Vazmin donishmand
“Ma’rifat” xuddi og‘ir, bosiq, vazmin bir mo‘ysafidga o‘xshaydi... Unda berilayotgan maqolalar ham, yengil-yelpichilikdan uzoq... Uning jamoasi ham xuddi o‘zidek bag‘rikeng, mulohazali, oriyatli, oliftagarchilikdan yiroq...
Mutaxassis sifatida mana shunday ma ’ rifat li muhitda shakllanganim hali - hanuz o ‘ zining belgilarini bildirib turadi : biror materialni yozishdan oldin obdon o ‘ ylayman , “ jurnalist xato qilmasligi kerak ” deya singdirilgan aqidaga sodiq qolishga harakat qilaman .
To‘g‘ri yo‘l maktabi
Ilk bor talabalik davrimda “Ma’rifat”da qoralamalarim chiqib, ishga kirish arafasida bosh muharrir Halim Saidov “avval yaxshi pishib yetilish kerak, shunda materiallar jonli chiqadi” degan edi. O‘sha paytda bosh muharrirning birinchi o‘rinbosari Abdusamad Rahimov bog‘chalar haqida yozishga yo‘naltirganida o‘zimcha xafa bo‘lganman. Talaba bo‘lganligim uchun oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim bo‘limida ishlash, o‘sha mavzuda yozish qiziq tuyulgan. Lekin ustozning shu gaplari haligacha esimdan chiqmaydi:
– Bog‘cha haqida hamma ham yozavermaydi. Agarda shu sohaga ixtisoslashgan yaxshi jurnalist bo‘lsangiz, meni aytdi dersiz, eng talabgir mutaxassislardan bo‘lasiz...
Shunday deya ustoz maktabgacha ta’lim bo‘yicha yozganlarimni sinchiklab tahrir qilishdan erinmadi. Xatolarimni tuzatishga, kerak joyda qayta-qayta yozdirishga hafsala topdi. Esimda, bir oy davomida bog‘chada kuzatuv olib borib yozgan maqolamni boshqatdan yozishni aytganida g‘alati ahvolga tushganman. Lekin birma-bir xatolarimni, e’tibor qaratmagan tomonlarimni tushuntirganidan so‘ng, shu maqolani boshqacha maqsadda yozgandim. Tahririyat tanlovida shu maqolam g‘olib chiqqandagina bog‘chalar haqida
yozishni davom ettirish bo‘yicha aniq to‘xtamga kelganman. Va bu to‘xtam maktabgacha ta’limga ixtisoslashgan jurnalist bo‘lib yetishimdagi Abdusamad Rahimov ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘l edi.
Bag‘rikenglik maktabi
Halim Saidov bosh muharrirlik davrida xodimlarning ko‘pchiligi yoshlar edi. Ustoz ularning oilasida muammosini ro‘zg‘orida kamchiligi bor-yo‘qligini yo‘l-yo‘lakay so‘rab, surishtirardi. Bir kuni ikkiqat tengdoshimiz pulga ehtiyoji borligini bizga aytgandi. Bu gap bosh muharrir qulog‘iga yetib borganmi yoki sezganmi, shu hamkasbimni chaqirib, hech qanday gap-so‘zsiz “moddiy yordamga ariza yozing” deb vaziyatdan qutqargandi. Bu holatlar bizdek yosh mutaxassislar uchun bag‘rikenglik maktabi edi.
Mas’uliyat va havas maktabi
Hulkar To‘ymanovaning o‘z ishiga mas’uliyat bilan qarashidan o‘zimdagi dangasalikni yengishni o‘rganganman. Bugungi ishni ertaga qo‘ymaslik, gazeta ishini boshqa ijtimoiy jarayonlardan yuqori qo‘yish, farzandlariga e’tiborli bo‘lish kabi ko‘p xislatlar bizga “Ma’rifat”da bir maktab bo‘lgan. Hulkar opa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvonini olganida juda havas qilganman. Kamtar, o‘zining ishiga puxta mutaxassisning shunday unvonga sazovor bo‘lganidan xursand bo‘lganman. Bularning hammasi mas’uliyat va havas maktabi edi.
Yelkadoshlik maktabi
Sharifa Madrahimova, Nazokat Xolmetova, Zuhra Ro‘ziyeva, Nargiza Jovmirzayevalar bilan tengdosh qatori jamoada ishlardik. Tushlik qilardik, yaxshi kunlarimizda birga xursand bo‘lardik, dardlashardik. “Ma’rifat” ikkinchi uyimiz edi. Biror marta bo‘lsa ham shu
jamoaga oyog‘im tortmasdan kelmaganman yoki xafa bo‘lib ostonasidan chiqmaganman. Hayotiy muammolarimiz ham xuddiki tahririyatda hal bo‘ladigandek tuyg‘u bor edi. Chunki ustozlarimiz qatori tengdosh hamkasblarimiz bilan hamfikr edik. Bu yelkadoshlik maktabi edi.
Odamiylik maktabi
Operatorlar xonasi har bir xodimning ko‘nglini ochish nuqtasi edi desam adashmayman. Qutbi onaning va Dilobar Ergashevaning yorug‘ yuz bilan har birimizga sinchkov boqishi, doim tayyor bir piyola choy bilan siylashi, dardlarimizni tinglashi, kezi kelganda kimningdir muammosini gazak oldirmasdan shu yerda hal etilishi ham odamiylikdan darslar bo‘lganligini endi anglayapman.
Ezgulik maktabi
15 yil mobaynida “Ma’rifat”da o‘tgan har bir kunim bir saboq bo‘lganligini deyarli har kuni xotirlayman. Turli tanlovlar, musobaqalar bizni o‘zimizning ustimizda ishlashga undashi bilan jamoada birdamlik, hamkorlik rishtalarini ham mustahkamlardi. Esimda, har yili ramazon oyida iftorlik dasturxonida jamoa jamuljam bo‘lardi, tarbiyaviy va hayotiy suhbatlardan bahramand bo‘lardik. Qariyalar, ehtiyojmandlar, faxriylar holidan xabar olinardi. Bularning hammasi ezgulik maktabi edi...
Professionalizm maktabi
“Ma’rifat”da mualliflar bilan ishlashning o‘ziga xos an’anasi shakllangan edi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, bizga ustozlarimiz har bir kelgan maqolaga e’tiborli bo‘lishni, birorta maqola(albatta pichoqqa ilinadigani) e’tiborsiz qolishi kerakmasligini, qisqasi hech bir muallif tahririyatimizdan norizo bo‘lib ketmasligini uqtirishgandi. Shu sabab har bir jurnalistning sodiq mualliflari bo‘lardi, shu qatori mening ham. Ularning materiallarini qayta-qayta ishlab, gazeta talablariga moslardik. Ayni jarayonda o‘zimiz ham pishardik. Bu haqiqiy professionalizm maktabi edi.
Xos saboqlar maktabi
Tahririyatga deyarli har kuni ilm ahli darg‘alari, taniqli ijodkorlar, o‘qituvchilar tashrif buyurishardi. Ular bilan ustozlarimizning suhbat-u munozaralar olib borishini kuzatib, hech bir maktabda o‘qitilmaydigan darslardan saboq olardim. Shundan bo‘lsa kerak, bu jamoadan uchirma bo‘lgan mutaxassislarni boshqa tashkilotlar o‘ziga xos e’tibor bilan qabul qilishgan.
...Bunday xotiralarni bir maqola, hatto bir kitobga ham sig‘dirib bo‘lmaydi. Chunki bu xotiralar meni nafaqat mutaxassis sifatida, balki shaxs sifatida ham shakllantirgan Shu sabab “Ma’rifat”ning chizgilari hayot yo‘llarimga doimo hamohang.
Nasiba ERXONOVA