Uchinchi renessans va adabiyot
Biz yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga jazm qilgan ekanmiz, birinchi galda ta’lim-tarbiya masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishimizga to‘g‘ri keladi.
Ta’lim deganda men nainki ongimizga mahkam o‘rnashgan bog‘cha – maktab – o‘rta maxsus – oliy ta’lim tizimini, balki, keng ma’noda, ma’rifatli jamiyat qurish, odamlarning ilmga munosabatini o‘zgartirish masalasini ham nazarda tutmoqdaman.
Tarbiya haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Ya’ni, tarbiya bu faqat yosh avlodni “kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish” ruhida kamol toptirish, ularga salomlashish, muomala odobini o‘rgatish emas (bular ham o‘z o‘rnida zarur, albatta), balki shu bilan birga ular qalbida yuksak estetik qarashlarni, adabiyot va san’atni nozik idrok etish salohiyatini shakllantirishdan ham iborat bo‘lishi kerak.
Farzandingiz san’atni tushunadimi?
Bola besh yoshida dunyoni siz bilan bizdan ko‘ra teranroq idrok etadi. Jumladan, uning fitratida go‘zal ohanglarga moyillik bo‘ladi, mayin, yoqimli kuyni eshitganda go‘daklarning ohista tebranishi, unga monand harakatlar qilishi ham shundan.
Faqat keyinchalik, tashqi omillar ta’sirida uning san’atga bo‘lgan munosabati u yoki bu tarafga o‘zgaradi. Uyida Komiljon Otaniyozov, Halima Nosirova, Otajon Xudoyshukurov, Sherali Jo‘rayev, Dilnura Qodirjonova ashulalari yangrab tursa, zilol suv tuproqqa singib, undan gul-chechaklar undirgani kabi, bu ohanglar bola qalbiga o‘rnashib, unda go‘zal tuyg‘ularni parvarishlaydi. O‘z navbatida, yengil-yelpi, taraq-turuq, shovqin-suronli tovushlar (ularni musiqa deyishga til bormaydi) kelajakda bolaning fe’l-atvori, xatti-harakatlarida ham albatta aks-sado beradi.
Adabiyot darslarida Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganayotib, u zotning musiqa ilmida ham benazir bo‘lganliklarini aytsam, ba’zi o‘quvchilarim hayratlanadi. Men ularga tushuntirishga harakat qilaman: “Agar musiqiy idroki bo‘lmaganda, u zot, ehtimol, shunday o‘lmas asarlar yaratmagan bo‘lar edi. Musiqadagi ohangdorlik, ritm (marom), inson his-tuyg‘ulariga ta’sir etish kuchi badiiy asar uchun ham zarur sifatlardir...”.
Shu tariqa men ko‘plab allomalar, mumtoz shoir va adiblar ham (masalan, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Zahiriddin Muhammad Bobur) boshqa fanlar qatori musiqa ilmini puxta o‘rganganlari, bu ularning ilmiy va ijodiy faoliyatida, estetik kamolotida muhim o‘rin tutganini ta’kidlayman.
Adabiyotning nafaqat ilmiy va ijodiy yoki estetik dunyoqarash rivojida, balki umuman, shaxs kamolotidagi o‘rni bundan ham ahamiyatliroqdir.
Farzandingiz adabiyotni qanday tushunadi?
Kitobxonlik, badiiy adabiyot haqidagi bahs-munozaralarda ayrim ota-onalarning “Mening bolam bunday og‘ir kitoblarni o‘qishga hali yoshlik qiladi, oldin ertaklarni o‘qib olsin...” degan gaplari qulog‘imizga chalinib qoladi.
Ertak o‘qishning ham, eshitishning ham bola uchun foydali taraflari ko‘p. Ayniqsa, ularda ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi azaliy kurash, oxir-oqibat ezgulikning g‘alaba qozonib, yaxshilarning ertak yakunida albatta “murod-u maqsadiga yetishi” yosh yurakda “Men ham, albatta, yaxshi bo‘lishim kerak, shunda albatta g‘olib chiqaman” degan nekbin qarashni tarbiyalashi bor gap. Ya’ni, “ertaklar – albatta, yaxshilikka yetaklar”, buni inkor etib bo‘lmaydi.
Biroq hozirgi kun talablari va nuqtayi nazaridan aytish zarurki, bolalarimiz katta adabiyotga qancha erta oshno tutinsalar, shuncha yaxshi. Xuddi to‘rt-besh yoshlarida “Mantiq ut-tayr”ni boshdan-adoq yod bilgani Alisher Navoiyga og‘irlik qilmagani singari, farzandlarimiz o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini bolalik chog‘laridan o‘qiy boshlasalar, faqat yutadilar.
Masalan, Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev, Murod Muhammad Do‘st, Tog‘ay Murod, Xayriddin Sultonning qaysi asarini falon yoshga yetganda o‘qish mumkin yoki mumkin emas, deya olamiz?
Nikolay Gogol, Lev Tolstoy, Anton Chexov, O‘Genri, Ernest Xemenguey asarlari haqida ham shunday deyish mumkin.
Farzandingiz yoki o‘quvchingiz mutolaa qilgan badiiy asarini tushunmay qolishi yoki noto‘g‘ri tushunishi, ular ta’sirida biror salbiy holat yuz berishi mumkinligidan aslo xavotirlanmang. Mahorat bilan yozilgan har qanday adabiy asar (bu yerda adabiy so‘ziga e’tibor bering!) o‘quvchi e’tiborini qanday tortishni, uning ichki olamiga qanday kirib borishni va ko‘ngliga qanday ajib tuyg‘ularni solishni o‘zi yaxshi biladi.
Chaqiriq
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil O‘zbekiston teatr san’ati xodimlariga yo‘llagan tabrigida: “El-yurtimizni turli xavf-xatarlardan asrash, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash olib borish dolzarb vazifaga aylanib bormoqda.
Biz bu yo‘lda barcha ijodkor ziyolilarimiz qatori siz, hurmatli san’atkorlarimizning iste’dod va salohiyatingiz, bilim va tajribangiz, ezgu fazilatlaringizga tayanamiz”, deya ta’kidlagan edilar.
Men bu jumlalarni nainki teatr san’ati fidoyilariga, balki barcha ijodkor ziyolilarga, biz, o‘qituvchi-pedagog va ota-onalarga ham qaratilgan chaqiriq deb qabul qilaman.
Farzandlarimiz, o‘quvchi-talabalarimizning, ular kelajakda qaysi kasb yoki sohani tanlashidan qat’i nazar, adabiy va estetik didini faqat eng sara badiiy asarlar, asl san’at durdonalari vositasida tarbiyalay olsak, mamlakatimiz rivojiga qo‘shgan eng katta hissamiz shu bo‘ladi.
Ozoda BOZOROVA,
Toshkent shahridagi 110-maktabning o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi