Yashasin ovsarlar! yoxud Mark Tvenning “Ovsar Vilson” asari haqida
Adabiyot insoniyatga san’at sifatida bergan ma’naviy ozuqasidan tashqari, ko‘pgina ilmiy-ijtimoiy kashfiyotlarga asos bo‘lganligi bilan ham ahamiyatli. Hali jinoyatchilik olamiga daktilaskopiya kirib kelmasdan, “Ovsar Vilson” asari qahramonining qotilni barmoq izlari yordamida aniqlashi bunga bir misol.
“Ovsar Vilson” romani muallifi – jahon adabiyotining yirik namoyandasi Mark Tven 1835-yilda Amerikaning Missuri shtatidagi Florida shahrida tug‘ilgan. U maktabdagi ta’limni nihoyasiga yetkaza olmagan. O‘spirinlik va yigitlik davrlari ham darbadarlik bilan o‘tadi. Tirikchilikning bir talay ko‘chalariga bosh suqib chiqqan bo‘lajak mashhur adib, taqdir taqozosi bilan gazetada faoliyat yurita boshlaydi.
Gazetada ishlash mobaynida Mark Tven davrning ijtimoiy muammolari yoritilgan ocherk va boshqa uslubdagi badiiy asarlar yozadi. Uning ijodiy uslubi boshidanoq o‘zining yumor ruhi va xalqning turmush tarzini chuqur ifodalashi bilan o‘zga qalamkashlarnikidan ajralib turardi. Va aynan mana shu narsa yozuvchining qisqa muddatda mashhurlikka erishishi, o‘z zamonasining taniqli kishilaridan biriga aylanishiga sabab bo‘ldi.
O‘quvchilari uni korrupsiya, irqchilik, siyosiy yolg‘onlarni satira yo‘li bilan boplab tanqid qilganligi uchun ham yaxshi, ham yomon ko‘rishar, kimlardir yozuvchidan minnatdor bo‘lib xat yozsa, yozuvchi tanqid qilayotgan illatlarga, mukkasidan ketgan ayrimlar uni haqorat qilib, o‘zlarining alamli nafratlarini izhor qilishar, lekin tabiatan tirishqoq bo‘lgan adib haqoratli gaplarga deyarli ahamiyat bermasdi. Bir safar unga kimdir “Cho‘chqa!” degan so‘z bitilgan imzosiz xat jo‘natishganida ham, u o‘sha kungi matbuot anjumanida “Men ko‘plab imzosiz xatlar olgandim, bugun tongda birinchi marta xatsiz imzo oldim!” deya hazillashgani haqida hangomalar bor.
Mark Tven dunyo miqyosida irqchilik, tabaqalanish avj olgan, qora tanlilarga nisbatan past nazar bilan qarash odatga aylangan bir vaziyatda davrning bu muammolariga qarshi kurashgan ilk adiblardan edi. Shunga ko‘ra uning yozgan ayrim asarlari adabiyotshunoslar tomonidan yasama kamchiliklar topib ayovsiz savalandi. Hatto asarlari o‘qilishi va sotilishini taqiqlashgacha borishadi. Ammo Mark Tven asarlari qachondir yana katta tirajlarda sotila boshlashiga ishonar, o‘z asarlarida
negrlarning og‘ir turmush tarzi va ularga qilinayotgan adolatsizlikni ifodalashdan to‘xtamas edi. Yozuvchining 1894-yilda yozilgan “Ovsar Vilson” romani, uning aynan o‘shanday g‘oyalar bilan sug‘orilgan asarlaridan biri.
Romanning boshlanish qismida asar voqealari ro‘y bergan shaharcha haqida shunday jumlalarni o‘qiysiz: “Douson Pristani quldorchilik rivojlangan osoyishta shahar bo‘lib, tevaragini serhosil dalalar, boy cho‘chqachilik fermalari o‘rab olgandi. O‘n besh yil burun tashkil topgan bu shaharcha juda sust bo‘lsa ham, harqalay rivojlanmoqda edi”. Shu yerda o‘quvchi adabiyotning umum qonunlariga mos bo‘lgan muhim bir holatga e’tibor qaratishi zarur. Garchi muallif yuqorida aniq joy nomlarini keltirayotgan bo‘lsa-da, “Douson Pristani” shaharchasi aslida ramziy makon hisoblanadi. Yozuvchi bu yerda birgina shaharcha haqida emas, balki butun Amerika
hayoti va umumiy davr ob-havosiga o‘zining achchiq-kinoyaviy munosabatini bildirmoqda.
Asar qahramonlarini tanishtiruv iboralari ham muallif tomonidan yengil kinoyaga yo‘g‘rilgan. Masalan, qahramonlardan biri haqida gap ketar ekan, muallif quyidagi so‘zlarni yozadi: “U basharti biror qilig‘i yo nojo‘ya harakati bilan nafsoniyatingizga tekkan bo‘lsa, duel haqidagi talabingizni nazokat bilan jilmayib turib qabul qilishi va uni xohishingizga qarab istagan qurol – yamoqchining bigizidan tortib, to‘p bilan ham qondirishga hamisha tayyor edi” . Bu esa shubhasiz oriyatni mashhurlik, namoyishkorlik vositalariga aylantirib olgan, bu yo‘lda birovning joniga qasd qilishga-da, ikkilanib o‘tirmaydigan o‘sha davr odamlari tabiatining mohirlik bilan chizilgan badiiy tasviridir.
Asarning asosiy qahramoni janob Vilson obrazi ortida ham jamiyatga nisbatan bir talay kinoya va istehzo berkinib yotibdi. Janob Vilson soddadil, ishonuvchan, shu bilan birga o‘ziga xos fikrlash tarziga ega o‘qimishli kishilardan edi. U barcha fan yangiliklari bilan qiziqar, uyida muayyan tajribalar ham o‘tkazib turardi. Ammo Douson Pristaniga kelgan ilk kunlariyoq aynan ushbu fazilatlari tufayli omi, o‘z qobiqlari va har xil rasm-rusumlarga o‘ralashib qolgan shahar ahli undan yotsirashdi. Nainki yotsirashdi, balki unga “Ovsar” degan laqab berishdi.
Janob Vilsonning ikkita ermagi bor edi. Bulardan birini u hech kimga aytmasdi – o‘zining ovsarligi haqidagi mish-mishlarning yanada urchishidan cho‘chirdi. Ikkinchi ermagi esa shisha plastinkalarga odamlarning barmoq izlarini to‘plab, kolleksiya yaratish bo‘lib, shaharchadagilar buni ovsar Vilsonning ovsarliklaridan biri deb
hisoblar edilar.
Asar qahramonlaridan yana biri negr ayoli Roksanadir. Aslida uni negr ham deb bo‘lmas – asarda yozilishicha, qonining atigi o‘n oltidan bir ulushinigina negrlarniki deyish mumkin edi. Biroq tashqi ko‘rinishi oq tanlilardan farq qilmasligiga qaramay, qonidagi o‘n olti foizdan bir foizi ustunlik qilib, uning ham peshonasiga boshqa negrlarning ayanchli qismati bitilgan edi. Ya’ni, o‘sha paytdagi qonun va bema’ni an’analarga ko‘ra u ham sotib yuborilishi yoki sotib olinishi mumkin bo‘lgan xususiy mulk – qul edi.
Kunlardan bir kuni, Roksana xizmatkor bo‘lib ishlaydigan xonadonda ikki o‘g‘il chaqaloq tug‘iladi. Chaqaloqlardan birini xonadon bekasining xotini, ikkinchisini Roksana dunyoga keltiradi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, xonadon bekasining ayoli vafot etib, har ikkala chaqaloq ham Roksananing qarovida qoladi.
Xonadon egasi o‘g‘lining ism-sharifi Tomas Bekket Driskoll bo‘lib, Roksananing o‘g‘li faqatgina ism bilan atalgan edi – negrlar familiyaga ega bo‘lish imtiyozidan mahrum edilar. Ham o‘z bolasiga, ham xo‘jayinining bolasiga qarovchilik qilar ekan, Roksana farzandining butun ayanchli qismatidan tashvishga tushar, xo‘jayinining o‘g‘liga onalarcha havas bilan qarardi.
Bir kuni, janob Driskollning xonasidan arzimagan pul yo‘qoladi. Janob Driskoll miqdori qancha bo‘lishidan qat’i nazar, ayniqsa pul o‘g‘irlanishini sira kechirmas edi. U bu ishdan darg‘azab bo‘lib, xonadonidagi negrlarga “Hoziroq pulni qaysi biringiz olganingizni aytasiz, yo‘qsa hammangizni
daryoning quyi tomoniga sotib yuboraman!” deb shart qo‘yadi. Missuriyalik har bir negr uchun “Daryoning quyi
tomoniga sotib yuboraman!” degan gap “Seni jahannamga yuboraman!” degan bilan barobar edi. Axir daryoning quyi tomonida negrlarning turmushi hozirgidan ham ancha og‘irroqligini barcha yaxshi bilardi. Shuning uchun, xonadondagi negrlar baravariga tiz cho‘kib, qo‘llarini oldinga cho‘zgancha:
— Men aybdorman! Pulni men o‘g‘irlagan edim! Iltimos, kechiring xo‘jayin! – deya iltijo qilishga tushishadi.
— Juda soz! — deydi negrlar pulni o‘g‘irlashganini tan olganliklaridan nihoyat ko‘ngli joyiga tushgan xo‘jayin. — Garchi bunday marhamatga loyiq bo‘lmasangiz ham, mayli, sizlarni shu yerda sotaman. Aslida hammangizni daryoning quyi tomoniga sotish kerak edi!
O‘sha kuni janob Driskoll o‘zining negrlarga ko‘rsatgan marhamatidan o‘zi to‘lqinlanadi. Hatto qachondir o‘g‘li ulg‘ayib, otasining olijanobligiga qoyil qolsin, deb bu voqeani daftariga qayd etib qo‘yadi. Lekin Roksanaga bu voqea mutlaqo boshqacha ta’sir ko‘rsatgan edi. U tuni bilan mijja qoqmasdan qo‘ynidagi murg‘ak go‘dagining ham qachondir shunday qaro qismatga ro‘baru bo‘lishini, uning ham boshqa negrlar singari har lahza daryoning quyi tomoniga sotib yuborilishi xavfi mavjudligini o‘ylab chiqadi. Va... farzandini bunday qismatdan qutqarish uchun, uni xo‘jayinning o‘g‘li bilan almashtirib qo‘yish rejasini tuzadi...
Roksana rejasini qanday amalga oshirganini, ushbu harakati qanday kutilmagan oqibatlarga olib kelganini hamda bu jinoyatni butun shaharcha ahli ovsarga chiqarib qo‘ygan janob Vilsonning qanday ustalik bilan ochib tashlaganini kitobxonlar asarni o‘qish jarayonida bilib olishlari mumkin.
Quyida sizlarga asardan insonni o‘ylashga va tabassum qilishga undaydigan bir nechta iqtibos keltirmoqchimiz.
Eng muhimi tarbiya – shaftoli ham dastavval achchiq danak edi!
* * *
Aqlli dushman nari borsa, halokat yoqasiga olib borib qo‘yadi, lekin
batamom halok bo‘lish uchun insonga ahmoq do‘st kerak.
* * *
Mushuk bilan yolg‘onning o‘rtasidagi asosiy tafovutlardan biri – mushukning atigi to‘qqizta joni bor.
* * *
Do‘stlik shunday muqaddas, shirin, mustahkam va doimiy tuyg‘uki, agar pul qarz olishga urinilmasa, uni umrbod saqlash mumkin.
* * *
Biror itni ko‘chadan yetaklab kelib, non bersangiz, u sizni hech qachon tishlamaydi. Bu it va inson o‘rtasidagi asosiy farq!
Bayram ALI