Ustozning maqtovi — omad, koyishi-da omad!
Maktab ostonasidan ilk kirib kelgan kunimizni yaxshi eslayman. Garchi bunga ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, bu kun xotiramda yaxshi saqlanib qolgan.
Biz kichkintoylarni maktabning salobati bosardi. O‘qituvchimiz savollariga javob berishga hayajonlanib, shoshilib qolardik. Go‘yo maktab bir katta, sirli mamlakat edi-yu, biz bunda o‘zimizni bir zarradek his qilardik. Hatto xonalar, yo‘laklar bo‘ylab adashib qolishdan qo‘rqardik. Shunda bizga bir farishta — ustoz yordamga keladi. Ha, u haqiqatan ham farishtadek yonimizda paydo bo‘ladi. Dalda beradi, qo‘limizdan tutib yozishga, harflarni qo‘shib o‘qishga, to‘g‘ri so‘zlashga, fikrimizni qo‘rqmay ifodalashga o‘rgatadi. Kamchiliklarimizni yashirishga, to‘g‘irlashga urinadi. U bizni asta-sekin ilm gulzoriga olib kiradi. Tun-u kun biz uchun mehnat qilayotganini anglay boshlaymiz. Unga mehr qo‘yamiz. Ustozning gapi bizga qonunga aylanadi. Uning “barakalla” degan e’tirofini eshitish uchun qancha harakat qilamiz, tirishib, tirmashamiz. Shu tariqa katta bo‘ldik, ulg‘aydik. Ustozlarimiz ko‘paydi. Ulg‘ayganimiz sari “quloqsiz”ga aylana boshlaymiz. Ustozlarga ba’zan gap qaytaramiz, ba’zan behurmatlik qilib qo‘yamiz. Koyisa jahlimiz chiqadi, ursa janjal ko‘taramiz. Nega? Nega shunday o‘zgarib ketamiz? Axir kechagina uni onamizdek ardoqlardik, yordamiga muhtoj, e’tirofiga ilhaq edik-ku! Unutdikmi hammasini? Ana, kimlardir ustozining ustidan arz qilib onasiga bordi, onasi janjal qilib, maktabga kelib, hammaning oldida ustozni haqorat qildi, yana bu kamlik qilgandek, holatni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatyapti. O‘sha ona bir necha yil oldin bolasining o‘qishi sustligini aytib, ustozga “o‘zingiz yaxshilab shug‘ullaning, iltimos, men eplolmayapman” demaganmidi? Ana, yana kimdir o‘qituvchining turtganidan arz qilib otasiga boribdi. Ota esa maktabga kelib, o‘zi maktablarda tobora kamayib
ketayotgan erkak o‘qituvchini do‘pposlabdi. O‘sha zo‘ravon ota ustozning qo‘lida harf tanimaganmidi?! Nega, ustozning ulug‘ligini hamma unutyapti. Xokisor, fidoyi, kekkayishni bilmaydigan, kamtar bu insonlarning nega qadriga yetmayapmiz?!
Ustoz! Uni shunday e’zozlashimiz kerakki, toki urishganida
yuzimiz yerga qarasin, “ikki” qo‘yganida o‘zimiz tugul ota-onalarimizning ham tashvishi ortsin, turtganida aybimiz borligini his qilaylik va bundan uyalaylik, maqtaganida eng omadli insonga aylanaylik! Ammo zinhor unga qo‘l ko‘tarmaylik, behurmatlik qilmaylik!
Dilafro‘za HAMDAMOVA,
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 279-maktab o‘quvchisi