Tuynikdan tushgan vallomatlar
#Mulohaza
TUYNUKDAN TUSHGAN VALLOMATLAR:
ularga ergashishda davom etamizmi, yohud...
Aristotel musiqaning insonga ulkan taʼsiri haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashar ekan: “ Musiqa ruhning axloqiy tomoniga maʼlum darajada taʼsir qiladi”,-- deb aytgan edi. Bundan chiqdi, inson hayotida musiqa ham alohida oʻrin tutadi. Uni tarbiyaga bevosita bogʻliqligi bor ekan, yuragimni tigʻsiz yaralab, suvsiz yuvib kelgan bir holatga diqqatingizni jalb etishni istardim. Musiqa tinglasak, estetik zavq olamiz. Shundaymi? Biroq uni niqob qilib olgan bemaʼzagarchiliklarga nima deysiz?! Yaqinda televizordan eshitib qoldim. Bir ayol behayolarcha ezmalanib: “...meni baliqcham dema, meni mushukcham dema...” deya tinmay hangrayotgan ekan. Ensam qotib, shartta boshqa kanalga oldim.
Sanʼat senlarga qoldimi hali?!
Aprel oylari edi. Tumanimiz kutubxonasidan qaytayotib, qoʻlida tennis koptokchasini oʻynab kelayotgan ikki oʻspiringa koʻzim tushib qoldi. Joʻr ovozda hozir yoshlar orasida xit boʻlib ketgan qoʻshiqni xirgoyi qilib kelishyapti:
Mashinasi bormi?
Otasi puldormi?
Bumermi yo Hammermi?
Atagani bormi?..
Eshitib taʼbim xira boʻldi. Shu ham insofdanmi endi? Avvaliga soxta muhabbat bilan oʻldim, kuydimni kuyga solishgandi. Endi esa, oila atalmish muqaddas dargohni, ilk sajdagohni, qoʻpol boʻlsa ham aytaman, oʻyinchoqqa mengzashyapti. Oldiniga bittagina mashina yoki qaynotaning puli bilan baxt topmoqchi boʻlganlarni ham koʻrdik. Hozirda farzandidan, turmush oʻrtogʻidan ayrilib, mishiqilarini oqizib yurishibdi. Musiqa sohasi ustalari xalqning quvonchini, dardini kuyga solishi kerak. Hamma oʻzidan kelib chiqib deganlaridek, ichida hakalak otib ketgan nafsoniy xurujlarini emas!..
Gʻarbning yutuqlariga emas, faqat bu boradagi ʻmadaniyatigaʻ koʻr-koʻrona taqlid qilib, oʻzimiz ham maʼnan gʻariblashib ketyapmiz, aslida. Nima emish, bu zamon bilan hamnafaslik va hozirgi yoshlar shunday “qoʻshiq”larni yaxshi koʻrib tinglar ekan. Koʻpchilik kalta oʻylovlilardan shunday fikrlarni eshitib taʼbim tirriq boʻladi.
Birinchidan, buni qoʻshiq deb boʻlmaydi. Undan koʻra ayvonda akillab yotgan kuchukning tovushiga quloq tutib turish yaxshiroq.Chunki u oʻtgan-ketganga akillab uyingizni qoʻriqlab yotadi-da.
Ikkinchidan, bu kabi saviyasiz qoʻshiqlar yoshlarning ehtiyojiga aylanib qolishida siz, ha, aynan siz (yengi-yelpi mavzularda ʻkuylaydiganlarniʻ nazarda tutyapman) aybdorsiz! Soʻnggi uch yil ichida vatanga, oilaga mehr tarannum etilgan, chin, haqiqiy muhabbat ruhidagi goʻzal taronalar keskin kamayib ketib, oʻrnini tagi puch sevgi-muhabbat mavzusidagi qoʻshiqlar egallab olgani bunga yaqqol dalil. Sanʼatimiz shu darajada oqsaganki, Botir Zokirov, Klara Jalilovalarning ruhlari ham chinqirab yotgandir! Menga hammasidan ham alam qilgani, yuqoridagi kabi qoʻshiq kuylaydigan oʻzicha vallomat “sanʼatkor”larning oʻzbek ekanligi. Achchiq boʻlsa-da, haqiqatni aytaman. Hozirgi estrada “yulduz” larining aksari televideniyaga yoqimli va maʼnoli qoʻshiq aytib, sanʼatimizning jahondagi mavqeyini yuksaltirish uchun emas, qaddi-qomatiyu, soʻnggi rusumdagi koʻylagini koʻz-koʻz qilish uchun chiqishyapti.
Kecha bir qoʻshiqni eshitib qoldim. Oldiniga tuzuk deb oʻylagandim:
Boʻlarsan farzandimni ona-ona-onasi,
Labingda bol tomib turadi soʻzi donasi.
Ey, yuragim koʻzlagan oʻqning nishonasi,
Bilinar yuzingda rozilik ifodasi.
Davomini eshitdimu, hayratdan yoqa ushladim.
Ular duch kelgan soʻzlarni qofiya sanab, qoʻshiqqa solib ketishayotgani esa butkul achinarli hol. Shularga kichik boʻlsa-da yordam bermoqchiman:
“Sevgi”, “kuydirgi”, “yengi”, “supurgi” -- ushbu soʻzlarni jamlab
qoʻshiq qilib kuylasangiz boʻladi. Qofiyalari oʻrnida-ku (Ertaga bu soʻzlar kuyga solinib, yoshlarning tilida jaranglasa ham ajab emas. Estrada yulduzlaridan kutmaydigan bundan-da achinarli holat qolmadi endi)!
Bularni yozishga chogʻlanganimdan maqsadim kundek ravshan. Har bir dardning davosi boʻlganidek, bu muammoning ham yechimi bor.
Musiqa madaniyatiga oid zarur qonunlar qabul qilinsa. Qoʻshiq kuylayotganda, avvalo, maʼno-mazmunga, sanʼatkorning (!) oʻzini tutishiga, kiyinish madaniyatiga alohida eʼtibor qaratilganda edi, musiqa olami
kirlanib ketgan “niqob” lardan deyarli batamom halos boʻlar edi!..
Muhayyo Shoyimova.