YANGI O‘ZBEKISTON, BU – TURKISTON DEMAK...

I
Keyingi yillarda ijtimoiy hayotimizga ikki tushuncha – Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans – alohida va yonma-yon tarzda shiddat bilan kirib keldi. Bu tushunchalar Prezident tafakkurida pishib-yetilib, mamlakat hayotiga bosqichma-bosqich joriylanishi ona Vatanimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolatdir.
Mazkur mavzuga tegishli mulohazalarimizni bayon etishdan avval davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlariga murojaat qilsak:
“Muayyan xalq yoki davlat hayoti uchun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadigan biron-bir fenomen yoki u haqdagi tushuncha va tamoyillar o‘z-o‘zidan, osongina paydo bo‘lmaydi va tasodifan dunyoga kelib qolmaydi.
Shu ma’noda, har qanday hodisa, tushuncha yoki atamaning o‘ziga xos shakllanish jarayoni bor. Yangi O‘zbekiston fenomeni ham bundan mustasno emas”(Shavkat Mirziyoyev, Yangi O‘zbekiston strategiyasi, T; “Oʻzbekiston”, 2021, 26-bet).
Yana shu kitobda yoziladi: “Takror va takror aytishga to‘g‘ri keladi: Yangi O‘zbekiston – tasodifiy hodisa, shunchaki dunyoga keladigan va o‘tkinchi bir ijtimoiy voqelik emas” (30-bet).
Bunday jiddiy tarixiy sharoitda, mamlakatning burilish nuqtasida keskin qarorlar qabul qilish lozimki(qator sohalarda shunday qarorlar qabul qilinmoqda ham), shunday qarorlardan yana biri, nazarimizda, mamlakatimiz nomini o‘zgartirish bo‘lgan bo‘lur edi.
Bu jiddiy va qaltis qaror bo‘lishi aniq. Oradan salkam bir asr o‘tdi, O‘zbekiston nomi ostida talay
tarixiy hodisalar kechdi, bir necha avlod shakllanib, yashab o‘tdi va yashamoqda. Binobarin, yangi(aslida eski) nomni qabul qilish qiyin kechishi tayin.
Nisbiy yaqin tarixdan ma’lumki, hozirgi O‘zbekiston atamasi mustabid tuzum dohiylari – Lenin va Stalin tomonidan, ular olib borgan “soxta davlatchilik faoliyati” (O‘zbekistonning yangi tarixi. 1-kitob, T; Sharq, 2000, 4-bet) natijasida majburan tiqishtirilgan nom edi.
Asl nom esa uzoq ajdodlarimiz, ota-bobolarimizdan qolgan, mamlakatimiz jismiga mos ism – Turkistondir.
II
Agar olis tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu zaminda azaldan turkiy xalqlar yashagani, somoniylar, g‘aznaviylar, qoraxoniylar, anushteginlar, saljuqiylar, xorazmshohlar, barchasi asos-e’tibori bilan turkiy davlatlar ekanini ko‘ramiz. Mo‘g‘ullar istilosidan keyin ular hukmronligiga chek qo‘ygan Sohibqiron Amir Temur tarix sahnasiga chiqadi. Ul zot farmonida bitganidek, “Bizkim, mulki Turon, amiri Turkistonmiz. Bizkim millatlarning eng qadimi va eng ulug‘i Turkning bosh bo‘g‘inimiz”. Bundagi faxr va viqor biron-bir o‘lchovga sig‘adimi?
Temuriylar saltanati yemirilib, oxirgi buyuk temuriy Bobur xorijga surilgach, taxtga chiqqan ulug‘ hukmdorlar Shayboniyxon, Ubaydulloxon, Abdullaxonlar ham turkiylar, faqat ular mansub Dashti Qipchoqda (o‘z paytida buyuk va bepoyon davlat) shakllangan o‘zbak(o‘zbek)lar yaxlit turkning bir shaxobchasi edilar. Keyinchalik hudud uch xonlikka bo‘linib ketdi va Turkiston atamasi biroz ortga chekindi. Lekin har uch xonlik aholisi etnik jihatdan turkiy ekanligi oddiy haqiqat sifatida barchaga ayon edi.
XX asr ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasi hududni bosib olib, Qo‘qon xonligini tugatib(Buxoro amirligi va Xiva xonligi vassal, qaram holiga keltirilgandi), bu yerda Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdi. Ko‘rinadiki, chor imperiyasi ham Turkistondan boshqa atama topa olmagan. Hatto hududni zabt etgan qonxo‘r general, keyinchalik general-gubernator Fon-Kaufman “Kaufman-Turkistanskiy” nomi bilan sharaflangan edi.
1917-yil oktabr to‘ntarishidan keyin hokimiyatga kelgan bolsheviklar dastlab bu nomdan voz kecha olmadilar. Bunga dalil 1918–1924-yillar Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik respublikasi(TASSR) amalda bo‘lgan. Keyinchalik bolsheviklar mustamlakachilikning g‘oyat makkor usuli, “Bo‘lib tashla va hukmronlik qil” tamoyili asosida Turkistonni beshta markazga qaram hududga bo‘lib tashladi. “O‘rta Osiyoni qayta taqsimlash masalasini birinchi bo‘lib 1920-yilning boshida “Turkkommissiya” raisi M.Rudzutak ko‘taradi. Uni Lenin ma’qullab, “O‘zbekiya”, “Kirgiziya”, “Turkmeniya” xaritasini tuzish vazifasini topshiradi” (O‘zbekiston tarixi. Qisqacha ma’lumotnoma. T; Sharq, 2000, 255-bet). Shu tariqa jahon xaritasida avval sobiq ittifoq tarkibidagi O‘zbekiston SSR, so‘ng sovet imperiyasi parchalangach, mustaqil O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi. Tabiiyki, bu yangi respublika xalqining nomi “o‘zbek” deb ataldi.
Bugun, yuz yildan ko‘proq davom etgan istibdod zulmidan xalos bo‘lganimizga o‘ttiz yil o‘tib ham “Biz aslida kim edik?” degan savolga uzil-kesil javob topdikmi? Garchi xalqimiz oydinlari, tarix bilimdonlari mazkur atamani atroflicha tahlil qilib, allaqachon ilmiy bir xulosaga kelishgan bo‘lsa-da, hanuz sayyoradoshlar, eng alam qiladigan joyi, ayrim millatdoshlarimiz ham tub kelib chiqishimizni O‘zbekxonga bog‘lab yuradi. Biz bu bilan mazkur shaxs va uning ulusi bizlarga yetti yot begona deyish fikridan ancha yiroqmiz. Ayni paytda katta bir elga o‘z nomini belgi qilib qoldirgan O‘zbekxon ham to‘ppa-to‘g‘ri osmondan tushmagan demoqchimiz, xolos. U ham tarixda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan qudratli xalqning, demakki, siz-u biz mansub qadimiy xalqning bir vakili edi. Shu bois ayrim o‘zidan bexabarlarga turkligimizni, “Turkning bosh bo‘g‘ini” ekanimizni aytsak tushunmaydi. Aslida tushunmaydigan gapning o‘zi yo‘q bu yerda. Turkiyadagi qardoshlarimiz salkam olti yuz yil “Usmonli” atamasi bilan dunyoning katta bo‘lagini idora qilib keldi. Bugun esa butun olamga o‘zini “Turk” deb tanishtirayapti. “Qadim Turkistonning jujuqlarimiz (bolalarimiz)!” deya baralla aytib, faxr-iftixor tuyishayapti. Mana, ko‘zi ochiq qardosh millatning birdamligi. O‘tmishni anglab, to‘g‘ri xulosa chiqarib, mamlakatni eng ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘shib, yanada yuksakroq marralarni ko‘zlab turibdi. Biz ham mahdudlik kayfiyatidan tezroq xalos bo‘lib, teran tomirlarimizni tanib, buyuk o‘tmish – buyuk kelajakka yukinmog‘imiz lozim.
Ma’lumki, “Boburnoma”da ko‘p bora ta’kidlangan “O‘zbek” (“O‘zbak”) atamasi Dashti Qipchoqning janubiy sarhadlarida qo‘nim topgan, keyinchalik Movarounnahr tomon siljigan turkning bir bo‘lagi bo‘lmish ko‘chmanchi o‘zbeklarni anglatadi. “Boburnoma”da mutlaq ko‘pchilik o‘rinda “O‘zbek(lar)” deganda Shayboniyxon boshchiligida Boburga qarshi kurashgan O‘zbek qabilalari uyushmasi ko‘zda tutilgan”(Bobur ensiklopediyasi T. Sharq 2014, 601-bet).
Shuning uchun ham XVI asrda hududimizda tashkil topgan shayboniylar davlati ayrim manbalarda ko‘chmanchi o‘zbeklar davlati deb bejiz atalmagan. Lekin o‘zbek deganda yalpi turkiy etnosning ajralmas bir qismi nazarda tutilgan.
“O‘zbekiston” so‘zi (atama emas, so‘z) “O‘zbakiston“, tarzida XVI asrning ikkinchi yarmida yashab o‘tgan mumtoz shoirimiz Turdi Farog‘iy ijodida ilk bor ishlatilgan bo‘lsa kerak. U bir g‘azalida deydi:
Dur ahd-u tang chashm-u besar-u ya’juj vaz’,
Muxtalif mazhab guruhi o‘zbakistondur bu mulk.
(O‘zbek adabiyoti, To‘rt tomlik, 3-tom T. O‘zSSR Davlat badiiy adabiyoti nashriyoti, 1959, 283-bet).
Mazmuni: Ahd-u vafodan olis, ko‘zi tor, bebosh ya’juj fe’lli, turli xil mazhablar guruhi – bu mulk O‘zbakistondir.
Ko‘rinadiki, bu bayt kirgan g‘azal keskin hajviy ruhda bo‘lib, shoir mamlakatdagi zulm, kufr va tug‘yonlardan iztirob chekib, ushbu tuyg‘uni g‘azalda ifoda etarak, “mutlaqo kirdori xayli kofiristondur bu mulk” deydi g‘azalning boshqa bir baytida shoir.
III
Salkam bir asr davomida qaror topgan “o‘zbek” atamasi, etnonimi tariximizdagi ko‘plab voqea-hodisalar, xususan, buyuk siymolarimiz Amir Temur va Bobur faoliyatini o‘rganishda, baho berishda qator anglashilmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Tarixchilar orasida bahs-munozara uyg‘otgan “Temur qissasi” kitobiga yozilgan “So‘zboshi”da yirik tarixchi olimlarimiz H.Bobobekov, H.Boboyev, A.Quronbekovlar, jumladan, shunday yozadilar:
“Ma’lumki, 1360-61-yilda o‘zbek amirlari Samarqandga hujum qilib, 1000 kishini asirga olib ketishadi. Asirga olinganlar orasida 72 sayyid va sayyidzodalar bo‘ladi. Amir Temur esa o‘zbek amirlariga qarshi yurish qilib, ular ustidan g‘alaba qozonadi va asirlarni ozod qiladi.
Bu haqida barcha qo‘lyozma kitoblarda bayon qilingan. Faqat “o‘zbek amirlari” o‘rniga “o‘zbeklar”, “o‘zbek toifasi” deb yozilgan. Bu esa zamonamizning ayrim temurshunos olimlar-u yozuvchilari va ziyolilarni esankiratib qo‘ydi – qanday qilib Amir Temur o‘zbeklarning ulug‘ siymosi o‘zi o‘zbek bo‘laturib, o‘zbeklarga qarshi chiqib, ularni tor-mor etgan?!.” (Amir Temur Ko‘ragon, Temur qissasi, T; Yangi asr avlodi, 2021, 21-bet).
Xuddi shunday anglashilmovchilik Bobur ijodiga nisbatan ham sodir bo‘ladi. “Boburnoma”ni o‘qigan shu kungi kitobxon Bobur Samarqandni ilk bora olgandagi tasvirida “O‘zbaklarni ko‘cha-ko‘yda quturgan itlardek tosh va tayoq bilan urib o‘ldirdilar. Taxminan to‘rt-besh yuz o‘zbakni ushbu yo‘sinda o‘ldirdilar” yoki “Yuz qirq yilga yaqin Samarqand poytaxti bizning ixtiyorimizda edi. Endi qayerlardagi yot dushmanimiz – o‘zbak kelib ega bo‘lib olgan edi. Qo‘ldan ketgan mamlakatni yana Tangri qaytarib berdi” (Bobur Z.M. Boburnoma, T; O‘qituvchi, 2008, 78-bet) kabi o‘rinlarni o‘qib kitobxon, Bobur o‘zbek bo‘laturib, nega o‘zbeklar bilan shahar talashmoqda, nega Samarqand aholisi ularni o‘ldirmoqda va nega muallif ularni “Yot yog‘iy o‘zbak” demoqda kabi savollar og‘ushida qoladi. Bu savollardan keyin, demak, Bobur o‘zbek emas, Shayboniyxon haqiqiy o‘zbek ekan-da, degan tasavvur uyg‘onishi tabiiy.
Lekin ularning boshini qovushtiruvchi – bir maxrajga keltiruvchi bobo so‘z bor, bu so‘z – turk, turkiydir, deb har bir kitobxonga alohida tushuntirish berishning iloji yo‘q, albatta.
Bundan ko‘rinadiki, Amir Temur va Bobur kabi buyuk siymolarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish uchun hozirgi “o‘zbek”, “O‘zbekiston” atamasi torlik va ojizlik qiladi.
Millatimizning qalbi uyg‘oq, jonsarak oydini, buyuk shoir Rauf Parfi o‘tgan asrning so‘nggi yillari bu haqda kuyinib yozgandi: “Turk o‘zining turk ekanini anglamasa, turkiy dunyo nurab, kuchsizlanib boraveradi... Yangi bir avlod paydo bo‘lishi kerak. Turkchilikni to‘la anglagan avlod o‘z obrazi bilan, yangi ijtimoiy ruh bilan keladi... O‘zining ramzlari, shoirlari, obrazlari bilan keladi bu shamol. Balki u bo‘rondir!”.
IV
Yuqorida ta’kidlanganidek, yaxlit Turkistonni milliy chegaralash niqobi ostida bo‘laklarga bo‘lish va uning bir qismi, markaziy va o‘zak qismini O‘zbekiston deb nomlash bilan dastlab Lenin shug‘ullangan bo‘lsa, uning betobligi va vafotidan keyin hokimiyatni batamom egallagan Stalin bu ishni davom ettirdi va nihoyasiga yetkazdi. Stalinning 1921–1924-yillarda yozgan asarlari, so‘zlagan nutqlari kirgan “Asarlar”ining 5-6-tomlarini ko‘zdan kechirganda, mazkur hududga nisbatan muttasil “Turkiston” atamasi ishlatilgan(Qarang: Stalin I. Sochineniya, T; 5, M; 1947; Stalin I. Sochineniya T. 6. M; 1953). Faqat “Asarlar”ning 7-tomidan o‘rin olgan 1925-yil 18-mayda Sharq mehnatkashlari kommunistik universiteti talabalari majlisida “Sharq xalqlari universitetining siyosiy vazifalari” mavzusidagi nutqida “Turkmaniston” va “O‘zbekiston” nomlari tilga olinadi (Qarang: Stalin I. Sochineniya T. 7, M; 1953, c. 137). Chunki bu paytda Turkistonda milliy chegaralanish tugallanib, “O‘zbekiston” atamasi qonuniylashtirilgan edi.
Bu voqealardan biroz oldin Turkistonning markaziy qismi qanday nomlanishi borasida turli takliflar bo‘lgan shekilli, Amir Olimxon tuzumi yiqitilgandan keyin tuzilgan Buxoro Xalq Respublikasi Nozirlar kengashi raisi bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev Stalin bilan suhbatini shunday eslagan. Mustabid qat’iy turib: “X оть чертом наз o ви , только не T уркистан !” (Xohlasang, shayton deb ata, faqat Turkiston emas!) degan ekan.
Suhbat taxminan 1922-1923-yillar, SSSR tashkil etilgandan keyin o‘lkada milliy chegaralanish arafasida kechgan bo‘lsa kerak. O‘sha paytlardayoq diktatorga aylanib borayotgan ikkinchi dohiy tilidan yangragan bu qat’iy gap, aniqrog‘i, buyruqdan (“ Только не T уркистан !”) anglashiladiki, shu vaqtda “Turkiston” nomi kun tartibida bo‘lgan va turli doiralar, jumladan, F. Xo‘jayev tomonidan ham taklif qilingan bo‘lishi mumkin. Og‘ir tanlov iskanjasida qolgan F. Xo‘jayev uzoq o‘ylab, o‘sha sharoitda eng maqbul qaror, yangi tashkil etilgan respublikani “O‘zbekiston” deb atashga rozi, to‘g‘rirog‘i, majbur bo‘lgan.
Bundan sal keyin F. Xo‘jayev O‘zbekiston Sovetlarining I qurultoyi tugashi bilan Sovetlarning Butunittifoq III syezdi ochilishi arafasida yozilgan va “Pravda” gazetasining 1925-yilgi sonlaridan birida e’lon qilingan maqolasida yangi tashkil etilgan tuzilmaning nufuzi haqida shunday yozgan:
“Milliy chegaralanishdan keyin paydo bo‘lgan O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi O‘rta Osiyoning boshqa yosh respublikalari orasida siyosiy va iqtisodiy jihatdan eng katta respublikadir. O‘zbekistonning bunday ustunlik ahamiyatiga ega bo‘lishining sababi shuki, Sobiq Turkiston Respublikasining, Buxoro va Xorazmning iqtisodiy jihatdan eng quvvatli rayonlari uning sostaviga kirdi” (Xo‘jayev F. Tanlangan asarlar, 3 tomlik, 1-tom “Fan”, 1976, 300-bet).
Ushbu gap ortidan, tagmatnda, yangi tuzilmani “Turkiston” deb atashni dildan istagan va bunga ojiz qolgan siyosiy arbobning orzu va alami eshitilib turgandek, go‘yo. Ayni paytda Fayzulla Xo‘jayev o‘sha qaltis paytda majburiy eng to‘g‘ri qarorni qabul qilganini ham e’tirof etishimiz lozim. Chunki bundan boshqa istalgan qaror og‘ir fojialarga sabab bo‘lishi ham mumkin edi. Bunga bir tarixiy misolni muqoyasa qilsak o‘rinli bo‘ladi. Yigirmanchi asrning buyuk turkiy siymolaridan biri Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari bemisl jang-u jadallar bilan o‘lkani mustaqillikka olib chiqib, unga xalqning xohish-irodasi bo‘lgan tarixiy nomni beradi: “Sharqiy Turkiston!”. Ming afsuski, bu sharafli nom g‘alaba nashidasidan masrur qardoshlarimizga judayam qimmatga tushadi. La’nati Stalin turkchilikdan, buyuk turk nomidan shunchalar yurak oldirib qo‘ygan ediki, shu qaror sabab o‘zi o‘sha vaqtda moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan mazlum xalqdan darrov yuz o‘giradi. Nafaqat yuz o‘giradi, balki endigina ozodlikni qo‘lga kiritgan o‘lka yo‘lboshchilarini turli yolg‘on va aldovlar bilan mahv etib, ularning raqiblariga qadim zaminni bir tuhfa o‘laroq taqdim etadi. Fayzulla Xo‘jayev ana shunday fojiani oldindan ko‘ra olgan va bu mudhish taqdirdan oqilona yo‘l topib chiqa olgan edi desak, bugun adolatdan bo‘ladi.
Xullas, davr taqozosi bilan Turkning bir qavmi nomi qadim Turkistonning asosiy shaharlari: Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Qo‘qon, Shahrisabz hamda uch xonlikning poytaxtlari tarkibiga kirgan respublika nomiga chiqazildi. Bu, albatta, mustabid tuzum tomonidan makkorona o‘ylangan amal edi. Mashhur adibimiz Tog‘ay Murod “Otamdan qolgan dalalar” romanida tarixiy shaxs bo‘lgan bir chekist tilidan shunday aytadi:
“Chanishev tog‘ xushro‘yidan huzurlandi.
– Bay-bay-bay! – deydi. – Ana jamol, mana jamol! Biz endi bu jamolistonni O‘zbakiya deb ataymiz, O‘zbakiya!
– Turkiston yaxshi emasmi?
– Yo‘q, O‘zbakiya deymiz, O‘zbakiya. O‘rtoq Lenin Turkistonni O‘zbekiya deb ataymiz, deb edilar. O‘rtoq Lenin so‘zi so‘z, gapi gap! Bilasanmi, o‘rtoq Lenin nima uchun Turkistonni yo‘q qilib, O‘zbakiya deb atamoqchi edi? Turkiston – turkiy xalqlar ota yurti. Shundan turkiy tuzemeslar otalari yurti Turkiston uchun jonlarini tikmoqda. Ana shu Turkistonni yo‘q qilib tashlasak, turkiy xalqlar qaysi otliq ota yurt uchun jihod qiladilar? Bunday dohiyona g‘oya faqat Lenindan keladi”(Tog‘ay Murod, Tanlangan asarlar, romanlar, qissalar, T; Sharq, 2018, 33-bet).
Tog‘ay Murod yuksak badiiy iste’dodidan tashqari, tarixni yaxshi o‘rgangan olim adib edi. Romanni yozish jarayonida uning Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaga ko‘p bor qatnagani, o‘quv zalida soatlab o‘tirgani, kitoblardan ko‘chirmalar olganini bilamiz. Shuning uchun romandagi ushbu gap chuqur ilmiy haqiqatligi bilan odamni o‘ylantiradi, mustabid tuzumning shaytoniy makriga yana bir bor qoyil qoldiradi.
Shu mavzuga oid yana bir voqelik haqida to‘xtalamiz. 1966-yildagi zilziladan so‘ng Toshkentga kelgan va shaharning sir-sinoatiga mahliyo bo‘lib, bu yerda muqim yashab qolgan pedagog va tarixchi Natalya Tryabina uzoq yillik ilmiy-ijodiy izlanishlari natijasida shayboniylar sulolasining yirik vakili Abdullaxon II haqida tarixiy roman yozib, asarni “Birinchi o‘zbek” deb ataydi (Qarang: Трябина Н . Первый узбек , M; Ди Лебри , 2021, 574 c.)
Bilamizki, Abdullaxon II 1534– 1598-yillarda yashagan. Bu mantiq bo‘yicha(mazkur da’voni haqiqat deb hisoblovchilar afsuski oz emas) o‘zbeklarning tarixi XVI asrdan boshlangan bo‘lib chiqadi. Muallif asar boshida Abdullaxon II “Birinchi O‘zbek davlati bunyodkori” deb yozar ekan: “U Turkiston xalqlarini, g‘arbda Kaspiy dengizidan sharqda Issiqko‘lgacha, shimolda Orol dengizidan janubda Murg‘ob daryosigacha bo‘lgan hududni yagona davlatga birlashtirdi” deb fikrini yakunlaydi (Shu kitob, 3-bet).
Bu gap va umuman romanning nomi ikki jihati bilan e’tiborni tortadi. Birinchidan, muallif XVI asrda yashagan o‘zbek hukmdori haqida fikr yuritar ekan, baribir “Turkiston” atamasini ishlatishga majbur bo‘ladi. Ikkinchidan, muallif bunda tarixiy haqiqatga mutlaq zid borayotgani yo‘q. Chunki Abdullaxon II chindan ham, Shaybonixon va Ubaydulloxondan keyin, albatta, ushbu o‘lkada o‘zbek davlatini tuzgan. Lekin bu o‘zbeklar, takror aytamiz, yagona Turk etnosining bir qavmi edilar, xolos. Ya’ni bunda asar muallifi tor ma’noda haq. Lekin u biladiki, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi degan davlat mavjud va uning asosiy xalqi o‘zbeklar deb ataladi.
“Bobur ensiklopediyasi”dagi “O‘zbeklar” nomli maqola ikki bo‘lakka ajratilib izohlangan. Birinchi bo‘lakda “O‘zbeklar – millat, xalq” tarzida yoritilsa, ikkinchi bo‘lakda “(Tor tarixiy ma’noda) Turkiy qavmlardan biri” (Bobur ensiklopediyasi, 600-bet) sifatida izohlanadi. Yana shu qomusda yozilishicha, “Boburnoma”da Bobur o‘zining Turk qavmiga mansubligini bir necha marta ta’kidlagani holda, qaysi urug‘ga tegishli ekaniga alohida to‘xtalmagan, lekin bir o‘rinda ikkinchi ma’nodagi o‘zbeklar turk qavmining bir qismi ekanligini yozgan” (Shu kitob, 601-bet).
Shunday qilib, N. Tryabina Abdullaxon II ni “Birinchi o‘zbek” deb roman yozganida “tor tarixiy ma’no”dagi o‘zbekni ko‘zda tutgan bo‘lishi mumkin, lekin bu gap keng tarixiy ma’noga o‘tib ketib, hozirgi o‘zbek millatini anglata boshlaydiki, ayni shu yerda tarixiy haqiqat – hozirgi o‘zbek xalqi uzoq tarixiy o‘tmishga ega ekanligi haqidagi mantiq buziladi.
Ushbu anglashilmovchilikning ildizi hozirgi “o‘zbek” va “O‘zbekiston” atamalarida qism (o‘zbek) butun(turk, Turkiston)ga nom bo‘lganligida, ya’ni chuqur va nozik mantiqiy xato ketganligidadir.
Takror aytamiz, bu xato atay, uzoqni ko‘zlab, totalitar siyosiy maqsadlar yo‘lida qilingan edi.
V
Biz haqli ravishda sovet totalitar tuzumi, uning siyosati va mafkurasini rad etdik. Savol tug‘iladi – nega endi shu tuzum bizga majburan taqagan nomni hamon saqlashimiz kerak? Bu allaqachon o‘tmishga aylangan nohaq va qattol siyosatga, uning soyasiga qaramlik emasmi?
O‘zbek shoiri G‘afur G‘ulom bir paytlar “O‘rtoq Stalinga” nomli qasidasida yozgandi:
Iosif Stalin, ulug‘ otamiz,
O‘zingiz berdingiz xalqimizga nom.
(G‘afur G‘ulom, Tanlangan asarlar, O‘zSSR Davlat nashriyoti, T; 1953, 389-bet).
Butun bir xalqning nomini o‘zgartirishga senga kim huquq berdi, deguvchi vallomat yo‘q edi o‘sha
zamonda. Binobarin, shoirimiz ham o‘sha paytda (qasida 1949-yili, Stalin qattol siyosat yurgizib turgan davrda yozilgan) bunday gapni aytmoq tugul hatto o‘ylay ham olmasdi. Lekin ko‘ngil tubida shunday fikr, shunday iddao bo‘lgani, hoynahoy, aniq.
Undan keyingi misralar bunday:
Shuning-chun o‘zbeklar har qutlug‘ ishda
Aziz nomingizdan oladi ilhom.
Bu “aziz nom” ham, undan olinadigan “ilhom” ham so‘nganiga ancha bo‘ldi.
“Ulug‘ otamiz” insoniyat tarixida o‘tgan ashaddiy qonxo‘rlardan biri ekani bugun barchaga ayon. Yana qaytaramiz: shu qonxo‘r dohiy bergan nom bilan yana qancha yashashimiz kerak?
Buyuk Istiqlol bergan aziz ne’matdan qachon to‘laqonli foydalanamiz, qachon “Turkiston”ga – aslimizga qaytamiz?!
VI
XX asrning dastlabki o‘nyilliklari o‘lkamizda uyg‘onish ayyomi bo‘ldi. Tarix imkon berganida, biz hozir mo‘ljallayotgan Uchinchi Renessans poydevori o‘sha paytlardayoq qo‘yilgan bo‘lar edi. Davrning yetakchi qahramonlari, jadidlarning bosh siyosiy g‘oyasi, ijtimoiy ideali, ilk bosqichda imperiya tarkibida, istiqbolda esa mustaqil Turkiston jumhuriyati edi.
Buyuk jadidlarimizdan biri Hamza 1915-yilda:
Yig‘la, yig‘la, Turkiston, yig‘la, Turkiston,
Ruhsiz tanlar tebransun, yig‘la, Turkiston, – deya cheksiz alam bilan yozar ekan, bu yig‘i xayrli bo‘lishi, uyg‘onmoq uchun moya bo‘lishini orzulaydi. Shunday bo‘lmasa agar yig‘idan ne foyda?
Yarim asrlik istibdod asoratidan so‘ng tuzilgan ilk davlat – Turkiston Muxtoriyati jadidlarimiz mehnat-u mashaqqatlarining cho‘qqisi bo‘ldi.
Davrning dongdor shoirlari Hamza va Cho‘lpon Muxtoriyatni katta quvonch bilan olqishladilar. Agar Hamza “Qutlug‘ bo‘lsun Turkiston Muxtoriyati... Yashasun bu turk o‘g‘lining mangu davlati” deb yozgan bo‘lsa, Cho‘lpon “Ozod turk bayrami” she’rida:
Turkistonlik – shonimiz, turonlik – unvonimiz,
Vatan – bizning shonimiz, fido o‘lsun qonimiz, –
deya faxr bilan kuyladi. She’r varaqa arzida nashr etilib, shahar aholisi o‘rtasida tarqatilgan va Muxtoriyat madhiyasi sifatida kuylangan (Qarang: Cho‘lpon A. Asarlar, 4 jildlik, 1-jild, T; Akademnashr, 2016, 332-bet).
Turkiston Muxtoriyati totalitar tuzumning kommunistik mustamlakachilik siyosatiga katta xavf tug‘dirdiki, u arman dashnoqlari tomonidan o‘ta vahshiylik bilan bostirildi. Muxtoriyat e’lon qilingan Qo‘qon shahri aholisi bir necha kun qirg‘in qilindi.
Yuqorida qonxo‘r dohiy Stalinning Fayzulla Xo‘jayevga aytgan “Faqat Turkiston emas!” degan keskin gapini keltirgan edik. Ular, ya’ni yangi mustamlakachilar yuqoridagi voqelikda ham “Turkiston” so‘zining mo‘jizakor sirli kuchini amalda ko‘rishgan, shuning uchun bu nomni mamlakat nomidan va xalq ongidan batamom o‘chirishga jazm qilgan edilar. Ammo, ming shukrki, bu razilona reja baribir ular kutganchalik ish bermadi.
Gap shundaki, Turkiston g‘oyasi kul ostida qolgan cho‘g‘dek xalq ongi va ijodkorlarimiz tafakkuridan hech qachon o‘chgan emas. 1967-yilda, sobiq ittifoq kuchaygan bir davrda vatanparvar shoirimiz Rauf Parfi shunday yozgan edi:
O‘, ona Turkiston, kuylayman yonib,
Dunyo jur’atini berding qo‘limga...
Shoir 1991-yil 11-dekabrda, mustaqillikka erishilgandan so‘ng uch yarim oy o‘tgach, “Eng uzoq yozilgan tarjimayi holim” asarida (bu, ta’bir joiz bo‘lsa, badiiy tarjimayi holdir) shunday deydi:
Orzuyim: Turkiston atalmish tarqoq Vatanni
Tirik ekanimda bir butun ko‘rmoq.
E’tirof etmoq lozimki, jadidlarimizdan keyin, eng muhimi, O‘zbekiston nomi ong-u shuurlarda qat’iy o‘rnashgan bir sharoitda Turkiston g‘oyasini yana poetik g‘oyaga aylantirgan shoir Rauf Parfi bo‘ldi. Ulug‘ g‘oyaga bunchalik oshkor sobitlik unga tengdosh boshqa hech bir ijodkorda uchramaydi.
Mamlakatimiz nomini “Turkiston” deb atash avvalgi Turkiston hududida tashkil topgan boshqa to‘rt mustaqil davlat statusi, maqomiga mutlaqo daxl qilmaydi. Aksincha, ular bilan barcha sohalardagi integratsiya jarayonlari yuksak bosqichga chiqishida noyob imkoniyat yaratadi, deb o‘ylaymiz.
Mustaqillik arafasida jamoatchiligimiz orasida kechgan bahs-munozaralardan birida o‘sha payt ilmiy izlanishlar olib borayotgan aspirant Jo‘liboy Eltazarov tomonidan shunday taklif olg‘a surilgan edi:
“Turkiston Ittifoqi (Federatsiyasi)” barpo etilishi zarur. Ammo u Ovrupo iqtisodiy hamjamiyati kabi suveren, demokratik davlatlar Ittifoqi bo‘lishi kerak. Agar markazlashtirilgan Turkiston davlati tuzilsa, u yana unitar davlatga aylanadi. Bunga kelgusida hecham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”. (Qarang: Olim Toshboyev, Oybolta ostidagi olomon, T; Ilm-ziyo-zakovat, 2022, 353-bet).
Bu fikr hozir ham dolzarb. Har qachongidan dolzarb. Xalqimizning oltin so‘zi bor: “Bo‘linganni bo‘ri yer, ayrilganni ayiq”. Bo‘ri va ayiqlar hamisha bor, ular qulay payt poylashadi, xolos.
Mamlakat va xalq nomi uning tarixiy taqdiri va kelajagi bilan ko‘zga ko‘rinmas rishtalar orqali chambarchas bog‘langan bo‘ladi. Nom, agarki, narsaning asl mohiyatiga mos bo‘lsa – narsaning erkin taraqqiyotiga asos, agar aksincha yoki chala mos bo‘lsa erkin taraqqiyotiga ko‘zga ko‘rinmas g‘ovdir. Shunday lotin hikmati mavjud: “Nomen est omen” (Nom bu – belgi, alomatdir). Zotan, “Narsaning nomida uning mohiyati o‘rin olgan bo‘ladi – bu eng qadimgi va o‘ta fundamental g‘oyalardandir” deyiladi “Nom siri” (Tayna imeni-2, Sbornik, Xarkov, “Torsing”, 1995, s.566) deb nomlangan kitobda.
Takror bo‘lsa-da, aytamiz. O‘zbek va O‘zbekiston nomi biz uchun qadrli. Yuz yilga yaqin shu nom ostida yashadik, mustaqil bo‘ldik, jahonga tanildik. Lekin bu birov bergan nom va nisbatan yangi bo‘lgani bois – dongdor shoirimiz yozganidek “Va Hamzaning (ayrim nashrlarda “Nabiyevning” – mualliflar) qatra qonida, O‘zbekiston nomin olding sen” – olis va qadimiy tariximizni qamray olmaydi. Aytaylik, yana bir dongdor shoirimiz mashhur qasidasida:
Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon, o‘zbegim.
Senga tengdosh Pomir-u
Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim, –
deya yozar ekan, bunday ulkan miqyoslarga “o‘zbek” nomi dosh bera olmaydi. Bunda marhum shoirlarimizni ayblashdan yiroqmiz. Vaziyat shunday bo‘lgan, ular o‘z vazifalarini a’lo darajada uddalashgan, ya’ni qatrada quyosh aks etganidek, “O‘zbekiston” timsolida buyuk kechmishimizni bor bo‘yi bilan gavdalantira olishgan. Istiqlol sharofati bilan bugun qadim “Turkiston” va “turkiy” nomlari yurtimiz va xalqimiz asliyati va ruhoniyatiga juda mos va keng qamrovlidir.
VII
Yaqin-yaqinlardan boshlab globallashgan dunyo yangi, o‘ta qaltis bosqichga kirdi. Hatto postsovet, ya’ni SSSR yemirilgandan keyingi holat ham hozirgi dunyoga nisbatan barqarorroq edi. Jahon hamjamiyatini tutib turgan bitim va shartnomalar, xalqaro qadriyatlarga putur yetib, mamlakatlar sarhadlariga bosqinchilik tahdidlari boshlandi. Yaxshisi, bu haqda Prezidentimiz fikrlariga murojaat qilaylik:
“Xalqaro maydonda turli manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotgani, jahon siyosati va iqtisodiyotida muammolar keskinlashayotgani, dunyoning umumiy manzarasini o‘zgartirish tarafdorlari tobora ortib borayotgani hozirgi global dunyo taraqqiyotiga xos bo‘lgan eng muhim xususiyatlar sifatida namoyon bo‘lmoqda” (Sh. Mirziyoyev, Yangi O‘zbekiston strategiyasi, 378-bet).
Shunday murakkab sharoitda dunyo tarixidagi eng buyuk etnoslardan biri, balki birinchisi (Murod Aji asarlarini o‘qing) bo‘lmish Turk, turkiylik atrofida birlashish, yaqin hamkorlik qilish hayot-mamot masalasiga aylanmoqda. Bunday hamkorlik ilk natijasini berdi, deyishimiz mumkin. Qardosh Ozarboyjon ancha yillar oldin Armaniston tomonidan bosib olingan Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi yerlarni tamom ozod qilgani turkiy birlikning xayrli samarasi bo‘ldi, shubhasiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiy Kengashning o‘n yillik yubiley sanasi munosabati bilan Turkiyaning “Hurriyet Daily” gazetasida chop etilgan maqolada (2019-yil 15-oktabr) shunday degandi:
“O‘zbekiston Respublikasi katta turkiy oilaning uzviy bo‘lagi sifatida turkiy tilli davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda.
Mustaqillikning ilk kunlaridanoq O‘zbekiston turkiy dunyo hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Turkiston – umumiy uyimiz” degan tashabbusni ilgari surdi” (Sh. Mirziyoyev, Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari, T; “O‘zbekiston” 2020, 263-bet).
Bizningcha, ushbu “Turkiston – umumiy uyimiz” g‘oyasining ilk amaliy samarasi, nazarimizda, mamlakatimizni shu nom bilan atash bo‘lgan bo‘lur edi. Binobarin, umumiy uyimiz bo‘lgan muazzam Turkistonning darvozasi, ham markazi, ham o‘zagi bizning mamlakatimizdir.
Maqola oxirida yana Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobidagi ayrim fikrlarga qaytsak:
“Yangi O‘zbekiston – o‘zgarib, kuch-qudratga to‘lib borayotgan, dunyo ahli e’tirof etayotgan yangilangan jamiyat, dunyoga yuz tutayotgan erkin bir o‘lkadir” (27-bet).
“Bugungi O‘zbekiston dunyoga ochilmoqda, jahon maydonida butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lmoqda” (40-bet).
Ana shunday tarixiy vaziyatda, ona Vatanimizning jahondagi nufuz- e’tibori oshib borayotgan bir jarayonda mamlakatimizning hozirgi nomi sayqallanishi, ta’bir joiz bo‘lsa, ism jismga mos bo‘lishi kerak. O‘tgan yil 10-11-noyabr kunlari turkiy tamaddunning beshigi deb e’tirof etilgan ko‘hna va navqiron Samarqand shahrimiz Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga mezbonlik qilgani ham ramziy ma’noda Yaratganning xayrli bir ishorasi sifatida qalblarimizda nekbinlik uyg‘otadi.
Albatta, butun bir mamlakat nomini o‘zgartirish hazilakam ish emas. Lekin yuqorida bildirilgan mulohazalar hamda Prezidentimiz boshlagan olamshumul islohotlar tabiiy ravishda shunday qat’iy amalni taqozo etmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston, bu – Turkiston demakdir!
Suvon MELI
Sirojiddin RAUF