Yashamoq ma’rifati yoki kim kimdan o‘rganmog‘i kerak?!
Qizcha har kuni shu yo‘lni kesib o‘tib maktabga borib keladi. Uyidan chiqib ketarkan, buvisi duo qilgach “Qizim, svetoforga e’tibor bergin. Yo‘lingdan boshqalar, transport yurishiga xalaqit beradigan narsalar chiqib qolsa, albatta, chetga olib qo‘y. Gul, giyohlar, dov-daraxtlarga ozor yetkazmay borib kelgin, bolam. Zinhor atrofga chiqindi tashlama. Tengdoshlaringni ham shunga unda, deya tayinlaydi.
Kecha uyga qaytayotganida shivalab yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Ozgina izg‘irinli shamol ham yelardi. Shunday bo‘lsa-da, ancha yoshni qoralab qolgan amakilar, opalar yo‘l chetiga ariqchalar olib biram chiroyli shakllardan manzaralar yaratgancha gul ko‘chati o‘tqazishayotgandi. Qizcha ularning ishini bir zum beixtiyor kuzatib turdi-da, ularga juda-juda ko‘maklashgisi keldi. Lekin uyaldi. Buvisining “Atrofni yashnatgan kishi ko‘p savobga ega bo‘ladi, qalbi yashnaydi...” degan gaplari qulog‘i ostida jaranglagani sari rango-rang chechaklarni bir-biriga uzatib zavq bilan ishlayotganlarga havasi kelardi. Ammo bugun... U endi katta yo‘l bo‘yiga yetgan edi, svetofor chirog‘iga ham qaramay haydovchisi bo‘shagan suv idishini gulzor tomon irg‘itgancha yelib ketgan mashinaga duch keldi-yu, yuragi zirqiragancha ancha payt joyida turib qoldi. Xayolini jamlab idishni olishga chog‘languncha, ko‘cha supurayotgan ayol nimalardir deb shivirlagancha kelib haligi baklashkani olib chiqindilarni yig‘ayotgan aravasi tomon ketdi. Qizcha zabt bilan otilgan “zarba” tufayli bandidan uzilgan gulni qo‘liga olarkan, adog‘siz savollar xayolida aylana boshladi: “Ustozlarimiz tarbiyaviy soatlarda “Yaxshi o‘qisangiz yaxshi inson bo‘lasiz. To‘kis yashaysiz... Yaxshi inson boshqalarning mehnatini qadrlaydi... Biz tabiat bilan tirikmiz...” kabi o‘gitlarni ko‘p takrorlashadi. Bu mashina egasi yaxshi o‘qimaganmi? Unda mashinani qanday sotib olgan. Axir ishlab pul topish uchun ham aql kerak-ku? Yaxshi odam bo‘lsa nega ikki bukilib ko‘cha tozalayotgan xola mehnatiga bepisand qaraydi. Gullarni nega yaxshi ko‘rmaydi...”. Qizcha bu o‘ylarga to‘qnashgani sari uning “yaxshi odam” haqidagi tasavvurlari ayqash-uyqash bo‘lib borardi. U har kuni shu xolani ko‘radi: issiqmi, sovuqmi qo‘lida supurgi. Ko‘chalar, bekat atrofini tozalaydi. Chiqindilarni yig‘ib, belgilangan joyga olib borib tashlaydi. Lekin ko‘p o‘tmay yana turli qog‘oz parchalari, sigareta qutilari ...sochilib yotadi. Qizcha bu illatga aksariyat holatlarda bolalar emas, kattalar aybdorligini biladi. Hatto, yo‘l-yo‘lakay chiqindi solingan sarafan xaltasini shundoq yo‘l chetiga tashlab, avtobus tomon yugurib ketayotganlarni ham ko‘rib qoladi. Ammo bir so‘z deya olmaydi…
— Atrof-muhit tozaligiga katta e’tibor qaratilmoqda, — deydi Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektori Sardor Niyozov. — Xususan Toshkent shahrining har bir tumanida bu masala bilan shug‘ullanuvchi maxsus xodimlar bor. Ta’lim muassasalari, mahallalarda hamkor tashkilotlar bilan birga muntazam tarzda tashviqot, targ‘ibot ishlari olib boriladi. Afsuski, ba’zan, hatto ziyoli kishilarning ham sal naridagi moslamalarga emas, shunday uyi qarshisidagi yo‘l-u yo‘lkalar chetiga chiqindi tashlab ketayotganini ko‘rib ta’bingiz xira bo‘ladi. Albatta, bunday holatlarga qonuniy chora ko‘riladi. Achinarlisi, hukumatimiz rahbariyati tomonidan atrof muhit muhofazasi masalasi kun tartibidagi eng dolzarb muammolardan biri ekani bot-bot takrorlanayotgan bir paytda ayrim yurtdoshlarimizning o‘zlari, yaqinlari salomatligiga bevosita daxldor bo‘lgan oddiy burchlarini ado etishga befarq qarashlari kishini taajjublantiradi.
... Qizcha shu kuni mahzun bir kayfiyatda uyiga qaytdi. Uning ko‘z o‘ngidan egnilari namiqib ketsa-da, endigina chiroy ochayotgan g‘unchalarni avaylabgina tuproq qatiga “terib qo‘yayotgan”lar, xazonga aylangan mitti chechak, “uh” tortgancha kuniga necha bora urinsa-da, mehnati ko‘rkini ko‘rolmay og‘rinayotgan farrosh xolaning horg‘in chehrasi ketmasdi. Darvoqe, aslida kim kimdan o‘rganishi kerak? Bolalar befarq kattalardanmi? Yoki kattalarning loqaydligini ko‘rib ko‘zi, ko‘ngli qotayotgan bolalardanmi?
Balki kimlargadir bu mayda-chuyda gaplardek tuyular. Ammo hayot tarzimiz shu kabi ko‘z ilg‘amas munosabatlardan tarkib topishi, bu esa ma’naviy olamimiz ko‘zgusida aks etishi xususida ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Demak, yashashning ham o‘z ma’rifati bor. Biz bugun uning bir ko‘rinishini kuzatdik, xolos. Ba’zida “Falon mamlakatda unday, piston davlatda bunday...” deya yurtimiz manzaralarini kamsitgannamo taqqoslayotganlar gurungi qulog‘imizga chalinadi. Diyorimizda olib borilayotgan ulkan yuksalishlarga munosib yashash madaniyati, ma’rifati-chi?! Ana shunday savolni o‘z-o‘ziga berib yashash ilmidan bebahralarning biri emasmikan tong
pallasi beg‘ubor qalbni larzaga solgancha mashinasini yeldek uchirib ketgan kimsa.
Oybuvi OCHILOVA