Yuragimda gullagan Vatan
Ijodkor qaysi mavzuda yozmasin, vatan mavzusi baridan-da a’lo, mas’uliyatli, e’tiborli. Vatan to‘g‘risida shunchaki yozib bo‘lmaydi. U haqida so‘z ketganda yuragimiz doimgidan boshqacharoq uradi, sasi quloqlarimizga eshitiladi, hapriqadi. Bayrog‘imizni ko‘rganda hayajondan bo‘g‘zimizga nimadir tiqiladi, madhiyamizni eshitganimizda Vatandan faxrlanish hissi tog‘lardan-da yuksak, g‘ururimiz esa osmondan-da baland bo‘ladi!
Erk uchun kurashgan bobolar ko‘zidagi yosh, istibdod bag‘ridan ozodlikni yulib olgan jasorat, momolar tilidagi alyor, musofir tilidagi eng sog‘inchli so‘z bu — Vatan! Mingyilliklar osha kurashlardan yaralgan sabr, yo‘lida kurashganlarga muborak qabr, ajdodlardan avlodlarga qolgan qadr, tashlab ketganlar ko‘zida manguga tinmas ashkdir u!
Vatanda yashab, ona tuproq suvidan ichib, tuzini yeb, tabiatidan bahra olib, kengliklarida chopib, bag‘ridan baxtingni topib, u haqda yozmaslik ham gunohdek tuyuladi…
Handalak hidi anqigan dalalari, anorlar yorilib pishgan bog‘lari, kulchalarni qizartirgan tandiri tafti yuragimga yaqin, nonoqizoq o‘ynagan ariqlarining suvlari sochlarim uchida, yuzlarimda marjonga aylangan, soylarida qalqib oqayotgan olmalari isi dimog‘imga urgan bebaho makon, yuragim kengliklarida chopgan bolalik, tuprog‘i oyog‘imni ko‘mgan qadrdon ko‘chalar, bobolarim-u momolarimni ulg‘aytirgan qadimiy beshik — bu Vatan! Har bir bolasini yelkasida ko‘tarib, tepkilagan oyoqlarini o‘pgan o‘tganlar xoki — bu Vatan! Yiroqlarda yurganlarning ko‘zyoshlaridan tomib-tomib yaralgan va yana o‘zlarining yuraklariga qayta oqqan azim daryo — bu Vatan! Insonning ko‘zlarini to‘q, qo‘llarini botir, so‘zlarini o‘tkir, yuragini o‘tli va jasoratli, qadamini shaxdam, niyatini ulug‘ qilgan qutlug‘ maskandir u!
Otamday qadrdonim, onamday mehribonim, yuragim ichidagi jonim — O‘zbekistonim!
Menga dunyo mo‘jizalaridan so‘z ochmang. Negaki, bedanalari sayragan bedazorlari, qizg‘aldoqlar qoplagan qir-adirlari, joningga huzur muzdek buloqlari, do‘lanalar pishgan tog‘lari, yantoqni gullatadigan qumliklari, tayoq suqsang, daraxt bo‘ladigan saxiy tuprog‘i, tanasi qulochlarga sig‘magan mingyillik chinorlari, to‘rt fasl ham mehmon bo‘ladigan va bahorda oppoq o‘rikzorlari, yozda salqin shabadali yashil boyliklari, kuzda oltinday sarg‘aygan bog‘lari-yu qip-qizil jiydazorlari, qishda kumushdek tovlangan dala-tuzlari bor mo‘jizaviy maskan — bu Vatan! Bir yoni bog‘, bir yoni tog‘, tog‘ining boshida qish, etagida bahor yastangan, mevalari g‘arq pishgan, qovunlari tilni yorgan, qizaloqlar etagiga, jajji bolajonlar qo‘yniga dovuchcha solgan, quyoshida qo‘zichoqlarining terisi tovlangan, dehqonining tanasi toblangan, boyliklarga kon, yaxshilarga makon — bu Vatan!
O‘zbekistonim! Erkka erishgan kuning, o‘ttiz yillik to‘ying muborak! Ajdodlarning armonlari ushalgani, mustaqillikdek buyuk ne’mat berilgani rost bo‘lsin! Hurliging abadiyatga daxldor, senda va sen bilan o‘tayotgan tinch hamda osoyishta har bir kunimizga ming bora shukurlar bo‘lsin!
Munavvara NURMANOVA,
Tuproqqal’a tumanidagi
6-maktabning ona tili va
adabiyot fani o‘qituvchisi