XOTIRA - MUQADDAS, GʻALABA -TOABAD
Barchamizga ma’lumki, yurtimizda uzoq yillar mobaynida 9-may kuni Ulug‘ Vatan urushida fashizmning tor-mor qilinishi sharafiga “G‘alaba bayrami” sifatida nishonlanib kelindi. Bu g‘alabaga erishish oson kechmagan, albatta. Bugungi farovon kunimizni yaratish uchun qanchadan-qancha vatandoshlarimiz shahid ketishgan, front va front ortida millionlab yurtdoshlarimiz jonlarini jabborga berib, Vatan himoyasi yo’lida azob-uqubatlar chekishgan.
Shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun kurashda nafaqat Ulug‘ Vatan urushi ishtirokchilari, balki 10 yil mobaynida Afg‘on urushida ishtirok etgan baynalmilal jangchilarimizning ham munosib hissalari bor.
Bu urushlarda shahid ketgan ota-bobolarimiz, aka-ukalarimiz xotirasini abadiylashtirish, shuningdek bugun ham safimizda turib, Vatan obroʻ-e’tiborini yanada yuksaltirishda o‘z hissalarini qo‘shayotgan barcha fidoiy vatandoshlarimizning hurmatini joyiga qo‘yish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining 1999-yil 11-martdagi PF-2243 sonli Farmoniga asosan 9-may yurtimizda “Xotira va qadrlash kuni” sifatida e’lon qilindi.
Mana chorak asrdirki, 9-may sanasi xalqimiz tomonidan oʻtgan ajdodlarimizni xotirlash, nuroniy-keksalarni e’zozlash, ularning boy hayotiy tajribalariga hurmat bajo etish kuni sifatida qarshi olinmoqda.
Mazkur bayram Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasi uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, Hazrati inson va uni qadr-qimmati haqida gap borar ekan, bu oʻrinda Afgʻon urushi veterani, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limi va Oliy ta’lim a’lochisi, pedagogika fanlari doktori, professor Yusuf Ne’matovich Abdullayev nomini sharaf bilan tilga olamiz. Umrining 60 yilini pedagogik faoliyatga bagʻishlagan Yusuf Abdullayev Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning 2022-yil 28-yanvardagi PF-60 sonli Farmoniga muvofiq Samarqandda yangi tashkil etilgan Samarqand xalqaro texnologiya universitetining rektori etib tayinlandi. 30ga yaqin orden va medallar sohibi bo‘lgan Yusuf Ne’matovich Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirning birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi birinchi Favqulodda va Muxtor elchisi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Fan va ta’lim bo‘limi boshlig‘i, Samarqand davlat chet tillar institutining birinchi rektori, AQSH, Koreya Respublikasi, Italiya, Angliya, Finlandiya, Afg‘oniston, Turkiya va boshqa mamlakatlar universitetlarining hamda Samarqanddagi bir qator oliy ta’lim muassasalari professori vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.
Xalqimizning iftixori bo‘lmish bu buyuk arbob “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashining 2018-yil 25-sentabrdagi 5-sonli qaroriga asosan “1-darajali Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlanildi.
76 yoshli Yusuf Abdullayev Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori sifatida ajoyib jamoani shakllantirdi. U kishining rahnamoligi ostida SXTU jamoasi ulkan yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, universitet 2022-yilda tashkil etilganiga qaramasdan, qisqa vaqt ichida oʻndan ortiq xorijiy mamlakatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik aloqalariga ega bo‘ldi.
“Xotira va qadrlash” kuni munosabati bilan mohir pedagog, Afgʻon urushi Faxriysi Yusuf Ne’matovich Abdullayev shu kunlarda Kattaqo‘rg‘on va Tayloq tumanlaridagi Afg‘on urushi ishtirokchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, shahrimizdagi ta’lim muassasalarida tashkil qilinayotgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlariga faol ishtirok etdi.
Fursatdan foydalanib, biz hurmatli rektorimiz Yusuf Ne’matovich Abdullayevga shunday dil izhorimizni bildirmoqchimiz:
“Ustoz, Sizni Xotira va qadrlash kuni bilan muborakbod etamiz. Sizning ijodiy yutuqlaringiz bardavom boʻlsin. Siz rahnamolik qilayotgan jamoada ishlash barchamiz uchun katta faxrdir”.
Po‘lat Nazarov, SXTU kasaba uyushmasi raisi