Yolg‘izlik azobi
Mahallamizda bir onaxon to‘rt farzandi bo‘lishiga qaramay, yolg‘iz yashardi. Bechora ona bolalarim otasiz o‘sib, kam bo‘lmasin deb ikki-uch joyda ishlab, uch qizi va bir o‘g‘li o‘qitdi. Oradan vaqt o‘tib, qizlarini uzatdi. O‘g‘li esa Germaniyada o‘qib oila qurdi.
Oyim har kuni bir kosa ovqat berib, u kishidan xabar ol deb tayinlardi. Buvim bilan miriqib suhbatlashardik. Bir gal borganimda to‘satdan shunday dedi:
— Bolam, sendan iltimos, agar o‘lsam sandiqda bir xat bor, shuni bolalarimga berib qo‘y. — Yo‘q, buvijon, unday demang. Siz hali nabiralaringiz, qolaversa, mening to‘yimda bosh bo‘lasiz, dedim.
U kishi har borganimda onangni ehtiyot qil, undan shirin so‘zingni ayama, deb nasihat qilardi. Oylar o‘tsa-da, nokas farzandlar ishlarini bahona qilib volidasidan xabar olishmas, hatto qo‘ng‘iroq ham qilmay qo‘yishgandi. Kunlardan bir kun, oyim bergan ovqatni olib buvimning uyiga chiqdim. U kishi betob bo‘lib qolibdi. Qo‘limga nafaqasidan to‘plagan pullarini berib, “O‘lsam o‘ligim ko‘milmay qolmasin, shu pullarni sarflab bir amallab chiqaringlar”, dedi. Shu zahoti yig‘lagancha uyga yugurdim. Oyimga hammasini aytdim. Oyim onaning qizlariga qo‘ng‘iroq qilishga shoshildi, afsuski, hech biri javob bermadi. Shifokor kelishiga ham ulgurmay, buvim omonatini topshirdi. Yomon xabar tez tarqaladi deyishardi, o‘shanda bunga amin bo‘ldim. Bir zumda uyga tumonat odam to‘plandi. Birin-ketin onaning qizlari ham kela boshladi. Men esa hammalarining yig‘ilishini kutdim. Afsus, o‘g‘li yetib kela olmadi. Qizlar yig‘ilishgach, buvim aytgan sandiqdagi xatni olib ularga berdim. Xatda ushbu misralar yozilgandi:
“Bolalarim, ko‘zlarimning oq-u qoralari, shu kunni — hammalaringiz meni ko‘rishga kelishingizni qancha kutdim. Ko‘zlarim tun-u kun yo‘lingizga parvona bo‘ldi. Bilmadim, ne aybim uchun meni Olloh yolg‘izlik kabi og‘ir bir chohga tashladi. Ona uchun bolasining diydoridan-da yaxshiroq baxt yo‘q, menimcha. Umrim so‘ngida shu baxtdan mosuvo bo‘ldim. Qizlarim, iltimos oxirgi bor yuzlarimdan bir bor o‘ping, taftingizdan muzdek tanim biroz ilisin, sochlarimni yaxshilab o‘rib qo‘ying, dadangizning huzuriga chiroyli bo‘lib boray. Bolajonim, yakka-yu yagona o‘g‘lim, tobutimni o‘zing ko‘tar, o‘sha jajji qo‘llaring haroratini yana bir bor his qilay. Sening va opalaring kelishingizni kutib, ochiq qolgan ko‘zlarimni o‘zing yumib qo‘y, bolam. Sizlarni jonimdan ham ortiq yaxshi ko‘r а man. Endi diydor qiyomatga qoldi, jonimning parchalari. Men sizlardan mingdan ming roziman, iltimos, siz ham mendan rozi bo‘ling!”
O‘sha paytda qizlarning muzlagan yuraklari eridi, onalarini endi ko‘ra olmasliklarini o‘ylab, jonsiz tanasini mahkam quchib, o‘ksib-o‘ksib yig‘lardilar. Lekin endi kech edi. Onaizorning so‘nggi, ya’ni o‘g‘lim tobutimni ko‘tarsin, degan tilagi amalga oshmadi.
Ayol, Olloh nega seni buncha ojiz qilib yaratgan? So‘nggi kuningda ham farzandingni o‘ylaysan? Hayot kitobingda o‘zing uchun ajratgan biror sahifang bormi? Omonat joningni buncha qiynamasang? Kichik vujudingdagi jajji yuraging shu qadar kuchlimi? Olloh farzand ko‘rish baxtini nega senga berganini endi tushundim. Sen haqiqiy mo‘jizasan, yer yuzidagi tanho va takrorlanmas mo‘jiza!...
Mo‘mina ISTAMOVA,
O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi