YANGI UYLAR KALITLARI TOPSHIRILDI
NAMANGANDA MEHRIBONLIK UYINING 24 NAFAR SOBIQ TARBIYALANUVCHISIGA YANGI UYLAR KALITLARI TOPSHIRILDI
Mamlakatimizda bugun tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan “Inson qadri uchun” tamoyilining yorqin ifodasi sifatida bagʻrikenglik, mehr va eʼtibor borasidagi amaliy saʼy-harakatlar keng qamrov kasb etmoqda.
Ayniqsa, bu borada kelajak avlodga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik beqiyos. Bugun, 3-dekabr kuni Namangan viloyati hokimligi tomonidan Mehribonlik uyida tarbiyalanib, mustaqil hayotga qadam qoʻygan 44 nafar tarbiyalanuvchining 24 nafariga yangi uylar kalitlari topshirildi.
Viloyat Madaniyat markazida yuksak insonparvarlik va yosh avlod istiqboliga qaratilgan islohotlar va yangilanishlarning amaliy ifodasi sifatida oʻtgan tadbirda soʻz olgan viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayev uy sohiblarini yangi turar joylar bilan tabriklab, el-yurt xizmatiga kamarbastalik yoʻlida hayotda hamisha muvaffaqiyat yor boʻlishini tiladi.
Mehribonlik uyida kamol topgan, yangi xonadonga ega boʻlgan yigit-qizlar yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosatdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Ahamiyatlisi, ularga uy-joylarni rasmiylashtirib berish barobarida 35 turdagi zarur jihozlar bilan taʼminlanib, koʻrkam va shinam holda taqdim etildi.
Bagʻrikenglik va bolajonlik namunasi sifatida yaqindagina xonadon sohibi boʻlgan yana 13 nafar Mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilarining uy-joylardan boʻlgan ipoteka kreditlari toʻliq qoplanib, 6 nafar yoshlarning uylari kapital taʼmirlab berilgan edi.
Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati