“Tong va shom aro…”
“Tong va shom aro…”
Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotini bir qancha nasriy asarlari bilan boyitishga hissa qo‘shgan iste’dodli yozuvchi Ulug‘bek Hamdam hikoya janrida ham barakali ijod qilib kelmoqda. Adib badiiy izlanishlari hosilasi sifatida dunyoga kelgan ramziy-majoziy talqin yetakchilik qilgan hikoyalarida mantiqiy bog‘lam mavjud.
Har bir hikoyasida muayyan g‘oyani ochishga xizmat qiladigan epigraf tanlaydi. Binobarin, epigraf hikoyadagi tagqatlamni anglashga yordam berishi barchamizga ma’lum. Shunday ekan, adib badiiy talqinlarida ramz masalasi keyingi yillarda yaratilgan jozib hikoyalarida fenomen darajasiga ko‘tarildi. Yozuvchining “Bir piyola suv” hikoyasi ham shaklan, ham mazmunan an’anaviy hikoyachilikdan tubdan farqlanadi. Asarda sabab va oqibat o‘rtasidagi ziddiyatlar qahramon tilidan hikoya qilinadi.
Yelkasiga mas’uliyatli vazifa yuklatilgan qahramon yo‘lga chiqadi. Bu yo‘lning na o‘rtasi bor, na adog‘i. Qahramon yelkasiga yuklatilgan vazifani bajarish uchun g‘oyat ehtiyotkorlik bilan ishga kirishadi. Zukko kitobxon yozuvchi badiiy niyatini hikoyani o‘qib bo‘lgach ham anglay olmay javobsiz savollar mushohadasiga sho‘ng‘iydi. Hikoyaning nega aynan “Bir piyola suv” deb nomlanishida mantiqiy bog‘lam mavjud: suv bu yerda – obi hayot, ya’ni tiriklik ramzi yanglig‘ tasavvurimizga ko‘chadi. Nega aynan suv obrazi tanlangan? Nega suv faqat bir piyola? Bu kabi savollar har qanday mushohadakor odamni o‘yga toldirishi tabiiy!
Shundayki, hayotda har kim faqat bir ish qilishi uchun keladi, deydi kulliylarimizdan Mavlono Rumiy. Hikoyada bu dunyoga kelib, yashab o‘tayotgan odam botiniy olamiga safar qilinadi. Ko‘ngilning tub-tublarida azim bir hikmat yashirin. Shu hikmatni anglash har bir odamning hayot atalmish so‘qmoqlarida, chigal qismatlarida, ko‘rgan-kechirganlarida, olayotgan nafasidan tortib, yig‘layotgan, kulayotgan lahzalarida ham ro‘y berishi mumkin yoki aksincha. O‘zligini anglash, mohiyatni teran tushunib yetishga odam bolasi katta mehnat-u mashaqqatlar, ayriliqlar-u hijronlarsiz erisholmaydi. Yozuvchi hikoyada shu kabi turfa xil ziddiyatlarni, ko‘ngil ichida faqat o‘z-o‘zi bilan olishayotgan qahramon asrorini chizishni maqsad qilgan, desak mubolag‘a bo‘lmas!
Hikoyaning kulminatsion nuqtasi shuki, qahramon suvni ichib bo‘lib haqini to‘lash uchun navbatga turganida umri o‘tib ketgani, o‘zining qarib qolganini sezib qoladi. Ushbu holat quyidagi parchada ro‘y-rost ifodalangan:
“…agar bilganimda, bir piyola suvni deb shuncha vaqt oyoqda turib kutishimni, vaqtimni suvlarga oqizishimni, vazifamni o‘ylab vijdon azobida qolishimni oldindan sezganimda bu yerga kirarmidim? Aytishga oson, xolos. Aslida, toqatim toq bo‘ldi. Qismatdoshlarim bilan dardlashaman, deya og‘iz ochaman-u javob ololmayman. Hammasining og‘zida tolqoni bormi? O‘ylanaman, yo bari soqovmi?’’
Odamzod qismatiga avvaldan bitib qo‘yilgan ko‘rguliklar hikoyada qahramonning safar qilishi, manzil tomon ilgarilashi timsolida, sarson-sargardonlikda o‘tgan umrning hech narsaga arzimay qolishi negizida yuksak mahorat bilan inkishof qilingan:
“Yoz emasmi, halitdan qizdirgani-qizdirgan. Tashnalik jon-jonimdan o‘tganda yo‘l uzog‘i chayqalib-jimirlab, xalqob-xalqob suvga aylanadi: “saro-o-o-ob” deyman-u iztirob bilan tamshanaman. “Shunchalar nodon bo‘lamanmi, koyiyman o‘zimni o‘zim, nega bittagina ko‘zada suv ololmadim? Axir yo‘lga chiqayotganimni bilardim, boz ustiga jaziramada!’’
Qahramon yo‘lga chiqqanida juda yosh edi. Bu faslni bahorga mengzash mumkin. Ya’ni odamning tug‘ilishi, hayotni tanishi va mustaqil hayotga qadam tashlashi, o‘spirinlik va balog‘at yoshiga yetishi, undan keyin o‘zi izlagan narsalarga kutilmaganda ro‘baro‘ kelishi… Barchasi izchil davom etayotgan hayot atalmish mazmundan iborat ulkan borliqning (ichki borliq) ertangi kun uchun turfa xil kechmishlarni hozirlab qo‘yganida ko‘rinadi. Hikoya qahramoni yelkasidagi vazifani bajarishga chiqqanida – ayni bahor tugab yoz, jazirama issiq boshlanishi edi. Bilamizki, huquqi bag‘rida oydinlashadi. Bu tanlash yo‘li umr atalmish bebaho ne’mat in’omlari bilan go‘zal bir mohiyat kasb etishini odam o‘zining xatti-harakatlari, muvozanati bilan qo‘lga kiritishi mumkinligiga ishora qilinmoqda. Demak, bu o‘rinda qahramonning chanqashi ham ramziy ma’no tashimoqda. Agar suv olib chiqqanida edi, bunday ko‘rguliklarni, ziddiyatlarni, eng asosiysi, kutish onlarini boshidan kechirmagan bo‘lardi. Tadqiqotchi Feruza Burhonova qayd etishicha:
“Jazirama issiq, sahroda chanqamaslik ilojsiz. Demak, insonning tirikligi hayot kechirishi uchun nafs(suv) zaruriy ehtiyoj. Mas’uliyatli vazifani bajarishda ular birlashadi, karvonsaroy chashmasidan ingichka zanjir bog‘langan munaqqash mis piyolada bir bora suv ichib, chanqoq azobiga barham berib, yo‘l
yurishiga kuch yig‘adi. Hikoyanavis zanjir bog‘langan munaqqash mis piyola orqali insonga lazzat baxsh etgan suv(nafs)ning to‘lovi misdek og‘ir zanjir bog‘langan
piyoladek umri kishandek ekaniga ishora qiladi”.
Darhaqiqat, adib nafaqat ushbu hikoyasi, balki boshqa ko‘plab hikoyalarida sharq mumtoz faylasufi hikmatlariga
murojaat qilganligi ayonlashadi. “Bir piyola suv”da Mavlono Rumiyning “Har ne istarsen o‘zingda jam erur” muazzam hikmati asos qilib olingan.
Shunisi muhimki, Ulug‘bek Hamdam olamning bo‘y-bastiga ichkaridan turib razm soladi. Ko‘ngilning qat-qatlarida sirligicha qolib kelayotgan hayot jumboqlarini anglashni oliy maqsad darajasiga ko‘taradi. Yozuvchiga tashqarining “shakl-u shamoyili” emas, ichkarining, botiniy go‘zallikning shaffofligini qalban tushunib yetish sharaf hisoblanadi. Maqsadni ramzga yashirgan ushbu topilma zukko o‘quvchiga hikoya boshida taqdim qilinadi. E’tibor beraylik: “Endi bosh ko‘targan boboquyosh navqiron tanimga iliq nurlarini sochadi. Otlar bir maromda yo‘rtib bormoqda. Ahyon-ahyonda jilovni qimirlatib qo‘yaman, shuning o‘zi farosatli hayvonlarga kifoya – imillash yo‘q. Namuncha esli bo‘lmasa bular? – deyman o‘zimga o‘zim. – Xuddi vazifadan boxabardek! Tavba…”.
“Endi bosh ko‘targan boboquyosh navqiron tanimga iliq nurlarini sochadi” jumlasida qahramon “navqiron”. Juda yosh bo‘ladi. Yoshlik shijoati bilan “vazifani” baholi qudrat bajaray, deb yo‘lga otlangan. Hikoya xotimasidagi mana bu jumla esa muqaddimadagi personaj ruhiyatini yanada oydinlashtiradi: “Boshim aylanib, gandiraklab yuztuban yiqildim. Ko‘zimga, og‘zimga tuproq kirdi. Negadir u iliq edi. Lablarim yorildi, shekilli, achita boshladi. Yotgan ko‘yi surindim, paypaslandim. Ittifoqo, barmoqlarim tayoqni his qildi: mahkam tutib, suyanib dol qaddimni rostlashga urindim. Yuz-ko‘zlarimni artib, qaboqlarimni ochdim: qarshimda arava turardi. Lop etib hammasi yodimga tushdi. Axir… axir mening vazifam bormasmidi, juda muhim topshiriq bilan yo‘lga tushmaganmidim?! Keyin… keyin to‘satdan qosh qorayganini payqab, dahshatdan kesakday qotdim: hammasi sob bo‘ldimi?! O‘z zimmamga yuklatilgan muqaddas vazifani uddalayolmay dog‘da qoldimmi, deya baqirmoqchi bo‘ldim, lekin ovozim chiqmadi, ammo hayqiriq miyamda portlaganini aniq his qildim…”.
Ayon bo‘ladiki, “to‘satdan qosh qorayganini payqab, dahshatdan kesakday qotdim” jumlasida qahramonning “tong va shom aro” kechgan umri o‘tib, keksayib qolganligini payqab qolyapti. Lekin vazifa uning so‘nggi iqrorigacha bajarilmay qolib ketmoqda. Shu ikki birikma “Tong va shom aro” hayot mantig‘i nima ekanligini bilishga harchand urinmasin, harakatlari so‘ngida – hech nima qilishga ulgurmagan hikoya qahramoni o‘ziga tizginsiz savol bilan yuzlanadi: “O‘z zimmamga yuklatilgan muqaddas vazifani uddalayolmay dog‘da qoldimmi?!.. deya baqirmoqchi bo‘ldim… lekin ovozim chiqmadi, ammo hayqiriq miyamda portlaganini aniq his qildim…”.
Hikoya yechimida ramziylik mohiyati yanada oydinlashadi. Yozuvchi olti sahifalik hikoyaga ulkan mazmun kirita olgan. Bir inson “bir piyola suv” timsolida tiriklikning bebaho ne’mat ekanligi, u faqat bir martagina berilishini xilma-xil rakurslarda voqelikni qahramon ichkarisida – botinida turib inkishof qilishga erishgan. Zotan, kuzatish va tahlillar shunday xulosa chiqarishga muayyan asos bermoqda…
Saida QODIROVA,
Gurlan tumanidagi
40-IDUM o‘qituvchisi