Yakshanba ikkita bo‘lsa edi…
Yakshanba ikkita bo‘lsa edi…
yoxud besh kunlik ish haftasi orzusi
Bu yil fan olimpiadalarining tuman bosqichi mutlaqo yangi shaklda, har bir fan yoki bir-biriga yaqin fanlar bo‘yicha alohida-alohida kunlarda o‘tkazildi. Tarix va geografiya fanlari 17-oktabr, yakshanba kuniga to‘g‘ri keldi. Ochig‘i, bu holat tarix-geografiya fanlari o‘qituvchilarini xursand qildi deb bo‘lmaydi. Ko‘pchillik o‘z noroziligini, xalqimizning qadimiy, alam va kinoyaga yo‘g‘rilgan “Oyda, yilda bir bozor, uniyam yomg‘ir buzar” degan maqolida ifoda etishdi.
Ayol ustozlardan biri esa “Eh, qaniydi yakshanba ikkita bo‘lganda edi... ”, dedi. Bu gapni eshitishim bilan, bir necha o‘n yillardan buyon qalbimda saqlab kelayotganim, besh kunlik ish haftasi haqidagi orzularim esimga
tushdi...
Besh kunlik ish haftasi biz o‘qituvchilar uchun orzu bo‘lsa, ko‘pgina boshqa soha vakillari uchun esa allaqachon reallikka aylanib ulgurgan. Dunyodagi davlatlarning ko‘pchiligida ta’lim jarayoni besh kunlik ish haftasida olib borilmoqda. Mamlakatimizdagi ayrim OTMlarda ham.
Ayrim rivojlangan davlatlarda esa iqtisodiyotning barcha sohalarini to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tkazish bo‘yicha tajriba-sinovlar o‘tkazilmoqda. Dunyoda vaziyat shunday ekan, demak mamlakatimiz o‘qituvchilarining ham “ikkita yakshanba” yoki besh kunlik ish haftasi haqida orzu qilishi havoyilik yoki quyushqondan chiqib ketish bo‘lmasa kerak...
Ish haftasining besh yoki to‘rt kunlik bo‘lishining foydali tomonlariga bir nazar tashlasak.
1. Resurs tejaladi
To‘rt yoki besh kunlik ish haftasiga o‘tish davlat uchun ham, xususiy sektor uchun ham katta miqdorda mablag‘ va resurslarning tejalishiga olib keladi. Ma’lumki, O‘zbekistonda o‘n mingdan oshiq maktab bor, ularda o‘rtacha 20 tadan sinfxona bo‘lsa, 200 mingta sinfxona bo‘ladi. Endi 200 mingta sinfxonani yoritish, isitish uchun ketadigan qancha resurs va mablag‘ tejalishini tasavvur qilavering. Va buni o‘quv yilidagi 34 haftaga ko‘paytirsak, qancha resurs tejalishi oydinlashadi. Resurslarning tejalishi kelajak avlod haqiga kamroq chang solishimizni anglatadi.
2. Mehnat unumdorligi oshadi
Xalqimizning “Yaxshi dam, mehnatga hamdam” degan hikmatli maqoli bor. Agar besh kunlik ish haftasiga o‘tiladigan bo‘lsa, bir kun ko‘proq dam olgan o‘qituvchilar ish faoliyatida anchagina yuqori mehnat unumdorligiga erishishi tabiiy bir holdir. Dars samaradorligi ertalabki soatlar bilan oxirgi soatlarda, haftaning birinchi yarmidagi o‘tilgan dars bilan, haftaning ikkinchi yarmida o‘tiladigan darslarda keskin farq qilishini barcha o‘qituvchilar juda yaxshi biladi. Ketma-ket ikki kun dam olgan o‘qituvchilar mehnat unumdorligining oshishi esa, mamlakat bo‘yicha barcha maktablarda dars samaradorligi oshishiga olib keladi.
3. O‘qituvchilar sog‘ligi yaxshilanadi
Eng ko‘p asabbuzilishlar, ruhiy zo‘riqish, aqliy charchoq kuzatiladigan soha, bu ta’lim sohasi bo‘lsa kerak. Besh kunlik ish haftasiga o‘tish esa o‘qituvchilarning ana shu charchoqlardan xalos bo‘lishiga imkon yaratadi. Million so‘mlab xarajat qilib davolanish yoki sanatoriyalarga borishga ham hojat qolmasdi.
4. Amalga oshirish imkoniyati
Hozirgi amaldagi o‘quv reja bo‘yicha, besh kunlik ish haftasiga o‘tishda hech qanday muammo bo‘lmaydi. Sababi, haftalik o‘quv soatlari faqat 9-sinflarda 34,5 soat, qolgan sinflarda esa undan ancha kam. Bu esa dars soatlarini hech bir qiyinchiliksiz besh kunlik dars jadvaliga joylashtirish imkonini beradi.
Xullas, besh kunlik ish haftasiga o‘tish ta’lim sifatini oshirishga ham xizmat qilgan bo‘lardi. Yakshanba dam olish kunini, barcha rejalaridan voz kechib, tik oyoqda, fan olimpiadasining natijasini kutib o‘tkazgan ustozning “Ikki yakshanba” haqidagi orzulari ushalgan bo‘lardi.
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi
63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi