“YOSH KITOBXON” GʻOLIBASI BILAN UCHRASHUV
Prezidentning besh muhim tashabbusi doirasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida an’anaviy tarzda “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yil mart oyida esa tanlovning yangi mavsumiga start berilib, barcha yosh toifalarida kitoblar ro‘yxati e’lon qilindi. Ayni damda mamlakatimiz kitobxon yoshlari nufuzli tanlovga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan.
Ana shunday tirishqoq o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Navoiy shahridagi 8- i nformatika va axborot texnologiyalariga chuqurlashtirib o ‘ qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda “Yosh kitobxon” tanlovining 10 –14 yosh toifasi bo‘yicha Respublika bosqichi g‘olibi Aziza Ibrohimova bilan maktabning faol, ijodkor hamda kitobxon o‘quvchilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir tashabbuskori maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, yosh nosir Jamshid Bo‘ron uchrashuvni kirish so‘zi bilan ochib, tadbirdan ko‘zlangan maqsad 4 ming o‘quvchi tahsil olayotgan ta’lim dargohida kitobxon o‘quvchilarning salmog‘i ko‘pligi, tanlovga qatnashish istagini bildirgan yuzlab o‘g‘il-qizlarga tanlovda faol ishtirok etish yo‘lida zarur tavsiyalar berish, yanada dadil qadamlar tashlashlari, yangi ishonch va g‘ayrat bilan intilishlari uchun tanlov g‘olibasi bilan samimiy uchrashuv tashkil etilayotganini bildirib o‘tdi.
Faol o‘quvchilar Aziza Ibrohimova bilan qizg‘in suhbatga kirishib ketdilar. Savollariga javoblar oldilar. O‘z navbatida tanlov g‘olibasi tengdoshlariga doimiy zavqli mutolaa o‘quvchini ulg‘aytirishini, hayotni, atrofidagilarga muhabbatni oshirishi, do‘stlik rishtalarini mustahkamlashini aytib o‘tdi.
Tadbirda, shuningdek, Azizaning otasi Jondulla Narziyev ham ishtirok etdi. Ma’lumot uchun aytish lozimki, Aziza Ibrohimova tanlovning final bosqichida 374,1 ballni qo‘lga kiritib Prezident sovg‘asi “Spark” avtomobili sohibasi bo‘lgandi. Kitobxon qiz final taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan, tanlovdagi ishtirokida moddiy maqsadni ko‘zlamaganini, aksincha kitoblarni sevib, ishtiyoq bilan o‘qishga bel bog‘laganini va boshqalarga ham mana shunday istak bilan mutolaa zavqini tuyish mumkinligini maslahat berdi.
Shundan so‘ng, ta’lim dargohida “Yosh kitoxon” tanlovida ishtirok etishga ariza topshirgan kitobxon o‘quvchilar to‘plangan davrada mahorat darsi tashkil qilindi. Azizaning otasi, ham ustozi Jondulla Narziyev kitobxon eng avvalo ustoz qo‘lida aniq reja bilan mutolaaga kirishishi lozimligi, shuningdek, faol va yuqori natija ko‘rsatishga oid barcha tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Muhimi barcha yoshlarga kitob bilan oshno bo‘lishni tavsiya etdi.
Uchrashuv so‘ngida tadbir qahramoni Aziza Ibrohimovaga badiiy kitoblar topshirildi.
Shuningdek, kuni kecha Navoiy shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Yilning eng namunali ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi” tanlovining Navoiy shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. 20 nafar targ‘ibotchi taqdim etilgan hujjatlar hamda targ‘ibotchilar suhbat tarzida hakamlar tomonidan baholandilar.
Tanlovda qatnashgan maktabimiz targ‘ibotchisi Jamshid Berdiyev yakunda1-o‘rinni qo‘lga kiritib viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda kitoblar bilan taqdirlandi.
Dilmurod HAYDAROV,
Maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari