Yakuni o‘lim bo‘lgan totalizator
Yakuni o‘lim bo‘lgan totalizator
Totalizator — ma’lum bir yo‘nalish yoki o‘yinda(musobaqa desa ham bo‘ladi) qaysidir tarafning manfaatlari ustun kelishini oldindan taxmin qilib, unga mablag‘ tikishdir. Soddaroq aytsak, onlayn kazino, yanayam osonlashtirsak qimordan boshqa narsa emas. O‘rta asrlarda bu Yevropa mamlakatlari, xususan, britan hududlarida ot sporti musobaqalarida ommalashgan. Keyinchalik AQSHda ham keng yoyildi. Ilk bukmekerlik kompaniyalari ham Angliyada
tuzildi. Yaqin yillarda sportga pul tikishning onlayn usullari ruslar tomonidan ishlab chiqildi va ular bu jarayonni smartfonlarga ko‘chirdi. Shu tariqa 2007-yili Moskvada sportga pullarni onlayn tiksa bo‘ladigan, vizual ilovalar paydo bo‘ldi. Boshida bu o‘yinni odamlar yaxshi kutib olmadi, chunki onlayn harakatlarga
ishonish qiyin edi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay “1 xbet” degan ilova shu darajada ommalashdiki, hatto sport bilimdonlari ham bunga qiziqib, kompaniya bilan shartnomalar imzolay boshladi.
2012-yilga kelib bunday totalizatorlar soni sezilarli oshdi. Shuningdek, ayrim onlayn kazino kompaniyalari yopilib, hatto jinoiy javobgarlikka tortildi. Sababi, ularning maqsadi firibgarlik yo‘li bilan pul to‘plash edi. 2016-yildan boshlab “1 xbet”, “mostbet”, “lenabet” kabi onlayn betting ilovalari dunyo bo‘ylab keng yoyildi.
Shu bilan birga yurtimizda ham bu o‘yin haddan tashqari rivojlandi. Bugun atrofimizda bu kabi o‘yinlarga mukkasidan ketayotgan yoshlar yo‘q emas. Ayniqsa, o‘smirlar bu iksbetlarni hayot mazmuniga aylantirdi. To‘g‘ri, bu orqali ular ancha pul ham topishdi. Mehnat qilmay katta pul topish, yotgan joyida plastik kartalaridagi summani ko‘paytirish bir qaraganda ajoyib natijadek ko‘rinadi. Aslida agar u
o‘zi xohlaganidek doimo yutuqqa erishsa yaxshi, ammo bu vaqtinchalik holat.
Bir paytlar totalizatorning “piri” bo‘lganlar bu o‘yinda mutlaq yutishning iloji yo‘qligini, u qancha yutsa shuncha o‘z domiga tortib, so‘ngida baribir yutqazishga mahkum qilishini aytgan. “Eh, men ahmoqmidimki, oxirigacha o‘ynasam, yutib-yutib keyin pullarni chiqarib olamanda, stavka qilishni to‘xtataman”, deydiganlar esa o‘zlaridan “aqlli yasab olgan” ahmoqlardir. Hali isbotlanmagan bo‘lsa-da, totalizatorlarni kuzatib boruvchi ekspertlar ularning ma’lum algoritmda ishlashini, mayda summalarda xuddiki bexato, ammo katta stavkalarda muntazam qotish hamda bloklanishlar bo‘lishini, shu bilan birga o‘yin stavka qiluvchining muntazam yutishiga yo‘l qo‘ymasligini va aslida buning imkoni yo‘qligini bildirgan. Har gal g‘alabada o‘yinga ishtiyoq ortib, yana yutuq zavqini tuyish uchun muvaffaqiyat gormonlari insonni harakatga keltiradi. Aksincha, yutqazilganda esa yo‘qotilgan pulni qaytarish, o‘sha summani yutmaguncha asabiylashish va mag‘lubiyat alamidan qutulib, o‘ziga yana yuta olishini isbotlashga intiladi. Natijada, oxiri yo‘q mag‘lubiyatlar-u, maqsadsiz stavkalarga bog‘lanadi. Demak, o‘yinda muqim yutishning imkoni yo‘q. Muntazam stavka qilganlarning ta’kidlashicha, o‘yinda foydaga kirib juda qiziqib qolganda, yutgan summalarining deyarli ikki barobarini yutqazishgan, ketidan yana qarzlar olib depozit qilgan. Qarzni esa yana bir marotaba aylantirishga ulgurar-ulgurmas “yeb qo‘yishgan”.
Buning ortidan qarzga botganlar Yevropa, Rossiya va AQSHda ko‘plab onlayn
kazino o‘ynovchilarning deyarli 70 foizini tashkil etadi. Ayanchlisi, ularning aksariyati o‘z joniga qasd qilgan.
Bunday holatlar yaqin ikki yilda yurtimizda ham ko‘paydi. Repost.uz bergan xabarlarga ko‘ra, Samarqand viloyati
Urgut tumanida yashovchi 18 yoshli bola shu o‘yin uchun 1700 AQSH dollari va 2,5 million so‘m o‘g‘irlagan va jinoiy javobgarlikka tortilib qamoqqa olingan. Bundan tashqari, 1991-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan FarDU o‘qituvchisi bettingda qarzga olgan 57 million so‘mni yutqazib, o‘z joniga qasd qilgan. Dinimizda o‘z joniga qasd qilish gunoh sanaladi. Islomda qimorning ham ta’rif berilgan va harom
qilingan. Agar bir tomon yutib ikkinchi tarafi yutqazishi aniq bo‘lsa, yoxud ko‘pchilik yutqazib, kamchilik yutadigan bo‘lsa, bu qimor deb ataladi.
Olloh taolo Qur’oni karimda qimor haqida shunday deb marhamat qiladi: “Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va nafrat solishni hamda sizlarni Ollohning zikridan va namozdan to‘sishni istaydir. Endi to‘xtarsizlar?!” (Moida surasi, 91-oyat).
Bu illat insonlar orasida nafratni kuchaytiradi, qarzga botib, jinoyatga moyillikni oshiradi. Birovning moliga, joniga tajovuz qilish holatlari uchraydi, hattoki o‘z joniga-da qasd qilish kabi kechirilmas gunohlarga olib boradi. Bular – bu dunyoda bo‘ladigan xorlik, oxiratda esa azobi yana-da qattiq bo‘ladi, toki Olloh harom qilgan amallarni bajargan kishi tavba qilmas ekan, gunohlari yuvilmaydi, shuningdek, o‘sha haromdan topilgan pullar egalariga qaytarilmas ekan, tavba qabul bo‘lmaydi.
Shuningdek, hozirda bunday totalizatorlarning reklama va targ‘iboti ham har qadamda uchrab turadi. Bu masalada Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi Saidjamol Mirsaidov shunday degan: “Bu kabi harom ishlarni targ‘ib qilayotganlar xoh OAV orqali, xoh ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa usulda bo‘lsin – barchasining hukmi o‘sha ishni qilayotganlar bilan bab-baravar bo‘ladi, ular kabi gunohkor
hisoblanadi. Zero, Olloh gunoh va zulm yo‘lida bir-biringiz bilan hamkorlik
qilmanglar, deya insonlarni yomonlikdan qaytargan. Bu narsalarni targ‘ib qilayotganlar Ollohdan qo‘rqishsin”.
Qonunchilikda ham buning javobgarligi kuchli. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida kodeksning 191- va Jinoyat kodeksining 278-moddasiga ko‘ra qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish — ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek, o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etishga jalb qilish — ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
“Anavi saytlar-u, falonchi mashhurlar reklama qilib yuribdi-ku?” demasdan bunday harom va noqonuniy ishlarning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaylik. Bu haqda tegishli joylarga vaqtida xabar beraylik. Axir siz ham jamiyat uchun mas’ulsiz. Avvalo, dunyoga nima uchun kelganimiz, nega yashayotganimizni to‘liq
anglashimiz kerak. Buning uchun tafakkur, bilim, aql kerak, albatta. Vaqtimizni, umrimizni, mablag‘imizni bekorchi narsalarga sarflamaylik. Atrofimizda mana shunday egri, oxiri musibat keltiradigan yo‘lga kirib borayotgan insonlarni tog‘ri yo‘lga boshlaylik.
Oybek RUSTAMOV,
O‘zJOKU 1-bosqich talabasi