish mexanizmlari bormi? Yo‘q!
Takliflarga o‘tamiz. Bizga nimalar kerak?
1) Doimiy yangilanib, boyitib boriladigan, o‘z jamoasi va tahririyatiga ega bo‘lgan, o‘zbek tilida yuritiladigan, til, imlo, atama, etimologiya va h.k. sohalarni jamlagan internet resursni ishga tushirish;
2) ko‘zi ojizlar va kar-soqovlar uchun davlat tilidagi kontentlarni ko‘paytirish;
3) elektron musahhih, onlayn tarjimon, o‘zbek tilida ovozli qidiruv va sun’iy intellekt kabi innovatsiyalar yara-tish;
4) barcha fan yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-ommabop adabiyotlar va “handbook”larni o‘zbek tiliga tarjima qilish
uchun muntazam grantlar ajratish;
5) oliy ta’lim muassasalarida xorijlik talabalar uchun grantlar yoki boshqa turdagi imtiyozlar berish, shu orqali o‘zbek tilini xorijda o‘rganishga rag‘bat uyg‘otish;
6) o‘zbek tilini internetda rivojlantirishga qaratilgan nodavlat notijorat tashkilotlari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash;
7) “Youtube”da bolalar uchun ilmiy faktlarga asoslangan o‘zbek tilidagi kanallarni ko‘paytirish;
8) “Discovery Science”, “National geographic”, “History” kabi telkanallarning ayrim ommabop dasturlarini muntazam ravishda o‘zbek tilida
namoyish etish;
9) atamalar va boshqa tillardan kirib kelayotgan
yangi so‘zlarni o‘zbek tiliga
qabul qilishni muvofiqlash-
tiruvchi tuzilma faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
10) xorijiy tillardan so‘zlarni o‘zlashtirishni tartibga solish, shuningdek, “Yil so‘zi”, “Yangi so‘zlar” kabi loyihalarni yo‘lga qo‘yish;
11) o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish uchun zarur zamonaviy uslubiy-amaliy qo‘l-
lanmalarni yaratish;
12) o‘zbek tilini bepul o‘qitish markazlarini ko‘plab ochish;
13) rahbarlarning davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatini tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqish;
14) Alifboni takomillashtirish!
Xullas, o‘zbek tilining amaliy ahamiyatini ko‘tarish orqali ijtimoiy hayotdagi o‘rnini oshirish kerak! Axborot asrida tillar raqobatda, harakat qilmagan til yutqazaveradi!
Shahnoza SOATOVA,
Adliya vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi