“Uloqda” hikoyasini o‘rganganda...
“ Uloqda” hikoyasini o‘rganganda...
Abdulla Qodiriy asarlari maktab, oliy o‘quv yurti darsliklari mazmun-mundarijasiga alohida ko‘rk, salobat bag‘ishlab turadi. Chunki bu ulug‘ adibning ijodi, mana, bir asrdirki, ijtimoiy-madaniy turmushimizning o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘lib keladi. “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarisiz nafaqat adabiyotimiz, balki butun madaniy hayotimiz rangsiz, tussiz, juda g‘arib bo‘lib qoladi. Ushbu romanlar o‘zbek xalqi tarixi, Markaziy Osiyo mintaqasi tabiati, ijtimoiy hayoti, urf-odat va an’analari, oila munosabatlari, odamlarning dunyoqarashi, fe’l-atvori va yana ko‘p narsalar to‘g‘risida yorqin tasavvur beradi. Ishonch bilan aytish mumkinki, adabiyotning milliyligi va umuminsoniy qadriyatlarga asoslanishi, Abdulla Qodiriy singari ijodkorlar asarlarida aniq aks etadi. Adib barcha asarlari mavzusini turmushning naq o‘zidan oladi va undagi hodisalarni adabiyot tarozisiga tortib, taqdim qiladi. “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon”, “Juvonboz”, “Baxtsiz kuyov”, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”ni o‘qiganlar ijtimoiy turmushdagi yaxshi va yomon jihatlarni aniq ajratib oladi. Yozuvchining “Uloqda” hikoyasi ham shunday salmoqqa ega.
Abdulla Qodiriy ushbu asarining keyingi nashriga: “Bu hikoya 1915-yilda yozilg‘on edi. Bolalik davrimning yodgori bo‘lg‘ani uchun ortiqcha o‘zgarishlar kiritmadim” deb izoh yozgan (A.Qodiriy.
Diyori bakr: she’rlar, hikoyalar, sahna asarlari, hangoma, felyeton va maqolalar. – Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2007. – 472-b. – 418-bet). Demak, adib “Uloqda” hikoyasini 21 yoshida bitgan. Alohida ta’kidlash joizki, u shu yoshida jahon adabiyoti andozalariga har jihatdan muvofiq keladigan hikoya yozgan. “Uloqda” nafaqat o‘zbek, balki jahon adabiyotidagi badiiy mukammal hikoyalar sirasiga kiradi. O‘zbek adibining ushbu asarini Gi de Mopassan, Anton Chexov, Rabindranat Tagor kabi jahon adabiyoti darg‘alari hikoyalari bilan yonma-yon qo‘yib o‘qigan kishilar bunga to‘la ishonch hosil qilishadi. “Uloqda” voqelikni haqqoniy aks ettirishi, personajlar ruhiyatini ishonarli ko‘rsatib berishi bilan realistik adabiyot mezonlariga to‘la javob beradi. Chunki unda milliy turmush manzarasi xuddi hayotning o‘zidagidek jonli va ta’sirchan tasvirlanadi. Hikoyada voqelik personaj
tilidan naql qilinsa-da, mavzu juda ta’sirchan yoritib beriladi. O‘n ikki yashar o‘spirin Turg‘un milliy qadriyatlarimizdan biri uloq chopish – ko‘pkari o‘yini turmushimizdan qanchalik mustahkam o‘rin olgani, eldoshlarimiz bu sport turiga juda qiziqishini maroq bilan so‘zlaydi. Hikoyada o‘spirinning ko‘pkari – uloq chopishga orzumandligi, bu tomosha kishilarga katta zavq bag‘ishlashi yorqin ifodalanadi. Abdulla Qodiriy personajlarning holati, kechinmasi, xatti-harakatini xuddi filmda aks ettirilgandek aniq va ta’sirchan tasvirlab ko‘rsatadi. O‘quvchi “Uloqda”dagi ishtirokchilarni xuddi ko‘rib turganday bo‘ladi. Chunki hikoyada voqelik: “Xizmatchi go‘sht keltirib turgan ekan. Otxonadagi qora qashqani ko‘chaga chiqarib turishga buyurib, go‘shtni oyimga kirgizib berdim-da, tashqariga qarab chopdim... Xizmatchidan otni olib mindim, to‘nimning etaklarini yig‘ishtirib, qashqachamning choviga bir-ikki qamchi bergan edim, jonivor shataloq otib ketdi. Xizmatchining “Ha, barakalla! Chavandoz!” degan tovushini eshitib, qattiqroq qamchilab edim, jonivor qashqacham ko‘tarib ketayozdi... Biz bir durkum otliq boramiz. Jonivor toycham boshqa otlardan qolishmaydi va goho ularning otlaridan o‘tib ham ketadi. Toycham o‘ta qolsa: “Otingiz juda ham yo‘rg‘a ekan-da, boyvachcha!” deb menga piching otishadilar” tarzida tasvirlanadi (O‘sha manba. – 419-bet). “Uloqda”dagi bu kabi o‘rinlar Abdulla Qodiriy voqelikni sinchkovlik bilan kuzatib, chuqur o‘rganib qalamga olganini bildiradi. Hikoyada bo‘rtib turadigan bu jihat adibning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” kabi asarlarida ham yaqqol aks etadi. Yozuvchi o‘z ijodidagi ushbu xususiyat haqda: “Haqiqiy yozuvchi bo‘lmoq uchun turmushni har taraflama o‘rganish, buning uchun uning har sohalaridan xabardor bo‘lish kerak. Qisman mening boshimdan kechirganlarim mening yozuvchi bo‘lishimda kattagina rol o‘ynaganlar... Men bir asar yozishdan avval shu yozmoqchi bo‘lgan narsam haqidagi materiallarni puxta o‘rganib chiqaman... Materialni o‘rganish mahalida eng mayda narsalarga (detallarga) ham ahamiyat beraman... Har bir asarimning yozilishiga turmushda uchragan biror voqea sabab bo‘ladi” degan (O‘sha manba. – 391-bet).
Maktab darsliklaridan o‘rin olgan, o‘zbek adabiyotidagi dastlabki realistik hikoya namunasi sifatida e’tirof etiladigan “Uloqda” Abdulla Qodiriy turmushni har taraflama o‘rgangan, undagi har sohalardan xabardor bo‘lgan, yozmoqchi bo‘lgan mavzusiga daxldor materiallarni puxta o‘rgangan, undagi eng mayda narsa – detallarga ham e’tibor bergan so‘z san’atkori ekaniga yorqin dalil bo‘la oladi. Ayni hikoya adib ijodiga xos yana ko‘plab xususiyatlarni bamisoli oyna bo‘lib ko‘rsatib turadi. “Uloqda” matnidagi ko‘pgina jihatlar “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” sahifalarida yanada jilolanib, keng qamrovda quloch yozib barq urib ko‘rinadi. Shu bois Abdulla Qodiriy asarlaridagi personajlar hayotdagi odamlar kabi diqqatni darhol jalb etadi. Ularning har biri o‘z qiyofasi, xatti-harakati, gap-so‘zi bilan boshqalardan alohida ajralib turadi. Ayrim qalamkashlarning yozgan narsalaridagi personajlar qiyofasiz, mujmal ekanligidan e’tiborni tortmaydi. Abdulla Qodiriy personajlari harakatlanadigan zamon va makonni, ular turgan muhitni juda aniq tasvirlaydi.
“O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari bu jihatdan o‘zbek adabiyotidagi eng ko‘rkam asarlar sirasiga kiradi. “Uloqda” hikoyasi ham xuddi shunday desa bo‘ladi. Yozuvchi ushbu hikoyasida o‘quvchini “Uloqda”ning asosiy qahramoni Turg‘un bilan birga olib yuradi. Ya’ni o‘quvchi hikoyani mutolaa qilayotganida o‘zini Turg‘unning yonida turganday, uning holati, kechinmalarini ko‘rib kuzatayotganday sezadi. O‘quvchi hikoyada qalamga olingan voqealarning go‘yoki guvohi, ishtirokchisiga aylanadi, Turg‘unning kechinmalari uning o‘ziga ham ta’sir o‘tkazayotganini his qiladi. Voqelik aynan o‘zidagidek qilib tasvirlanganida asar shunday salmoq kasb etadi. “Uloqda”ning: “Dalaning ko‘chasi qishdan boshqa vaqt suv ko‘rmagani uchun ikki gaz keladiturg‘an bilq-bilq tuproq; yigirma-o‘ttiz uloqchilar birdaniga yo‘l bosib, qaysi otini choptirib, qaysi lo‘killatib, boradi. Ko‘chani to‘zon qoplag‘an, kishi kishini tanimaslik holga kelgan. Men bo‘lsam uyga qaytib borganimda: “Kiyimlaringni pes qilibsan!” – deb oyimning qarg‘ashidan qo‘rqaman” (O‘sha manba. – 421-bet) kabi o‘rinlari hikoyada voqelik xuddi hayotning o‘zidagidek aks ettirilganiga isbot bo‘la oladi.
Aytish mumkinki, Abdulla Qodiriy ushbu hikoyasi bilan hayot hodisalariga Navoiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy asarlaridagidan ko‘ra yangicha yondashish zarurligini ko‘rsatib, adabiyot oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi. Ayni holat Fitrat, Cho‘lpon, Hamza ijodida ham kuzatiladi. Ular mumtoz adabiyot vakillaridan farqli holda, hayot hodisalarini bor holicha – haqqoniy ko‘rsatishni yoqlashadi, asarlari mundarijasiga o‘zlarining dard, iztiroblarini singdirib yuborishadi, voqelikka yuqoridan turib qarashadi, undagi barcha ishtirokchilarning holati, harakatini xuddi ko‘rib kuzatib turganday aniq tasvirlashadi. Shu bois “Uloqda” hikoyasidagi Turg‘un ham, boshqa personajlar ham tasavvurda xuddi hayotdagi odamlar kabi namoyon bo‘ladi.
“Uloqda” hikoyasi “sahna”sida Turg‘un asosiy qahramon sifatida harakat qiladi. Turg‘unning yonida onasi, xonadon xizmatchisi, akasi Mahkam, chavandozlar (Sobir tegirmonchining o‘g‘li, mo‘ylovi shopdek yigit, oldiga bir ola echkini o‘ngargan, ko‘kragi ochiq, yaktakchan, saman otliq
yigit, To‘g‘on aka, bodring sotuvchilar, Salim chavandoz, Murod chavandoz Turg‘unning o‘rtoqlari: Nurxon, Haydar soqov, Shokir mishiqi, Orif sarkor, Esonboy ko‘rinadi. Shuningdek, Turg‘unning otasi, tog‘asi, samovarchi, Ro‘zi qassob, Eson ko‘knorining o‘g‘li tilga olinadi. Hikoyadagi voqealarda Turg‘un bilan yonma-yon tomoshabinlar ham ishtirok etadi. Ularning ishtiroki: “Tomoshachilar orasida yana ola-g‘ovur qo‘pti: “Ana, uloqning solig‘ini yig‘ayotibdilar!”, “Uloq hozir boshlanadi!”, “Murod chavandoz ham turdi!”, “Salim qalpog‘ini kiydi!”, “Ro‘zi qassob uloqni bo‘g‘izlamoqchi,
pichog‘ini qayrayapti!”, “Boyvachchalar ham qo‘zg‘alishdilar!”, “Salim choponini yechmoqchiga o‘xshaydi!”, “Hay barakalla, shovvozlar!” ... Hamma tomoshachilar sabrsizlanib: “Shu tobgacha tuya bo‘g‘izlasa ham bo‘lar edi, ulog‘i yaxlab qoldimi?” – deyishadilar... Bu yoqdagi tomoshachilar: “Taqimga bos, taqimga!”, “Otning boshini qo‘y, choviga qamchini shig‘ab ber!”, “Bo‘sh kelma, mahkam tut!”, “Yuganini bo‘shat, qamchingni tishlab ol, yoningga alahsima!”, “Olding, olding!”, “Berma, chapga burul, chapga!”, “Tut, qo‘yma!”, “Voy to‘ymagur, berib yubording-a, o‘z ko‘nglingda sen ham uloqchisan-da!”, “Oting harom qotsin, otmi, eshakmi – bu harom o‘lguring?”… deb har xil tovushda baqiradilar. Uloq yerga tushib ketib qolsa, tomoshabinlardan ba’zisi yugurib
borib yerdan uloqni azod ko‘tarib oladi, ukasimi, oshnasimi – ishqilib birorta yaqin kishisiga tutqizmoqchi bo‘ladi. Lekin boshqa chavandozlar uloqni undan olmoqchi bo‘lib ustiga duv yig‘iladilar, u bermaslikka tirishadi, boshqalar o‘rtaga sanjob qilib siqadilar. Bechora anchadan keyin oqsoqlanib yoki qo‘lini silab o‘rtadan arang chiqib ketadi. Chekkan azobini so‘zlay-so‘zlay bir chetga chiqib ketadi” (O‘sha manba. – 423 – 425-betlar) tarzida beriladi. Hikoyada ular hozirgi paytdagidek “tomoshabin” emas, “tomoshachi” deyiladi.
“Uloqda”dagi: “Otasi bolasini, akasi ukasini tanimaydi, chang-to‘zon, terlangan, pishilgan, har kim uloqni taqimiga bosish qayg‘usida. Bosh yorilib, ko‘z chiqqan bilan, otdan yiqilib, qo‘li singan bilan parvoyi falak... Ishqilib, uloqni taqimga bosilsa bo‘ldi... Taqimga bosish o‘zi juda ham nash’alik-da! Lekin taqimga bosish har kimga ham muyassar bo‘lavermaydi, taqimga ko‘proq bosuvchilar boyagi chavandozlar; azoblanib o‘layozib bo‘lsa ham uloqni taqimga bosgach, otga qamchi berib, ellik-oltmish odim nariga qochib boradilar-da, yana orqadagilar tarafidan o‘ralib olinadilar. Yana tortish” kabi o‘rinlar muallif voqelikka yuqoridan turib
qaraganini isbotlaydi. Ayni o‘rinlarda
muallifning voqelikka munosabati aks etadi. Shuningdek, ushbu o‘rinlarda “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” va boshqa asarlarida mahorat bilan qo‘llangan piching, kesatiq usulidan samarali foydalanilgani namoyon bo‘ladi. Ayni o‘rinlar Abdulla Qodiriyning roman, hikoya, ocherklari, publitsistik maqolalari Fitrat, Cho‘lpon asarlaridan o‘tkir piching, tagdor kesatiq,
zaharolud istehzosining kuchliligi bilan farq qilishini ko‘rsatadi. “O‘tkan kunlar” muallifining “Uloqda” va boshqa asarlaridagi, ayniqsa, publitsistik maqolalaridagi piching, kesatig‘ida u el-yurt ayanchli ahvolda ekanidan iztirobga tushib, azoblanib yashagani bilinadi.
Hikoyada hozirgi zamonning aksariyat o‘quvchilari uchun ma’nosi tushunarsiz
qashqa, uloq, hayit, mo‘g‘ulcha egar, toycha, o‘rus yugan, quyushqon, qorinbog‘, yugan, o‘mildirig‘, jujuncha, amirkon etik, baxmal do‘ppi, to‘ra, kumush chopqon qamchi, shohi qiyiqcha, chov, yo‘rg‘a, saman ot, yaktak, valad, bodirafraf, bordon, qiron, uchurvoq, chovkar, to‘riq, serkishnov, baytal, ayil, taqim, qoqqan tarrakdek so‘zlari qo‘llanadi. Ushbu so‘zlar “Uloqda”ni muayyan darajada tarixiy mavzudagi asarlar qatoriga kiritish uchun asos bo‘la oladi. Masalan, shahar muhitida tug‘ilib o‘sgan yoshlar ko‘rmagani, turmushda foydalanmagani bois quyushqon, o‘mildirig‘, ayil, qorinbog‘ nima ekanligini bilmaydi. Hozir ko‘pchilik qanday ot saman, to‘riq, chovkar deyilishini ham aniq aytib berolmaydi. O‘quvchilar dars mashg‘ulotlarida “Biya nima?” deb so‘rashadi. Ana shu holat mazkur so‘zlarga izoh berishni taqozo qiladi. “Uloqda” hikoyasi emas, bundan yuz yil avval bitilgan boshqa asarlarni o‘qib tushunish ham o‘quvchilar uchun ko‘p qiyinchilik tug‘diradi. Chunki vaqt o‘tishi, ijtimoiy turmush o‘zgarishi bilan boshqa hodisalar singari so‘zlar ham iste’moldan qolib eskiradi. “Arxaik so‘zlar” deyiladigan bunday tushunchalarning ma’no-mazmunini anglash yillar o‘tgani sayin qiyinlashib boraveradi. Abdulla Qodiriy asarlari, xususan, “Uloqda” hikoyasi ham hayotda hamisha ana shu jarayon hukmronligidan dalolat beradi. Dars mashg‘ulotlari chog‘ida “Uloqda” hikoyasidagi quyidagi so‘zlarning ma’no-mazmuni o‘quvchilarga ma’lum
qilinsa, har jihatdan foydali bo‘ladi:
AYIL – ot, eshak, xachirning egar-jabdug‘ini mahkam tutib turadigan tasma. Uzunligi 1,5 m. cha, eni 7–8 sm, ikki uchida to‘qasi bo‘ladi. Egar ustidan tortib bog‘lanadigani jun yoki ipdan to‘qiladi va ichki ayil deyiladi. Egar to‘shagi ustidan uriladigani qayishdan yasalib, pushton yoki bosma ayil deyiladi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 1-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2000. – 736-b. – 158-bet).
AMIRKON – charm turi; mol yoki qo‘y terisidan oshlab, pishirib, yuziga qora lok surtib tayyorlangan mayin, yaltiroq charm (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 1-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2000. – 736 b. – 285-bet).
BIYA, baytal – voyaga yetgan urg‘ochi ot. Ayg‘irdan alohida saqlanadi. Biya 3 yoshidan (g‘unanlik davridan) to 20–25, ba’zan undan ham katta yoshgacha qochiriladi. Bo‘g‘ozlik davri o‘rtacha 11 oy. Biyadan sog‘lom qulun olish uchun butun bo‘g‘ozlik davrida qaltis harakatlardan, shamollashdan ehtiyot qilinadi, og‘ir yuk tashishda ishlatilmaydi, toliqishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qulunini 6–9 oy emizadi. Bir sutkada 15 l gacha (ayrim sersut zotlari 25l gacha) sut beradi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 2-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2001 – 704-b. – 66-bet).
BORDON – po‘sti tozalanmagan qamishdan bo‘yraga o‘xshatib to‘qiladigan qurilish materiali(to‘shama). Imoratlar qurishda vassa, toqi ustidan solinadi. Ilgari bordondan boshqa maqsadlarda ham foydalanilgan (masalan, tuproq va zaxdan saqlanish uchun supa ustiga solinadigan namat, gilam, palos tagiga to‘shalgan, hovli-joy atrofini devor qilib o‘rash uchun ishlatilgan va b). Hozir ham yakka uy-joylar, bostirmalar qurishda bordondan foydalaniladi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 2-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2001. – 704-b – 154-bet).
BORDON arabcha so‘z bo‘lib, “katta xurjun” demak. 1. Qobig‘i olinmagan qamishdan bo‘yraga o‘xshatib to‘qilgan qalin, dag‘al to‘shama. 2. Shunday to‘qimadan tayyorlangan maxsus qop, idish; semiz,
gavdali (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 1-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – 608-b. – 314-bet).
BUYDALAMOQ – siqimlab yulmoq, yumdalamoq (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 1-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – 608-b. – 336-bet).
VALAD – arabcha so‘z bo‘lib, o‘g‘il bola, o‘g‘il; farzand. Shariat yo‘li bilan nikohlanmagan ota-onadan tug‘ilgan bola; haromi (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 1-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – 608-b. – 437-bet).
JUJUNCHA (xitoycha “chu sancha”) – qalin to‘qilgan ipak mato; ipakning maxsus navidan tayyorlangan. Rangi sarg‘ish-kulrang. Xitoy, keyinroq Rossiyadan keltirilgan. XIX asr o‘rtalari – XX asrda jujunchadan asosan erkaklar kiyimi (ko‘ylak, kamzul, shim va b) tikilgan (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 3-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2002. – 704-b. – 632-bet).
Qashlag‘ich – otni qashlab tozalash uchun ishlatiladigan, qator tishli temir asbob (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 5-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 592-b. – 268-bet).
Qorinbog‘ – ot yoki eshakning qornidan tortib egarga mahkamlanadigan yoki qornidan o‘tkazib, arava shotisiga bog‘lanadigan enli tasma; qorinbog‘ich (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 5-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 592-b. – 343-bet).
Quyushqon – egarning oldinga siljimasligi uchun ot yoki eshakning dumi ostidan aylantirib, egarga biriktiriladigan, ko‘pincha turli bezaklar qadaladigan qayish (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 5-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 592-b. – 395-bet).
Sayhon – katta tekis ochiq joy, maydon (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 3-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2007. – 688-b. – 425-bet).
Salt – aravaga qo‘shilmagan; yaydoq (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 3-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2007. – 688-b. – 432-bet).
Saman – forscha so‘z bo‘lib, sariqqa moyil rangli ot; och malla, sarg‘ish, somonrang tusli ot (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 3-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2007. – 688-b. – 434-bet).
Taqim – oyoqning tizza osti bukiladigan joyi; ot ustida o‘tirgan holda biror narsani (masalan, uloqni) taqim ostiga bosib olmoq (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 4-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 608-b. – 36-bet).
Tarrak – palak otib o‘sadigan poliz
ekini va uning bodringdan ko‘ra yirikroq kuvrak hosili (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 3-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2007. – 688 b. – 686-bet).
Tarrakdek qotmoq – tarra, tarrak – qovun, uzum kabi shirali mevalarni ko‘p iste’mol qilgandan keyingi lanjlik, lohaslik holati; qattiq uyquga ketmoq.
Toycha – otning bir yoshdan ikki yoshgacha bo‘lgan bolasi (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 4-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 608-b. – 134-bet).
To‘ra – yuqori tabaqaga mansub kishi; zodagon, oqsuyak, aristokrat (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 4-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 608-b. – 244-bet).
TO‘RA, to‘ru (tora, toru) – 1) qonun, qoida, intizom, urf-odat. Qadimgi turkiylar ijtimoiy hayotini tartibga solgan majburiy qoida (norma)lar majmuyi. Turkiy davlatlarda hukmdorning burch va majburiyatlari, vazifasi, shuningdek, jamiyatdagi huquq va jazoni belgilash to‘ra asosida amalga
oshirilgan. To‘ra so‘zi “qonun” ma’nosida ilk bor xitoy yilnomalarida uchraydi. Shuningdek, O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida Turk xoqonligining qonunlari sifatida tilga olinadi. Bilga xoqon bitiktoshida “to‘y marosimi” ma’nosida qayd etilgan. Chingizxon tomonidan joriy etilgan ko‘chmanchilarga xos huquqiy odatlar ham qadimgi turkcha to‘ra asosida belgilangan. Mo‘g‘ul davlatining qonun-qoidalari Chingizxon asosida, temuriylar saltanati tartib-intizomlari esa, “Temur tuzuklari”da o‘z ifodasini topgan; 2) janob, shahzoda ma’nosida ishlatilgan. Ota tomonidan Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) avlodlari, ona tomondan esa Chingizxon avlodlari – oqsuyaklar toifasidan bo‘lganlar to‘ra deb atalgan; 3) Buxoro amirligi va xonligida amir va xon o‘g‘illari hamda Turkistonda rus podshosi ma’murlari ism-sharifiga qo‘shib aytilgan atama; 4) qadimgi davrlarda urushlarda ishlatiladigan, odam bo‘yi keladigan qalqon (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 9-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2005. – 704-b. – 12-bet).
To‘riq – qora qizil, to‘q jiyron ot (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 4-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 608-b. – 245-bet).
O‘zbekistonda alohida Uloq-ko‘pkari federatsiyasi tuzildi (2002-yil 29-aprel). Federatsiya tuman, viloyat, respublika musobaqalarini uyushtiradi. Ad.: R.Samibekov. Chavandozning belbog‘i, Toshkent., 1998; S.Yo‘ldoshev, N.Jo‘rayev, Uloq – shijoatli va jasur suvoriylar o‘yini, Farg‘ona – 2002.
ULOQ – 6 oylikkacha bo‘lgan echki bolasi. Echkichilikda uloq jun va tivit yo‘nalishida yaylovda onasidan ajratilmay, sut yo‘nalishida bo‘lsa, ajratib parvarish qilinadi (4 oylik bo‘lgach, onalaridan, erkaklari urg‘ochilaridan ajratiladi). Onasidan ajratib boqilganda 1 oylik uloqlarga bir kunda 4-5 soat oraliq bilan 4 marta (200–250 g dan), 3 oylik uloqlarga 3 marta (150 g dan) sut ichiriladi. Shuningdek, uloq 10 kunlik bo‘lgach, sutga qo‘shib 200 g, 2-3 oylik davrda 800 g pishirilgan suyuq suli atalasi beriladi. 3-4 haftalik uloqlar o‘tlashga qo‘yiladi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 9-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2005. – 704-b – 74-bet).
Uloq xalq o‘yini, asosan, 2 qismdan – solim (qoqma) va poygadan iborat. Solim (qoqma). Chortoq ustidagi bakovullar (hakamlar) uloq (so‘yilib ichki a’zolari, bosh va oyoqlari kesib olingan echki yoki buzoq)ni to‘daga tashlaydi. To‘dadagi chavandozlar uloqni olib, tortishib, eng kuchlisi uloqni marraga yetkazib berishi lozim. Kim uloqni marraga yolg‘iz o‘zi halol olib kelsa, unga avvaldan belgilangan mukofot taqdim etiladi. Katta to‘ylarda mukofotga pul, mato, kiyim, gilam, qo‘chqor va boshqa qimmatbaho mukofotlar qo‘yiladi. Poyga, u 2 turdan iborat: otda chavandozning poygasi va uloq bilan chopish poygasi. Uloq bilan poygada belgilangan joydagi uloqni
olish uchun hakamlar ruxsat bergandan keyin chavandoz ot choptirib borib, uloqni yerdan ko‘tarib olishi va marraga yetkazishi kerak. Keyingi yillarda uloq o‘yinlari sport turiga kiritildi va O‘zbekistonda respublika miqyosida rasmiy musobaqalar, xalqaro turnirlar o‘tkazila boshlandi. 1998-y. Samarqand viloyatining Chelak tumanida, 1999-y. “Alpomish” dostonining 1000 yilligiga bag‘ishlanib, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida respublika musobaqalari tashkil qilindi. 1-xalqaro musobaqa Navoiy viloyatidagi Islomobod jamoa xo‘jaligida bo‘lib o‘tdi (1999-yil 27–29- noyabr), unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarboyjon, Turkmaniston va O‘zbekiston terma jamoalari bilan birga Navoiy, Samarqand viloyati vakillari alohida jamoa sifatida ishtirok etdi.
ULOQ, ko‘pkari – O‘rta Osiyo xalqlarining qadimgi ommaviy, milliy o‘yinlaridan biri. Asosan, g‘alaba va hosil bayramlari, to‘y va sayillar munosabati bilan o‘tkazilgan. Hukmdor va har xil amaldorlardan tashqari o‘ziga to‘q odamlar, hatto, oddiy aholi ham uloq o‘yinlarini tashkil etgan. Ko‘proq xatna (chipron) to‘ylarida rasm bo‘lgan. Uloq turkiy xalqlar, ayniqsa, uning qo‘ng‘irot, qurama, ming, mang‘it, oyrat, yoyilma, kenagas, qipchoq, barlos kabi urug‘lari orasida ommalashgan. Uloq tomoshalari oldidan maxsus jarchilar qishloq, ovullarga yuborilib, odamlar gavjum joylarda, bozorlarda uloq kim tomonidan, qayerda, qachon va nima maqsadda o‘tkazilayotganligini hamda qo‘yiladigan sovrinlarni e’lon qilgan. Turli joyda har xil qoida bo‘yicha (chortoq, sudratma, marra, poyga, pakka, minbar va boshqa nomlar bilan atalgan) uloq o‘yini uyushtirilgan. Uloq ko‘ngilochar tomosha yoki shunchaki o‘yin bo‘lmasdan o‘g‘il bolalar, yigitlarni mard, jasur, epchil, dovyurak qilib tarbiyalash vazifasini bajargan. Uloq o‘yinlari ot naslini yaxshilashga, chidamli, tez harakat qiladigan zotlarini ko‘paytirishga yordam qilgan. Qorabayir, arabi, axaltekin, qurama, laqay, kustanay, qorabog‘ va hozirgi Orlov ot zotlari uloqchi otlar hisoblanadi.
Uloqning sport turi sifatida xalqaro miqyosida 38 mamlakatda (2004-yil) tan olinishida O‘zbekistan ot sporti va uloq federatsiyasi tomonidan uloq musobaqalarining umumiy qoidalari ishlab chiqilishi va Xalqaro “kok boru” (Uloq – ko‘pkari) federatsiyasining ta’sis etilishi (2001-yil 7–11-noyabr, Bishkek)ning ahamiyati katta bo‘ldi.
O‘mildiriq – ikki uchini egarning old qismiga, uchinchi uchini otning o‘mrovi orqali o‘tkazib, ayilga biriktirib qo‘yiladigan bezakli qayish tasma (egar orqaga surilib ketmasligi uchun xizmat qiladi). O‘mrov – ko‘krak (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 5-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 592-b. – 153-bet).
Chov – qorinning pastki qismi bilan son oralig‘i; but (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 4-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008 – 608-b. – 502-bet).
Yugan – ot, eshak kabi uy hayvonlarini boshqarish uchun ular boshiga solinadigan suvliq, tizgin va qayish tasmadan yasalgan abzal (O‘zbek tilining izohli lug‘ati: 5-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2008 – 592-b – 73-bet).
YUGAN – chorvachilik anjomi. Aravaga qo‘shiladigan va salt miniladigan harakatdagi hayvonlar(ot, tuya, xachir,
eshak)ni boshqarish maqsadlarida qo‘llaniladi. Tasmali tizgin bilan hayvonlar boshiga kiydiriladi. Yugan xom teri, pishiq va yumshoq charm, brezent va boshqadan hayvon turi va bosh o‘lchamlariga moslab, ba’zan (ayniqsa, otlarga) bo‘rtma naqshli bezaklar bilan tayyorlanadi.
Yugan ot boshiga kiydiriladigan tasma, lunj tasmasi, peshona tasmasi, burunduq, iyak bog‘i, bog‘lovchi 7 tasma, tizgin, suvliqdan tarkib topadi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 10-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2005. – 656-b. – 307-bet).
YAKTAK – yozgi, yengil kiyim; erkaklar ko‘ylagi. Oldi ochiq, uzun, yengli hamda tik yoqali. Asosan oq (bo‘z) surp, shuningdek, yo‘l-yo‘l matolardan tikiladi. Yaktak orqa-oldi yelkadan oshirib tashlangan yaxlit matodan tashkil topgan, uning ikki yoniga yonlar, yenglar tana qismiga to‘g‘ri ulanib, yeng va yonlar orasiga qulpak solingan. Uzun, ensiz bir necha qavat tasmasimon bo‘lakdan iborat bo‘lgan hamda uzunasiga bir necha qator choklar solib qotirilgan yoqa o‘yig‘iga ulangan. Orqa tomoni tik, oldi ko‘krakkacha tekis tushib turadi. Yaktak bag‘rini birlashtirish uchun yoqaning pastki qismiga bog‘ichlar tikiladi yoki izma qilib tugma qadaladi. Hozir Toshkent, Farg‘ona vodiysi va boshqa joylarda to‘g‘ri bichimli yaktak bilan birga, yangi bichimda tikiladiganlari ham keng tarqalgan. XII–XIII asrlardan yozma manbalarda yaktak haqida ma’lumotlar bor, V–VI asrlarga oid devoriy rasmlar hamda miniatyuralarda yaktak tasviri uchraydi (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi: 10-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2005 – 656 b. – 366-bet).
Narzulla ULUG‘OV,
Termiz shahridagi
9-IDUM o‘qituvchisi