“URUSH” ASARIDA SHUKRONALIK JARANGI
Nizomiy nomidagi TDPUning akademik litseyida Abdurashid Nurmurodovning “Urush” asari yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mehmon sifatida O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar a’zosi, yozuvchi Abdurashid Nurmurodov, “Zulfiya” mukofoti sovrindori Iltijo Toshtemirova ishtirok etdi.
Urush mavzusiga bag‘ishlab yozilgan asarlar juda ko‘p. Lekin ular orasida aynan Abdurashid Nurmurodovning “Urush” nomli asari o‘zining qiymatiga egadir. Bu asardagi voqealardan qalbimizda ogʻriq sezganimiz, koʻzga yosh olganimiz ham haqiqat. Ushbu kitobda boshqa asarlarda bayon qilingan voqealarning birortasini takrorlamaydi. Muallif kitobxon qalbiga yoʻl topishning oʻzgacha yoʻlidan boradi: qahramonlarni oʻquvchi bilan yuzlashtiradi. Muallif o‘z asari haqida shunday deydi: “Kitob qahramonlari mening qadrdon, jonu jigarimga aylanib qolgan odamlardir. Shu yillar ichida ularning xonadonlarida mehmon boʻlib, oʻnlab yillar ortda qolib ketgan kunlarini, armonlarini tingladim. Har bir uchrashuvdan soʻng yuragimda chandiqlar qolgan. Bugun ularning safi juda-juda koʻp, ammo menga oʻtmishni soʻzlagan jonu jigarlarimning birortasi yoʻq oramizda... ularsiz bu xotiralar menga ogʻirlik qilmoqda...”
Bu asarni o‘qir ekanmiz, beixtiyor bugungi kunga shukronalik hissi qalbimizni chulg‘ab oladi. Shukronalik – eng oliy fazilat, yuksak maqom hamda xotirjamlik hissi. Bugungi o‘tayotgan har bir farovon, osuda-osoyishta kunimizda har damda shukr qilmoq siz-u bizning burchimiz! Xususan, asarga kiritilgan har bir hikoya inson zotini jumbushga keltiradi. Navoiy viloyati Nurota tumanida istiqomat qilgan Xaqnazar Shernazarovning “Po‘stirma” hikoyasi asarda alohida ahamiyatga egan. “Bir kuni kechqurun onam tarashaday qotgan terini uyga olib kirib, issiq suvda ivitdi. Teri ertalabgacha yumshab togʻorada xamirday koʻpchib yotardi. Onamga bildirmay sariq suvidan yalab koʻrdim, shoʻrtakkina ekan. Yana bir bor yalamoqchi boʻlgandim, onam koʻrib, urushib berdi. Keyin onam terining junini qoʻli bilan yula boshladi. Bizlarni ham yordamga chaqirdi. Bolalarcha qiziqish bilan onamdan: “Terini nima qilamiz?”, deb soʻradim. Onam esa boshini koʻtarmay: “Dasturxon qilaman, yirtilib ketmaydi”, dedi. Teri yaltirab, toza boʻlganda, onam uni issiq suv toʻldirilgan ikkinchi togʻoraga solib, xudi kir ezgʻilaganday qilib ezgʻilab yuvdi.
Keyin singlim va menga:
– Senlar oʻtin terib kelinglar, – deb uydan chiqarib yubordi. Havo sovuq. Ustimizda onam olachadan tikib bergan chakmon. Boshimizda esa chakmondan qilingan tumoq.
Qishloq atrofii hatto yer ostidagi yantoq tomirlaridan ham tozalangan. Oʻchoqqa tutan tiriq topish uchun Choltosh dashti tomonlarga borish kerak. Chunki u joyning shamol tegmaydigan joylaridan ovpalak topish mumkin. Ularni ham shamol olis-olislarga uchirib ketmasa.
Qishloqdan ikki chaqirimlar uzoqlashgandagi “quruqsoy”ning jarida, shamol uchirib kelgan yantoq va ovpalakka koʻzimiz tushdi. Yurak yutganday qopimizga joylab, ortimizga qaytdik.
Hovliga kirib kelganimizda, oʻchoqboshida onam tutunga koʻmilib kuymalanardi. Qopimizdagi oʻtinni koʻrib, xursand boʻlib ketdi. Bir-ikki dona ovpalak oʻchoq ostiga kirganda pov etib olov oldi. Sariq qayish boʻlib qolgan tarasha ham charsillab yonmoqqa tutindi. Koʻp kunlardan beri onamning birinchi qozon qaynatishi edi. Bizlar ogʻzimizdan soʻlagimiz oqib, nima pishirayotganligini soʻraganimizda:
– Poʻstdumba, bolalarim, poʻstdumba. Burnogʻi yili tuzqoq qilib qoʻygandim. Yodimdan koʻtarilib ketibdi, - dedi.
Aka-singil xursand boʻlib ketdik. Yogʻli poʻstdumbaning taʼmini ogʻizlarda his qilib, tamshanib ham qoʻyardik.
– Uyga kirib oʻtiringlar, men pishirib olib kiraman, - dedi onam.
Terlagan badanlar soviy boshlaganda, sovuqsirab shoshib-pishib sandal atrofidagi koʻrpalar ostiga kirdik. Issiq sandal tafti oyoqlarimizdan oʻtib tanimizga yoqimli harorat olib kira boshladi.
Poʻstdumbaning pishishini uzoq kutdik. Orada singlim oʻchoq boshiga ham borib keldi. Poʻstdumbani eshitib, sandal ustidagi jiydalarga qaragimiz kelmaydi. Poʻstdumba pishavermagach, toqati toq boʻlga singlim sandal ustidagi jiydani yeya boshladi. Men ham shunday qildim. Qoʻllarimiz birin-ketin sandal ustida borib-kelib jiydani tugatdik. Qornimiz qovzanganday boʻldi. Sandalning tafti uyquni keltirdi. Ikkovimiz ikki tomonda, boshimizni poʻstakka qoʻyi buxlab qolibmiz.
Quyosh botib, uy ichiga qorongʻulik tushganda, onam bizlarni uygʻotdi. Sandal ustidagi laganda bugʻi chiqib turgan ovqat turardi.
– Olinglar bolalarim, tuzqoq boʻlib turaverganidan yogʻi qochib qolibdi-da, – dedi onam pishirgan ovqatini biz tomonga surib.
Issiq poʻstdumbalardan birini olib ogʻzimga soldim. Qattiq, shoʻr edi. Bizlar uni chaynardik. Onamning esa ovqatini maqtashdan ogʻzi tinmasdi. Uni chaynayverib jagʻlarimiz, tishlarimiz ogʻrib qoldi. Buni yutolmasligimizni singlim ham, men ham his qilib ogʻzimizdagini olib dasturxonning bir chetiga qoʻydik. Shunda onam ularni olib toboqdagi, poʻstdumbalarga qoʻshib:
– E-e-e, esim qursin bolalarim. Bularni chopqida chopib, maydalab pishirish kerak edi, – deya oʻrnidan turib goʻsht toʻngakni, chopqini olib kelib ularni chopa boshladi. Onam sukut bilan “poʻstdumba” chopar, yuzidan koʻzyoshlari oqardi. Odamni sukut ila yigʻlashi yomon boʻlar ekan. Keyingi hayotimda onamning oʻsha holati har doim men bilan yonma-yon yurdi.
Ularni maydalab qaynatganda oyday pishdi. Men ham, singlim ham har kunlik kechki taomga oʻrganib bordik. Onamning poʻstdumbalari bilan bahorga yetib keldik.
Keyin bilsak, onam bizlarga “Poʻstdumba” deb molxonamizdagi eski terilarning hammasini qaynatib yedirgan ekan!
Bu hikoyani o‘qir ekanmiz, S HUKRONALIK (MINNADDORLIK) hissi hammasi yanada yaxshi bo‘lishiga yetaklovchi, hayotimizni nurga, quvonchga to‘ldiruvchi kuchligiga yana bir bor amin bo‘lamiz.
Tadbir davomida, litsey o‘quvchilari asar yuzasidan savol-javob, videorolik, sahna ko‘rinishlari orqali bugungi kunimiz, hayotimizda shukronalik xissi ila yashash kerak ekanligi, har narsadan nolib, bo‘lar bo‘lmasga xarxasha qiladigan yoshlar bo‘lishdan tiyilish haqida o‘rinli fikrlar aytib o‘tildi.
Dilovar NURMURODOVA,
Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2-bosqich magistranti,
Nizomiy nomidagi TDPU akademik litseyi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi