Yaqin xorijdagi o‘zbeklarim…
Qo‘shni mamlakatlarda millatdoshlarimizning o‘z tili, madaniyatini saqlab qolishi, o‘z tilida ta’lim olishi uchun yetarli sharoitlar yaratilganmi? Mana shu savol meni uzoq vaqtlardan beri qiynab keladi. Mavzu bo‘yicha internetdan ma’lumotlar oldim, qo‘shni davlatlarda yashovchi tanishlarim bilan suhbatlashdim. To‘plangan materiallar asosida kichik bir ma’lumot paydo bo‘ldi. Quyida shu ma’lumot asosida millatdoshlarimizning milliy o‘zligi, tilini saqlab qolish jarayonlari, muammolar xususida so‘z yuritishga harakat qildik.
Ma’lumki, qo‘shni qardosh davlatlarda boshqa millatlar qatori o‘zbeklar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra (balki bundan ham ko‘pdir!), Tojikistonda 1,2 million, Qirg‘izistonda 964 ming, Turkmanistonda 500 ming, Qozog‘istonda 511 ming, Afg‘onistonda 3 million o‘zbeklar yashar ekan.
Mamlakatimizda o‘zga millat vakillarining ta’lim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqidagi quyidagi jumlalarni eslash kifoya: “O‘z tilini hurmat qilgan ma’rifatli el boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi. O‘zbekistondagi bag‘rikenglik siyosati tufayli, hozirda yurtimizda yagona oila bo‘lib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillariga o‘z ona tili, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilmoqda. Toshkent shahri va joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan 140 ga yaqin milliy madaniy markazlar ayni shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya muassasalari va ommaviy axborot vositalari o‘zbek tili bilan birga qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida faoliyat olib borayotgani xalqaro jamoatchilik tomonidan ijobiy hodisa sifatida e’tirof etilmoqda”.
Haqiqatan ham, biz bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqmiz, o‘zga millatlar hurmatini o‘zimizdan yuqori qo‘ysak qo‘yamizki, aslo past qo‘ymaymiz. Mana shunday siyosat natijasida bugungi kunda xalq ta’limi tizimida 10 008 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 1476 tasida rus va qardosh tillar o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 899 ta maktabda rus tilida, 133 tasida qoraqalpoq, 218 tasida qozoq, 38 tasida qirg‘iz, 165 tasida tojik tilida, 23 tasida turkman tilida ta’lim beriladi. Ko‘rib turganingizdek, o‘z tilida ta’lim olish uchun hech qanday to‘siq yoki muammo yo‘q. Qo‘shnilarimizda-chi? U yerda yashayotgan millatdoshlarimizning o‘z tilida ta’lim olishi uchun bizdagidek shart-sharoitlar yaratilganmi? Keling, qisqacha bo‘lsa ham, tanishib chiqaylik.
Turkmaniston. REGNUM axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, (https://regnum.ru) o‘zbeklar zich yashaydigan Turkmanistonning shimolidagi maktablarda o‘zbek tilini o‘qitish to‘liq to‘xtatilgan. “Xroniki Turkmenistana” gazetasi o‘tgan asrning 90-yillaridayoq rus, o‘zbek, qozoq maktablari yopilib ketganini yozadi. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, asosan o‘zbeklar yashaydigan Lebop, Toshhovuz viloyatlaridagi o‘zbek maktablarida dastlab ikki predmet — o‘zbek tili va o‘zbek adabiyoti qoldirilgan, 2000-yildan boshlab bu fanlarni o‘qitish ham to‘xtatilgan, o‘zbek o‘quvchilari uchun ham ta’lim to‘liq turkman tilida olib borilmoqda.
Hatto O‘zbek milliy madaniyat markazi ham yo‘q, vaholanki mamlakatimizda turkman millati uchun alohida maktablar, milliy tili, urf-odatlati, madaniyatini targ‘ib qiluvchi madaniy markaz bemalol faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xalqaro normalar bo‘yicha sharoitlar teng bo‘lishi kerak emasmi? Yarim million millatdoshlarimiz o‘z tili, madaniyatini yo‘qotib, hukmron til ichiga singib ketmoqda! Yarim million o‘zbek millati yo‘q bo‘lib ketmoqda! Bu fojia emasmi?! Vaholanki, AQSHga ko‘chib ketgan millatdoshlarimiz farzandlari ona tilini unutmasin deb o‘zbek maktablari ochishmoqda!
“Xroniki Turkmenistana” gazetasi jurnalisti Botir Seyitquliyevning ta’kidlashicha, o‘zbek yoshlari pul topish bahonasi (xorijga chiqib ta’lim olish ta’qiqlangan!) bilan Rossiya, Turkiya, Ukraina, Belorussiya davlatlari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, o‘sha yurtlarda qolib ketmoqda.
Qirg‘iziston. Oxirgi besh yilda o‘zbek tilida ta’lim beriladigan maktablar soni 60 foizga qisqargan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, o‘zbeklar o‘z farzandlari o‘zbek tilidan ko‘ra ko‘proq qirg‘iz tilini o‘ranishini istashmoqda, shuning uchun o‘zbek maktablarini qirg‘iz maktablariga aylantirishni so‘rashmoqda. Lekin bunday fikrlarga ko‘pchilik qarshi, ular farzandlarini qirg‘iz maktablaridan ko‘ra rus maktablariga berishni afzal bilishmoqda, deb keltiradi eurasianet.org.
Qirg‘izistonning o‘zbeklar yashaydigan viloyatida bo‘lgan eurasianet.org. jurnalisti shunday yozadi: “Novqot rayon xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Abdumutallib Payazovning so‘zlariga ko‘ra, 2012-yilda 7 ta o‘zbek maktabi boshqa ta’lim tiliga o‘zgartirildi. Novqotdagi 109 ta maktabdan 13 tasigina o‘zbek tilida ta’lim berishni davom ettirmoqda, lekin keyinchalik ular ham qirg‘iz maktablariga aylanadi”.
Ko‘plab o‘zbeklar bilan suhbatlashgan jurnalist ularning fikrlarini umumlashtirib shunday deydi: “O‘zbeklarning katta qismi Rossiyaga ketib, mazkur davlat fuqaroligini olishni xohlaydi, chunki bu yerda o‘zbeklar va o‘zbek tilining kelajagi yo‘q”. Gapirishga til ojiz, afsuslar bilan tan olishimiz kerak bo‘lgan achchiq haqiqat!
Qirg‘iziston Respublikasi statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2002-yilda 141 ta o‘zbek maktabida 106 577 nafar bola ta’lim olgan bo‘lsa, 2012-yilda 91 taga (o‘quvchilar soni 40 833 nafar)ga tushib qolgan (Kиргизистан: Узбекский школы продолжает закрывать. https://russian.eurasianet.org). Oxirgi ma’lumotlar afsuski qo‘limizda yo‘q, bundanda kamayib ketgan bo‘lishi mumkin!
Hozirda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining o‘rtacha yoshi 50 dan yuqori ekan, yaqin 20 yildan buyon o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmaydi. Bu degani yana 10–15 yil ichida mutaxassis yo‘qligi bahona qilinib, o‘zbek maktablari tugatiladi…
Tojikiston. Tojikiston maorif va fan vazirligi ma’lumotiga ko‘ra 2015-2016-o‘quv yilida o‘zbek tilida ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni 205 003 nafarni tashkil etgan. Oxirgi o‘n yillikda o‘zbek sinflari soni uch martaga qisqargan. O‘quvchilar soni 2011-2012-o‘quv yilida 299 494 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-2021-o‘quv yilida 106 083 nafarga tushib qolgan.
2018-yilning iyul oyida ikki davlat prezidentlari Dushanbe shahrida uchrashib, har tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolanganda, Tojikistonda 130 ming o‘quvchi o‘zbek tilida ta’lim olayotgani aytilgan edi. Tojikiston maorif va fan vazirligining 2020-yil noyabrdagi ma’lumoti bo‘yicha bu ko‘rsatkich oxirgi o‘quv yilida 106 083 nafar bo‘lgan. Boshqacha aytganda, oxirgi ikki yilda 24 ming nafarga kamaygan.
Malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti So‘g‘d regioni bo‘limi o‘qituvchisi Marhabo Yunusova o‘zbek tilidagi darslar qisqarib ketganligi sababli juda ko‘p mutaxassislar ishsiz qolayotganini aytadi. “Yosh mutaxassislar tojik tilida dars berish uchun ikkinchi oliy ta’lim olishga harakat qilmoqda, lekin budjet guruhlari chegaralangani uchun hammaning ham ikkinchi oliy ta’lim olish uchun imkoniyati yo‘q”, deydi u.
O‘zbek maktabini tamomlagan Hulkaroy Jiyanboyeva Xo‘jand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetining 1-kursida tahsil olmoqda, lekin u keyingi o‘quv yilidan mutaxassisligini o‘zgartirmoqchi. “Agar men o‘zbek filologiyasini tamomlasam, ungacha barcha maktablar tojikchaga aylantirilsa, ishsiz qolishim mumkin, shuning uchun tojik tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassis bo‘lmoqchiman”, deydi Hulkaroy. Tasavvur qilyapsizmi, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassis bo‘lish orzusida oliy o‘quv yurtiga kirgan o‘zbek talabasi olti oy o‘tmasdan o‘z fikridan qaytib, tojik tili va adabiyoti bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lmoqchi, chunki uning boshqa yo‘li yo‘q, kelajakda ishsiz qolmasligi uchun shu yo‘lni tanlamoqda!
“O‘zbek ma’naviyat ma’rifat markazi” raisi Ilhom Yusupov o‘zbek maktablari asosan chekka qishloqlarda qolgani, shahar va tuman markazlarida allaqachon yopilganini aytadi (Таджикистан: Количество школы с узбекским языком закрывается. https://cabar.asia/ru.).
Qozog‘iston. Qozog‘istonlik o‘zbeklarning asosiy qismi (87,9 %) Janubiy Qozog‘iston viloyatida istiqomat qilishadi. Viloyatda sof o‘zbek tilida bilim beruvchi 64, aralash 78 maktab faoliyat yuritadi. Janubiy Qozog‘iston viloyati bo‘yicha o‘zbek madaniyat markazining 11 filiali faoliyat yuritadi. Viloyat markazida o‘zbek tilida 10 ta gazeta-jurnal chiqariladi. “Qazaqstan-Shimkent”, “Otirar”, “Sayram” telekanallarida o‘zbek tilida yangiliklar va dasturlar efirga uzatiladi (Vikipedia). Qo‘shnilar orasida nisbatan yaxshi sharoitlar yaratilgan, lekin mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha muammolar bor.
Afg‘oniston. O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlarining o‘zaro kelishuvi asosida Surxondaryoda “Afg‘on markazi” tashkil qilinib, o‘zbek tili va adabiyoti, temiryo‘l sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanyapti. O‘tgan o‘quv yilida 96 nafar afg‘onistonlik o‘zbek yoshlari o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni yakunlashdi. 2020-2021-o‘quv yilidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 16 nafar afg‘onistonlik o‘zbeklar magistraturada tahsil olmoqda. Lekin shu kunlarda bu yurtda bo‘layotgan siyosiy o‘zgarishlar jarayonida bu talabalarning kelajak taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Mana, qo‘shnilarimizdagi holat, bir tomondan, millatdoshlarimizning ona tilida ta’lim olishiga bo‘lgan munosabatni ko‘rib achinasan, ikkinchi tomondan, hukumat miqyosida olib borilayotgan til siyosatiga qoyil qolmasdan ilojimiz yo‘q. To‘g‘ri-da, qaysi davlatda yashasang, o‘sha davlat qonunlariga bo‘ysunishing, o‘sha davlat tilini bilishing, uni hurmat qilishing shart!
Tojikistondagi o‘zbek maktablarining qisqarishiga quyidagi sabablar ko‘rsatiladi:
1. O‘zbek maktablari o‘zbek tilidagi darsliklar bilan to‘liq ta’minlanmagan.
2. Tojikiston prezidenti huzuridagi Milliy test markazi kirish imtihonlarini faqat tojik va rus tillarida o‘tkazadi.
3. Oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek guruhlari yopilgan. O‘zbek tilida faqat o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligini olish mumkin. Keyingi yillarda ba’zi OTMlarda xorijiy talabalar uchun o‘zbek guruhlari ochilgan, lekin bu guruhlar Milliy test markazi ro‘yxatiga kiritilmagan, shuning uchun Tojikiston fuqarosi bo‘lgan etnik o‘zbeklar Milliy test markazi orqali ariza topshira olmaydilar.
4. O‘zbek tilida o‘qiyotganlar uchun ish topish imkoniyati cheklangan.
Bu sabablar faqat Tojikistonga emas, balki boshqa qo‘shnilarimizga ham tegishli. Darsliklar yetishmasligi achinarli hol, albatta. Qirg‘iziston maktablari uchun bundan 20 yillar avval o‘zbek olimlari tomonidan darsliklar tayyorlangan edi, undan keyin yozilmadi, menimcha. Qozog‘istonda ham dastlab o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda darsliklar yozilgan, keyinchalik o‘z mutaxassislari tomonidan darsliklar tayyorlanib borilishidan xabarimiz bor. Qolgan qo‘shnilarda bunday jarayon bo‘lmadi, bizningcha. Oliy ta’limga kirish imtihonlarining davlat tili va rus tilida o‘tkazilishi ham til siyosatining bir qismi. Davlat tilini bilmaydiganlar uchun davlat idoralarida ishlash imkoniyatining cheklanishi esa davlat tilini bilish majburiyatini yuklaydi. Davlat tilini bilmasangiz, davlat idoralariga davlat tilida murojaat qilmasangiz, sizga hech kim quloq solmaydi, bu bor gap!
Bizda-chi? Xalq vakillari bo‘lmish deputatlarimiz “mamlakat fuqarolari davlat idoralariga davlat tilida murojaat qilish kerakmi?” degan oddiy masalani hal qilolmay rosa sarson bo‘lishdi.
Emishki, boshqa millat vakillarini davlat tilida murojaat qilishga majbur qilish ularning huquqlari buzilishiga olib kelarmish! Hurmatli deputatlar, manbalarni ko‘rsatib qo‘ydik, marhamat, o‘qib, kerakli xulosa chiqarish o‘zingizga havola. Mana, sizlarga qirg‘iz amaldorlaridan mahorat darsi, o‘qib, mulohaza qiling:
“Ata Meken” partiyasining O‘sh viloyati bo‘limi boshlig‘i Abdimitalip Satibaldiyev ham o‘zbek maktablarini qirg‘iz maktablariga aylantirish tarafdori, lekin bu jarayon ularning istak-xohishlari asosida amalga oshirilishi lozimligini aytadi. “Agar ota-onalar farzandlari kelajagini o‘ylasa, ularni o‘zbek maktablaridan olib, qirg‘iz maktablariga berishlari kerak, toki ular qirg‘iz va rus tillarini yaxshi o‘zlashtirsin. Bu yangi avlodning hech bir muammolarsiz oliy ta’limga kirishiga va kelajakda davlat idoralarida ishlashiga keng imkoniyatlar yaratadi”, — deydi u.
Ta’lim mutasaddilari va siyosatchilar o‘zbek maktablarini qirg‘iz maktablariga aylantirish masalasini ijobiy voqea sifatida baholashga harakat qilmoqdalar. Masalan, Qirg‘iziston Respublikasi ta’lim vazirligi matbuot kotibi Kerez Jukeyev bu jarayonni pozitiv qadam, chunki ota-onalar farzandlarining kelajagini o‘ylamoqda deb hisoblaydi.
Xalq ta’limi vaziridan iltimosimiz shu bo‘lardiki, davlatlararo hamkorlik aloqalari haqida so‘z ketganda, o‘sha davlatdagi millatdoshlarimizning ona tilini o‘rganishlari uchun har tomonlama imkoniyatlar yaratish masalasi kun tartibiga qo‘yilishi kerak. Mayli, boshqa umumta’lim fanlari davlat tilida o‘qitilsin, lekin o‘zbek tili va adabiyoti quyi sinflardan to 11-sinfgacha o‘qitilishi kerak.
Ayni shu amaliyot bizda ham joriy qilinishi kerak, ya’ni ona tili va adabiyot fanidan boshqa barcha umumta’lim fanlari o‘zbek tilida o‘qitilishi shart! Bu masalani hech ikkilanmasdan kun tartibiga qo‘yish lozim, shundagina xuddi qo‘shnilarimizdagi kabi davlat tilining mavqeyi yanada oshadi!
Keltirilgan ma’lumotlar asosida quyidagi takliflarni bildiramiz:
1. Aytib o‘tilganidek, O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlarining o‘zaro kelishuvi asosida Surxondaryoda “Afg‘on markazi” tashkil qilinib, o‘zbek tili va adabiyoti, temiryo‘l sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanyapti. Mazkur tajribani qo‘shnilarimiz bilan ham amalga oshirib, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadga muvofiq.
2. Turkmanistonda o‘zbek maktablarini tiklash, hech bo‘lmaganda, o‘zbek tili va adabiyoti fanlarini o‘qitish masalasini ko‘rib chiqish.
3. Millatdoshlarimizni o‘zimizda chop qilinayotgan darslik, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlab borish.
4. Ular bilan hamkorlikda darsliklar tayyorlash masalasini kun tartibiga qo‘yish.
5. Yangi chop qilinayotgan badiiy asarlar bilan ta’minlab borish.
6. O‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining onlayn malaka oshirishini tashkil etish, o‘zbek tili va adabiyotidagi yangiliklardan muntazam xabardor qilib borish.
Ko‘rib turganingizdek, davlat tilini tom ma’nodagi davlat tili maqomiga ko‘tarishda qo‘shnilarimizning ilg‘or tajribalaridan foydalansak, ular kabi tizimli ishlar amalga oshirilsa, orzu qilgan maqsadimizga tezroq erisharmidik… Zero, balandparvoz shiorlar, qog‘ozlarda qolib ketayotgan takliflar bilan jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmasligini tushunib yetdik. Siz nima deysiz, aziz vatandoshim!?
Inomjon AZIMOV