Vatan — yagona, O‘zbekiston — bittadir!
Vatan — uni har kim o‘z tasavvurida turlicha talqin etadi. Kimdir onaga qiyoslasa, kimdir jannatga yana boshqa birov esa o‘z uyiga o‘xshatadi. Nima bo‘lganda ham qiyoslangan barchasi yagona, inson uchun takrorlanmasdir…
Xalima Gʻafforova:
Vatan — tug‘ilgan tuprog‘imiz, bolaligimiz o‘tgan chang ko‘chalar, yaqinlarimiz, ustozlarimiz, do‘stlarimizni har kuni ko‘rish imkoni bo‘lgan muqaddas go‘sha. O‘zbekistonda tug‘ilganmiz — bu eng buyuk baxt. Televizor yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali notinch yurtlarni, aholisi ko‘chalarda sarson bo‘layotgan, ayollari, bolalari bir burda nonga zor ellarni ko‘rib, beixtiyor tinchligimizga shukr qilaman. Vatan tuyg‘usini har qadamda his qilaman. har tong osoyishta uyg‘onganimda, oilam bag‘rida salomat yashayotganim — bularning bari yana bir bor Vatanni sevishga, shu yurtning tuprog‘ini e’zozlashga turtki beradi. Ona O‘zbekistonim, jonajon o‘lkam, 30 yoshing muborak. Ilohim doimo gullab, yashnayver!
M.Xodjamatova:
Tuyg‘u — hissiyot tufayli yuzaga keladigan ta’sirchan ruhiy holat. Agar bu “tug‘yon” Vatan tushunchasi bilan uyg‘unlashib ketsa, Vatan tuyg‘usi insonga bir umr hamroh, hamnafas bo‘ladi. Vatanning nomi aytilishi bilan uning bag‘rida o‘tgan va o‘tayotgan damlari hayajonlantirib yuboradi. Shuning uchun ham odamning his-tuyg‘ulari, xotiralari, ma’naviy tarbiyasi, avvalo, faoliyat olib borayotgan “Vatan” bilan bog‘liq.
Masalan, Al-Buxoriy, Termiziy, Boburiylar kabi qalb sururi Vatan tug‘yoniga aylangan buyuk bobokalonlarimizni eslaganimda, beixtiyor ustoz bo‘lganimdan faxrlanaman. Kelajakda ozod Vatan iftixorini kichkina qalbiga jo aylagan shogirdlarim katta ummonga aylanishidan g‘ururlanaman.
Shogirdim, yosh qalamkash, tili Vatan so‘zli satrlarga yo‘g‘rilgan Azizabonu Mamadaliyeva Chust shahar 7-sonli DIMI ijodkor o‘quvchilaridan biridir. Mart oyida Namangan viloyati, Xalq ta’limi boshqarmasining umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Men muallifman” viloyat tanlovida “Eng yaxshi Vatan haqida yozilgan she’r muallifi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Iyun oyida esa Yosh ijodkorlar kengashining “DUEL” loyihasi viloyat bosqichida “She’riyat yo‘nalishi bo‘yicha faol ishtirokchi” sifatida taqdirlandi.
Vatanga muhabbat hissi odamning qalbida tabiiy ravishda tug‘iladi. Inson nasl-nasabini, kimligini bilgani sari esa bu tuyg‘u ildiz otadi, yuksalib boradi. Bu ildiz qancha chuqur bo‘lsa, tug‘ilib o‘sgan yurtga muhabbat ham shu qadar cheksiz bo‘ladi.